Sitora Xidirova. She’rlar

0
268
ko'rishlar soni

Qaniydi…
Millionlab zarraga bo‘linib ketsam,
Va sochib yuborsa meni tabiat…
Shamolning qo‘liga topshirsa va u,
Bulutlarga eltsa, bulutga, hayho-ot…
Bulut bo‘lib qolsa zarrachalarim
Har biri hayqirsa, ohlar tortsa «oh!»
Har bir yurakchamdan chaqmoqlar chaqib,
So‘ng gumburlab ketsa momaqaldiroq…
Va har bir zarracham ohlar tortsa, «oh!»…
Va yana to‘kilsam, yog‘sam zaminga…
Million zarralarim, million tomchi…
Qo‘shilsam dengizning to‘lqinlariga…
Tomchi bo‘lib quchsam bobom qabrini…
Sug‘orsam otamning dalalarini…
To‘lsam tarnovlarning tagiga onam
Suv olay deb qo‘ygan chelaklariga…
Yuvsam daraxtlarning g‘uborlarini…
Va yana qaysidir millioninchi men
Shabnam bo‘lib qotsa gulning bargida…
Millionlab zarraga bo‘linib ketsam…
Uchsam, tiriklikning qo‘shig‘in aytib…
Bulutga qo‘shilsam, chaqmoqda chaqsam…
Va yana to‘kilsam zaminga qaytib…
Qaniydi!!!

***

Yulduzman
Osmondan endirdi sog‘inch,
Og‘rindim,
Bor bo‘lib yo‘qliklaringdan
Jimliklaringdan
Qa’rimdan portillab chiqdi bir o‘tinch
Sog‘indim!…
Jonimni zarralab
Sug‘urib oldim,
Sanchilgan
U uzu-un kipriklaringdan.
Qarochiqlaringdek tunga cho‘kaman
Tun — zulmat
Tun — og‘riq
Tun — qo‘rqinch.
O‘zimni tark etib senga ko‘chaman
Sen — azob
Sen -rohat
Sen — sog‘inch…
Boringga almashdim
Butun yo‘g‘imni
Qo‘lingga dunyomas ishqim tutqazdim
Ishq- otash
Ishq- alam
Ishq-ki oh…
G‘ururim tikkandim
Muhabbat- qimor
Yutqazdim….
Men- tuproq.
Men- tuproq.
Men- tuproq…

***

Jimjitlik,
So‘zsiz izhorlar
Unsiz ehtiroslar
Hatto, so‘ngi so‘zni tilda muzlatib,
Sukunatga cho‘kkan
Jim-jit ayriliq.
Jur’at yo‘q saslarda
Butun borliq jim.
Faqat isyon qilib,
O‘z hislarini
Jar solib guppillab
Turar yuragim.
Jimjitlik—
So‘z demay qilingan oppoq gunohlar,
Sukunat yoshida cho‘milgan tavba.
Borliq to‘lib ketgan asli shovqinga,
Lek bari ma’nosiz, hissiz, yuraksiz…
Bunda ishq jim.
Vijdon jim.
Iqror jim.
Biz jim.
U jim, aslida.
Sezasanmi?
Biz doim
Jim kuzatilyabmiz
Jim kuzatyabmiz…
Aslida haqiqiy ovoz yo‘q bizda
Tovush deb bilganing bari keraksiz…
Jimjitlik..
Eshit!
Sas tuydingmi hazon to‘kilishida,
Tomchining bulutdan uzulishida
Qorning, kaftlaringga uzoqdan kelib,
Sekin qo‘nishida,
Kurtak unishida?!
Ooo, naqadar yoqimli jimjit musiqa,
His qilish oliy baxt bu sukunatni.
Bilsayding borliging ayni jimjitlik.
Bilsayding sukunat asli sensizlik….

***

Ko‘chadagi yo‘lovchi kabi,
Balki oddiy do‘konchi qizday,
Qaylardadir sen bilmas yerda
She’rlaringni yod olib yurgan
Oddiy muxlisday
Chiqib ketsam edi yodingdan…
Sen unutgan g‘am bo‘lib mayli,
Isitmada ko‘rilgan tushdek,
Yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar misol,
Sen hech qachon sevmagan qaysidir bir
Mashuqang kabi
Chiqib ketsam edi yodingdan…
Yuragingga ozor berguncha,
Ming parchalab, mingbor yig‘guncha,
O, koshkiydi sevging bo‘lguncha
Chiqib ketsam edi yodingdan…
Topolmasang kelajagingdan,
Hech bo‘lmasam o‘tmishingda man,
Yashayversang, men bo‘lmaganday
Chiqib ketsam edi yodingdan…

***

1
Men seni otmagan tonglarda sevdim…
Ochilmagan gulda,
Ko‘rilmagan tushlarda,
Yashalmagan lahzalarda,
Sezilmagan og‘riqlarda,
Aytilmagan qo‘shiqlarda,
Surilmagan hayollarda,
Tuyilmagan tuyg‘ularda,
Qilinmagan gunohlarda
Sevdim…

2

Sog‘indim…
Sog‘inching kuyida raqs etdim…
Men bilan raqs tushdi butun borlig‘im…
Boshim uzra osmon raqs etdi,
Oyog‘imning ostida zamin…
Yuragimning ichiga qamalib olib,
Sog‘inchingning og‘ir kuyida,
Olovli kuyida,
Jimjit, tovushsiz kuyida
Raqs etdim…
Raqsimdan ko‘z yoshlar to‘kilib ketdi…
G‘ururdan tik boshlar egilib ketdi…
Ichimda bir tomir uzulib ketdi…
Sog‘inchingning o‘tli, dardli kuyida
Raqs etdim….

3
Suratingni chizdim ko‘zim oqiga.
Qarochiqlarimning rangila chizdim.
Endi butun olam — sen…
Sen bo‘lib ko‘rinar
Ko‘zguda aksim.
Men borliqni senda ko‘rdim…
Seni borliqda…

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting