KO‘ZGUDAN TASHQARIDA

0
505
ko'rishlar soni

esse

Fellini bo‘lmoqchi edim. Tan olaman. Uning qo‘llarini kamera shtativiga qo‘yib, shtativni ayol beli deb o‘ylashlarini va shu beldan quchgancha kamera bilan raqsga tushishlarini kuzatardim. Bu raqsning nomi har nima bo‘lishi mumkin. Keling, tango deb ataylik. Faqat tango musiqasi shu qadar g‘alat ediki, Fellini “ayol” belidan tutib o‘ziga qattiq tortar va tortgan sari manzara yaqinlashib kelaverarkan, musiqa – holat teranlashib borardi. Bu teranlik oxiri tubsiz jarlikka do‘nib o‘z ichiga fohishalar, rohibalar, telbalar, daholar, unutilgan va unitishni istayotganlar, Rim ko‘chalarida egasiz sog‘inchini quchgancha eski plashiga o‘ranib kulbasiga yugurayotganlar, yaratgan g‘oyalari puch ekanini bila turib unga o‘zi sajda qilganlar bir-bir qulab borardi. Qo‘rqardim. Qattiq. Titrayotgan barmoqlarim bilan ko‘zimni yoparkan, qulog‘imga “Ayollar shahri” dagi honimlarning yoqimli ingroqlari ina boshlar va men uyatdan haligi jarlikka qulab, o‘sha yerda yo‘q bo‘liblar ketishni istardim. Istardimki, bo‘shliq to‘ldirardi ehtiyojimni.

Bolalik va tushlar. O‘rmonlar bor edi tushlarimda. Sovuq. Tumanli, tumanki, moviy tusdan qoraga o‘zgartira olardi ranglarini. Bu ranglarning evrilishida karnaval zohir edi. Niqoblarsiz karnaval. Karnaval birdan sirkka aylanib qolardi go‘yo. Sirk shu qadar shiddat bilan chir aylanardiki, qarog‘larimga elas-elas Fellining qahramonlari – cho‘kkan burjuaziyaning bepusht dohiylari, bir xonaga qiz ma’sumiyati bilan kirib, undan erkak ko‘rgan ayol ko‘rinishida chiqqan yosh xonimlar, nega yashayapman, deya o‘ziga bema’ni savollar berguvchi kishilarning tasvirlari langarga ilashgan suv o‘tlaridek yopishib qolardi. Tozalay olmasdim. Bir hayajon, bir isyon, bir hazinlik va bir qo‘msash bor edi bu filmlarda. Darvoqe, qo‘msash. Keling, uni nostalgiya deb atay qolamiz. Nazarimda, nostalgiya bu inkor demak. O‘zing yashab turgan zamon va makonni inkor qilasan. Kelajakka qaraysan – mavhumot. O‘tmish… Negadir sen ko‘rgan butun baxtli damlar faqat o‘tmishdagina sodir bo‘lgan bo‘ladi. Sen unga intilasan. Shu intilish – inkor. Shu inkor – nostalgiya. Ehtimol mening Fellini bo‘lmoq orzuyim ham shu, nostalgiya bilan ruhimning egizak ekanligi sababdir?

Yillar o‘tdi. Bu yillarning xanjar tutgan kunlari Fellinini, unga oid butun o‘y-xayollarni va… hayajonni o‘ldirdi. Qotil vaqt sabab ongimiz qabristonida kechinma murdalari – xotiralargina qoladi, xolos. Bu bobomdan ham avvalgi haqiqat… Ilonga o‘xshaydi xotiralar. Po‘st tashlayveradi. Ulkan va bo‘m-bo‘sh sahnada turib tomoshabinsiz zalga termilgancha ho‘ng-ho‘ng yig‘layotgan pantomima artisti kabisan go‘yo. Qayg‘ularing tunga, xotiralaring o‘tmishga, orzularing esa sendan avval o‘lgan va sen hech qachon yetolmaydigan cho‘qqi – Felliniga oid. Tomoshabinni zalga zo‘rlab kiritib bo‘lmaganidek sen ham istaganingni qilolmaysan. Chorrasizlik chorrahalarida yoding parchalarini terib yuraverasan. Bundan yomoni bormi? Senga “HAQIQAT” deb o‘rgatilgan tushunchalar sening botiningni, xayollaringni portlatib yuboradi va bolaliging devorlariga qora qon sachrab ketadi bexos. Uzoqlashish – ulg‘ayish degani shu, nazarimda.

* * *

Fellini bo‘lolmaslik. Uyalmay aytamanki, men laqma ekanman. Aldandim. Qattiq aldandim. Eng og‘riqli tarafi, meni aldagan odam o‘z ichimda edi. Bu huddi jahannamning eng chuqur yerida, olovlar girdobida turib jannatda shu’la sochib turgan taqiq olmasiga tikilgan odamning behud ilinjiga o‘xshaydi. Men ham ko‘zlarimni yopib turgan qo‘llarimning barmoqlarini panjarasifat ochgancha bugun Fellini filmografiyasiga, filmlariga fon bo‘lgan, ro‘yo va voqelik bir-biriga singishib, qabarib-qabarib ketgan bo‘shliqsifat muhitga qarayman. Ming vahki, atrofim olovlar – balog‘at nishonalari bilan to‘la. Nega sigaret chekib o‘zini o‘ldirayotgan emas, iyagida soqollari titrab-titrab yig‘layotgan kishining ustidan kulaverishadi, degan savollarni berolmaysan endi. Ulg‘ayishing, tushunishing, moslashishing kerak.

Tun yakrang niqob kiyib chiquvchi yagona masxaraboz. Uyg‘onasan va hammasi yo‘qqa chiqadi. Ko‘rpani to‘liq ochmay turib Pavezening hammani aldaganini sezib qolasan: “Nechchi yosh bo‘lsang bo‘l, tush hamma uchun barobar.” Unday emas ekan. Masalan men bolaligimda tushlarning meni tashlab ketishidan qo‘rqmas, eng yaxshi joyiga kelganda uyg‘onib ketsam alamdan lablarimni tishlamasdim. Paveze ham yolg‘onchi ekan. Ichimdagi odam kabi… Bir tongda uyg‘ondim va angladimki, endi mening Fellini u yoqda tursin, Guido bo‘lishga-da majolim qolmagandi.

* * *

Qishning uvada kechalaridan birida Bressonni topdim. Balki Bresson meni topdi. Buni hech qachon aniqlolmasam kerak. Bilganim yagona narsa, men – bir o‘quvchining u kecha va unga o‘xshash butun kechalarda hech qanday so‘zu harakatga sig‘mas tushga ehtiyoj sezganim edi. Tush istardim. Fellini bo‘lsin, Bresson bo‘lsin unda, derdim o‘zimcha.

Hayajondan qo‘llarimni chalishtirib oldim. Qo‘llarim, Bresson obrazlarining qo‘llariga o‘xshab ketardi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, deyarli bir xil edi ular. Faqat ular mening qo‘llarim, Bresson qahramonlariniki emas. Chunki shamolni mehmonga chorlagan o‘sha qish kechasida mendan avval yashagan, yashayotgan va yashaydigan butun arosatdagilarning qo‘llari Bresson yaratgan qo‘llardan farq qilmasdi. Bu qo‘llar shunchaki obraz emas, balki yahlit, psixologik xarakterga ega to‘laqonli personajlar. Bunga shubham yo‘q.

Rutubatli Varshava ko‘chalarining moviyligini Toshkentdan axtarib yurgan kezlarim Kiyeslovskiy bilan aloqa bog‘ladim. Toshkentning sovuqlari harchand suyak qaqshatar bo‘lmasin, qandaydir baxtli tasodif, uzluksiz tahayyul silsilalari  sabab men, ha, aynan men o‘zim izlayotgan moviylikni topishim va topish baxtidan sarxush bo‘lib muhabbatning ko‘zdan nari, sovuqdan dir-dir qaltirayotgan tabassumini kinolentalarimga muhrlay olishim, o‘zim tanimagan, butkul begona, boshqasining jufti bo‘lgan bir ayolning sochlarini kimsasiz mehmonxona hujralarida  taray turib, u bilan o‘tgan inqiloblar, davlat to‘ntarilishlari haqida uzun-uzun suhbatlar qurishim va tongning ilk shu’lalari ko‘lmaklarga urilgani payt yoqimli horg‘inlik bilan derazadan shaharga tikilgancha sigaret tutunlarini simira olishim mumkin edi go‘yo. Lekin men, afsuski u paytlar chekmasdim…

O‘ylardim. O‘ylardimki, unutilish iztiroblarini Kiyeslovskiy kabi men ham jonlantira olarmikanman? Kulgularni qayg‘u xabarchisi o‘laroq tasvirlash va bu tasvirlarni ham sokin, ham dahshatli suhbatlar orqali kinoda jonlantirishga kuchim yetarmidi? Shunchaki kulib qo‘ydim. Men kimu, Kiyeslovskiy kim. Kamiga u yevropalik bo‘lsa… O, bu kulish mo‘ljalga shu qadar aniq borib tekkandiki, garchi sababsiz bo‘lsada, chorasizligimni fosh etardi u. Kim bilsin, agar o‘sha payt lablarimni ikki tarafga yoymaganimda, ko‘zimdan yosh tirqirab ketarmidi balki. Uning she’rsifat filmlari – moviyligi, ishqi va unutishi – men yozgan she’rlarga o‘xshamasdi. Mening unutguvchilarim yo‘q edi. Kim uchundir unutilgan xotira ekanligimni bilganimda esa kech bo‘lgandi – zavqimning murdasi qaysi bir go‘rlarda ko‘karib chiqqandi allaqachonlar.

Agar barcha tushunchalarni, manzillaru qoidalarni istisno qiladigan bo‘lsak, mening “men” bo‘lolmaganlarim soyasida faqat va faqat o‘zimni izlardim. Izlash. Go‘zallik faqat izlash orqaligina o‘zini namoyon qiladi. Bergmanlar, Fellini va Tarkovskiylar, buyuk kompozitsiya ustalari Kurosava, Antonionilar – meni, yosh va dardga tashna holimdan yorug‘likka olib chiqdilar. Mana shu – kino edi.

She’riyat, tarjima va boshqa havaslarim ham meni to‘rt tomonga tortar, botinim parchalana boshlagandi. Kino esa hech narsa qilmadi. U shunchaki o‘zining borligini sezdirib qo‘ydi, xolos.

Dramatizatsiyaning teatrlashuvdan, fojianing tragediyadan ajralib chiqayotgan davri edi bu. Ehtimol, kino tili bilan aytsak, “Yovvoyi qulupnaylar” dan “Tokio hikoyasi” ga o‘tish bo‘lgandir. Vaqt meni bu orada Eron filmlari bilan aldab qo‘ydi. Marom buzilardi har bir kadrda. Kimningdir kimgadir sajda qilmagani uchun do‘zaxga mustahiqliklari, mohovlar faryodi, ayollarning xijob ichidan qip-yalang‘och ovoz bilan faryod solishlari… Endi men ko‘zimni emas, quloqlarimni yopib olishni o‘rgandim. Albatta, bunda Majid Majidiyning aybi yo‘q. Godar shahar qariyalari – o‘tmish sarqitlarining kapitalizm zalvorini ko‘tarolmay jon berayotganini ko‘rishga majubrlar, De Sika esa fashizm siyosiy maydonda hukmronlik qila boshlagach o‘zligidan bosqichma-bosqich ajralib borayotgan italyanlar ruhiyatini bayroq qilib qarshimdan chiqib kelardi. Bela Tarr esa toptalgan g‘urur va niqoblangan ahloq she’riyatini yaratishdan charchatmasdi. Ha, bularning hammasi she’r edi aslida. Bu ikkinchi aldanish davrim edi. Men oldingi sinishlardan ibrat olmagandim ehtimol.

Ular ham balog‘at olovida yonib ketdi. Zamon shamollari ularning kulini qo‘llarimdan olib bo‘shliqqa sochdi hovuch-hovuch. Endi boya istisno qilganim ismlar, manzillaru qoidalar meni istisno qila boshlagandi. Xayollarsiz qolgandim. Kollej payti birinchi kursda Fellini, ikkinchida fon Triyer, uchinchida esa o‘zim edim. Kollej bitgach hech kim emasligim oydinlashdi. Safran Foyer aytganidek: “Everything is illuminated!” Kinodan qaytdim va butun xotiralarni unutish uchun Prustning “Yo‘qotilgan vaqt izidan” turkumini muk tushib o‘qiy boshladim. Endi bu boshqa hikoya…

Men tan olgan haqiqatlarga “mag‘lubiyat” deya nom berish mumkinmi? Qay birimiz mag‘lub bo‘ldik, hamon kinochi bo‘lish istagida yurgan menmi, yo jallod vaqt? Bu yerda masala g‘oliblikda ham emas. Asosiysi, jang uchun majol topa olmoqlikda. Jangoh hansirab qoldi. Uning sahnida turib bo‘shliqqa qarata “urho” otsak gunoh bo‘lmaydimi? Bu savol meni Hamletni hayot va mamot masalasi qanday qiynagan bo‘lsa, shunday qiynayapti. Uning javobi meni dunyoga keltirgani uchun ota-onamni sudga berish bilan bir xil bo‘lishini sezib turibman. Sezib turibmanki, javobni shivirlagan lablarning so‘ngi so‘zi bilan barobar qulog‘imga uning so‘ngi nafasi ham urilajak. Sezib turibman…

O‘zingni ijaraxonang devorlariga harchand urma, foydasi yo‘q. Sen ulg‘ayib bo‘lgansan. Ulg‘aymoq barobarida sevgan kinomatograflaringdan uzoq-uzoqlarda butkul yangi kinolar yaratish majburiyati Sizifning toshidek qarshingda namoyon bo‘ladi. Yaratish majburiyatga aylanadi. Garchi istamasangda, yetuklik seni gipperalist bo‘lishga majburlashi aniq. Buni minimum imkon bilan maksimum natijaga erishish uchun kurashish deydilar. Qisqasi,  qaysidir ma’noda cho‘p ustiga tegirmon qurishdek gap.

Na Tarkovskiy, na Kiyeslovskiy, na Fellini. Endi hech kim yordam berolmaydi. Ko‘zgular doimgidek beshafqat – faqat va faqat o‘zingni ko‘rsataveradi ular. Ilojsizlikdan ko‘zguga qarayman. Fellini emas. Uning Fellini bo‘lib qolishini shu qadar istadimki… Ammo bari oydinlashib bo‘lgandi: ko‘zgu menga qarab turardi, Felliniga emas.

Mirzohid Muzaffar

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting