ChARXPALAK

    0
    386
    ko'rishlar soni

    Hikoya

    Yil-o‘n ikki oy arimaydigan quyoshning beayov nurlaridan jingirtob sahro bag‘ridagi ushbu harobalar tarixini rub’i maskunda faqat shayx Nuriddin Nurqalam bilar, devorlari obdon shuvalgan, koshinlari xira tortib, nuragan obidalar haqida muxtasar risola ham bitgandi. Atrof-javonibdagi viloyatlardan har oy maktublar olar, tarixchilar, faylasuflarning yo‘qolgan mazkur hazora haqidagi savollariga erinmay javoblar yozardi. Maktublarda ko‘tarilgan masalalar, bahslar ba’zida chigal, mushkul; u esa har biriga javob qidirib haftalab, ba’zida esa oylab qalin-qalin kitoblarni ko‘rardi. Umrining shomiga ana shu hazora tadqiqi bilan yetib keldi. Ko‘zlari xiralashgan, soch-soqoli butkul oqargan shayx yo‘qolgan hazora sabab o‘ziga qadar bitilgan barcha tarix kitoblarining puxta bilimdoniga aylangandi. Maktublarda xususan quyidagi savollar ham ko‘tarilardi: “Kitob surat ul-arz” asarining falon fasl, falon bobida bir xalq nomi zikr qilinadi, balki muarrix bu hazora xalqiga ishora qilgandir?” “Bu bir tasodifdur, o‘xshashlikdur!..” – deya yozgandi u. “Ustozi komil Abu Rayxon janoblari bir xalqning urf-odatida mazkur odatlar borligidan bahs yuritadilar… Ajab, bu xalqning nomini hozirgi kunda bilmaymiz, eshitmaymiz. Balki yo‘q bo‘lmish hazoraning xalqi shudir?” Shayx ustozlar raisi Abu Rayxon janoblarining barcha asarlarini o‘qigan, shu bois ustozi komilning o‘sha hazora haqida bitganiga shubha qilardi. “Ustozdan bunga biror ishora yetmagan, belgi berilmagan. Shul vajhdan, undoq deyolmaymiz…”

    O‘sha hazora joylashgan vodiy – unga shayx Shabodalar vodiysi, deb nom qo‘ygandi, – purviqor tog‘lar (shayxning bitiklarida osmontog‘lar, deya tilga olinardi) esa atrof-javonibdan o‘ragandi. Vodiydan esadigan shabodalar esa, garchi u yerlarda bo‘lmagan, tavorixlarda bitilmagan bo‘lsa-da, oltingugurt va sarimsoqning omuxta hidini olib kelishini shayx ichki sezimlari bilan sezardi. Bu hid uni mast qilar, ko‘zlarini yumganicha xayolotning tubsiz ummonlariga sho‘ng‘ir, toqi ko‘rinmaydigan osmonlarga parvoz qilardi. Bunday kezlarda bu hazoraning yangidan-yangi jihatlarini kashf etar, xayollaridan uzilgan fursatda esa shosha-pisha sahifalarni qoralashga tushar, hazora tarixining yangi fasl-u boblariga tartib berardi. Ko‘z yumdi degunicha kungirador baland devorlar o‘ragan ulug‘vor binolar, mahobatli qubbali, peshtoqiga turfa suratlar solingan jome’lar qad rostlagan katta shahar bo‘y beradi. Har bir ko‘cha, mahalla unga yod bo‘lib ketgan. Hatto o‘sha shahar markazidagi hukmdor saroyi biqinidagi mashhur kutubxona shayxning tushlariga ham kirib chiqdi. Eng qizig‘i, tushida o‘sha kutubxonada ustoz ibn al-Asirning “Al-Jome’ fit-Tarix” kitobini mutolaa ham qilibdi emish. Hayratlanarlisi, “Al-jome’…” – arabiyda emas, o‘lik tilda bitilganmish! Shu tushdan so‘ng anchagacha o‘ziga kelolmay yurdi. O‘lik tilida bitilgan “Al-jome’…” o‘sha hazoraning mavjud bo‘lganiga dalildek ko‘rinardi, biroq buni ilmiy isbotlay olmasdi. Bu tushni ko‘rganiga o‘n yildan oshgan bo‘lsa-da hanuzgacha ta’biri yo‘q edi.

    Keyin shayx bir narsani sezib qoldi – vaqt qanchalik o‘tgani sari u shunchalik o‘sha hazoraga yaqinlashib borardi. Ba’zi vaqtlarda, ayniqsa madrasadagi saboqlarini tugatib, hujrasiga istirohatga chekingan fursatlarda ko‘z yumdi deguncha o‘lik tilda so‘zlashayotgan odamlarning ovozlari, bolalarning o‘yin-kulgulari eshitilib ketardi. Ayniqsa, o‘lik tilning odamlar lafzida tirilishidan u hayajonga tushar, esida qolgan so‘zlarni xotirasidan o‘chmasdan darrov qog‘ozga tushirib qo‘yadigan odat chiqardi. Sahifalar tezda to‘lar, ular esa dasta-dasta bo‘lib uyulardi. Keyin shayxning miyasiga antiqa bir o‘y urildi: axir shu sahifalarni to‘plab kitob tartib etish mumkin-ku! Ko‘nglidan oralagan o‘ydan hayajonga tushdi, o‘ylanib o‘tirmasdan ishga kirishdi. Xash-pash deguncha lug‘at tayyor bo‘ldi-qo‘ydi.

    Muxtasar risola yozilganidan yigirma yil o‘tgach shayx endi unutilmish hazoraning batafsil tarixini bitishga kirishdi. Bu uning butun umri davomida yozgan shoh asari bo‘lishiga sira shubha qilmasdi. So‘zlar o‘z-o‘zidan quyilib kelar, voqealar izchil rivojlanar, sahifalarda butun boshli tarix uyg‘onar, taqdirlar bo‘y berar, bitiklarda hayot charxpalagi hayratangiz tezlik bilan aylanardi. Keyin shayx bir narsani tuyqus payqadi-yu hayratdan qotib qoldi: ona tilida boshlangan matnlar o‘lik tildagi bitiklarga ulanib ketgandi. U hazoraning tilida uning tarixini yozgandi!

    Madrasalarga dars aytishga chaqirganlarida tolibu ilmlar, mudarrislar undan birinchi bo‘lib o‘sha hazora haqida so‘rashardi: “Ustoz, Shabodalar vodiysidagi hazora haqidagi bitiklaringizda…” Bunday vaqtlarda unga yetadigan odam bo‘lmasdi bu dunyoda. Zavqu-shavqqa to‘lib, ko‘zlari porlaganicha ma’ruzasini boshlardi. Avval turkiyda boshlanib, so‘ng forsiy yoki arabiyda davom etadigan ma’ruza oxir-oqibat o‘lik tildagi mav’izaga ulanib ketardi. Shayx buni sezmasdi. Mudarris va talabalarning o‘zaro ko‘z urishtirishlari, ma’noli qarashlaridan so‘ng tuyqus to‘xtar, o‘lik tilda so‘zlayotganini sezib hijolat tortardi. O‘sha hazora tadqiqiga o‘zini bag‘ishlagan shayx ikki tamaddun orasida qolib ketgandek tuyulardi, o‘ziga…

    Hayot charxpalagi esa tinmasdi.

    …Keyingi kunlarda madrasadagi hujrasiga chekinib, tarix yozish va muttasil kitob mutolaasi bilan band bo‘lgan qolgan shayx Nuriddin Nurqalam bu tong shaharga chiqishni ixtiyor etgandi. Uch-to‘rt kundan beri bir xil tush ko‘rardi: qaysidir kutubxonada “al-Jome’…”ni mutolaa qilarmish. Gap asar mutolaasida emas, balki uning… arabiyda bitilgani edi. “Bu ne sinoat, arabiyda bitilgan “al-Jome’…” – u o‘ylab o‘yiga yetolmasdi. Ana shunday o‘ylardan qutulish, haftalab davom etgan mashaqqatli mehnatdan so‘ng yengil tortish uchun ham shaharni bir aylanib kelmoqchi edi. Mudarra dastori o‘rniga oddiy salla o‘radi, odmigina yengil to‘nini kiyib tashqariga chiqdi. Olis-olislardagi Osmontog‘lar tarafidan esgan salqin shaboda o‘zi bilan oltingugurt va sarimsoqning hidini olib kelardi. Shayx ancha behuzur bo‘ldi, bu sinoatga negadir tushunmadi. Bunga unchalik e’tibor bermay yurishda davom etdi, hukmdor saroyiga yetganida qarshisidan kutubxona mudiri ham qarovchisi unga peshvoz chiqdi. “Hazratlari kutubxonaga qadam ranjida aylasalar, bir mujdamiz bor edi” – deb qoldi mudir. Tarix yozish bilan band bo‘lib kutubxonaga ko‘pdan beri kirmay qo‘ygan shayxga bu taklif ma’qul keldi, ham mudir aytmoqchi mujdani ko‘rish uni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Mudir qo‘liga tutqizgan ko‘hna, muqovasi titilgan, yozuvlari ancha xira tortgan kitobni negadir hayajon bilan qo‘lga olgandi. U arabiyni bilardi va hijjalab o‘qigandi: “Al-Jome’ fit-Tarix” U hayajonlandi, vujudiga titroq kirganidan bir muddat o‘zini qo‘lga ololmadi. Axir tushiga shu kirmaganmidi? Keyin boshqa bir o‘y kallasiga urildi: necha kunlardan beri ona tilisida emas, unutilgan arabiyda tarix yozmayotganmidi? Hatto o‘tgan oy yo‘qolgan bir hazora haqida so‘zlay turib bilmasdan arabiyga o‘tib ketmaganmidi? Mudarris va tolibu ilmlarning imo-ishoralari, qarashlaridan keyingina boshqa tilda so‘zlayotganini sezib qolmaganmidi? Kutubxonaning ochiq darchasidan ichkariga urilgan shabodo qo‘lidagi kitobning sarg‘aygan sahifalarini varaqlashga tushdi. Shayx ko‘hna kitobning sahifalari ag‘darilayotganiga emas, balki oltingugurt va sarimsoqpiyozning omuxta hidini sezganidan g‘alati bo‘lib ketdi. Ko‘z oldida voqealar rivoji shiddatli tus oldi. U o‘zi yozgan hazoralar tarixida o‘zini ko‘rar, sahro bag‘ridagi harobalardagi ko‘zalar bog‘langan ko‘hna charxpalak tinmay aylanardi, aylanaverardi. Charxpalak ostida esa u, shayx Nuriddin Nurqalam sahifalar qoralar, o‘zining tilida emas, balki arabiyda tarix insho etardi. Oltingugurt va sarimsoqpiyozning omuxta hidi kuchaygandan kuchayaverardi…

    2017 yil

    Baxtiyor ABDUG‘AFUR

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting