Hamidabonu Ashurova. She’rlar

0
264
ko'rishlar soni

                   Metro

Metro…

Pishqiradi, shoshadi biram,

Vaqt o‘tar, eshiklar ochilar yana.

Ming yillik g‘amlarim hukmron bo‘lib,

Ko‘ngil taxtida qilar tantana…

Xotira qaytadi bir soniyaga,

Ko‘zlarim oldidan o‘tadi mana.

Meni yolg‘iz tashlab ketadi tag‘in,

Eshiklar ochilib, yopilgan kunda.

Metro…

Hislarimni avaylagin sen,

Unutib qoldirdim uni qachondir.

Balki, olislarga olib ketgansan,

Balki, topib olgan ularni kimdir…

Kimningdir sog‘inchi edi u tuyg‘u,

Kimgadir Ollohdan meros, mukofot.

Faqat tashlab ketma, kimsasiz, izsiz,

Uni asray bilish, asli ibodat.

Yillar charxpalagi aylanib qolsa,

O‘sha tuyg‘ularni yo‘yib xatoga.

Balki, eslamasdim xotiralarni,

Balki, chiqmasmidim o‘sha metroga.

Bir eshikdan kirar, chiqar ikki dil,

Begona, bir-birin endi tanimas.

Bizni bog‘lab turgan metro vagoni,

Endi begonadir, u biznikimas….

****

Bolaligim o‘tgan tuproqda,

Qolib ketdi xotiralarim.

Onam ekkan rayhonlarini,

Bugun juda-juda sog‘indim.

O‘rning juda bilindi bugun,

Qadrlisan menga onamdek.

Har bir giyoh, har bitta g‘ishting,

Vatan ichra, buyuk Vatandek…

Qani endi ortga qaytolsam,

Har bir kunim bo‘lardi totli.

Seni juda sog‘inayapman,

Rayhon hidli ey, ota hovli…

****

Bugun ketayapsiz, mendan ayrilib,

Ko‘zlar to‘qnash kelar yer aylanganda.

Men ham ketayapman dunyoingizdan,

Sizga va sevgimga alvido deya…

Ruhingiz ozoddir, ruhim ham ozod,

Qafas deb bilgan dil kishanlaridan.

Kimlar yetolmadi, kim esa yetgan,

Soxta sevgingizning o‘tdim baxridan.

Taqdir kitobimga nuqta qo‘yilsa,

Nahot qiynalmaydi telba dilingiz?

Men bugun…

Sizdan ham voz kechar bo‘lsam,

Ozorlanmaydimi? O‘sha sevgingiz…

****

Erinib yog‘yapti mayin oppoq qor,

Deraza isinib parlanar bir zum.

Men sukut qa’ridan termulib turib,

Eng go‘zal hislarni oynakka chizgum.

Kuz…

Xazon barglari yerga qorishiq,

Qaxraton qilichin qayrab kelyapti.

Osmonning bag‘riga sig‘gan quyoshning,

Nigohlarin, uyqu elitayapti…

Kimsasiz yo‘llarda tong otar mudom,

Kimdir ishga shoshar, o‘qishga kimdir.

Oppoq sukunatga qo‘yganicha iz,

Har kun yangilanib boradi taqdir.

Vaqt izidan shoshib ketar noyabr,

Sovuq izg‘irinning qahrin keltirib.

Oppoq kelinchakni qarshi olgandek,

Qish kirib kelmoqda asta erinib.

****

Dunyodan ham olis manzil tomonga,

Yo‘l yursam…

Yuraging koyimaydimi?

Daydisam…

Ruhiyat so‘qmoqlarida,

Tuyg‘u iforlari aynimaydimi?

Ozor ko‘rmasa va ishonsa umid,

Qisqa shu umrni Ishqqa to‘ldirsam…

Va ketsak abadiy mangulik sari,

Jim orzu qilsang…

Men, jimgina sevsam…

Qalbni tutsam, imkon qo‘llarin cho‘zib,

Baxt bilan piyoda kezsak dunyoni.

Yana, Ishq tug‘ilsa baridan totli

Va birga tanisak qodir Xudoni…

****

Har kun botar yuragimga ufq,

Ibodatda sajda qilar Ishq.

Bu bo‘shliqni to‘ldira olmas,

Na hazin kuy, nada sho‘x qo‘shiq.

Oppoq orzu bekatidan men,

Tushdim…

Hanuz sendan yo‘q darak.

Bir o‘tinchim BAXT tomonlarda,

Ishq beminnat bo‘lishi kerak.

Keyin taqdir ming rangga bo‘yab,

Uloqtirar palaxmon toshdek…

Va dunyoing asraydi meni,

Qo‘limdagi ko‘zmunchoqlardek…

Huvillaydi to‘rt devor aro,

Topolmaydi orzular so‘ngin.

Yurak qurg‘ur ko‘nmasa netay?

Seni yana sog‘indi bugun…

****

Baxt ismingni topolmay qolsam,

Ba’zan g‘amgin xayollar aro.

Erkalashni bilmasa taqdir,

Yig‘lab tursa Ishq motamsaro.

Dunyo beg‘am, senda xayoli,

Shirin tashvish, beqadr tashvish.

Gohi isming unutar ko‘nglim,

Goh eslatar o‘tmishdagi Ishq.

Orzu qildi shunchaki qalbim

Va ishondi mavjudliginga…

Ko‘nikdi lek…

Ko‘ngil tushunmas,

Ishqning so‘zsiz majburligiga.

Na kelish bor, nada ketish bor,

Sevilishni do‘ndirolmadim.

Shunchaki…

Ishq seni tanlagan,

Bilmading, men bildirolmadim.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting