BIZGA ESSE BERILSIN!

0
495
ko'rishlar soni

mulozaha

Yangi o‘zbek yozuvchisi deganda Uyushmaga a’zo bo‘lgan, jild­-jild kitoblari chiqqan, minbarlarda nutq so‘zlab, Do‘rmonda ijod qiladigan insonlarni tushunar edim. Men uchun “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi hamda “Sharq yulduzi” jurnalida asari bosilganning hammasi professionallar edi. Kim o‘ylabdi deysiz bu fikrlarimnin oyog‘i osmondan bo‘lib ketishini.

Yozuvchi va tarjimon Nodirabegim Ibrohimova Nodirabegim.uz sayti faoliyatini boshlaganda ilk kuzatuvchilaridan biriga aylandim. Shundan buyon navqiron qalamkashlar ijodini kuzatishga qiziqib qoldim. Telegram kanallariyu feysbuk postlari o‘z yo‘liga, lekin saytda bafurja o‘qishga yetmaydi. Xullas, kuzatish jarayonida mualliflardan birining hikoya va esselari tez-­tez joylanayotganini sezib qoldim. “Eng ko‘p o‘qilganlar” lavhasida ham aynan o‘sha inson bilan bo‘lgan suhbat yetakchilik qilardi. Bu – Sherzod Ortiqov edi.

Boshlanishiga saytdagi pdf shaklidagi hikoyalar to‘plamini yuklab oldim. Bittama bitta o‘qib chiqdim. O‘zi uzun yoziqlarga toqat qilolmaymanu, bu safar aksincha o‘qib to‘ymay qoldim. Avvaliga asar qahramonlarini milliy hikoyalarda ko‘raverib o‘rganib ketgan qirq kokil suluvlar va ketmonga suyanib turgan alplarga o‘xshamasligini payqab qoldim. Keyin dialoglar va kechinmalar ifodalanishi ham G‘arb adiblari uslubiga yaqinligini tushundim. Qayta-­qayta o‘qish davomida angladimki, aslida hikoyalar g‘oyasi ham mutlaqo yangi va original ekan.

Bir qarasang Pariju Berlinda, bir qarasang oddiy o‘zbek xonadonida voqealar rivojlanadi. To‘satdan hikoya orasiga Markes kirib keladi, pianino ovozi eshitilib qoladi, ko‘hna qadamjolarga borib qolish ham hech gap emas. Taraqqiyot asrining farzandlarimiz, musaffo osmon ostidagi baxtiyorlarmiz, deya bong urayotganlarning kundalik hayotini, uning negizida umumbashariy g‘oyalarni kuylayotgan yozuvchi shu vaqtgacha qayerda edi, deb o‘ylanib qoldim. Hozir imkoniyat keng, istagan odamingni agar u zamonaviy telefondan foydalansa topib olishing mumkin. Paulo Koelo, Elif Shafaq kabi adiblarni feysbukdagi profillarini kuzatib borish hozir qiyin emas. Xullas, topdim Sherzod Ortiqovni.

Garchi odamlarning postlarini o‘qishga sabrim chidamay, shunchaki layk bosib ketaversam­da, bu adibning barcha postlarini izohlari bilan birga o‘qib chiqdim. Ha, aynan ilk qo‘yilgan postlardan boshladim. Shu vaqtda bu ijodkor 2019 yil “yarq” etib chiqmaganini, balki yillar davomida shakllanib kelganini bildim. Bu postlar!.. Naq zahar tomib turadi­ya! Ayniqsa, yosh ijodkorlar haqidagi fikrlari yuragingni teshib o‘tib ketadi. Adabiy muhit haqidagi haqqoniy gaplari­-ku, yillar davomida valiyga chiqarib qo‘ygan “katta”larning asl yuzini ochganini ko‘rdim. Deyarli barcha postlar qizg‘in bahs-­munozaralarga sabab bo‘lgan. Basharasi qiyshiqlar ko‘zgudan anchagina o‘pkalashganini guvohi bo‘ldim.

Bora­-bora esselari e’tiborimni tortdi. Har bir esse jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxslar haqida so‘zlaydi. Zohirida buyuklar hayoti aks ettirilsa­da, botinida hayotimiz haqiqatlari tajassum etadi. Umuman, esse yozishning o‘zi bir san’at. San’atkorlar haqida yozish esa ikki karra jasorat. Adiblar, shoirlar, bastakorlar, rassomlar hayotini tasvirlash uchun qanchadan qancha fakt yig‘ish kerak. Motsart haqida uning kuylarini eshitmay turib, Van Gog haqida suratlarini ko‘rmay turib yozib bo‘ladimi? Har bir sohaning nazariyasini o‘rganish, tarixiy evrilishlarni tahlil qilish va nihoyat bugungi kunga bog‘lash og‘ir mashaqqat. Lekin Sherzod Ortiqov bularning barchasini yo‘l-­yo‘lakay hikoya qilib ketadi. Shaxsiy fikrlarini ifodalashda qo‘rqmaydi. Bitta yozuvchi bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi.

Haqiqatni aytganga rahmat aytish kamdan kam uchraydi. So‘nggi vaqtlarda rahmat aytish bu yoqda tursin ustiga chiqib tepishga harakat qilishmoqda. Lekin qanday qilib? Sherzod Ortiqov na Uyushmaga a’zo, na ijodiy tashkilot xodimi. Kasbi ham, daromadi ham bo‘lak. Yagona chora ma’naviy xujumga o‘tish. Buni esa ba’zi “adabiyot fidoyilari” ortig‘i bilan bajarmoqda. Kimdir o‘z ixtiyori bilan, kimdir o‘zgalarning da’vatiga ko‘r-­ko‘rona ergashish oqibatida. Oddiy o‘quvchi sifatida Sherzod Ortiqovga nisbatan shakllanayotgan salbiy harakatlar sabablarini aniqlashga harakat qildim.

Ular quyidagilar:

1.Johillik.

Jahon adabiyotini yaxshi tushunmaslik, tilla baliqchaday tor hovuzini yoqlayverish natijasida hikoya va esselarga noto‘g‘ri nigohda qarash avj olmoqda. O‘zining oz bilmi shakllantirgan dunyoqarashiga Ortiqovning keng qamrovi sig‘magani uchungina uni tanqid qilayotganlar yetarlicha.

2.Zamondoshlik.

Ular Ortiqov bilan tengdosh yoki bir­-ikki yosh katta bo‘lgani uchun ijodkorga ham, asariga ham xolis baho bera olishdan mosuvo bo‘lib qolyapti. Shuningdek, shaxsiy munosabatlar ham to‘g‘ri qaror chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda.

3.Hasad.

Asosiy sabab esa aynan hasad. Sherzod Ortiqov asl kasbi bankirlik bo‘lgani holda, yana kamiga filologiya yoki jurnalistika oliy ilmgohlarini bitirmagani holda adabiyot, san’at, tarix, falsafa, madaniyat nazariyalarini chuqur bilishi va ularni asarlarida ochib bera olishi ayrimlarning hasadini qo‘zg‘atmoqda. Chunki hasadchilarning o‘zi chegaralangan bilim doirasida qolib ketgan. Doirani yorib chiqishga esa kibrlari va johilligi yo‘l qo‘ymaydi.

O‘quvchilar hasadchilarning yozganlarini loqaydlik bilan varoqlayotgan bir vaqtda, yoshlar Sherzod Ortiqovning esselarini chanqoq bo‘lib kutishyapti va yutoqib o‘qishyapti.

Ular bitta hikoyasini nashriyotlarga olib borib, oylab kutib chiqarayotgan vaqtda Ortiqovning esse va hikoyalari milliy va turkiy adabiyot saytlarida peshma pesh chiqib turibdi.

Shu o‘rinda Nodirabegim.uz sayti ma’murlariga alohida tashakkur bildiraman. Ushbu sayt yangi davr o‘zbek essenavisligiga darvoza vazifasini o‘tab kelmoqda. Sherzod Ortiqov esselarini intiqlik bilan kutamiz.

Bizga esse berilsin! Esse!

Otabek BAKIROV, yosh ijodkor, muxbir.

Yangi nafasmi yoki toza havo?!

Adabiyot olamida o‘zgacha, boshqalarga o‘xshamaydigan tarzda yozadigan yozuvchilarga nisbatan «yangi nafas» olib kirdi iborasi ishlatiladi. Men esa nafasning yangi yoki eski bo‘lishi mumkinligini tushunmayman. Ko‘proq «toza havo» iborasi yoqadi.

Farg‘onalik ijodkor Sherzod Ortiqov qisqa vaqt ichida adabiyotga shunday «toza havo»ni olib kiroldi deb o‘ylayman. Bu ijodkorni «Kuz simfoniyasi» hikoyasi orqali tanidim, esselarini o‘qiganda esa qaytadan kashf qilgandek bo‘ldim. Sherzod aka esselarida shunchaki voqeani bayon qilmaydi, balki uni ko‘rsatadi, esse ichida yashashga majbur qiladi.

O‘ziga xos yozuvchi Chexov ham «Yo‘q, voqeani bayon qilmaslik kerak, balki ko‘rsatish lozim» degan edi. U esse mavzusiga oid faktlar bilan bir qatorda o‘z ko‘nglida tug‘ilgan qandaydir his-hayajonlari, hatto shaxsiy mulohazalarini ham bemalol bayon etadi. Ba’zida nega aynan esse janriga murojaat qilgan ekanlar deb o‘ylab qolaman. Bilamizki, esse- erkin janr, balki ijodkor erkinlikni boshqa tushunchalardan ustunroq qo‘yganigadir, bu mening taxminim xolos.

Sherzod Ortiqovni esselari goh biror mashhur rassom yoki bastakor bilan suhbat tarzida, yoki boshqa biror kim tilidan yozilgan. Jumladan «Beshinchi simfoniyadan so‘ng» tanqidiy essesi buyuk bastakor Betxovenga murojaat tarzida, «Verdining janozasidan so‘ng» esa azroil tilidan yozilgan. «Van Gog kartinalari» essesini o‘qib o‘zingizni galereyada yurgandek his qilasiz, yoki yana bir qator esselarini o‘qish jarayonida Furrug‘ning iztiroblarini anglaysiz, Marinadan irganasiz, Motsart va Betxovenning o‘limidan ta’sirlangan odamlar qatorida siz ham ta’sirlanasiz.

Sherzod Ortiqovga bunday esselar bardavom bo‘lishini, qalami sinmasligini tilab qolaman.

Nigora G‘aniyeva, shoira.

P.S. Sherzod Ortiqovning hikoyalarini Nasr bo‘limidan, esselarini esa Maqolalar bo‘limidan topishingiz mumkin.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting