Shuhrat Orif. She’rlar

0
372
ko'rishlar soni


Angladim — bahorga atalmaganmiz,
Kuzda tug‘ilganman, demakki — kuzman.
Eng so‘nggi yaprog‘im to‘kilgungacha,
Sen ketgan yo‘llardan ko‘zimni uzmam.

Sen ham bahorlarni axtarib yurma,
Bexishtdan quvilgan nochor azizim.
Boshqa fasllarning borligi ro‘yo,
Bu dunyoda faqat kuz bor, azizim…

***

Qirqinchi dovonga termulib,
O‘ylayman: to‘rvada nima bor?
Chopqillab chiqishga g‘ayrat yo‘q,
Emaklab borishga qo‘ymas or.

Qismatim — to‘rt dona suratdir,
Oq-qora, oq-qora, oq-qora.
Tovonda xirgoyi qilaman,
Boshimda chalaman nog‘ora…

Qo‘qondan to Toshkanga qadar
Ushoqdek sochilgan umrim bor.
Ko‘ngilning eng chuqur yerida,
Chiroyli bir soqov qumri bor…

Odamga o‘xshayman ba’zida —
Odamga bo‘laman intizor.
Ko‘z ochsam — dunyo bor, ko‘z yumsam —
Uyqu bermaydigan bir qiz bor…

Tuproqdek samimiy habib yo‘q,
Bulutdek omonat do‘stlar bor.
Tishlagim keladi barmog‘im —
Ko‘zlar bor, ko‘zlar bor, ko‘zlar bor…

Otam bor, onam bor — butunman,
Bag‘rimda bir baxtli ayol bor.
Yaxshiyam, yaxshiyam, yaxshiyam —
Xayol bor, xayol bor, xayol bor…

Qirqinchi dovonga termulib,
Aytaman: dunyoda nima bor?
Baxtli kimsalarni yonida
Odamdek yashashga qo‘ymas or…

***
Xushtak ovoziga o‘mbaloq oshgan
Kabutar singari sarosar uchdim.
Yana tegrangizda qirq yil uchaymi,
Qirq yil turasizmi yana shunday jim?!
Qalaysiz?

Hislarim to‘zg‘idi momoqaymoqdek,
Er va ota bo‘ldim ismingiz ayta.
Shu daydi qismatning haqqi-hurmati,
So‘ragim keladi qayta va qayta:
Qalaysiz?

Qizlarim tug‘ildi sizga o‘xshagan —
Netay, yorib chiqdi qovurg‘amni sir.
Menga o‘xshamabdi o‘g‘lingiz… mayli…
Baribir so‘ragim kelar, baribir:
Qalaysiz?

Shu savol bahona yashab yuribman,
Birgina savolda ko‘ch-ko‘ronim jam.
Javobini bilmay ketishim mahol…
Jilmayib so‘rayman o‘lim oldi ham:
Qalaysiz?

Xushtak ovoziga o‘mbaloq oshgan
Kabutar singari sarosar uchgum.
Yana tegrangizda qirq yil charx ursam,
Iltimos, jim turing, yig‘lamay yum-yum…

***

Xiyobonda

Kalish kabi namiqdi ko‘ngil,
Mezon gullariga termulib.
Dildirab turibdi sovuqdan,
Boqaverar baribir kulib…

O‘qrayar qarovsiz favvora,
Ensasi qotadi qarg‘ani.
Kiprikdek to‘kilar yaproqlar,
Farrosh supuradi qarg‘anib…

Darveshdek g‘udrana boshlaysan…
O‘rindiq turtadi: «Endi ket».
Lahzada yaratgan xudoyim,
Lahzada ketishni nasib et!

***
Shoxda yolg‘iz qolgan nokdek g‘aribman —
To‘kilmoqqa kelib baxt axtaribman…

Sayr etgali keldim bu dunyosiga,
Bu olam meniki emas: sharifman.

Asrlar ko‘zimga kul sochib o‘tdi,
Ojizman, yupunman, lekin zarifman.

Million kashfiyot va bunyod qildim,
Yuksalib, O‘zimni loyga qoribman.

Bir kecha ko‘ngilga so‘zlagil dedim,
Anordek sachradi — bekor yoribman.

Yor kelar deyishdi tug‘ilganimda —
Boladek emaklab o‘zim boribman.

Yor dedi: «To‘ningdan yor isi kelur»,
Horibman, horibman, juda horibman…

Na banda bo‘loldim va yoki odam —
Siz kabi chalkashgan Shuhrat Orifman…

***
Otayotgan tongga termulib,
Nenidir tuyasan g‘alati.
Asta galstukni boylayman —
Ruh esa sibizg‘a chaladi…

Botayotgan quyoshga qarab,
G‘alati bo‘ladi yuraging.
Botib qolmasidan, ulgurib,
Keladi nenidir so‘raging.

Ko‘kda homilador bulutlar
Tinmay nimanidir eslatar.
G‘alati bo‘lasan, g‘alati…
Qiqirlar, shivirlar, kesatar.

Baqir-chaqir qiladi chaqmoq,
Ichib kelgan erkak singari.
Va jimgina yig‘laydi ayol —
Yomg‘ir yog‘ar… g‘alati bari.

O‘zanlarga oyoq uzatib,
Soqovdek g‘udranar daryolar.
Tinglasang, tinglasang, tinglasang…
G‘alati, g‘alati dunyolar…

Bir yig‘i keladi, bir yig‘i…
Ichika boshlaysan tabiiy.
G‘alati ko‘rina boshlaysan,
Metrodagi qalandar kabi…

Ruh tinmay sibizg‘a chaladi…
Qiziyapti qismatning bazmi.
Butun umr g‘alati bo‘lib,
Jim o‘lmoqlik g‘alatimasmi?!

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting