Go‘zal Ro‘ziyeva. ADABIYOT NIMA?

0
485
ko'rishlar soni

esse

Bir necha kundirki isitma ichida yonayapman. Kunduzi uni oyoq ustida o‘tkazganim uchun  ko‘p ham bilinmaydi, lekin kechqurun bosh og‘rig‘i, kuydirib yuborgudek harorat, miyangni portlatmoqchidek bosib keluvchi xayollar va alahsirash tufayli o‘ylarim kalava ipi  kabi chuvalashib ketadi. Derazadan ko‘zga tashlanib turgan oy yanayam kattalashib qolgandek, ana-mana deguncha xonagacha bostirib kiradigandek, tunchiroq atrofida esa allaqanday sharpalar kezayotgandek tuyuladi. Kasalligim tufayli biror narsa yozishga hafsalam bo‘lmay, yaqin kunlarda yana qo‘limga olganim “Kecha va kunduz” kitobini ochaman, ammo ko‘zlarim tinib, harflar goh so‘zlar ichidagi o‘rnini almashtirayotgan bo‘lsa, goh tizilib olib, yoki sahifadagi barcha harflar so‘zlarni tashlab, bir yerga to‘planib meni kalaka qilishayotgandek tuyuladi-yu, kitobni otib yuboraman. U ancha uzoqda, ochiq sahifalariga to‘nkarilib qolgancha yotarkan, muqovasida yirik qilib yozilgan adibning ismiga, ChO‘LPON nomiga ko‘zim tushadi. Shu kunlarda meni tez-tez qiynayotgan savol yana shuurimni o‘rtay boshlaydi. “Adabiyot nima o‘zi, Cho‘lpon domla?” deyman muqovadagi yozuvga qarab. Ammo, tun qa’ridan chiqib kelgan o‘ychan nigoh – Cho‘lponning nigohi menga sassiz qadaladi-yu, bir so‘z demaydi. So‘ng qachonlardir internetdan chiqarib olganim uning “Adabiyot nadir?” nomli maqolasini, qorayib, harflari xira tortib qolgan qog‘ozni olaman. “Ayting axir, siz doim shu savolga javob topish ilinjida bo‘lgansizku!” deyman pichirlab va maqolani o‘qiy boshlayman. “Adabiyot har bir millatning hisli ko‘ngul tarixining eng qorong‘u xonalarida maishat(tirikchilik)ning ketishiga qarab, har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydirg‘un bir guldir…” Yana harflar chaplanib keta boshlaydi va uni ham ortiq o‘qiy olmasligimni bilib, ko‘zimni yumaman. Shu lahza kitoblar bilan to‘lgan bir uyda, Xurshid Davronning kutubxonasida bo‘lib qolaman.

-Ayting-chi, ustoz, adabiyot nima?

-Adabiyot… bu Samarqand! – Poytaxtdagi aholi siqilib yashovchi tumanlardan birida, ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi u xonadoni derazasidan tashqariga horg‘in ko‘z tashlab turarkan, shu savolimdan so‘ng negadir jilmayadi. – Uning bag‘rida doim o‘zimni erkin, sokin va mamnun, halovat topgandek, hayotga nega kelganimni anglab etgandek his qilaman…  

Samarqand…  Xurshid Davronning she’rlari va tarixiy asarlarini o‘qirkanman, unda doim Samarqanddagi ma’sumlik va o‘ychanlik bilan yo‘g‘rilgan tarix va bugungi zamon baqamti kelishini, o‘qiy turib uning ijodi doim bu shaharni eslatishini eslayman. Bu shaharga ko‘p borganim, ammo doim sog‘inaverishim yodimga tushadi va xayolan unda keza boshlayman. Baland ko‘k gumbazlar osmon bilan sirlashgan, minoralar Yaratganga salavot aytib turgan yerda – registonda o‘zimni ko‘rarkanman, o‘rta asrlar Yevropasining shohona liboslarini kiygan g‘oyat go‘zal ayol diqqatimni tortadi. Bundan yuz ellik yilcha avval avval yashagan, Avstriya imperatori va Vengriya qirolichasi bo‘lgan Elizabetani darrov taniyman.

-Siz?..  Bu yerda nima qilyapsiz? – Hayron bo‘lganimni yashirolmay so‘rayman.

-Men bir umr adabiyot va san’atni, she’riyatni sevganman, unga talpinganman. Bu yerni adabiyot deyishdi-ku…shuning uchun keldim – deydi qirolicha mayin jilmayib.

Unga boqib turarkanman, xayolan tarix sahifalarini varaqlayman. Sahifalar qatida gersog oilasida tug‘ilib-o‘sgan bo‘lsa-da, kamtarligi va ochiq ko‘ngli tufayli qo‘shni dehqon qizlari bilan ham dugona tutinib, o‘ynab ketaveradigan ko‘rimsiz qizcha  Elizabetaning ulg‘ayib tengsiz sohibjamolga aylanishi, shu tufayli Avstriya imperatori Frans Yozefga uzatilishi, tillarda doston malohati tufayli avval saroyda, keyin chiroyiga yondosh go‘zal qalbi, o‘zini o‘ta tabiiy va kamtarin tutishi bilan xalq orasida ham mashhur bo‘lishi va hatto oddiy odamlarning imperator saroyidagi sevimli kishisiga  aylanib qolishi, biroq, garchi saroy muhitida yashasa-da doim unga begona bo‘lgani, undan qochib hali Myunxenga, hali Jenevaning o‘rmonli daralariga, hali Vengriyaning kishi bilmas xilvatlariga ketib qolaverishi, ancha vaqt o‘tib esa kutilmaganda Venaga–saroyga qaytishi va jazavaga tushgandek shohona ballar ketidan ballar o‘tkazishi va qalbiga halovat izlab, yana saroydan qochib ketishi manzaralarini ko‘raman. U o‘sha halovatni adabiyot va san’atdan, she’riyatdan qidiradi, tinimsiz she’rlar yoza boshlaydi va hukmdorlikning ko‘rinmas kishanlari orasida ortiq yasholmasligini anglagach esa, kunlardan bir kuni taxtdan voz kechadi. Keyinchalik anarxistlar tomonidan o‘ldirilgan bu darbadar ruh egasidan katta adabiy me’ros qoladi. Tarixiy kitoblarda aytilishicha, uning o‘limi eriga – imperator Frans Yozefga qattiq ta’sir qilgan, “Hech kimga, hech qanday yomonlik qilmagan ayolni qanday o‘ldirish mumkin?” deya ko‘p takrorlaganini bir necha saroy ayonlari o‘z xotiralarida  yozib qoldirishgan.

-Men…haqiqatdan ham qirolicha bo‘lish uchun tug‘ilmaganman…bilamanki, tarbiyamda kamchilik ko‘p, biroq men hech qachon noto‘g‘ri ish qilmaganman, Xudo guvoh!¹ – Elizabetaning Tillakori madrasasidan ko‘z uzmay aytgan so‘zlari uning tarixi haqidagi xayollarimdan meni chalg‘itadi. Yana bir nimani so‘rash uchun og‘iz juftlaganimda esa, u shunday deydi.

-Adabiyot – bu erkin ruhning darbadar kezishidir. – So‘ng asta tun bag‘rida g‘oyib bo‘ladi. “Shoshmang, yana savolim bor edi!” degancha sukunatga qichqirib qolaveraman.

-Haliyam shu savolga javob izlayapsizmi? – Yonimda to‘satdan paydo bo‘lgan baland bo‘yli, ozg‘in yigitchaga ko‘zim tushib, cho‘chib ketaman. – Biz esa o‘qishni davom ettirish uchun, Xurshid bilan xorijga ketyapmiz.

-Qaysi Xurshidni aytyapsiz? Kimsiz o‘zi? – deyman.

-Men Mirzohidman… Xurshid Abdurashidni aytyapman. Forma uchun, qolaversa  davomat uchun  o‘qishdan bezdik bu yerda… va endi bilim olish uchun, haqiqatdan ham nimanidir o‘rganish uchun ketyapmiz – u dona-dona qilib javob beradi endi.

-Sizlar kursdoshmisizlar? Axir, u boshqa yo‘nalishda o‘qirdi, shekilli? Qolaversa, o‘qishni allaqachon tugatgan, menimcha…

-Alahlayapsizmi? – Uning achchig‘i chiqib xo‘mrayadi.

-Ha, isitmam bor… alahlayotgan bo‘lsam kerak – butun tanam qizib ketayotganini his qilib, javob beraman. So‘ng yonimdagi o‘rindiqqa cho‘kkalayman. Boyadan beri unda o‘tirgan,  soqoliga biroz oq tushgan qora ko‘zoynak taqqan kishi so‘z qotadi.

-Adabiyot bu – Abdulla Qodiriyning jovdiragan nigohlaridir – u titroq ovozda gapirarkan, tun bo‘lsa-da, yana gazetasini o‘qishda davom etadi.

-Abdulla Qodiriyning o‘sha suratini men KGB arxividan topganman – tun qo‘ynidan, qayerdandir Nabijon Boqiyning ovozi eshitiladi. – Go‘zal, siz tarix fakultetini tugatgansiz-a?  Bilasizmi, butun boshli tarix haqida, Buxoro tarixi haqida ajoyib badiiy asar yozishingiz mumkin. Tarix va adabiyot birlashgan o‘zanda falsafa paydo bo‘ladi, bilasizmi shuni?

-Shoshmang…Abdulla Qodiriyni aytayotgandingiz…uning ko‘zlari… – bo‘shliqqa alanglab, pichirlayman.

Shu payt yonimdagi kishi gazetadan ko‘zini olib, sal nariga ishora qiladi. U  ko‘rsatgan joyda garangsib va jovdirab turgan Qodiriyni ko‘raman. O‘rnimdan turib, jon holatda uning yoniga yuguraman.

-Qodiriy domla! Sizmisiz?.. Sizni ko‘rib turganimdan shunchalar xursandmanki… – nafasim og‘zimga tiqilib gapirarkanman, o‘sha jovdiragan nigohlari bir lahzaga bo‘lsin o‘zgarmaydi.

-Bilasizmi, shoshib turibman…Namozimni o‘qib olishim kerak…meni hozir qatl qilish uchun olib ketishadi. – U xijolatomuz ohangda gapirarkan, qo‘lida turgan obdastaga endi ko‘zim tushadi. Yuragim bir lahzaga to‘xtab qolganini, tomirlarimdagi qon muzlab borayotganini sezaman. Nimani so‘ramoqchi ekanimni ko‘zlarimdan payqaydi baribir.

-Adabiyot nimaligini bilmayman… Bilganim shuki, hamisha o‘zim haq deb bilgan narsani yozdim, vijdonimga zarracha qarshi bormadim… – Shu lahzada uning nigohlari qat’iylashadi. – Va… agar haqiqat uchun boshim ketsa, “ix” deydirgan yigit emasmen!

Boshim aylanishi shu lahzada tamoman kuchayganini, minoralar, madrasalar va ularning zarrin koshinli ko‘m-ko‘k gumbazlari ustimga qulayotganini his qilaman. Ular shunchalar og‘ir va og‘riqliki, butun tanam yerparchin bo‘lgandek, zalvor dastidan yer ostiga kirib ketgandek sezaman o‘zimni. Qancha vaqt o‘tganini bilmayman, ammo kimningdir jo‘shib, qaynab she’r o‘qishi meni asta yer yuzasiga olib chiqadi.  

Meni seving,

Mendan nafratlaning –

Boshqasiga ruxsat bermayman.

Men sizni sevaman

Va nafratlanaman,

Mayda tuyg‘ularni ko‘rmayman ravo.

She’r yozaman – sevgi,

She’r yozaman – nafrat,

Siz bo‘lsa, la’natilar,

Aldaysiz meni,

Qo‘lda xanjar tutib

“Sevaman” deysiz.

Qo‘rqmang,

Rostini ayting,

Balki sizni o‘shanda sevib qolarman,

Mana, men

Sizga

Nafratim va sevgimni

Har bitta she’rimda

Aytayapman-ku!

Balki, shuning uchun

Mendan

Nafratlansangiz ham

Sevgilingizga

She’rlarimni yoddan o‘qib berasiz!

Men sizning rost gapingizni

Sevgilimga

Aytaman qachon?..²

-Adabiyot nima? – she’ri tugagach, so‘rayman shoirdan.

-U keng dasht. Uning bag‘rida erkin qulun kabi xohlagancha chopish mumkin, ko‘ksingni osmonga tutib, yulduzlar bilan yuzlashib yotish mumkin. Ammo, u ro‘yoni yomon ko‘radi, kichkinagina qora narsa ham unda aniq-tiniq ko‘rinib turadi – deb javob beradi u. –  Muhimi, haqiqatdan qo‘rqmaslik.

-Ammo, adabiyot haqiqatni doim ham ayta olyaptimi?

Shoir indamaydi. Uning sukutining o‘zi mingta javobdan ko‘ra aniqroq eshitiladi.

-Dasht adog‘ida atrofga soya solib turgan daraxt bo‘lishiga qaramay, oftobning tikkasida o‘tirgan, kichkina chillak oyoqlari sovuq urgan kabi uvushgan, qora ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan qizchaga ko‘zim tushadi. Soyaga borib o‘tirgach, uni yonimga imlayman.

-Hoy, oftobda kuyib qolasan, bu yerga kel!

Lagerning quyosh nuri tushmaydigan kameralarida o‘tiraverib, uni sog‘inib qolganman – u yaqinlasharkan, xomush javob beradi.

-Nimalar deyapsan? Qanaqa lager?

-Qarang-chi, mana shu adabiyot bo‘la oladimi? – U savolimga ahamiyat bermay, qandaydir daftarni uzatadi. G‘o‘ldirab gapirarkan, so‘z ohanggi so‘rashdan ko‘ra ingrashni eslatishini payqayman. So‘ng daftarni ochib, o‘qiy boshlayman.

“1943 yil, 13 yanvar, chorshanba

Dugonam Kitti!

   Tashqarida dahshatli voqealar yuz bermoqda. Bechora odamlarni istagan vaqtlarida uylaridan sudrab olib ketishyapti. Faqat, kiyim-kechak solingan sumka bilan hamyon olishga ruxsat etiladi, xolos. Ularni ham baribir yo‘lda o‘g‘irlatib qo‘yishadi. Oilalar bo‘linib ketadi, er-xotinlar, ona-bolalar bir-birlaridan ayriladilar. Bolalar maktabdan qaytishganda, qarashsaki, ota-onalari yo‘q, qayergadir olib ketilgan. Ayollar bozordan qaytishganda uylari, bor bisotlari sotib yuborilgan bo‘ladi.” Ushbu dastlabki satrlardanoq Anna Frankni va uning mashhur kundaligini taniyman. Bo‘g‘zimga achchiq yig‘i tiqilsa-da, kattalarga o‘xshagim keladi, yig‘lamayman.

Bilasanmi, butun dunyo bu kundalikni fashizm dahshatlari ochib berilgan eng yaxshi asarlardan biri deb hisoblaydi. Ayniqsa, uning muallifi o‘n to‘rt yoshli qizcha bo‘lsa! – uning ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘laman. Ammo, u indamaydi. Haqiqatni yozish qanchalik qiyinligini menga – katta odamga qanday tushuntirishni o‘ylayotgandir, ehtimol. Balki, o‘shanda haqiqatni yozmaganida qiynab o‘ldirilmagan bo‘lar va hozir qarib-churib o‘limini kutib, soatga qarab yotgan va faqat uzoq umr ko‘rgan buvi sifatidagina nabiralarining yodida qolishi mumkinligini o‘ylagandir.

Unga qarab turib, yozuvchi Sherzod Ortiqovning kuyunib aytgan so‘zlari yodimga tushadi.

-Bizda shoirlar, yozuvchilar bor…yozuvchilar uyushmasi a’zolari bor buning ustiga. Ammo, adabiyot yo‘q. Bu shoirlarning soxta iztiroblari-yu, pafosli qichqiriqlaridan, yozuvchilarimizning o‘zlari ishonmagan soxta hikoyalaridan charchadim. Qani endi, Markes haliyam tirik bo‘lsa edi! – U xo‘rsinib qo‘yadi-da davom etadi. – Uff, chekkim kelyapti…

-Siz chekmasdingiz shekilli?

-Ha, ammo bunday asabiylashib, iztirob chekkandan ko‘ra, sigaret chekkan ma’qul deb o‘ylay boshlaganman anchadan beri.

-Xo‘sh, siz uchun adabiyot nima?

-Adabiyot bu real voqelikni badiiylik bilan tasvirlab ko‘rsatib berishdir!… Qachongacha, yolg‘on-yashiq romantizm va shunga o‘xshash janrlar bilan o‘quvchini aldaymiz…

Shu payt dashtda borayotgan bir qancha darveshlarga ko‘zim tushadi. Ular quyoshning qaynoq haroratiga qaramay egnilariga qalin janda ilib olgan, “Yo haq, yo Alloh!” deya har bir yukunishda bellaridagi kashkullari jaranglab, uning ichidan to‘rt-besh mis chaqa ovozi eshitiladi. Tangrining bu mag‘ur bandalari uning o‘zidan boshqasiga bosh egmasliklarini yaxshi bilganim holda, ularning davrasida turgan, ular kabi kiyinmagan bo‘lsa-da, soch-soqoli o‘sib ketgan kishiga qarab sadr tushayotganlarini sezaman.  Bir qarashdayoq shoir Mashrabni taniyman. U nigohimdagi savolni uzoqdan ilg‘ab, dashtning narigi chetida qurilgan va sovuq tebranib turgan dorga ishora qiladi. Bu bilan, adabiyot yo‘li dor yo‘li demoqchimi, yoki haqiqat yo‘li shunday tugaydi, demoqchi bo‘lyaptimi anglolmayman, ammo, etim g‘alati uvushib ketganini his qilaman. Bu uvushish butun a’zoi-badanimga tarqaganini, oyog‘im uchidan sochimgacha qalt-qalt titrayotganini sezaman. Quyosh charaqlab turgan mana shu dashtdan ham, tun qo‘ynidagi Samarqanddan ham ketgim, aniqrog‘i o‘zimga kelgim keladi. Qayerlargadir, qaysidir burchaklargadir yuguraman, qandaydir eshiklar ochiladi va yopiladi; taraqlagan ovozlar, kulgan, baqirgan, ho‘ngragan, chaqirgan tovushlar eshitiladi. Nimadir yiqiladi, nimadir to‘kiladi, yiqilgan narsa ustimga tushgan kabi og‘irlikni, to‘kilgan narsa menga sachragandagi shalabbolikni his qilaman, qora terga botaman, ammo, bundan chiqib keta olmayman. Aksincha, yugurib borarkanman, nimagadir qoqilib gandiraklab ketaman. Boshimni ko‘tarib, tog‘ kabi uyulgan jomadonlar, safar xaltalarni, atrofda esa gurras-gurras bo‘lib, qayergadir ketayotgan odamlarni ko‘raman. Ketayotganlarning aksari yoshlar ekanini, ularning esa aksari xo‘mraygan, qovog‘i soliq, ruhi tushkunligini sezish qiyin emas. Yo, alhazar, ularnig barchasining nigohidan “Adabiyot nima?” degan savolni o‘qiyman. 

-Hoy, hammangiz qayoqqa ketyapsiz? Nega ketyapsizlar o‘zi?

-Nima edi? Ishlagani, pul topgani, o‘qigani, yashagani ketyapmiz – kepkasini boshiga chapanicha qo‘ndirib olgan bir yigit javob beradi.

-Yana avtobusda ketyapsizlarmi? Shuncha yo‘qotishlardan, o‘zbekning shuncha o‘limlaridan xulosa chiqarasizmi o‘zi? – Oldinroqda ketayotgan bir-nechta yigit avtobus bekati tomonga qayrilganini ko‘rib, bo‘g‘ilib gapiraman.

Haligi kepkali yigitning yonida kelayotgan katta yoshli kishi charchagan va ma’yus  qaboqlarini ko‘tarib menga qaraydi, uning nigohlarida cheksiz g‘azabni ko‘raman. Ammo, negadir indamaydi.

-Ha, biz shunaqamiz – xulosa chiqara olmaydiganlarmiz! – Boyadan beri telefonidan ko‘z uzmayotgan boshqasi, jingalak sochli yigitcha matohini cho‘ntagiga namoyishkorona solib qo‘yadi-da, ensasi qotganini yashirmay, menga tikiladi. – Ketayotgan odamga qanday ulovda ketayotganining farqi bor ekanmi? Mana, masalan, men yaqinda texnika sohasi bo‘yicha oliygohni tugatdim. Oliy ma’lumotli muhandisman. Ammo, ishga kirishim uchun falon so‘m pul so‘rayapti(xunuk so‘kinadi). Ota-onamga o‘sha pulni ishlash uchun ketayotganimni aytdim, lekin aslida ko‘proq pul ishlagach, Yevropagami, Amerikagami surmoqchiman. Nega deysizmi? Ishga kirish uchun pul so‘rashayotganidan bildimki, shuncha yil o‘qiganimning ham, bilimimning ham  vatanim uchun tariqcha ahamiyati yo‘q ekan… balki o‘qiganlarim boshqa joyda kerak bo‘lar deb ketyapman endi!

Indamayman, ko‘zlarim bo‘g‘izlagani olib ketishayotgan qo‘yniki kabi olayib borayotganini his qilaman, xolos.

Masalan, mana bu amakini olsak – jingalaksoch yigit boyagi g‘azablangan ko‘zlari charchagan va ma’yus qiyofali katta yoshli kishini ko‘rsatadi – bu kishi kechagi kungacha oliygohda matematikadan saboq bergan. Hatto professor degan nomi bor… ammo, hech baloni bilmaydigan bir so‘tak talabasiga baho qo‘yishni xohlamagan. Keyin nima bo‘lgan dersiz? Butun fakultet, dekanat unga bosim o‘tkazgan, chunki, o‘sha talaba oliy ta’lim vazirligidagi bir kattakonning bolasi ekan. Keyin, baribir o‘sha so‘takka baho qo‘yilgan, domlaning esa boshqa hech qaysi oliygoh ishga olmaydigan qilib, dumini tugishgan. Domla ham nima qilgan? O‘zi orqaravotdan bilgan bir nechta xorij oliygohlariga ma’lumotlarini, ilmiy ishlari nusxalarini jo‘natgan va ko‘p o‘tmay biridan xat kelgan. Mana endi u ham ketyapti… ha-ya, xavotir olmang, u avtobusda emas, samolyotda ketyapti, chunki, uni chaqirishgan davlatga bizdan avtobus jo‘namaydi!.. Xa-xa-xa!

U va yonidagi boshqa yoshlar mazax qilgandek, xoxolashadi. Kulganlar orasida bir nechta qizlarni ham ko‘raman.

-Men esa turmushga chiqqani Turkiyaga ketyapman, turk yigitlari o‘zbek qizlarini qadrlasharmish, deyishyapti – qizlardan biri so‘z qotarkan, to‘satdan achchig‘i chiqadi: – Nega buncha so‘rab qoldingiz o‘zi?! Nima, tergovchimisiz? Yaxshisi, borib o‘t-o‘lanlaru, qo‘y-qo‘zilar, ishq-muhabbatu, yolg‘on safsatalar haqidagi adabiyotingiz bilan shug‘ullaning. Sizlar baribir bizning muammolarimizni yozmaysizlar-ku!

-Nega yozishmaydi? Adabiyot nima o‘zi? U xalqning, odamlarning muammolarini ochib bermaydimi?

-Yo‘q, adabiyot boshqa olam. Unda o‘sha begona olamdagi dard-alamlar, iztiroblar haqida yoziladi, ammo yozuvchi yoki shoir bilan bir makon va zamonda yashovchi odamlarning uyida yigirma birinchi asrda yoqqani olovi yoki chirog‘i yo‘qligi haqida, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik tufayli oddiy muammosini hal qilolmayotgani haqida hech narsa demaydi. Aytsayam, shunchalar o‘rab-chirmab aytadiki, u o‘rab-chirmalgan narsa muammo ekanligi o‘quvchining xayoliga ham kelmaydi – jingalaksoch yana gapga aralashadi.

-Heh! Sizlar bilmaysizlar, bular allaqachon vazifalarni taqsimlab olishgan. Qo‘y-qo‘zi va o‘t-o‘lanlarni, bundan tashqari o‘sha o‘z olamlaridagi dard-iztiroblarni yozish bularga, bizning olamdagi odamlarni qiynagan muammolar haqida yozish blogerlarga berilgan, menimcha! Bo‘lmasa, xalq ularni emas, kitoblarni o‘qigan bo‘lardi…chunki, odamlar haqiqatga tashna! – Haligi qizning yonida turgan dugonasi, chiroyli qiz gapga aralasharkan, asabiylashib og‘zidagi saqichini qarsillatadi.

Shunda ular orasida yosh adabiyotshunos Dono Bekchanni ko‘rgandek bo‘laman va yaqinginada shu haqda kuyunib aytgan gaplarini eslayman.

-Eh, ochiq-oshkoralikka yo‘l qo‘yib berilgan, erkin yozishga imkon berilgan hozirgi zamonda xalq dardini aytib, yo‘lchi yulduz kabi odamlarni o‘z ortidan ergashtiroladigan shoir va yozuvchi chiqqanida edi!.. Hech bo‘lmasa, bittagina chiqqanida edi! O‘shanda u xalqning cho‘kkan qalbini ko‘targan, so‘nib borayotgan umidlarini yoqqan bo‘lardi… Afsuski, adabiyotning bir paytlar Fitratlaru Behbudiylar, Usmon Nosirlaru Cho‘lponlar uddalagan vazifasini bajarish endi blogerlarga yuklanibdi… – U chuqur “uh” tortadi.

-Dono, adabiyot nima o‘zi?

-O, nimasini aytay! Yaxshisi, nima adabiyot emas deng, bir-bir sanab beray… – so‘ng asabiylashib, xo‘rsinib qo‘yadi. – Yo‘q, bo‘lmas ekan…sanoqdan adashib ketar ekanman. Adabiyot bu Alloh ko‘rsatib turgan haqiqat bo‘lib tuyuladi menga. Unga riyo aralashsa, yolg‘on aralashsa, yoki soxtalik va madh aralashsa ham, adabiyot bo‘lmay qoladi…

 Ammo, boyagi qizning ovozi yana xayollarimni chalg‘itarkan, boshim tobora og‘irlashib borayotganini, hozir, shu yerda hushimdan ketishim mumkinligini o‘ylayman.

-Men esa ishlagani ketyapman. Oldingi hukumat davrida bodroq sepgandek qilib, hamma yoqqa kollejlarni qurib tashlashgandi. Men ham kollejni bitirib, bog‘chada binoyidek ishlab yurgandim, ammo, endi ma’lumotim to‘g‘ri kelmasmish!.. Qizig‘i shundaki, ma’lumotim to‘g‘ri kelmasa, boshida nega ishga olishgan, umuman, ma’lumoti to‘g‘ri kelmaydigan, hech qayerda ishlab bo‘lmaydigan bunday muassasalarni nega tashkil qilishgan o‘zi? – U saqichini chaynash barobarida, peshonasidagi sochini qo‘li bilan chetga surib, xo‘rsinib qo‘yadi. – Turkiyaga ishlagani ketyapman endi…unashtiruvim bo‘lgandi, ammo kuyov bo‘lmishga tanlagan mebellarim yoqmaganmish. Bor-e, xotinchalish, deb o‘sha kuniyoq fotihamni bekor qildirdim! Xudo omadimni bersa, enagalikmi, farroshlik qilibmi, biroz pul jamg‘arsam, o‘sha yoqdagi biror oliygohga o‘qishga kirmoqchiman.

Mana sizga zamonamiz qahramonlari! Ularni o‘z vatanlarida turtkilashgan, ammo ularning, albatta xorijlikka turmushga chiqmoqchi bo‘lgan qizdan tashqari, ko‘pchiligining niyatlari yaxshi. O‘qishmoqchi, ishlab, pul jamg‘arib baribir o‘qib-o‘rganishmoqchi! Xo‘sh, sizga yana nima kerak? – Kepkalik yigit menga qarab tirjayadi. – Avvalo, adabiyot nima o‘zi, shuni ayting-chi?

-Adabiyot bu – inson qalbini poklaydigan, uni har xil yot tuyg‘ulardan asrovchi, odob-axloq… – turli tadbirlarda minbarlarda aytib o‘rgangan ta’rifimni boshlashim bilan, shu paytgacha xo‘mrayib gapga qo‘shilmay turgan matematika professori nihoyat tilga kiradi.

-E, qo‘ysangizchi! Siz hozir tomi ochiq uyda gul parvarishlamoqchi bo‘layotganingizni bilyapsizmi?  Agar siz aytayotgan poklik, odob-axloqni parvarishlash kerak bo‘lgan gulga qiyoslasak, tomi ochiq uyni qalb deb olsak, asl adabiyot tom vazifasini o‘tashini tushunyapsizmi? Asl adabiyot, ya’ni real voqelik, haqiqat yoritilgan chiroyli adabiyot qalbni har qanday balo-qazolardan asraydi, himoyalaydi; u insonda haqiqatga, adolatga, tenglikka ishonchni paydo qiladi. Mana shu ishonch bor joyda anavi minbarbop gaplaringizni gapirsangiz arziydi, tushunyapsizmi? – U har bir gapiga “tushunyapsizmi” deya urg‘u berarkan, yigit-qizlar uni diqqat bilan tinglashayotganini sezaman. – Siz adabiyotchilar bo‘lsa, bema’ni safsatalar bilan qog‘ozlarni isrof qilaverasiz…bu bema’ni safsatalaringiz bilan to‘yintirilgan va hech qanday insoniy ezgulikka ishonchi qolmagan mana bu avlod bo‘lsa, yurtidan bezib ketib qolaveradi. Ularning nomi esa “yo‘qotilgan avlod” deyiladi! Ha, ularni tom ma’noda ham, majoziy ma’noda ham yo‘qotyapsizlar…yo‘qotyapmiz, tushunyapsizmi? – Uning bu gaplaridan boshim chir-chir aylanayotganini, yeru-osmon tutashib borayotganini sezaman. Quloqlarimni bekitib olgim keladi. Ammo, qo‘llarim o‘zimga bo‘ysunmaydi. U esa burab qo‘yilgandek, hamon davom etadi.

 ..mana nima uchun odamlar, ayniqsa yosh avlod qitob o‘qishmaydi! Chunki, ulardagi yolg‘onlardan charchashdi. Bunga internet yoki ijtimoiy tarmoqlarni sabab qilavermaslik kerak, hozirgi avlod bizdan ko‘ra aqlliroq, esliroq aslida…olimlar buni allaqachon isbotlab bo‘lishgan… Va mana shu aqlliroq bo‘lganliklari uchun ham o‘zbek bolalari o‘zbek adabiyotini deyarli o‘qishmaydi bugun!

-Voy, nega unday deysiz, amaki? Biz kitob o‘qiymiz! – qayerdandir paydo bo‘lgan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi lo‘ppi yuzli bola cho‘zib gapirgancha suhbatga aralashadi. – Axir, buning uchun “spark” berishyapti-ku! Bilmaysizlarmi, Erkin Malikning “Champo laqabli ilon” nomli kitobining lotin yozuvidagi nashrini qayerdan topsam bo‘ladi? “Yosh kitobxon”ning o‘qish kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatida bor…

Shu gapdan keyin matematika domlasi menga qandaydir g‘olibona, masxaraomuz nigoh tashlarkan, jahl bilan tupuradi. Menga u ataylab shunday qilganday, go‘yo adabiyotning betiga tupurgandek tuyuladi-yu, isitmam bor alangasi bilan meni o‘z damiga oladi. Boshimdan-oyog‘imgacha yonayotganimni sezib, to‘lg‘ona boshlayman. Azob ichida, bir amallab ko‘zimni ochib, atrofga alanglayman. Haligi yosh-yalanglaru, g‘azabnok professor ham, jomadonlaru, safar xaltalari ham tuman ichiga singigandek g‘oyib bo‘ladi.  Yengil tortganimni his qilib, yonimdagi sovub qolgan choyni ho‘playman. So‘ng jon achchig‘ida bir varaq qog‘ozga nimalarnidir qoralayman-u, tamoman hushimdan ketaman.

Ertalab uyg‘onganimda butun tanam kaltaklab tashlangandek madorsiz bo‘lsa-da, isitma o‘tib ketganini sezaman. So‘ng yonimda yotgan qog‘ozni qo‘limga olaman, undagi kecha oqshomgi alanga ichida, qing‘ir-qiyshiq qilib yozilgan o‘z yozuvimni zo‘rg‘a o‘qiyman. Unda quyidagilar yozilgan:

Adabiyot bu – isitma degan gap. Odam uning domiga tushsa,  azoblanadi. Bu qiynoq ichida alahlayotgan odam esa faqat o‘zida borinigina yoza oladi.

¹ — Iqtibos B.Hamannning “Elizabeta yoxud taxtdan voz kechgan qirolicha haqida esse”sidan olingan.

²  —  Usmon Azim she’ri.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting