AYOL. Yosh ijodkorlardan she’rlar

0
497
ko'rishlar soni

Dunyodagi barcha onalarga bag‘ishlanadi

Ohi falak ham u, jonhalak ham u,

Soyasidan oftob ungan sabrgul.

Xudo aylantirgan charxpalak ham u,

Havvo nafasidan ungan atirgul.

Sujudin talashib o‘tar subhu tun,

Vujudi olmaydi dardlar pandini.

Tangrining sinovin yengib jigarxun,

Jilmayib quchadi jigarbandini.

Oyning yarmi qaro, lekin dil yorug‘

U ham sabrim kabi to‘lin bo‘lsin der,

O‘g‘lim dunyolarni olsin der hali,

Qizim ko‘zmunchoqday kelin bo‘lsin der.

Ey, ko‘zi kir bosgan dunyofurushlar,

Ey, izi gunohdan ortmagan mardum.

Nechuk nafsingizda badbin xurujlar,

Shukrona qilmaysiz nechuk tong uchun?

Nechuk bul havoni simirmoqdasiz?

Vijdonning ko‘ziga ko‘rinmaysizmi?

Shunday go‘zal zotlar yurgan dunyoni

Pokiza tutmoqqa urinmaysizmi?

Har dami bir nurli munojot bo‘lgan,

Har oni shukrona bo‘lganlar haqqi.

Joni azoblarda yurgan chog‘da ham,

Jon bolasin eslab turganlar haqqi

Xudojon, onamga o‘xshar har ona,

Mehr ustunlari ular dunyoning.

Xudojon, asragin mushfiqlarimni,

Xudojon, joniga sihat ber, omin!

Suxrob ZIYo

ONAMGA

Shamol bir dam olib qochdi xayolimni,

O‘rik guli jim kuzatdi tanazzulim.

Men bag‘rimga bosganimcha ayolimni,

Sen tomonga cho‘zmabman ham bir bor qo‘lim.

O‘ttiz yilki, senga atab she’r bitmabman,

Onam holi nechuk deya g‘am yutmabman.

Kibor-kibor davralarda bo‘lib ko‘rdim,

Kamtar-kamtar odamlarni ko‘rdim, ona.

Yolg‘iz qolsam ko‘kragimga mushtlab urdim,

“Ura” degan olamlarni ko‘rdim, ona.

Chapaklarga shaydo bo‘lib o‘tdim umrim,

She’r ishqida ado bo‘lib o‘tdi umrim.

Balki bu ham fazilatdir yo aziyat,

Xudo menga bergan balki so‘rov uchun.

Iymanasan, qilolmaysan bir nasihat,

Ona axir tug‘maydiku birov uchun.

Sendan meni ayri tutsa sinsin qalam,

Ona, qalbim to‘la motam, qalbim – alam.

Sham nurida sen tikkan huv, quroqlarday,

Parchalangan umidimni ulab, toldim.

Borolmadim, salom yo‘llab yiroqlardan,

Turmush dedim, o‘z g‘amimga qulab toldim.

Aytasanku, bu kunlar ham o‘tar, ona,

Kaftlaringda yana o‘zing ko‘tar, ona.

Yilda bir bor diydor o‘ti yoqar bizni,

Ko‘rasanu, bir so‘z demay quvonasan.

Ko‘zlarimga qadamaysan ma’yus ko‘zni,

Bolangmanu, qucholmaysan, uyolasan.

Sen dunyoda eng soddadil, kamtar ona,

O‘g‘ling turish-turmishi shu – zarar, ona.

Ta’rifningni so‘zga chizmoq edi istak,

Shunday she’rni rasvo qildim dardim bilan.

Dili yoshga to‘lgan yo‘qdir ikkimizday,

Ko‘nglingni ko‘p sindirganman zardim bilan.

Yuragingdan barin bir-bir o‘chirasan,

So‘ramayman, sen shundog‘am kechirasan.

Holimki, tig‘ tekkan anor donasiday,

Vujunim – qurt tushgan o‘rik tanasimi?

Bag‘ri qon yo‘q shoirlarning onasiday,

Siyla, xudo shoirlarning onasini.

Rosti, shoir may-u, so‘zga ovvoradir,

Onalari sog‘inch degan sayyoradir.

Bahodir Bahrom

Poyingda tiz cho‘kdim ilk va so‘nggi bor,

Ayol muhabbatin qoshida, qalban.

Ko‘ksimda gurkirab o‘sayotgan chinor,

Tog‘larni uyatga qo‘ydim men ablah.

Poyingda tiz cho‘kdim,

Hammasi oddiy,

Yonimdan haykallar o‘tardi shoshqin.

Orzusi, maslagi, tushlari moddiy

portlab ketmaydimi manavi Toshkent!

Hozir na Barlosman, na mag‘rur jangchi,

Iqrorman, topilmas ishqqa yetar shum.

Saltanat, hoy-havas, kibrini yanchib

poshshoning gadoga aylangani shu.

Poyingda tiz cho‘kdim,

Osmon kechirsin,

Shamol yuz o‘girsin «sindi g‘ururi».

Men kimman?

Yoshingni kaftda ichirsam,

Ohuga aylanib qolardi bo‘ri.

Mag‘lubman, nurga dosh bermagan tunday,

Bardoshi yo‘q axir keksa qarg‘aning.

Lablaring shivirlar misoli Budda,

«Kechirdim» dedingmi?

Yoki qarg‘ading?!

Bilmadim, bilganim o‘zni tutolmay

Tiz cho‘kdim, yumdalab yurak qa’rini.

Xotirang qatida bu alfoz qolmay,

Ertaga unutib yubor barini.

Tog‘larni uyatga qo‘ydim men ablah.

Jontemir

QAYTA TUG‘ILISH

O‘zingga qaytasan,

Og‘riqlaringga

Duolar o‘qiysan ijobat tilab.

Bir finjon qahvani qo‘yib oldiga

To‘yib gaplashasan vijdoning bilan.

So‘ng kino boshlanar

Urush haqida

(Na ko‘rging keladi, na bo‘lar uxlab!)

Titraysan, go‘yoki ekran ortidan

Chiqib kelyotganday adashgan o‘qlar.

Haydalgan it kabi uvillar shamol

Ketib ham bo‘lmaydi,

Sovuq tashqari.

Izmingga solasan o‘zingni darhol,

So‘ng huzur topasan dilni boshqarib.

Derazang ortidan boqar musicha

Bulutlar tarqalar to‘zg‘igan pardek.

Tong otar, uyqusiz kechadi kechang,

Qoningda yugurar vatanparvarlik.

Atrofga boqasan tabassum bilan,

Sezasan manzillar ayon ekanin.

Qo‘rqmaysan,

ortingga qaytmaysan sira

Endi cho‘chitolmas Ayol ekaning!

Mahfuza IMOMOVA

Ayol yig‘lamasin

Umrimiz poyida bo‘lsin to‘shamchi,

Dastidan yelkamiz qiyratsin qamchi,

Mayli makkor bo‘lsin, mayli aldamchi,

Ayol yig‘lamasin…

Gar ayol yig‘lasa dunyo ham xazin.

Yoshlari behuda yuzin yuvmasin,

Labidan kulguni qayg‘u quvmasin.

Ayol yig‘lamasin,

ayol yig‘lamasin,

Quvnasin.

Dunyo fojiaga makon bo‘lsa ham,

Sinovlar qasdlashsa qadamma qadam.

Shamol essa, undan narida essin,

Kulfat kezsa, undan berida kezsin.

Ayol yig‘lamasin, yig‘isi —

Erkak yuragida tig‘ kabi botar.

Dunyoni ayolning ko‘z yoshi emas,

Baxtiyor kulgusi uyg‘otar.

Ayol yig‘lamasin…

Xurshid Abdurashid

Kuz… ayol

Kuz… ko‘ylaklari eskirgan ayol,

Yashab-yashab esi kirgan ayol.

Omonatgina turgan ayol,

Va jimgina o‘y surgan ayol.

Xazonlarni supirgan ayol,

Armonlarni supirgan ayol,

Yolg‘onlarni supirgan ayol.

Yuragida sher na’ra tortib,

Saman otlar gupirgan ayol.

Har kun yerga boshini egib,

Maysalarga bukilgan ayol.

Qurib qolgan labidan betin

Salovotlar to‘kilgan ayol.

O‘zgaradi seni deb qonun,

Tun tugamay nahor keladi.

Bir sen uchun, faqat sen uchun,

Kuzdan keyin Bahor keladi.

 Mehrinoz Abbosova

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting