hikoya
U sil bo‘lib siqildimi yoki siqilib sil bo‘ldimi, anglolmay qoldi.
Mana endi, ellik olti kun shu befayz kasalxonada yotishga majbur. Dushanbalarning ham, shanbalarning ham ahamiyati yo‘q. Har kun dori yutish kerak, osma ukollar muntazir turibdi, kashanda bemorlaru shang‘i farroshlarning tund yuziga ko‘zi tushaveradi. Qochib ketgisi keladi, ammo…
Ellik olti kun qachon o‘tadi o‘zi?
Hammasi o‘sha shodu xurram bo‘lib o‘ziga oro bergan, yuragiga baxtdan tuyg‘u yasab bo‘lajak turmush o‘rtog‘i sari oshiqqan kundan boshlandi. O‘sha kuni ular nikohdan o‘tish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari zarur edi. Shohida yigitga allaqachon o‘rganib qoldi, yigit ham uni biror yerga yolg‘iz yubormaydi. Sarpolar birga tanlandi, jihozlar ko‘ngildagidek bo‘ldi, nikoh uzuklar barmoqlarga taqilishga shay turibdi. Endi esa eng hayajonli yumush qoldi: FDHYodan o‘tishlari kerak. Buning uchun o‘nlab tibbiy xonalarga mo‘ralashga to‘g‘ri kelardi. Yigit o‘zini ko‘rsatgisi keldimi, barini pul bilan to‘g‘irlayman, siz aziyat chekmang, deb taklif qildi. Shohida o‘zi ko‘nmadi: yo‘q, bari risoladagidek bo‘laversin. Tag‘in kuyovning ko‘ngliga biror shubha kelmadimikin deb o‘yladi. Huddiki, yigit biror kasalini yashiryaptiyu, qiz uni tekshiruvdan o‘tishga undayapti. Yo‘q, unday emasdi, qiz shunchaki doim qoidalarga amal qilgan: o‘qishga ham o‘z kuchi bilan kirdi, sessiyalarda domlalarga konvert uzatmadi, diplomni birovga yozdirmadi. Otasiga va’da qilganidek birov bilan yurmadi, kattalar ma’qul topgan sovchilarga rozilik bildirdi.
Ha, shunday qilib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘ta boshladilar: teri tanosil, narkologiya, ruhiy hastaliklar dispanseri. Navbat sil kasalliklari dispanseriga yetganda Shohidaning rentgen qog‘ozini sinchiklab tekshirgan o‘ris do‘xtir shunday dedi:
– G‘ira-shira dog‘ bordek, qizim. Endi munday qilamiz: raqamli apparatga tushib kelasan. Xususiy klinikaga borib pulini to‘lasang o‘n minutga chiqazib beradi. Qarab anig‘ini aytaman, kelishdikmi?
Tashqariga chiqqach qiz hijolatomuz yigitga qaradi, yigit tamaki tutatdi…
O‘sha, kezlar Navro‘z bayrami arafasi edi. Aniq-taniq yodida qolgan: hayotining alg‘ov-dalg‘ov kunlari o‘shandan so‘ng boshlandi. Kechki payt quda tomondan qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
– Qizingizning o‘pkasi kasal ekan-ku…
– Unday emas, quda. Shunchaki taxminiy dog‘ deb…
– Yo‘q, dog‘ shunchaki bo‘lmaydi. Menga sog‘lom kelin, sog‘ nabiralar kerak, o‘zingiz ham kelin olgansiz, meni tushunarsiz?
– Tushunaman, lekin…
– Yuklarni jo‘natib yubordim, hali zamon erkak qudangiz boshchiligida yetib boradi. Endi o‘z tengi topilar, ko‘p kuyinmang, o‘rgilay. Bilasiz, menda bitta o‘g‘il…
Go‘shak qo‘yildi. Tashqarida mashina signali chalindi…
…Fotiha buzilgach, oradan vaqt o‘tib ko‘z yoshlar qurigach, Shohida ammasimi, xolasimi topib bergan o‘sha bo‘lajak kuyov haqda xarna o‘ylamay qo‘ydi. Balki o‘sha dog‘ bo‘lgani yaxshilikkadir? Yo‘l yarmida tashlab ketgandan ko‘ra yo‘l boshida ajralishgan ma’qul ko‘rindi. Darvoqe, dog‘! U haliyam turibdimi? Shohida xususiy klinikaga tekshiruvga bordi: rentgenga tushdi, tibbiy tahlillar topshirdi.
– Dog‘ aniq ko‘rinib turibdi. Tahlillar ham shubhani tasdiqladi. Siz darhol yo‘llanma olib sil kasalliklari shifoxonasiga yotishingiz kerak.
“Men silmanmi”, o‘yladi Shohida. “Qo‘ysanglarchi, men soppa sog‘man”, xayolan shifokorlarga e’tiroz bildirdi u. “Faqat sal siqildim… shunga yurakdagi dog‘ ko‘rinib qolgan. Yoki avval dog‘ paydo bo‘lib keyin siqilgandirmanu, buni endi yashirib bo‘lmay qoldi… Men tamaki chekmasam, yomon yo‘llarga yurmasam? Men ruhimni ham, jismimni ham pok tutsam?.. Nega, nega menga bunday tashxis qo‘yasizlar? Axir… men bunga munosib emasdim-ku…”
Kasalxonada ilk kecha yana ko‘z yoshlarga cho‘kishga o‘zini xukm etdi. Tongda toza havo istab derazalarni lang ochdi: ko‘zi qo‘ltiqtayoq tutgan, ozib cho‘p bo‘lib qolgan, bilaklariga igna bilan surat solingan befayz odamlarga tushdi. Qanaqa olamga kelib qoldim? Munosibmidim, Xudoyim, o‘zing aytgin, nima gunohim bor edi…
Biror tuzuk odam bormikin bu erda? Shu maqsadda biroz kezindi. Uch-to‘rt kun ko‘ngliga mos odam chiqmadi. Ayollar kam bo‘lsada, bor. Ular ham chekadi. Chekmaydigani qari kampirlar yoki sayoq qizlar. Yo‘q, baribir Shohida bu yerga noto‘g‘ri tashxis bilan kelib qolgani aniq. Aniq bo‘lmasada, umid bor. Ellik olti kun yotmaydi. Hademay chiqarib yuborishadi: oydek ravshan-ku, u bu yerga mos emas, o‘tirishmay turibdi…
Beshinchi kuni muolaja xonasida osma olib yotsa, yonidagi karavotga bir yigit kelib o‘tirdi.
– Xo‘sh, yana glyukozami yo yangichasidan yozishdimi?
– Ketar oldi natriy quyushadi, -hamshira uning bilagini ukolga tayyorlay boshladi.
– Demak… oz qolibdida, -yigit jilmaydi.
– Kun sanamayapsizmi?
– O‘ttiz beshmi, qirqmidi, keyin sanamay qo‘ydim.
– To‘g‘risini ayting, ketgingiz kelmayapti-a?
– O‘rganib qolibman, -yigit xoshush tortdi.
Balki uyida hech kim kutmas, o‘yladi Shohida. Qanday soz, ketishiga o‘n kuncha qolgandir? Yigitga razm soldi: ziyoliga o‘xshaydi. Tuppa tuzuk odam, u ham bu yerdagilarga o‘xshamayroq turibdi. Yigit uning nigohini payqadi.
– Yangimisiz? -gapga tutdi.
– Ha…
– Qanday, bu… dardni orttirdingiz?
– Qaydam. Bahorda gripp tekkandi, oyoqda o‘tkazibman. Shuning ta’siri deyishdi.
– Mendayam shu. Yo‘tal qilib, shirin sirop ichib yuraveribman. Qarasam, bir oydan beri yo‘talim ketmaydi. Besh kilo vazn tashlabman. Shundayam e’tibor qilmadim, ammo yangi ishga o‘taman deb spravka qilib yurganimda… shu dog‘ chiqib qoldi.
“Dog‘” o‘yladi qiz. Hamma narsaning oqibatida qayerdadir dog‘ qolarkanda-a?
Yigitni kechki mahal archa tagidagi o‘rindiqda uchratdi. Tamaki chekuvchilardan ajralib bir o‘zi o‘tirardi, qo‘lida ro‘znoma. Qiz beixtiyor uning yoniga odimladi. Sababi, uning xonasida ham huddi gazetadan bor edi.
– Siz ham shuni o‘qiysizmi?
Yigit uni ko‘rib xursand bo‘lganini yashirmadi, o‘rindiqqa imladi.
– Ha. Siz ham, chog‘i?
– Uyda dasta-dasta yig‘ib qo‘yibman.
– Kimlarning hikoyalarini kuzatib borasiz?
Shohida o‘ziga ma’qul uch-to‘rt muallifning ismini aytdi. Yigit ularning orasida o‘z ism-sharifini eshitib ozroq to‘lqinlandi, ammo sezdirmadi.
– Mutolaa albatta, yaxshi, ayniqsa shunaqa sanatoriyalarda.
– Sanatoriya deysizmi? -qiz yolg‘ontakam chimirildi.
– Siz shunday tasavvur qilingda. Men barcha tanishlarga tog‘da, sanatoriyadaman, deb aytib qo‘yganman, o‘zim ham shunga ishonib qoldim.
Shohida kuldi. Bu yerga kelganidan beri birinchi marta kulishi edi.
– Silman, desam hamma yuz o‘girib ketadi-da, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri… -xomushlandi qiz.
Yigit uning holatini ilg‘adi.
– Kasal ekaningizni qanday bildingiz?
– Zags uchun tibbiy ko‘rik paytida, -qiz buni jo‘ngina aytmoqchi edi, baribir ovozi qaltiradi.
– Tushunarli. To‘y… qoldirilmadimi?
– O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?
– Bu yerdagi hayotiy tajribadan kelib chiqadigan bo‘lsak… qoldirilishi ehtimoli ko‘proq. Siz yotgan qavatda bir yosh kelin bo‘lardi, ismi Nazokat. Qornida bolasi bo‘lsada, eri ajrimga ariza berdi. Homilasi esa nobud bo‘ldi. Kasallikdan deysizmi? Yo‘q, siqilishdan. Xov narigi binoda og‘ir kasallar yotadi, -yigit orqa tarafga imo qildi. — U yerdayam ko‘p oylardan buyon Nasiba degan ayol davolanadi. Avvaliga duppa durust edi, agar o‘ziga qaraganida ellik olti kunda chiqib ham ketardi. Hozir uni bir yilsiz chiqarishmaydi.
– Bir yil? -Shohida hayratlandi. -Nega?
– Dog‘ kichrayish o‘rniga kattalashib boryapti. Uning eri ham…
– Tashlab ketdi, deng. Naqadar xudbinlik… Uning o‘rnida o‘zi bo‘lishing mumkin edi-ku, nega erkaklar shuni o‘ylamaydi-ya?
– Erkaklarni ayblashga shoshmang, singlim. Rustam degan yigit bor edi. Xotini silga chalingach, uch oy boshida turib o‘zi parvarish qildi, kechayu kunduz kasalxonadan jilgani yo‘q, shu yerga ko‘chib kelvoldi. Hamma ularning oqibatiga havas qilardi.
– Yaxshi-ku… Tuzalib ketishgandir?
– Afsus. Ayol vafot etdi, -yigit xo‘rsindi. -Mening sherigim ham yaqinda tomirini kesdi. Xotini bolalarini olib ketib qolibdi. Kasalingizni bizga ham yuqtirib ado qilasizmi, debdi. Hammasi tibbiy madaniyat yetishmasligidan. Axir silning davosi bor-ku. Haliyam, bizniki hech nima emas. Yaxshi ovqatlanib, damni olsak, siqilmasak ko‘rmagandek bo‘lib ketamiz.
– Aytganingiz kelsin.
Shohida endi taqdirini tabiiy qabul qila boshladi. Fotihasi qaytgan, nima bo‘libdi shunga? Bu yerdagi qismatlar oldida uniki hech nima emas. Hayotda nimalar bo‘lmaydi. Bosh omon bo‘lsa, ko‘raverarkan odamzod. O‘ychan ruhda palataga kirgan qizni sherigi, 60 yoshlardagi Muhabbat xola qarshiladi.
– Assalomu alaykum, yaxshi keldingizmi?
Dam olish kunlari uyida, nevaralari bag‘rida bo‘lib qaytgan xolaning ham shashti sust edi.
– Bormasam nima edi? Chol tushmagur dasturxon boshida, hammaning ko‘z oldida qoshig‘ingni laganga tiqma, alohida likop ol, deb dakki berdi. Bormayman, endi borib bo‘pman.
Shohida bu dilkash xotinni boshdanoq yaxshi ko‘rib qolgandi. Shu sabab unga chindan ichi achidi.
– O‘ylamang. Nabiralarni ayagan-da cholingiz. Keling, yaxshisi choy qo‘yay.
Muhabbat xola kelini pishirgan somsalarni stolga qo‘ydi.
Shohida o‘zi bilan olib kelgan hamma kitoblarni o‘qib tugatdi. Zerika boshlagach shu atrofdan matbuot shahobchasi izladi, topolmadi. Keyin boyagi yigit — ismi Sobir edi, to‘rtinchi qavatda yotardi – o‘shaning palatasini qoqdi: gazeta so‘radi. Sobir bir necha kundan beri xonasidan chiqmay yotardi. Bahonada hol-ahvolini surishtirdi. Picha behol ko‘rindi.
– Endi chiqishimga oz qolganda… ruhim tushdi, Shohida. Tunov kuni uyga bordim. To‘g‘risi, uyni juda sog‘ingandim. Xotinimni ham… ammo bilasizmi, u… u meni… -Sobir tutildi. -Xullas, tunda uydan chiqib ketdim. Shaharni darbadar kezdim.
Shohida uning uylanganini bilmasdi. Tasalli bermoqchi bo‘ldiyu, indamadi. Barmoqlarini qisirlatdi, yengil ux tortdi:
– E’tibor qilmang. Sog‘ayib ketsangiz, bari o‘rniga tushadi.
– G‘alati-da… sezdim, u mendan ijirg‘andi, Shohida. Majburan… qandaydir… Uni ham tushunsa bo‘ladi. Yosh kelinchak, chillasi chiqa solib eri bundayligini bilib qolsa. Siz aytgandek bari joyida tushib ketadi, ammo baribir yurakda shu xotira dog‘ bo‘lib qoladi-da.
To‘g‘ri, o‘yladi qiz. Yurakdagi dog‘ ketmas ekan. Biz bu yerda dog‘larni yo‘qotish dardida yuribmizu, ammo hayot sinovlari ularni yanada ko‘paytirish payida bo‘lyapti. Eng yomoni, yurakdagi dog‘lar rentgenda ko‘rinmaydi. Ko‘rinsami? Sanab ado qilolmasdik…
Shu suhbatdan so‘ng Sobir va Shohida har tong va oqshom archazorda sayr qiladigan bo‘ldilar. Sobir yozayotgan hikoyasi haqida so‘zlar, Shohida bo‘lsa fikrini aytardi. “Hikoyalaringiz hayotdan uzoq, derdi u. Nega doim qahramonlaringiz murod maqsadiga yetadi? Keyingi taqdiri haqda ham o‘ylab ko‘ring. Hayot bir tekis emas-ku… yo‘q, yomonlik bilan tugating, demayman. Balki mavhum qolgani durustdir. Xulosa o‘quvchining o‘ziga qolsa: istasa baxtiyor deb o‘ylasin, istasa bebaxt”.
“Avvalroq qayerlarda edingiz? Qizning yashiltob ko‘zlariga qarab xayol qilardi Sobir. Sal avval, deylik, bir yil oldin. Nega yo‘limda duch kelmadingiz? Balki sizni topganimda… bari boshqacha bo‘larmidi”.
Endi vaqt ham tez o‘tardi. Tez o‘tgani yomon bo‘ldi: Sobirga ruxsat berishdi. U palatama palata yurib barcha bilan xayrlashdi. Eng oxirida Shohidaga gal keldi.
– Aybga buyurmaysiz, sherigingizdan telefon raqamingizni oldim. Bu yerdan chiqqach, qo‘ng‘iroq qilaman.
– Hojati yo‘q, -qiz sergaklandi. Yigit uning istiholasini tushundi.
– Bilasizmi… balki shoshib oila qurgandirman. Rafiqam ham otasinikida emish.
– Uni olib kelishingiz kerak…
– Qaydam. Lekin ko‘nglim…
– Qo‘ying, -Shohida deraza tarafga o‘girildi. Yuragi tez urardi.
– Ko‘rgani kelaman… yo‘qsa yana o‘sal bo‘lib qaytib kelishim muqarrar. Yaxshi qoling, Shohida.
Sobir ketgach, Shohidaning vaqti o‘tmay qoldi. Ixtiyorsiz telefoniga qarardi: noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Kunlar o‘tdi: derazaning naryog‘idan tanish chehra ko‘rinmadi. Xotini qaytgan… yarashgan… tinchib ketgan. Mayli-da… shunisi yaxshi.
Kun sanab, ellik oltinchiga ham yetib keldi. Shifokor unga so‘nggi tahlil natijalarini aytdi:
– Ahvolingiz yaxshi. Dog‘ so‘rilib deyarli ko‘rinmay qolgan. Buyog‘iga o‘zingizni asrang. Muhimi, chandiq yo‘q. Ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz.
Muhimi chandiq qolmapti…
Shohida bir-bir qadam bosib tashqariga chiqdi. Kasalxona tepasidagi yozuvlarga qaradi: nomi yoqimsiz. Lekin go‘zal xotiralarga boy. Bu yerda dog‘lar ketdi. Izi ham qolmadi. O‘rniga ochilgan gullar esa egasini kuta-kuta so‘liy boshladi. Ularning-da o‘rni dog‘ bo‘lib qolmasa edi…
Shohida butunlay yangi hayot boshlashga qaror qildi. Nazarida, o‘zini hech qachon bunchalik kuchli his qilmagandi. Diplomini ko‘tarib bir necha idoralarga ish so‘rab bordi. Ko‘p o‘tmay xususiy klinikaga hisobchi bo‘lib joylashdi. U o‘zi istagandek yangi hayot boshlashi mumkin edi, ammo taqdir uni E’tibor bilan uchrashtirdi.
Ayolni UTT ko‘rigiga olib kelishdi. Shohida Sobirni kassa yonida tasodifan ko‘rib qoldi. Biroz ozgandek, rangpar ko‘rindi. Xotirjam alfozda u tomon qadam tashladi. Eski tanishlardek salomlashdi. Ammo Sobir xijolatli nigohlarini chetga oldi.
– Sog‘ayib ketganingizdan to‘g‘risi, xursandman, Shohida.
– Bu yerlarga qanday shamol uchirdi?
– Rafiqamni olib kelgandim. UTTga.
– Tinchlikmi?
Sobir aybdorona boqdi:
– Kasalxonadan chiqsam, uyga qaytdi. Lekin men… yashamoqchi emasdim. Yuragim o‘sha yerda, archazor ostida, yog‘och o‘rindiqda, sizning yoningizda qolib ketganini bilardim. Biroq ma’lum bo‘ldiki… ayolim boshqorong‘u ekan. Bu ahvolda tashlab ketolmasdim. Shu yerning apparatini yaxshi deyishdi, shu bois…
Shohida uni jim tingladi. Eng muhimi, tushundi. His etdi. Ko‘nglidagi xijillik aridi. Siz to‘g‘ri qilgansiz, dedi xayolan. So‘ng buni tiliga ham ko‘chirdi.
– Bari iziga tushadi, degandimu…
Sobir ayolining yoniga ketdi. Shohida uning ortidan qarab qoldi. “Yurakda dog‘ emas, aziz xotira bo‘lib qoling. Sizni eslaganda biroz simillasin, ammo og‘rimasin. Pok hislar kezinsin, biroq aziyat bermasin. Sizni shunday eslayman, Sobir aka. Siz ekkan umid nihollari hali chinorga aylanganda, qalbimda qora dog‘larga o‘rin ham qolmaydi… unda faqat ezgu hislar bo‘ladi, go‘zal xotiralar bo‘ladi”.
Shohida matbuot shahobchasidan ro‘znomaning yangi sonini harid qildi. Qadrdon muallifining sahifalarini ochdi.
“Bag‘ishlov. Yuragingda dog‘ qolmasin”. Sobir Aziz.
Shohida o‘sha bo‘yi oradan yillar o‘tib, bankka, farzandining bog‘cha pulini to‘lash uchun navbatda turganda, Sobir haqda eshitdi. U E’tiborni darhol tanidi. U bor ovozi bilan barchaning e’tiborini o‘ziga tortardi:
– Erim og‘ir darddan o‘lib ketgan, yolg‘iz bevaman! Davlat menga navbatsiz uy berishi kerak, ustingizdan yozaman hali!
Bank xodimi uni tinchlantirishga urinar, ayol esa battar jazavaga tushardi. Shohidaning xayolida esa faqat bir jumla tinmay aylanardi: “og‘ir darddan o‘lib ketgan…” Ayol to‘lov haqda ham unutib, tashqariga chiqdi. Quyosh qip-qizil bo‘lib botardi… Huddi yurakdagi dog‘ni eslatadi. Yonib-yonib ado bo‘lgan dog‘ni…
Nodirabegim Ibrohimova, 2018 yil.
Yurakka yaqin olgan bunday hikoya o‘qimagan edim avvalo muallifga rahmat lekin birolat meni hayratlantirdi adiba xuddi o‘zi shu dargohda kezib yurganday yozgan ekan.
Sobir aka olamdan õtgani bekor bõlibdi juda xafaman. Sizni hikoyalaringiz menga juda yoqadi.