O‘RINDIQ (2 pardali pyesa)

0
1222

Ushbu pyesa o‘zining dilbar, lirik she’rlari bilan ko‘pchilikka tanish Go‘zaloy Solih qizi qalamiga mansub. To‘g‘risini aytsam Go‘zaloydan bundayin chuqur, yana o‘zbek adabiyotida hali-hamon o‘rinlasha olmagan janrda yozilgan asarni kutmagan edim. Yana bir jihati, pyesada falsafiy fikrlarga moyillik yaqqol seziladi. “O‘rindiq” tarzida bir oz g‘ayrioddiy nomlangan bu pyesaning boshidan oxirigacha “Go‘ro‘g‘li” eposidan aytimlar yangrab turadi. Voqealar rivojiga qarab ohang goh ko‘tariladi, goh tushadi. “O‘rindiq” yoki o‘rin falsafasini chamamda shu ohang ta’minlaydi. Asarda ssenariylik xususiyati ham yo‘q emas. Muallif bo‘lajak rejissyoriga sahna dekoratsiyasini mukammal darajada chizib bera oladi. Turli ashqol-dashqollar bilan to‘lgan yuzlab o‘rindiq. Ularni oralab o‘z o‘rindig‘ini izlayotgan qahramon. Asar so‘ngida o‘z o‘rindig‘ini yasab bo‘lgan odamning “Go‘ro‘g‘li” dostoni xorazmcha ohanglariga singgib ketishi. Umuman yomon g‘oya, yomon asar emas. Faqat pyesa o‘rtasidagi voqealar bir oz cho‘zilib ketgani, serialnamo tus olib, asarning asl falsafiy ruhini buzganini istisno etganda. O‘ylashimcha, Go‘zaloy pyesasini bir oz ishlab teatrga olib borsa, tuzukroq rejissyorga uchrasa, yaxshigina sahna asari paydo bo‘ladi.

  Uzoq Jo‘raqulov, filologiya fanlari doktori

Qatnashuvchilar                                                                        

Sobir — 70-75 yoshlarda

Nargiza — 45 yoshlarda

Shokir — 40 yoshlarda

Nasiba   — 35 yoshlarda

Asila — 75 yoshlarda

Nusrat — 70 yoshlarda

Nodir — 45 yoshlarda

Bashorat — 50 yoshlarda

Talabalar

O‘tkinchi ayol

Mehmonlar

Xaridorlar

1-parda

1-ko‘rinish

“Go‘ro‘g‘li” dostonidagi yurtdan olis ketgan o‘g‘lon haqidagi aytimning musiqasi elas-elas eshitiladi. Sahnaga chiroqning xira nuri tushib turibdi. Xira chiroq yorug‘ida ko‘plab stullar ko‘rinadi. Stullarning birida cho‘pon tayog‘i, birida ketmon, birida kompyuter, birida sinf jurnali, birida siyohdon bilan qamishqalam, birida kitob, birida furajka, birida kaska, birida futbol to‘pi, birida dutor va hakozo. Stullarning barchasi band. Orqadagi dekaratsiyada ham stullar tasvirlangani uchun tomoshabinga stullar yuzlarchadek taassurot uyg‘otadi. Sobir shu stullarning orasida o‘tirishga joy izlaydi. Biriga o‘tirmoqchi bo‘ladi, biroq bandligidan o‘tirolmaydi, ikkinchisiga o‘tirmoqchi bo‘ladi, unga ham o‘tirolmaydi. Alanglab o‘tirishga joy izlaydi. Ammo topolmaydi. Sarosimalanadi. Jazavaga tushishni boshlaydi.Uning harakatlariga monand musiqa kuchayib,pasayib turadi. Stullar orasida u yoqqa-bu yoqqa borib keladi.

Sobir. O‘rnim, o‘rnim…. Mening joyim qani…  (Stullar oralab bo‘sh stul izlab, yiqiladi. Ho‘ngrab yig‘laydi.) Yo‘q, topaman, o‘zim yarataman o‘rnimni. Ha, yarataman. (O‘rnidan turib, chetroqda turgan taxtachalar va boltani ko‘tarib chiqadi. Bolta bilan taxtadan kursi yasashga kirishadi). Yarataman, yarataman o‘rnimni. (Musiqa kuchayadi. Sobirni harakati jazava aralash tezlashadi. Chiroq o‘chadi).

2-ko‘rinish

Hashamdor uy. Naqshinkor darvoza. Darvozaning oldida bir tup daraxt. Daraxtda bir dona ham barg yo‘q. Unga tirkalgan taxta o‘rindiq. Uning bir chetida Sobir daraxtga suyanib, ko‘zlarini yarim yumib, mudrab o‘tiribdi. Sobir daraxtga qapishib o‘tirganidan uni o‘rindiq va daraxtdan bir qarashda ajratib olish qiyin. Xuddi og‘ochning bir bo‘lagidek tasavvur uyg‘otadi. Yo‘lakchadan ikkita talaba o‘tadi.

Birinchi talaba. Axir tushun, do‘stim, men o‘z o‘rnimni shu universitetdan topmoqchiman. Shu yerda o‘qishni boshlagan kunimdan, domla bo‘laman deb harakat qilganman.  

Ikkinchi talaba. Tushunaman seni, do‘stim. Faqat rektorning o‘g‘li bilan talashish foydasiz. Axmoq ham biladi suhbatdan sen emas rektorning o‘g‘li o‘tishini. Raqibingni allaqachon suhbat mazmunidan ogohlantirib ham bo‘lishgandir.

Birinchi talaba. (o‘rindiq to‘g‘risida to‘xtaydi. Madorsizlanganday o‘rindiqqa cho‘kadi. Tushkun ovozda) unda harakatlarimning hammasi bekor ekan-da?

Ikkinchi talaba. (achinganday qaraydi. Uning oldiga o‘tiradi) Do‘stim, yaxshisi sen o‘rningni boshqa joydan qidir. Vaqtni bekor o‘tkazma. Ilmiy ishingni boshlab qo‘ygansan. Uni boshqa universitetda ham davom ettirsa bo‘ladi.  (qo‘lini do‘stini yelkasiga tashlaydi) Endi tur, ketdik. O‘tirgandan foyda yo‘q.

Birgalashib keta boshlaydi. Sobirga umuman e’tibor berishmaydi. Sobir ko‘zini yarim ochib ularning izidan qarab qoladi. Sahnaga tez-tez ayol kirib keladi. Bir qo‘lida xo‘jalik sumkasi, bir qo‘lida telefon gaplashib chiqadi.

Ayol. Sen qizga nechchi marta aytganman. O‘rningni bil, qaynonang bilan o‘chakishma deb. Hozir qaynonang jimjilog‘i bilan bir chertsa uchib tushasan, bildingmi? Yana bijillaydi-ya bu qiz. O‘chir! (o‘rindiqni oldiga kelganda sumkasini unga tapillatib qo‘yadi. O‘zi ham o‘tiradi. Cholni umuman payqamaydi). Nima oyi, nima oyi? Nima dedim senga, o‘rningni bil. Shu xonadonga o‘rnashib, o‘rnimni topib ketaman desang, tilingni qisib yur. Tushundingmi? Bo‘ldi, gap tamom. (O‘rnidan turib sumkasini olib keta boshlaydi. O‘z-o‘ziga so‘zlanadi) Qiz bo‘lmay har narsa bo‘la-a!

Sobir uning izidan qarab qoladi. Og‘ir xo‘rsinib yana ko‘zini yumadi.  Mashina ovozi, kelib to‘xtagani, eshiklarning ochilib-yopilgani eshitiladi. Sobir pinagini buzmaydi. Po‘rim kiyingan Shokir kirib keladi. Orqasidan paket sumkalar ko‘targan Nodir ergashib kiradi. Shokir kelib mudrab o‘tirgan Sobirga qarab turadi. Izidan kelayotgan Nodirga qo‘li bilan darvozani ko‘rsatib, “kiravering” ishorasini qiladi. Nodir mutelik bilan bosh egib ichkari kirib ketadi.

Shokir. (cholga yaqinlashadi) Assalomu alaykum, dada.

Sobir ko‘zini yarim ochadi. Shokirga qaraydi. Daraxtdan ajralib, o‘rnidan turadi.

Sobir. Vaalaykum assalom, o‘g‘lim. Keldingizmi?

Shokir. (Sobirning yelkasiga qo‘lini tashlaydi. Quvnoq ohangda) Keldim, dada, keldim. O‘tiribsizmi zerikmay? (Cholni quchog‘idan bo‘shatib) Dada, bugun kelmaydi, deb o‘ylaganmidingiz? Yoki bugun qanday kun ekani esingizdan chiqdimi? (Ichkaridan chiqqan Nodirga imlaydi. Nodir yugurib chiqib, qo‘lida sumka bilan kiradi). Dada, nahotki yana esingizdan chiqargan bo‘lsangiz? (Nodirning qo‘lidan sumkani olib, ichidan to‘nni sug‘uradi). Dadajon, tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman. Doim baxtimizga omon bo‘ling. (To‘nni cholning yelkasiga yoparkan, yana quchadi).

Mashina ovozi, eshiklar ochilib-yopilgani  eshitiladi.

Shokir. Mana, opam bilan keliningiz ham kelishyapti.

Nargiza. (kela solib cholning bo‘yniga osiladi). Dadajonim, tabriklayman.

Nasiba. (Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha). Muborak bo‘lsin, dada. (Guldasta uzatadi). Baxtimizga doim salomat bo‘ling.

Shokir. Qani endi ichkari kiraylik. Hali zamon mehmonlar kela boshlaydi. Hali dasturxon tuzashimiz, mehmonxonani yasatishimiz kerak.

Nargiza. Dadajonimning tug‘ilgan kunida bugun bir bayram qilaylik. (Darvoza tomonga yuradi).

Shokir. Aytgancha, opa, pochcham kelmadilarmi?

Nargiza. Pochchang ertalab xizmat safariga ketgan. Bir haftadan keyin qaytadi.

Shokir. Attang. Bu safar ham pochchamsiz bayram qilarkanmiz-da.

Nargiza. (Tusi o‘zgarib, to‘xtaydi) Shokir kesatma. Bayramni azaga aylantirma.

Shokir. (Ikki qo‘lini tepaga ko‘taradi) Bo‘ldi, opajon, siz nima desangiz shu.

Nargiza. Qani uyga kiraylik. Yuring dadajon. Bashorat opa uydalarmi? Sizga yaxshi qarayaptilarmi? Biz uning haqini vaqtida berib turibmiz.

Sobir. (Boshini qirmirlatadi).

Nargiza. Voy, dadajonim-ey. Gapirishgayam erinasiza-a. Yo sizga yomon qarayaptilarmi? Boshqa xizmatchi topaymi?

Sobir. (Boshi bilan yo‘q-yo‘q, yaxshi ishorasini qiladi).

Shokir. Qo‘ysangiz-chi opajon, hammasi yaxshi. Qani ichkariga kiraylik.

Hammasi birgalashib ichkari yurishadi. Sobir ichkari kirgisi kelmaydi.

Shokir. Yuring, dada. Kirmaysizmi?

Sobir. Sizlar kiraveringlar. Bir pasdan keyin.

Shokir. (Hayron bo‘lgancha) Mayli, dada. Faqat ko‘p qolib ketmang-a?

 Sobirdan tashqari hamma ichkari kirib ketadi. Sobir tund qiyofada kelib o‘rindiqqa cho‘kadi. Og‘ir xo‘rsinadi. Qo‘lidagi guldastaga tikiladi. Uni o‘rindiqqa qo‘yadi. Uzoq-uzoqlarga tikiladi. Yana o‘sha “Go‘ro‘g‘li” dostonidan musiqa elas-elas eshitiladi. Hassasini to‘qillatib, munkaygancha Asila keladi.

Asila. (uning yonidan o‘tayotib) Assalomu alaykum, qo‘shni.

Sobir. (Boshini ko‘tarib unga qaraydi). Valaykum assalom.

Asila. Yaxshi o‘tiribsizmi? Bolalar kelishdimi?

Sobir. Ha, kelishdi. (Og‘ir xo‘rsinadi)

Asila. (Cholning yoniga o‘tiradi). Bolalarning bori yaxshi. Issiq-sovug‘ingdan xabar olishadi. Bir lahza bo‘lsayam qalbingga hayotning quvonchini olib kirishadi.

Sobir. Ha. (og‘ir so‘lish oladi).

Asila. Hayronman. Bola-chaqangiz bo‘lsa, holingizdan xabar olishsa, nega buncha xafasiz? Bugun bayrammi deyman, gullar (gullarga imo qiladi).

Sobir. Tug‘ilgan kunim ekan. Kelin olib kelibdi.

Asila. (Jilmayadi). O‘zingiz bilmaysizmi qachon tug‘ilganingizni, kuldirasiz-a. Ammo gullar chiroyli ekan.

Sobir. (guldastani olib Asilaga uzatadi). Ha, chiroyli gullar. Parnikda o‘sgan gullar-da.

Asila. Gullarni hammasini parnikda o‘stirishadi-da, qo‘shni. Shahar joy bo‘lsa. (Hidlaydi). Voy hidlarini. Qanday yaxshi. Bolalaringiz gullar bilan kelishadi. Qani edi, mening ham bolalarim bo‘lganida, bir o‘zim katta hovlida, yolg‘iz bunday sho‘ppayib o‘tirmasdim.

Sobir. Nega qarindoshlaringizni yoniga keta qolmaysiz?

Asila. E, nima qilaman ularning yonida. Butun umrim shu uyda o‘tgan bo‘lsa, qolaversa, rahmatli cholimning ruhini chirqiratib ketolmayman. Cholim juda mehribon edi. Biron marta tug‘mas xotinsan, uyingga ket, demagan. Ketaman, deb qancha harakat qilmay, “seni o‘rning shu yerda, qayoqqa ketasan endi”, deb hech qo‘yvormaganlar. Afsus, farzand ko‘rmay umri armon bilan o‘tib ketdi. Shu yoshimda cholim belgilab ketgan shu o‘rnimni o‘zgartirib qayoqqayam keta olaman. Qolaversa, o‘zimning ham ketgim yo‘q. Mening o‘rnim shu yerda. (gullarni hidlaydi) Mana siz ketsangiz bo‘ladi.

Sobir. (ko‘zlari yonib birdaniga Asilaga qaraydi) Qayoqqa?

Asila. Qayoqqa bo‘ladi, o‘g‘lingiznikigami, qizingiznikigami, yo qarindoshlarnikigami. E, qayoqqa bo‘lsayam-da, sizning yo‘rig‘ingiz boshqa. Siz erkak kishisiz. (Yana gullarni hidlaydi). Qani endi mening ham bolalarim bo‘lsaydi. Mayli, gullar olib kelishmasa ham.

Sobir og‘ir xo‘rsinadi. Yana o‘sha musiqa elas-elas eshitiladi. Ichkaridan Shokir chiqadi. Asilaga e’tibor  bermaydi.

Shokir. Dada, kirmaysizmi endi? Hali zamon mehmonlar kelishni boshlaydi. Hali kiyinib ham olishingiz kerak. (Shoshib ichkari kirib ketadi).

Asila. Mayli, men bora qolay. (gullarni Sobirga uzatadi).

Sobir. (gulni olmaydi). Sizga qo‘shni, erkak kishiga gul nimaga kerak?

Asila. Bolalaringiz olib kelgan….

Sobir. Hech qisi yo‘q. Yana olib kelishadi.

Asila. (jilmayadi) rahmat qo‘shni.

Sobir o‘rnidan turib ichkariga, Asila o‘z yo‘liga ravona bo‘ladi. Chiroq o‘chadi.

3-ko‘rinish

Orasta, hashamdor hovli. Bir chekkada stol-stullar. Stol bezatilgan. Sal nariroqda supa. Xontaxta qo‘yilgan. Bashorat xontaxta atrofiga ko‘rpacha yozyapti. Shokir ichkaridan shoshib chiqib keladi.

Shokir. Bashorat opa, xontaxtaga ham noz-ne’matlar qo‘yavering. Agar ichkari mehmonxonaga odam sig‘may qolsa, qolganlarni shu yerga o‘tqizaveramiz. Faqat juda ehtiyot bo‘ling, mehmonlar norizo bo‘lib ketishmasin.

Bashorat. Xo‘p.

Ichkaridan yasanib, po‘rim kiyingan Sobir chiqadi.

Shokir. O‘-o‘, dadajon rosa yarashibdi. Kelingizning didi chakkimas-da o‘zi.

Sobir. Keragi yo‘q edi, bolam. Bahorda tug‘ilgan kuningizga deb olib kelgan kastyum-shiming ham shifonerda osig‘liq turibdi. Kiyilmagan kiyimning so‘rog‘i bo‘ladi, bolam. Momom shunday deguvchi edi.

Shokir. Unda sovg‘a qilingan kiyimni kiyish kerak-da, dada. Boshqalar otasining tug‘ilgan kunini yilda bir marta nishonlashadi, siznikini ikki marta nishonlasak nima qibdi. Qaytanga yaxshi emasmi?

Sobir. (Borib stulga o‘tiradi). Qaysi odam bolasi yiliga ikki marta tug‘ilarkin-a? Rahmatli momom sen gurvak pishganda tug‘ilgansan, derdilar. Gurvak yiliga bir marta pishadi.

Shokir. Qo‘ysangizchi, dada. Mehmon chaqirishning nimasi yomon? Bu — ish, biznes uchun kerak. Qolaversa, hamkor o‘rtoqlar bilan shu bahona bir otamlashsak, ishimiz bundan ham gullab-yashnasa yaxshi-ku.

Sobir og‘ir xo‘rsinadi. Indamaydi. Ko‘zini uzoqlarga tikkancha jim qoladi. Yana o‘sha musiqa elas-elas quloqqa chalinadi. Ichkaridan Nargiza bila Nasiba chiqib keladi.

Nargiza. Siz ko‘pam aqllilik qilavermang, o‘rningizni biling, kelin. Qurilayotgan do‘kon ishiga kelsak, buni Shokir bilan pochchangizning o‘zi hal qiladi.

Nasiba. Sizningcha, men oilada bir qo‘g‘irchoq ekanmanda, ukangiz men bilan hisoblashmaydigan?

Nargiza. (to‘xtab unga qaraydi) Iya-ya…

Shokir. Iya, iya. Shunday kundayam tortishasizlarmi, opa!

Nargiza. Sen oldin xotiningga qara.

Shokir. (Nasibaning oldiga keladi. Yelkasidan tutadi.) Jonim, qo‘y endi.

Nasiba siltanadi.

Shokir. Joniiim..

Nargiza. E, o‘l-e, erkak bo‘lmay, xotingga buncha yaltoqlanasan? O‘rningni bilasanmi o‘zi? O‘rningni xotiningga bo‘shatib beribsan-ku!

Shokir. Opajonim, qo‘ying shu gaplarni. Xotinga yo‘l bo‘lsin mening o‘rnimni egallashiga. Bu bir…

Nasiba. Dadasi. (Tovushi zardali chiqadi).

Shokir. (Ohangi o‘zgaradi). Oilada hammaning o‘z o‘rni bo‘ladi-da, opa. Nima sizning oilangizda o‘rningiz yo‘qmi, pochcham siz bilan hisoblashmaydimi?

Nargiza. Har holda men haliyam xotin o‘rnidaman, men mana bu oyimtillangga o‘xshab erimning boshiga chiqib o‘tirib olganim yo‘q.

Nasiba. Qo‘lingizdan kelsa chiqing. Buni ham eplagan qiladi.

Shokir. Jonimmmm..

Nargiza. Eshitdingmi, xotingni gapini, eshitdingmi?

Shokir. Opa, gapiraveradi-da. Shu jiblajibonni gapini gap deb o‘tiribsizmi? Bir hayt desam qo‘nog‘iga chiqsa, tushishni bilmaydigan tovuq-ku bu. Buni biznesga aqli yetarmidi?

Nasiba. Nima-a?

Shokir Nargizaning orqasida turib, Nasibaga yaltoqlanadi. Shu payt tashqaridan mashinalarning ovozi, signallari eshitiladi.

Shokir. (shoshib) Qani hamma o‘z joyiga. Dada, turing, yuraqoling. Mehmonlarni kutib olaylik.

Hamma taraddudlanib, mehmonlarni kutib olishga chiqishadi. Chiroq o‘chadi.

4-ko‘rinish

Sobir stulda uzoqlarga ko‘z tikib o‘tiribdi. Ichkaridan musiqaning, qadahlarning, tilaklarning ovozi eshitilib qoladi. So‘ng bir zum tinganday bo‘ladi. Yana qahqaha ovozlari, musiqa yangraydi. Sobir esa bunga e’tibor bermaydi. Xayoli parishon, nimalarnidir xayol suradi. O‘rnidan turib uzoq-uzoqlarga tikiladi. Yana o‘sha musiqa elas-elas quloqqa chalinadi. Nusrat kirib  keladi. Sobir sezmaydi.

Nusrat. Assalomu alaykum, qo‘shni.

 Sobir cho‘chib unga qaraydi.

Sobir. Iya, iya, keling, qo‘shni. (Sobir Shokir bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishadi. Supaga xonatxta yoniga o‘tirishadi).

Nusrat. Ilohi omin. O‘tganlarimizning  oxirati obod, qolganlarimizning umri ziyoda bo‘lsin. Allohi akbar!

Yuzlariga fotiha tortishadi. Sobir unga choy quyib uzatadi.

Nusrat. Ajoyib o‘g‘lingiz bor-da, Sobirjon. Juda ishbilarmon. Ertalab guzar oldida uchrashib qolgandik. Shu guzarni ta’mirlashga yordam bersangiz, o‘g‘lim, desam, albatta, nasib qilsa, ishlarim yurishib ketsa, qo‘shimcha novvoyxona ham qurib beraman dedi, baraka topgur. Bugun o‘ting, dadamning tug‘ilgan kunlari, bir chaqchaqlashib ketasiz, deganiga kelaverdim.

Sobir. Ha, yaxshi qilibsiz kelib. O‘g‘limning mehmonlari hammasi yoshlar, tengqurlarimdan hech kim kelmadi. Jo‘ralarimni ko‘pdan beri ko‘rmayman ham. Mayli, shu bolalarimizning ko‘ngli ko‘tarilsa shuning o‘zi yetadi. Siz kelganingizga esa rosti juda xursand bo‘ldim.

Nusrat. Ha, bolalarning ko‘nglini  olish osonmas. Ayniqsa, ular katta bo‘lganlari sari, ko‘ngillarini olish shuncha qiyinlashib boraveradi.

Sobir. E, biz bolalarimizning ko‘nglini olyapmiz, ammo bizning ko‘nglimizga kim qaraydi, qo‘shni? Ko‘ngli og‘rimasin, orzulari ushalsin, deb o‘zimiznikidan kechamiz, xohishlarimizni chetga suramiz.

Nusrat. Sizday to‘kis, egani oldida, yemagani ortida yashayotgan odam bunaqa gaplar gapirsa g‘alati eshitilarkan?

Sobir. Shu g‘alati eshitilmasin, deb indamayman-da. Bo‘lmasa-ku dardim ichimda.

Nusrat. Nima dard ekan u sizni bunchalik qiynayotgan?

Sobir. (og‘ir xo‘rsinadi). O‘rnim yo‘q.  

Nusrat. (Kuladi) Sizday bolalarining ardog‘ida bo‘lgan odam bu gapni gapirsa, qolganlar nima deyisharkin-a? Uy-joyingiz boshingizda, alohida turishsa ham bolalaringiz bor. Ular har kuni bo‘lmasa ham kun ora xabar olishadi. Qiynalib qolmasin deb xizmatchi ham yollashgan. Boraman desangiz istagan joyingizga eltishadi. Bormayman desangiz holingizga qo‘yishadi.

Sobir. (achchiq kulimsiraydi). Shu narsalarni siz odamning hayotdagi o‘rni deb hisoblaysizmi?

Nusrat. Bo‘lmasa nima?

Sobir. Siz bilan ko‘p yillardan beri bir mahallada, devor-darmiyon qo‘shnimiz. Mening yoshligimga ham, keyingi hayotimga ham guvohsiz. Otamni ham yaxshi tanirdingiz.

Nusrat. Ha. Otangiz yaxshi odam edi. Katta olim edi. Uni butun mahalla hurmat qilardi. Qancha-qancha odamlarga yordam qo‘lini cho‘zgan.

Sobir. Ha, qancha-qanchalarga yordam qo‘lini cho‘zgan, qancha-qanchalarning ko‘nglini olgan, faqat bir marta bo‘lmasin mening ko‘nglimni so‘ramagan. (Birdaniga seskanib nimadir esiga tushganday Nusratga tikiladi). Yo‘q bir safar so‘ragan, faqat bir safar.

Nusrat unga qiziqsinib qarab turadi.

Sobir. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz menday odamning hayoti haqida. To‘g‘ri, bir qarashda hayotimdan kamim yo‘q. Nolisam yarashmaydi. Biroq men ham odamman-ku, men ham o‘zimning o‘rnimni o‘zim belgilashimga haqqim bor edi-ku? Ammo men bunday qilolmadim. To‘g‘ri o‘shanda bola edim. Biroq o‘shanda andisha qilib aytolmagan bir og‘iz gapim sabab butun umr azobda yashashimni bilmagandim.

Nusrat. Sobirjon, to‘g‘risi sizni nima qiynayotganini bilmayapman.

Sobir unga ilinjga o‘xshash ma’yuslik bilan tikiladi.

Sobir. Eh, Nusratjon. Koshki buni tushuntirib berolsam edi.

Sobir jim bo‘lib qoladi.  Yana o‘sha musiqa quloqqa chalinadi. Sobir o‘rnidan turadi. Uzoqlarga tikiladi, sog‘inch bilan qo‘lini cho‘zadi.. Gapirmoqchi bo‘lib og‘iz juftlaydi. Shu payt ichkaridan Shokir, Nasiba, Nargiza, bir to‘p mehmonlar chiqishadi.

1-Mehmon. (Qo‘li ko‘ksida). Mayli otaxon, yuzlarga kirib yuring.

Sobir. Rahmat, baraka toping.

2-Mehmon. Endi bizga ruxsat.

Shokir. Dadajon, do‘stlarimiz hali vaqtli bo‘lishiga qaramay, ishlari borligi uchun qo‘zg‘alishdi. Ammo tez-tez kelib turishga so‘z berishdi.

3-Mehmon. Albatta, otaxonning tug‘ilgan kunlarini hali ko‘p marotaba birga nishonlaymiz.

Sobir. Rahmat. Albatta kelinglar.

Mehmonlar chiqib ketadi. Shokir, Nargiza, Nasiba ularni kuzatib chiqadi. Mashinalarning o‘t oldirilgan ovozi eshitiladi.

Nusrat. Endi men ham bora qolay. Siz ko‘p ham o‘ylayvermang. Asosiysi bolalaringiz yoningizda. Hali bir suhbatlashgani yana chiqaman.

Sobir. Keling, qo‘shni. Albatta, keling. Sizga dilimni yormasam, kimga yoraman.

Nusrat. Mayli. Mayli.

Nusrat chiqib ketadi. Sobir uni kuzatarkan, izidan tikilib qoladi. Chiqib ketgach, borib o‘tiradi. Shirakayf Shokir, xursand holda Nargiza bilan Nasiba kiradi. Shokir kelib Sobirning yoniga o‘tiradi.

Shokir. Dadajon, o‘zimning dadajonim. Ishlar besh. Hamkorlar bilan yana bir kelishuv qildik. Xudo xohlasa do‘konimiz yana bittaga ko‘payadi. (Stoldan ichimlik olib stakanga quyadi. Sobir o‘rnidan turib chekkaroqda turgan kresloga borib o‘tiradi. Bashorat chiqib xontaxta ustidagilarni yig‘ishtira boshlaydi).

Nargiza. Ha, ammo bu do‘kon boshqalariga qaraganda ikki baravar foyda keltiradi.

Nasiba. Balki, yanagi shu kunlarga yana bittaga ko‘payar do‘konimiz. Nima dedingiz, opa. (kuladi)

Nargiza. Voy, niyatlaringizdan aylanay, kelin. Xudo xohlasa ishlarimiz yurishib ketsa, albatta, shunday bo‘ladi.

Shokir. Shoshmanglar. Shoshmanglar. Oldin hozirgi do‘konni ochish uchun ozgina mablag‘ darkor. (o‘ylanib). Men o‘ylab ko‘rdim. Dada, mana shu hovlini sotsak, nima deysiz?

Nargizaning birdaniga tusi o‘zgaradi.

Nargiza. Nima deyapsan, sen bola? Uyni sotsak deysanmi?

Shokir. Nima bo‘pti? Dadam biz bilan yashayveradi. Buning ustiga uy juda katta, dadamning bu yerda bir o‘zi yashashlari xavfli. Eng asosiysi dadam bu yerda zerikadilar, biz bilan yashasa esa nevaralari bilan zerikmay yashaydi.

Nargiza. Sen bola, jinni-pinni bo‘lib qolmadingmi? Bu uyda onamizning izlari qolganini fahming yetyaptimi? Bundan tashqari dadam bu uydan, shu yerda qolgan xotiralaridan qanday kechadi?

Shokir. Qo‘ysangizchi, opa. Uyda xotira nima qiladi. Hammasi mana bu yerda (kallasiga nuqiydi) mana bu yerda bo‘ladi. Xotira deysiz.

Nargiza. Pulni o‘ylayverib esing og‘ib qolibdi. Biznes desa, pul desa hammadan kechishingni ko‘rsatib qo‘ymoqchimisan?

Shokir. (Kinoyali tirjayadi) Opa, kulgimni qistatmang. O‘zingiz emasmi, ukajon, yana do‘kon ochmasak bo‘lmaydi. Biznesimizni yanada rivojlantirishimiz kerak. Bolalar katta bo‘lyapti. Boriga baraka deb yuraversak, hech narsasiz qolib ketamiz, deb quloq-miyamni yegan. Yetmaganiga, Nasibani ham gij-gijlagan.

Nargiza. Ha, aytganman. Tan olaman. Ammo men buning uchun bu hovlini sotamiz demaganman.

Shokir. Unda siz do‘konga pulni qayerdan olmoqchisiz? Yoki sevimli erjoningizni seyfidan pul olib bermoqchimisiz? Qani ayting-chi?

Nargiza. Erimni bunga aralashtirma.

Shokir. Nega? Axir pochcham ham biznesimizga sherik. Do‘konlardan tushayotgan tushumlardan bu pochchangni ulushi deb alohida ajratasiz-ku. Men biron marta bu Nasibaning ulushi deb alohida haq olganmanmi?

Nasiba. Olish kerak edi, dadasi, olish kerak edi. Doim aytganman sizga.

Nargiza. Siz aralashmang, kelin. Sizga hali navbat yetgani yo‘q.

Nasiba. Nega aralashmaskanman? Voy…

Shokir. (bas degandek Nasibaga qo‘lini ko‘taradi). Jonim, siz aralashmang.

Nargiza. Nima qilsang, qil. Ammo men bu hovlini sotilishiga qarshiman.

Shokir. (muloyim ohangda). Opa, tushuning. Agar hozir vaqtida harakat qilib qolmasak quruq qolib ketamiz. Hozircha hovlini sotib turamiz. Ishimiz yurishib ketgach, boshqa joydan dadamga hovli olib beramiz. Ungacha dadam mana, biz bilan yashab tura qoladi.

Nargiza. Yo‘q. Bo‘lmaydi. Axir…

Shokir. Opa-aaa! Mana, dadamning o‘zidan so‘raylik. (U kresloda jimgina, mudrab o‘tirgan Sobirning oldiga keladi). Dada, siz bu gapga nima deysiz? Hovlini sotamiz. Siz bilan yashab turasiz. Nima deysiz bu gapga? Dada-a?

Sobir ko‘zini yarim ochib, yelkasini uchiradi. Og‘ir xo‘rsinadi. O‘rnidan arang qo‘zg‘alib supa tomonga yuradi. Supada Sobir uchun  boya solgan o‘rinni to‘g‘rilayotgan Bashoratga im qoqadi.

Bashorat. Kiyimingizni tayyorlab qo‘yganman.

Sobir ichkariga sekin yuradi.

Shokir. Dada, gapimni eshityapsizmi?

Sobir hech nima demay ichkari kirib ketadi.

Nargiza. Ko‘rdingmi, dadam ham norozi.

Shokir. E, opa. Bilasiz-ku dadam hech qachon xohishlarimizga teskari bormaydilar.

Nargiza. Yo‘q, baribir men rozi emasman. Boshqa joydan topilib qolar axir.

Nasiba. Opa, nimaga kerak endi diydiyo. Dadamni ko‘chaga chiqarib tashlayotganimiz yo‘q-ku!

Shokir. (Nasibaga) O‘chir ovozingni. Aralashma sen.

Ichkaridan tungi kiyimda Sobir chiqadi. Indamay kelib supaga solingan o‘ringa cho‘ziladi. Shokir unga yaqinlashadi.

Shokir. Dada, mendan xafa bo‘lmang, maylimi. Shunga majburmiz-da biz ham. Axir siz ham bizni yaxshi yashashimizni, jamiyatda o‘z o‘rnimiz bo‘lishini istaysiz-ku, to‘g‘rimi? Dada, mayli boshingizni og‘ritmay. Ertaga sizni uyga olib ketgani kelaman. Dada…. Dada…

Shokirga javoban yengil xurrak ovozi eshitiladi. Hamma unga qarab jim qoladi. Chiroq o‘chadi.

2-parda

5-ko‘rinish

Hovli. Saranjom-sarishta. Stol-stullar joyida. O‘rin yig‘ishtirilib, o‘rniga xontaxta qo‘yilgan. Xontaxtada nonushta tayyorlangan, usti sochiq bilan yopilgan. Shokir quvnoq kayfiyatda kirib keladi.

Shokir. Dada, qayerdasiz? Sizni olib ketgani keldim.

Ichkaridan Bashorat chiqadi.

Shokir. Dadam qani?

Bashorat. Bilmadim. Kelsam yo‘q. Balki ko‘chaga chiqqandurda, deb o‘ylagandim. Ammo ko‘chada ham hech kim ko‘rmabdi. Endi sizga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib turgandim.

Shokir. (shosha-pisha qo‘l telefonidan qo‘ng‘iroq qiladi) Allo, opa, dadam siznikidamasmi?… Yo‘q. Bilmaydilar. Kelsa, yo‘q ekan… Mayli. (telefon tugmasini bosadi).

Tez-tez yurib tashqariga chiqadi. Tezda qaytib kiradi. Nodir aka unga ergashib kiradi.

Shokir. Nodir aka, siz mahallani aylanib chiqing-chi, katta yo‘lni ham qarang. Balki do‘kon-po‘konga chiqqandir.

Nodir shoshib chiqib ketadi.

Shokir. Qayerga ketgan ekanlar-a? Yoki bizdan xafa bo‘ldimikin? ( u yoqdan-bu yoqqa borib keladi). Qayerga ketishi mumkin? Axir opamnikidan boshqa boradigan joyi yo‘q-ku! Yo kechasi mazasi qochib, tez yordam chaqirganmikanlar? (To‘xtaydi). E, yo‘q. Mazasi qochganida tez yordamga qanday qo‘ng‘iroq qila oladi?

Telefon jiringlaydi. Shokir shoshib go‘shakni ko‘taradi.

Shokir. Allo… Ha. Assalomu alaykum…. Ha, sotamiz… Bugunmi?… Hozir kelmoqchimisizlar?.. Mayli, mayli. Qarangki, men ham hozir shu hovlidaman. Kelsangizlar, bir yo‘la gaplashib, narxini ham kelishib olardik… Mayli kutaman.

Shokir. (telefon tugmasini bosadi. O‘ziga o‘zi so‘zlanadi.) Kechagina og‘zimning bir chetidan sotaman, degan so‘z chiqqandi, ertalabdan ko‘plarning paytavasiga qurt tushibdi. Chunki bunaqa hovlining xaridori ko‘p bo‘ladi. Narxini qancha qimmat aytsang ham puli bor baribir sotib oladi. (Esiga nimadir tushganday birdaniga xushyor tortadi) Qayerda yuribdi ekanlar-a, ertalabdan. Tovba, qayerga ketishlari mumkin? Balki Nusrat amakinikiga chiqqandurlar? (Eshikka qarab yuradi).

Nargiza. (shoshib kirib keladi). Keldimi? Qayoqqa ketibdilar?

Shokir. Bilmadim, opa, bilmadim.

Nargiza. Aytdim-a, xafa bo‘lib qoldilar deb. Hovlini sotamiz degan fikringdan keyin xafa bo‘lib ketib qolganlar (yig‘lamsiraydi).

Shokir. Opa, xafa bo‘lsalar kecha indamadilar-ku!

Nargiza. Militsiyaga xabar qilish kerak. Yana biror kor-hol bo‘lib qolmasin.

Shokir. Ha, ha. (shoshib qo‘l telefonini cho‘ntagidan oladi). Yo‘q, biroz kutaylik. Balki kelib qolarlar. Eldan burun vahima ko‘tarmaylik.

Nodir kirib keladi.

Shokir. Topdingizmi?

Nodir. (Boshi bilan yo‘q ishorasini qiladi). Hech kim ko‘rmagan.

Nargiza. Militsiyaga tezroq telefon qilish kerak.

Shokir. Yo‘q, opa, o‘rtoqlarni orasida otasini yolg‘iz tashlab qo‘ygan ekan, yo‘qolib qobdi, degan gapga qolamiz. Sharmanda bo‘lamiz-ku. Yaxshisi o‘zimiz izlab topamiz.

Nargiza. Axir qayerdan izlaymiz? Biron boradigan joyini bilmasak.

Shokir. Bilmayman, opa, bilmayman. Ammo qo‘l qovushtirib ham o‘tirolmaymiz. Militsiyaga ham xabar berolmaymiz. Yaxshisi izlaymiz. Yurgandurlar aylanib.

Nargiza. Unda tezroq bo‘laqol. Ketdik. (Tashqariga qarab yurishadi. Tashqaridan kirib kelayotgan Sobirga duch bo‘lishadi).

Shokir. Dada, qayerlarda yuribsiz?

Nargiza. (Sobirga qarab talpinadi) Xavotirdan o‘ldik-ku, dada.

Sobir bo‘yniga osilgan qizini yelkasidan qoqib, sekin borib, kresloga o‘tiradi.

Shokir. Dada, nimaga indamaysiz? Qayerda edingiz?

Sobir unga javoban kresloga o‘rnashibroq o‘tirib oladi. Uzoqlarga tikilgancha jim qoladi. Yana o‘sha musiqa elas-elas eshitiladi.

Shokir. Nimaga indamaysiz? Eshityapsizmi, dada? Dada..

Sobir jim o‘tiravergach, Shokir kelib uni ro‘parasiga tik turadi.

Shokir. Dada!?

Sobir unga qaraydi.

Shokir. Nega bunday qaraysiz, dada. Axir qayerda edingiz?

Nargiza. Dada, gapirsangiz-chi? Yoki bizdan xafa bo‘ldingizmi uyni sotamiz deganimizga?

Sobir o‘zini kreslo suyanchig‘iga tashlab, ko‘zini yumadi.

Nargiza. (Shokirga o‘qrayadi). Ko‘rdingmi, dadam uyni sotamiz deganingga xafa bo‘lyaptilar. Shuning uchun bir og‘iz ham gapirmayaptilar.

Shokir. Opa, boshlamang diydiyoingizni. Kap-katta odam hovli uchun ham xafa bo‘ladimi? Hovli nima to‘rtta g‘ishtdan tiklangan bir matoh bo‘lsa. Shunga ham odamni shunchalik qon qilish shartmi?

Nargiza. Nima? Matoh!? Sen qanday o‘g‘ilsanki, onasining izlari qolgan uyni matoh deb atasang? Axir dadam shu uyni deb butun hayotini shu yerda o‘tkazganlar-ku.

Shokir. Nima qibdi shunga, opa. Oldin uyni sotishga ehtiyojimiz yo‘q edi, endi bor.

Nasiba yugurgancha kirib keladi.

Nasiba. Voy opa, o‘takamni yorasiza, mana-ku dadam. (kulimsiraydi). Boya dadam yo‘qolib qolibdi, deb qo‘ng‘iroq qilganingizga qo‘rqib ketibman. Assalomu alaykum, dada.

Sobir unga javoban boshini silkib qo‘yadi. Nasiba  holatdan hayron bo‘ladi.

Nasiba. (Shokirga) Tinchlikmi, dadasi?

Nargiza. Tinchlikmas, kelin. Aslida sizning qistovlaringiz bilan Shokir uyni sotamiz, deb turib olgan. Yana bu yerga kelib o‘zingizni bilmaganga olasiz.

Shokir. Opa, Nasibani bunga umuman aloqasi yo‘q. Men o‘zim shu qarorga keldim. Qolaversa, mening qarorimni muhokama qilishga sizning haqqingiz yo‘q. Chunki chiqqan qiz chig‘iriqdan nari.

Nargiza. Voy-voy. Nimalar deyapsan…

Shokirning telefoni jiringlaydi.

Shokir. Allo…Ha keldingizlarmi? Kiraveringlar uydamiz. (go‘shakni qo‘yib) Xaridorlar kelishdi. Bo‘ldi g‘isht qolibdan ko‘chib bo‘ldi. (eshikka yo‘naladi. Tashqaridan ikki xaridor kirib keladi. U yoq-bu yoqqa qarab, uyni ko‘rgan bo‘ladi).

Shokir. Assalomu alaykum. Xush kelibsizlar.

1Xaridor. Assalomu alaykum. Hovli aytganlaricha bor ekan. Bekorga bu uyning dong‘i shaharga ketmagan ekan. Chiroyli, juda ajoyib.

Shokir. Ha, ko‘rib turganingizdek.

2-xaridor. Agar ayb qilmasangiz, uyni yana bir marta aylanib chiqsak, degandik.

Shokir. Albatta. Bemalol-bemalol. Yuringlar sizlarni o‘zim aylantirib, xonalar bilan tanishtirib chiqaman.

Ular ichkari kirib ketishadi. Nargiza Sobirning ro‘parasiga kelib, cho‘kkalab o‘tiradi.

Nargiza. Dadajon, xafa bo‘ldingizmi bizlardan. Agar istasangiz Shokirni hoziroq to‘xtataman. Uyni sotishga umuman yo‘l qo‘ymayman. Istaysizmi?

Sobir unga javoban jim o‘tiraveradi.

Nargiza. Nimaga indamaysiz, dada? Ammo siz ham tushunishingiz kerak, biznes shunday narsaki, bugun harakat qilmasang, ertaga quruq qolish hech gap emas. Keyin bozorda o‘rnimizni topolmay qolamiz. Dada, gapirsangiz-chi!

Nasiba. (yaqinroq kelib) Dadajon, dilingizda nima gap bo‘lsa ayting, o‘g‘lingizni ham bizni ham qiynamasdan. Axir qarang, opam bechora ham qiynalib ketdilar.

Nargiza. Nega hech gapirmaysiz, dada? Gapiring.

Ichkaridan Shokir va xaridorlar chiqishadi. Nargiza o‘tirgan joyidan turadi.

1-Xaridor. Uy bizga yoqdi. Aytilgan narxga sotib olamiz.

Nargiza. Kechirasiz, uy sotilmaydi.

2-Xaridor.  (hayron bo‘lgancha) Nima deganingiz bu? Shokirjon, axir uyni sotamiz degandingiz-ku! Agar sotmasangiz shuncha ovoragarchilikning nima keragi bor edi?

Shokir. Yo‘q. Uyni sotamiz. Shunchaki, opamning bundan xabari yo‘q edi.

Nargiza. Nimaga kerak lo‘ttibozlik Shokir. (xaridorga) Uyni sotmoqchi edik, ammo endi sotmaymiz. Biznesimizga pul kerakligi uchun sotmoqchi edik. Endi bunga hojat yo‘q.

Shokir. (Nargizaning yoniga keladi.) Opa, nimalar deyapsiz?

Nargiza. Otamni norizo qilolmaymiz.

1-Xaridor. To‘g‘risi uy menga yoqib qoldi. Aytgan narxingizdan uch barobar ko‘p to‘layman. Unga bundan ham kattaroq uy olsangiz bo‘ladi.

Shokir bilan Nargiza bir-biriga qaraydi.

Nasiba. Opa, pishib turgan sovdoni buzmang, iltimos.

Shokir. Opa…

Nargiza. (ikkilanadi. Oxiri qo‘lini siltaydi) O‘zing bilasan.

Shokir. (xursand bo‘lib) mana bu boshqa gap.

1-Xaridor. (Shokirga qo‘lini uzatadi). Unda kelishdik Shokirjon. (Ular qo‘l berishishadi).

2-Xaridor. Qachon hujjatlarni rasmiylashtiramiz?

Shokir. Ertagayoq.

1-Xaridor. Unda ertaga ko‘rishguncha.

Ular yana qo‘l olishib, eshikka qarab yurishadi. Shokir ularni kuzatib chiqadi.

Nasiba. Ha, shukr-ki bu savdodan hech narsa yutqazmadik. Bu pulga boshqa joydan ham hovli olamiz. Qolganiga bemalol yangi ishimizni yurgizsak bo‘ladi. Shundaymasmi, opa. (kuladi)

Nargiza. Ha. Shokir pishiq. Bunday xaridorlar hammaga ham uchrayvermaydi. (kuladi).

Tashqaridan xush kayfiyatda Shokir kirib keladi.

Shokir. Mana, bu ishlar ham bitay deb qoldi. Ertagayoq yangi do‘konning ishlarini yo‘lga qo‘yamiz. Opa, qalay endi ko‘nglingiz to‘ldimi?

Nargiza. O‘zimning ukajonim. (Shokirni burnini chimdib erkalaydi). Qanday bo‘lmasin pul ko‘paytirishning yo‘lini topasan-a.

Nasiba. (quvonib) dadasi, qanday yaxshi bo‘ldiya, ishlarimiz yana yurishishni boshladi.

Shokir xursand bo‘lib gerdayadi. Sobirga qaraydi.

Shokir. Dada, hamma xursand. Faqat sizgina jim o‘tiribsiz.

Sobir. (kulimsiraydi) O‘rni yo‘q odam nimayam deydi, o‘g‘lim.

Shokir. Nega unaqa deysiz dada?

Sobir. Boshqa nimayam dey, o‘g‘lim. Bor narsani gapiraman-da. Yoki sizning-cha bunday emasmi?

Shokir. Dada, nahotki bizdan norizo bo‘lsangiz. Shu uyni debmi? Axir sizga bundan ham hashamatliroq, bundan ham qimmatroq uy olib beramiz-ku, endi. Qolaversa, shu paytgacha ham hech kim sizni tashlab qo‘ygani yo‘q. Yesangiz oldingizda, yemasangiz izingizda bo‘ldi. Birda men, birda opam xabar oldik. Doim xizmatingizda bo‘ladigan odam ham yoningizda tayin qildik. Sizga yana nima kerak, dada?

Sobir. (achchiq kulimsiraydi). Sen shu uyni, shu xizmatchini, shu yeb ichishni odamning o‘rni deb o‘ylaysanmi?

Shokir. Bo‘lmasa nima? Atrofingizga qarang. Qancha uysizlar, qancha benavolar, qancha nonga zorlar. Uzoqqa borib nima qilamiz. Shu mahallaga har safar kelganimda yo‘limga qanchasi, yordam bering, deb ko‘z tikib turadi. Siz bo‘lsangiz noliysiz.

Sobir. Ha, “birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib fikr qil”, deyishadi. Mahalladagi yo‘lingga ko‘z tikadiganlarning ahvoliga qarabsanu, otangni ahvoliga qaramabsan-da.

Shokir. Ahvolingizga nima qilibdi?

Sobir. Har kuni daraxt tagidagi o‘rindiqda ertalabdan to qosh qorayguncha o‘tiraman. Har kuni yuzlab odamlar yonimdan o‘tishadi. Ular hatto meni sezishmaydi ham. Nima uchun bilasanmi, ular o‘z o‘rinlarini yaratish bilan ovora. Sen esa eb-ichish, uy, biznesdan gapirganing gapirgan.

Shokir. O‘rin, o‘rin deysiz (jazavalanadi) o‘rningiz bo‘lmaganida na opam, na men, na keliningiz holingizdan xabar olmasdik. Har kuni ertalab ko‘zimni ochganimdan keliningiz “dadamning xabarini oling”, deb eslatishni kanda qilmaydi. Opam-chi, uyi bilan shu uy orasida sargardon. Dadam nima yebdi ekan, dadam nima ichibdi ekan, deb. Siz bo‘lsangiz…(Nasiba kelib Shokirni tinchlantirmoqchi bo‘lganday yelkasini silaydi).

Nargiza. Dada Shokir to‘g‘ri gapiryapti. Bizdan arazlashga haqqingiz yo‘q.

Sobir. (ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ularga qarab egiladi) Qulluq bolalarim, qulluq. Yedirib-ichirayotganingiz uchun, holimdan xabar olayotganingiz uchun qulluq.

Shokir. Dada, nima bu ahvol. Siz bizning ustimizdan kulyapsizmi?

Sobir. Yo‘q. Men emas, sizlar meni mazax qilyapsizlar. Sizlar meni faqat yeb-ichib uzzu-kun o‘rindiqda o‘tgan-ketganni kuzatadigan robotga aylantirib qo‘ydinglar. O‘tkinchilar mana shu hashamdor uyga qarab, havas qilib o‘tishadi, biroq ular bu uyning ichida o‘lik sukunat yashiringanini bilishmaydi. Onangiz ham shu o‘lik sukunatga chidayolmay o‘lib ketdi. Uni sizlar o‘ldirdinglar, ha sizlar.

Nargiza. (ko‘ksini g‘ijimlaydi) Dada. (Nasiba borib uni qo‘lidan tutadi).

Shokir. Nima… Onamni biz o‘ldirdik… Dada, bizga bundan boshqa tuhmatlaringiz yo‘qmi?

Sobir. Bu tuhmat emas, ayni haqiqat. Sizlar qachon onangni odam o‘rnida ko‘rib uning ko‘nglini so‘radingiz? To‘g‘ri, uni latta-putta, yaltir-yulturlarga ko‘mdingiz, eng so‘nggi rusumli mashinalarda olib yurdingiz, oxiri mana shu kimsasiz uyga itqitib ketdingiz. Sen odamlarning nazdida yaxshi o‘g‘ilsan, lekin aslida ham shundaymikan? Hech bir tanangga o‘ylab ko‘rdingmi, onam mendan rozi yashadimikan, deb? Onang ham boshqa ayollarga o‘xshab orzu-havasli edi. O‘g‘il uylab, kelinning qo‘lidan choy ichaman, derdi. Mana shu hovlini qurayotganimizda, “dadasi hovlini kattaroq quring, nevaralarimiz hovlida o‘ynashganida bemalol chopqillab yurishsin, to‘ylarini qilganimizda uyga odam sig‘may qolmasin”, deb tinmay javragandi, sho‘rlik. Sen-chi, hatto to‘y kunigacha kelinning kimligini “syurpriz”, deb aytmading. U ham mayli, to‘yning ertasigayoq alohida yashaymiz, deb ko‘ch-ko‘roningni ko‘tarib jo‘nading. Onangning ham kayvoni bo‘lib ayollarni eragashtirib qudanikiga borgisi, mahallada to‘y-hashamlarda kelinini ergashtirib yurgisi, kelinning qo‘lidan choy ichgisi, nevaralarini ko‘tarib katta qilgisi bor edi. Sen esa onangni bulardan mosuvo qilding. Unga na onalik, na qaynonalik o‘rnini berding. Bechora qafasga qamalgan qushdek mung‘ayib qoldi. Onang o‘tgandan keyin aqllaring kirib qolar deb o‘ylagandim, ammo yanglishibman.

Nargiza. (yig‘lamsiraydi) Dadajon, ayting nima qilaylik. Uyni sotmaylikmi a?

Shokir. Agar uyni sotmaslik uchun shuncha aybni bo‘ynimga qo‘yayotgan bo‘lsangiz, mayli uyni sotmaymiz. Niyatingiz shu bo‘lsa, shuncha gapning nima keragi bor edi?

Sobir. (unga tikiladi). Shu uy, shu davlat odamning o‘rnini belgilasa koshki edi. Sening onang o‘tgandan keyin ham aqling kirmadi. Aqalli shu uyga ko‘chib kelish haqida ham o‘ylamading. Yetmaganiga Bashoratni mendan bir og‘iz so‘ramasdan olib kelding. Musulmonchiligimizda yolg‘iz erkak yashayotgan uyga nomahram ayolni olib kelib bo‘ladimi? U kelgach, uzzu-kun daraxt tagida mixlandimku!

Shokir. Shuni aytsangiz bo‘lmasmidi? Bashorat opaning o‘rniga oyoq-qo‘li chaqqon yigitlardan topardim-ku.

Sobir. Aqling bo‘lganida shu uyga ko‘chib kelarding.  

Shokir. Qo‘ying, dada. Nima keragi bor injiqlikni? Uyni sottirmaslik uchun topgan bahonangizni qarang. Bu uyda yashadik nimayu, bizni uyda yashadik nima? Biz bilan yashashni istarkansiz, yashayverasiz biz bilan.

Sobir holsizlanganday yana borib kresloga o‘tiradi.

Nargiza. Shokir shu uyga ko‘chib kelaqolinglar, bu uyning o‘rniga o‘zlaringni uylaringni sota qolinglar.

Nasiba. Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Aslo rozimasman Shokir aka. Aslo.

Shokir. Opa, pochcham bilan gaplashib o‘zingiz ko‘chib kelsangiz-chi? Sizning uyingizni sotamiz.

Nargiza. Nimalar deyapsan, pochchang o‘la qolsa ichkuyov bo‘lmaydi. Axir “chiqqan qiz chig‘iriqdan nari”, deyishadi.

Shokir. Ana endi o‘zingizga keldingiz, opajon. Shunday ekan mening qarorimni muhokama qilmang. Qolaversa, allaqachon xaridorlar bilan ham kelishib qo‘ydik. Endi ortga yo‘l yo‘q. (Bir zum nimalarnidir o‘ylaganday bo‘ladi. Sobirga qaraydi. Yoniga keladi). Dada, ichingizda shuncha gapingiz bor ekan. Bilmabman, kechiring meni. Sizni uyimizga olib ketamiz. Nevaralaringiz qanotingizda, birga mazza qilib yashaymiz. O‘zim sizga qarayman. Bashorat opaga aytay, narsalaringizni tayyorlasin. (ichkariga qarab qichqiradi) Bashorat opa, Bashorat opa.

Ichkaridan Bashorat opa chiqadi.

Shokir. Bashorat opa, dadamning narsalarini yig‘ishtirsangiz. Hech narsasi qolib ketmasin. Dadamni olib ketamiz.

Bashorat. Xo‘p bo‘ladi. (kirib ketadi).

Sobir o‘rnidan turadi. Borib supa chetidagi yaktagini olib kiyadi. Hassasini qo‘liga oladi. Xontaxta tagidan bo‘xcha oladi. Eshikka qarab yuradi. Eshikka oz qolganda to‘xtab, hayron bo‘lib qarab turgan bolalariga o‘giriladi.

Sobir. Mendan rozi bo‘linglar bolalarim, men sizlardan roziman. (Eshikka qarab yuradi).

Shokir. (baqirib) Dada. (uning izidan yuguradi).

Nargiza. (yig‘lab) dadajon. (U ham yuguradi).

Nasiba nima bo‘layotganini anglolmay joyida qotib qoladi.

Nargiza. (yig‘lab) Dadajon, bizlarni tashlab qayoqqa ketyapsiz. Jon dadajon, bizni qo‘rqitmang.

Shokir. Dada. Qayoqqa ketyapsiz? Nahotki, bir uyni deb bizni tashlab ketaversangiz?

Sobir. Yo‘q. Uyni deb ketayotganim yo‘q. Asli o‘rnim o‘sha yerda deb bilgan joyga ketyapman. Bobom bilan momom ilk bor dunyoni tanitgan manzilga. Hali insonlar orasida oqibat, mehr-muhabbat bor yerga. Hali odamlar qalbini shon-shuhrat, boylik, pul, davlat to‘la-to‘kis egallab ulgurmagan makonga. Bir paytlari murg‘ak qalbim bilan o‘rnim shu joy ekanini anglagan, biroq bu haqda aytolmagan yerimga. Butun qalbim, jonim bilan muhabbat qo‘ygan makonimga ketyapman. Chunki mening o‘rnim huv anavi qurib qolgan daraxt tagidagi yog‘och o‘rindiqda emas, quyoshli yer kengliklarida. Men o‘sha kengliklardan ko‘ngil uzolmaganim uchun ham ketyapman.

Shokir. Nimalar deyapsiz, dada. Tushunmayapman. Qanaqa kenglik, qanaqa makon? Axir sizning uyingiz shu yerku!

Sobir. Yo‘q. (Uzoqlarga tikilib, sahnaga yaqin keladi. Yana o‘sha musiqa elas-elas eshitila boshlaydi). Men poytaxtdan juda uzoqda, bobomning o‘tovida, ayni gurvaklarning hidi havolarni tutgan pallada tug‘ilgan ekanman. Buni menga momom aytib bergandi. Bobom o‘shanda davomchim tug‘ildi, deb qo‘rasidagi eng semiz qo‘chqorni olib chiqib cho‘ponlarga ziyofat bergan ekan. Ikki yoshimga to‘lar-to‘lmas shaharda ilm qilayotgan otam onamni ham o‘zi bilan olib ketgan. Men esa bobom bilan momomning bag‘rida, mo‘jazgina uyda esimni tanidim. Ayvonda turib so‘lga qarasam, yozda quyosh jizg‘anak qiladigan, qishda ayoz savalaydigan so‘ngsiz sahro, o‘ngga qarasam roshlari yulg‘unlar, to‘rang‘ilar bilan yastangan Jayxunni ko‘rardim. Go‘yo dunyoning birlashgan nuqtasida turgandek his qilardim o‘zimni. Tuya uyurlarining keng sahroda, arg‘amchi solgan turnalarday yurishlari, quyosh sahro ortidan, keskir nurlari bilan zulmatning bag‘rini tilib chiqqanida, yuragimga qo‘rquv solgan bo‘rilar uvlashi, varanglagan o‘q ovozidan daryo bo‘yidagi qashqaldoqlarning potirlab uchishlaridan zavq olardim. Qish bo‘yi muzlab yotgan Amuning erta bahorda ayqirib, o‘kirib, qirg‘oqlarini o‘pirib to‘lg‘onishini ko‘rganimda yuragim ham daryodek ko‘pirardi. Bobom bilan suylin oviga borishlarimiz, burgutlarni tomosha qilishlarimiz, momomning tayyorlagan qimronlaridan bobomga bildirmay totish yoqardi. Ammo bo‘yim cho‘zilib qolgach, otam meni shaharga olib ketaman, deb turib oldi. Bobom qattiq xafa bo‘ldi. Bobomning xafaligidan ko‘ngli xijil bo‘lgan otam «qolasanmi, shaharga ketasanmi?» deb so‘radi. Men esa goh bobomga, goh otamga qarab jim turaverdim. Qimtilgan lablarimni bir-ikki marta “qolaman” deyishga chog‘ladimu, ammo uddasidan chiqolmadim.  Otam meni olib ketar kuni bobom cho‘ponlarga ziyofat berdi. Ziyofatga kelgan baxshilar tongacha doston aytishdi. Baxshilarning yurtidan olis ketayotgan o‘g‘lon haqidagi aytimlari hali ham qulog‘im ostida yangraydi. (“Go‘ro‘g‘li” dostonidan parcha yangraydi. Bu huv o‘sha voqea boshidan elas-elas yangrayotgan musiqa. Endi u baland pardalarda yangraydi).

Yolg‘iz bolam eshit pandim, yurtni tark etuvchi bo‘lma,

O‘zingnan g‘ayri nomardning qullig‘in qiluvchi bo‘lma.

O‘tma yaxshini go‘rganda, xolinnan xabar berganda,

Bir dardli yig‘lab turg‘anda, yoninda kuluvchi bo‘lma.

(Sobir uzoqlarga tikilgancha jim qoladi. Musiqa pasayadi, biroq sekin yangrab turadi).

Shokir. Axir biron marta ham bu haqda bizga aytmagansiz-ku!

Sobir. (Xo‘rsinadi). Chunki shaharga olib ketishgan kundan boshqalar istagandek yashashni boshladim. Otam istagandek o‘qidim. Onam aytgan qizga uylandim. Onang istagandek bir qiz, bir o‘g‘il ko‘rdim. Opangni uzatdim, seni  uylantirdim. Xohishingni bajarib qozon-tovog‘ingni bo‘lak qilib berdim. Ishladim, nafaqaga chiqdim. Shundan keyin uzzu kun uyga qamalib o‘tiradigan bo‘ldim. Goh televizor ko‘rdim, goh kitob o‘qidim. Har oyda pochtachi olib kelgan nafaqasini olish uchun chiqmasam, umuman ko‘chaga hatlamadim. Xavotirga tushgan onang «Siz ham mundoq ko‘chaga chiqing, odamlar bilan gaplashing, hadeb uyda o‘tirib zerikmadingizmi?» – dedi. Shundan keyin onda-sonda ko‘cha aylandim, qo‘shnilar bilan suhbatlashgan bo‘ldim. Onang o‘tgach esa daraxt tagidagi  o‘rindiqqa cho‘kdim. Shu-shu ertalabdan-kechgacha shu yerda — o‘rindiqda o‘tirgancha, o‘tkinchilarni kuzataman. Ertalab nonushta, tushlik, peshin paytida choy, keyin kechki ovqatimni yeyman. Tunda huvillagan, sukunat qamragan hovlida allamahalgacha to‘lg‘ona-to‘lg‘ona bedor yotaman. Ertasiga yana shu holat takrorlanadi. Xuddi dasturlab qo‘yilgan mashinaga o‘xshayman. Uxlayman, turaman, yeyman yana o‘rindiqqa cho‘kib, shu la’nati yog‘ochlarning bir bo‘lagiga aylanaman. (xo‘rsinadi) Aslida inson o‘z o‘rnini topishi bu uning o‘zi istaganiday, qalbi buyurganiday, o‘zligiga xiyonat qilmay yashashi emasmi? Men esa o‘zligimga xiyonat qilganim sabab, butun umr o‘rnimni topolmay, hayotdan zerikib yashadim. Axir aytinglar shu ham hayotmi? Men tushundim. O‘z makonini topolmagan ruh bezovtaligini mahshargacha qo‘ymas ekan. Men ketishim kerak, bobomning makoniga ketishim kerak. Mendan rozi bo‘linglar.

Sobir eshikka yo‘naladi. Musiqa kuchayadi. Qadamlarini shaxd, shiddat bilan bosadi.

Nargiza. Dadajon….

Shokir. Dada…

Musiqa avjiga chiqadi. Sobirni chaqirib Nargiza bilan Nasiba uvlab yig‘laydi. Shokir baqiradi. Chiroq o‘chadi.  

6-ko‘rinish

Sobir stul yasayapti. Harakatlari sokin, muloyim, alohida mehr bilan yasayapti. Nihoyat stulni yasab bo‘ladi. Unga mehr, g‘urur bilan tikiladi. Suyanchiqlarini silaydi. Keyin unga avaylabgina o‘tiradi.

Sobir. O‘rnim… mening joyim. (Miyig‘ida jilmayadi. Yonida turgan cho‘pon tayog‘ini olib tor qilib cherta boshlaydi. Yurtga qaytgan o‘g‘lon haqida “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonidan parcha xirgoyi qiladi).

Nichcha yillar yurdim sargardon bo‘lib,

Har mardga, nomardga sirim bildirib.

Murodga yetjakim tushimda go‘rib

Mardona qo‘lingnan tutdimda galdim.

Asta-sekin musiqa kuchayadi. Haqiqiy baxshi aytimi yangraydi. Sobir zavq bilan cho‘pon tayog‘ini chertib qo‘shiq aytadi. Asta-sekin chiroq xiralashib o‘chadi. Parda yopiladi.

Go‘zaloy SOLIH qizi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting