QUYOSHNI KIM UYG‘OTDI?

0
320
ko'rishlar soni

YOXUD TUPROQ SAVDOSIGA AYLANGAN GUL, GULNI QALBIGA SINGDIRGAN TUPROQ QISMATI

adabiy taqriz

Shunday nozik va inja tuyg‘ular bo‘ladiki, mohiyatini ifodalovchi  so‘zlarga  ham oson emas. San’at esa ana shu tuyg‘ular taftini tuyayotgan sohiblarigagina ayon haqiqatlar orqali nafis suhbatlar og‘ushiga chorlaydi: sirlaringizni tinglayotganini bildiradi, anglayotganini bildiradi, quloqlaringizga malhamu mahram bo‘lmoq istagini hazin ohanglari ila ohista  shivirlab, hech kimsaga oshkorlamaslikka ishontiradi hamda butun yarmingizga aylanib, birga-birga iztirob chekadi, shodlanadi, yig‘laydi va quvonadi. Balki aynan qalb unga shaydoyi oshufta bo‘lgan kezlar ozurdalangan, poklangan, tozarishga shay, ilohiy onlarni boshdan kechirishga chog‘lanar. Xuddi ilk bor uning qarshisida ojizu telba ahvolga tushib, poylariga jonini nisor etishni ixtiyorlagan Lamia kabi. Biroq takomiliga yetmagan, o‘z bag‘rida mukammallik siyratini yaratib ulgurmagan san’at favqulodda chiroyli kuchga ega bo‘lishi bilan bir qatorda beshafqatdan beshafqatdir. U o‘zini ham, muxlisini ham jabrlab, og‘irdan-og‘ir savdolarga giriftorlab qo‘yishi mumkin. Uning endigina ko‘z ochish ostonasida turib-da,  tug‘ilishga ulgurmagani yoxud tug‘ilsayam halichoq yaratuvchisi tomonidan inkishof etilmagani insonni kutilmagan  bir fojia sari burib yuboruvchi kuchga ega.

Rashod Guntekinning “Muhabbat simfoniyasi” romanini o‘qir ekanman, bir insonning insonlarga bo‘lgan oshiqligi asli nimayu, u kimlarga xos tuyg‘u ekani to‘g‘risida bosh qotirmaslikning iloji qolmaganini ongu shuurimdan o‘tkazaman. Boisi, ishq atalmish bejilov tug‘yon dastavval qizning pokiza qalbidayu harakatlarida, fidokorligida, qurbonliklarida, chekayotgan iztiroblarida, og‘irdan-og‘ir kechmishlarida bo‘y ko‘rsatib, keyinroq yigitning bir umrlik qismatiga ko‘chib o‘tadi. Uning achchiqdan-achchiq baxtsizligiga aylanib, bevaqtu beqadr fojiasi bilan intiholanadi.

Mazkur asar boy va kiborli Vafiq Poshoning qizi malika Jovidon bilan Munirbey xonadonidagi mehmondorchiligini hikoyalashdan boshlanadi. Bu vaqt roman bosh qahramonlaridan biri bo‘lmish Jovidon bog‘ aylanib yurib, to‘satdan  kamonning musiqiy sadosini eshitib qoladiyu, uning cholg‘uchisi yillar bo‘yi qashshoqlik ichida yashab, birdan ko‘klarga ko‘tarilib, shuhrati olamga ketgan Husayn Kanon ekanidan voqiflanadi. Kelajakda mashhur  kompozitorga aylanishi bashorat qilingan hamda yurtga taniqli boy Soyib Poshoning jiyani bo‘lmish xushsurat va iste’dodi baland bu yigitni kuyov qilmoqni kimlar orzulamasdi deysiz? Bir zumda yigit va qiz uchrashuviyu, unashtiriluvi bilan niyat sari ilk qadam tashlanadi. Afsuski, anglashilmas mehr otashida yonib, sevish va sevilish ehtiyoji bilan ko‘zlari to‘lgan Kanon bir yoqdayu, ko‘proq aql izmida yurishni to‘g‘ri hisoblovchi Jovidon bir yoqda edi… Hatto buni Munirbeyning yigitga aytgan quyidagi mulohazalaridan ham tezgina ilg‘ab olish mumkin: “Nikoh qilinishingizga hech bir mone yo‘q… Shunday bo‘lsa ham mening fikrimni bilmoqchi bo‘lsang, men sizlarday bunga tarafdor emasman. Mening boshqacha mulohazalarim bor. Muhitlaringiz tamomila bo‘lakcha. Zavqlaringiz ham shunday tabiiy. Malika Jovidonning asosan yomon tomoni yo‘q. Ruhi pokiza… faqat ko‘proq boylik orttirish ishtiyoqi bilan bu ruh ustida keragidan ortiq zargarlik qilganlar…”

Ne taassufki, Kanon faqat qizning qiyofasida porloqdan porloq kelajagini zabt etishi mumkin bo‘lgan yuksak cho‘qqilarga to‘la baxtli hayotini ko‘rar edi. Uning e’tirofi, ta’kidicha, san’atdagi kabi hayotda ham o‘rtachalik yo‘q, muvaffaqiyat qozonganlargina bilganlaricha, xohlaganlaricha yashay oladilar, boshqa baxti qarolar esa qorong‘u bir burchakda mahrumiyatlarini yashirgancha kun ko‘rishga mahkumdirlar. Uning o‘y-qarashlari-yu, falsafalari naqadar qattiq adashish ekanini “muvaffaqiyat har narsaga haqli qiladi” degan fikrga kelib qolgani ham yaqqol ko‘rsatib qo‘yadi…

Lamia va Kanon… Dastlab Kanon Lamiani Ne’matxonim kabi vujudiyu yuzida  jiddiy bir narsa yo‘q,  faqat “qo‘g‘irchoq”, shirin bolacha sifatida ko‘rardi. Gohi-gohida esa juvonning hech yonidan ketkazmay, qorovul kabi yetaklab yurishiga toqat qilolmay dushmani kabi bilardi. Hatto bir kuni Qirqchamlarga borishga hozirlanayotgan chog‘lari  ayolga qarata: “Nima desangiz deng, lekin bu qizni ortiq sudrab kelavermang, oramizda doim qora tikon demayligu, lekin sariq tikon kabi…” Biroq keyinchalik Ne’matxonim Lamiani atay yonida olib yurishi, odamlarning gap-so‘ziga qolmaslik uchun qilgan taraddudi ekaniga tushunib, bu bemisl do‘st-bolachaga mehri ortadi. Qiz uchun esa avvaliga Kanon va Ne’matxonim o‘rtasidagi munosabatlar “Layli va Majnun” dostoni kabi go‘zal ko‘rinadi. Unda o‘zining ham o‘rni, vazifasi borligi juda-juda yoqar, bir-birlarini sevib qolishlarini ich-ichidan istardi. Ammo keyinroq esa ular ajralisha boshlashgach, munosabatlari o‘tkinchi bir holat ekanini fahmlab, allaqanday nafrat tuyadi ham. Ne baxtki, ilgari Kanonda achinish hissini uyg‘otgan Lamianing  qalbini yigit tobora mehru muhabbatga to‘ldirib boraveradi. Chunki qizning ruhiyatini yoshi o‘tgan, alam ko‘rgan, iztirob chekkan insonlarga xos allaqanday hazinliklar qoplagandi. Balki aynan shuning uchun ham dardli dil dardkashini topganday bo‘ldi. Qiz tunu kun Kanonni o‘ylab yurar, imkon topildi deguncha huzuriga  tinmay oshiqar, uning pianinosiga bosh qo‘yib, musiqalarini abadul-abad tinglagisi kelardi.

Kanon ham Lamiaga o‘zi bilmagan holatda o‘rganib, bog‘lanib borardi. Nazarida u bor ekan, ishi oson yurishar, chiroyliroq narsalarni ijod qilardi. Go‘yo ilhom tuhfalayotganday sezardi. Nima desa, nima xohlasa nuqul “Siz bilasiz” deya javob berishidan, qizning o‘ziga bo‘lgan sof va samimiy munosabatlaridan foydalanib, zimdan o‘zining zaharli g‘uborlarini unga o‘tkazayotgandek edi go‘yo. Inchunun, Kanon balog‘at pallasi ostonasidagi qizning tuyg‘ularini bilib-bilmay toptashdan o‘zini tiyolmadi. Uning beqaror sevgisi o‘n gulidan bir guli hali ochilmagan qizni kulfatlar girdobida qoldirib yubordi. Eng achinarlisi, qalbiy kechinmalariga sovuqqonlik bilan qarab, o‘zini oqlovchi falsafasini qizga singdirishga urinadi: “Men gullarninggina tuproqning savdosi deyman, Charos. Ular  tuproqning dudog‘ida bir bo‘sa singari ochilib so‘nadilar. Qani qaysi biri tuproqning qalbiga singishini o‘ylaydi”. Qiz ham har doimgidek unga bo‘ysungan tarzda “Men bilan baxtli bo‘lishingizning imkoni yo‘q… Qaysi fazilatim uchun meni xohlay olasiz, butun umringizni menga bera olasiz. Men bilan hayotingiz qashshoq bo‘ladi. Sizga ko‘nglimdan boshqa beradigan biror narsam yo‘qku. Ko‘nglim siz uchun yetarli bo‘lsaydi, sizni hammadan ortiq boy, hammadan ortiq baxtli qilardim, ammo ne chora… Afsus…” — deydi qiz boshiga og‘ir kulfat qo‘noqlagan onlarning birida ayrilishni ma’qul ko‘rib.

Aslida Lamia sevilmasdan Kanonning yonida yashashga sira-sira toqat qilolmasdi. Kanonga zavja bo‘lib, uning nafratiga noil bo‘lishni istamasdi. “…ayol birini sevarkan, qanday qilib boshqasini zavjasi bo‘lsin” — deya nolanavor o‘ylardi. Haqiqiy tul deb eri yo‘q ayollarni emas, erini sevmay yashayotgan ayollarni bilardi. Shu bois, unashtirilgan yigitini kelishi haqdagi xushxabarni tog‘asidan eshitgan mahali ov to‘pponchasi bilan o‘zini o‘ldirishga urinadi. Keyinchalik ham bu ishq savdosi uning yosh boshiga juda ko‘p falokatlarni yog‘diradi. O‘liklar qanday xazin, sokin, umidsiz qo‘msash bilan sevilsa, u ham Kanonni shunday sevdi. O‘liklardan ko‘rilgan jafo qanday unutilsa, Kanonni ham shunday avf etishga urindi. Tunlari uxlamay Kanonga maktublar yozdi va maktublarga o‘zi sezmagan holda butun qalb yaralarini ko‘chirgan bo‘ldi. Aslida maktublar faqat yuborish uchun yoziladi, biroq uning maktublari na yuborildi, na javoblarga intiqlandi. Ko‘ngil  sandig‘idagi nolalarini rostakam sandiqning ichiga osongina joylab, o‘zini o‘zi taskinladi. Bir kecha qalamidan g‘ayriixtiyoriy tarzda “bolamiz” degan so‘z to‘kildi, to‘kildiyu, ko‘p o‘tmay, begunoh qizchasini — “U”dan yagona yodgorlik” deb bag‘riga suyub og‘ushladi.

Lamia go‘yo quyosh yanglig‘ bir xilqat edi-yu, uni bevaqt uyg‘otib qo‘yib, charog‘on dunyoni ko‘zlariga zimistonlatgan, tubsiz jarlikka qulatgan edilar. Biroq u bu jarlikda ham, qorong‘ulik bag‘rida ham so‘nish bermadi, nurlanishdan to‘xtamadi. Va yoki qalbiga ekilgan Muhabbat nomli o‘lmas tuyg‘u niholini yulib otishga chog‘lanmadi, o‘zining pok vujudini zulmat bag‘rida turib ham begard saqlay oldi. Uning sevgisi beomonlikka griftor etilgandiyu, lekin nurlari shu qadar otashin ediki, shu qadar kurashchan ediki, hatto o‘zi yoqtirmagan kimsa uni yoqtirib qolib, xira pashaday yopishaverganida, tajovuz qilganida o‘zini himoyalash uchun so‘nggi ayanchli qadamni qo‘yish jur’atini berdi. Politsiya ta’qiblari ostida, hibsxonada, kasalxonada,  birovlarning uylarida sig‘indilanib  yurgan kezlarida, oxir-oqibat o‘zi tengi dugonasining onasiga aylanish qismatiga duchorlanganida ham sovish nimaligini bilmadi. Faqat va faqat kun kelib, Lamianing ishq olovi Vatodbeydan tinglagan birgina haqiqat qarshisida ustiga suv sepilgandek ojizdan ojiz ahvolga tushdi. Bir vaqtlar o‘ziga bag‘ishlab chalingan “Alla” bilan endi Kanonbey ikki oy Jovidonni ovuntirib uxlatgani haqidagi  achchiq xabar yuragini muzlatib yubordi.

Dunyoda iztirob bilan ayriliqday zo‘r tarbiyachi bo‘lmaydi. Vaqt o‘tib borgani sayin Kanonda ham taskin berib bo‘lmas bir dard tobora ulg‘ayib boraverdi. Bu dard ishq dardi, sog‘inch dardi, qumsash va talpinish dardi edi. Yigit qachonlardir bexosdan bilib-bilmay uyg‘otib yuborgan quyoshni bir ko‘rish ilinjida adoyi telba, bechoradan-bechora ahvolga tushdi. Endi na  yulduzlaru oy to‘la osmoni, na bag‘rini yoritguvchi quyoshi bor edi uning. Ayriliq mangu hukmini o‘qib bo‘ldi. Sevgi savdosi kechirib bo‘lmas aybi uchun unga hayotni ortiq ko‘rdi…

“Muhabbatning saroyi keng” deguvchilar hech vaqt uning ko‘ksiga oyu quyosh bir vaqtning o‘zida sig‘masligini bilisharmikin? Agar inson oldida bularning qaysidir birini tanlashga to‘g‘ri kelib qolsa-chi? Bu tanlov ichra xato qilishning tovoni tog‘dek og‘irdan-og‘ir, so‘roviga hatto umr kamlik qiladi. Adib mazkur asari orqali ishq yo‘lida yigit ham, qiz ham hech qachon adashmasligi zarurligini alamli voqealar asnosida aqlu shuurimizga uqtiradi, ko‘nglimizga yuqtiradi. Kanoning qismati, Lamianing ilk muxabbatiga benolish sadoqati timsolida bizlarga ogohli dars beradi…

Xalqimizning: “Aqlni aqlsizdan o‘rgan” degan naqli nuqtayi nazaridan mutolaa mushohadalarimizni nihoyalasak, “Muhabbat simfoniyasi”dagi qahramonlarning kechmishi shubhasiz har bir zamondosh yoshlarga ta’sirchan  saboq bo‘lishga arziydi.

Manzura ABDULLAYEVA

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting