«Men seni sevaman!..»
Lablarimdan otilgan bu — o‘q so‘zlar,
uchib borar, sening nishon — quloqlaringga.
O‘q nishonga tekkach,
yuraging qadamlari tezlashib ketar,
kiprigingdan shaffof quvonch oqar ovozsiz.
«Men ham…»
Birdan sen-da o‘q uzasan nishonlarimga
Va to‘satdan o‘q otarlar to‘qnashib ketar…
***
Yomg‘irlar qo‘shig‘i yangraydi bog‘da,
Chamanlar husniga boq. Juda ko‘rkam.
Shundayin g‘animat, foniy bir onda,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.
Hijron dog‘larini yuvib ketsin ul,
To vaslingga zarra qolmasin shubham.
Ko‘nglim gulzorida asraganim — gul,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.
Ista, yomg‘irpo‘shni qilaylik pana,
Quchoq ochaylik yo tomchiga, erkam.
Yaratgan rahmatin, bulut himmatin
Birga qarshilaylik, kelgin, malikam.
Yo‘llar tugamasa, yomg‘ir tinmasa,
Bir juft qush misoli qo‘nishib, kezsak…
G‘uborlardan xoli bo‘lgan dunyoda
Pokiza muhabbat borligin sezsak.
Kel, sayr qilaylik birga, malikam…
***
Ishdan horib, charchab kelaman sekin,
Suyangancha ikki oyog‘imga jim.
Ko‘zim xotirasin yo‘qotganmi yo
qorong‘idanmi?..
Ularga tanish ko‘rinmas hech kim.
Ijara uy meni qarshilar mudrab,
Tili kalimaga kelmay,
Eshik ham
Ostonada qoldi…
Og‘zin ochib lang.
Kuni bilan kimo‘zarga
poyga o‘ynashib,
Tuflilarim yiqildi,
horib, holi tang.
Chiroqni yoqaman,
Shiftdagi lampa
Xonani tun qo‘ynidan sug‘irib oldi.
Shimim gilamda…
Ko‘ylagim stulda
uxladi, qoldi.
Mening eski do‘stim qari karavot,
Tashrifimdan shod,
g‘ichirlab ayladi xonish.
Ko‘rpam meni kutib uxlab qolganin,
Yuzlarimdan o‘pib, shivirlar bolish.
Men sekin ko‘rpamni qucha boshlayman,
Yelkasiga qo‘yib
ikki qo‘limni.
Chiroqni o‘chirmay,
Ko‘zimni yumib,
So‘ng qarshi olaman issiq o‘limni.
***
Ko‘chaga boqaman oyna ortidan.
Tashqarida qor…
Tashqari sovuq.
Xayolim qorlarga botgancha, ana
ketib borayapti uyingga yana…
…Odobsiz xayolim beruxsat kirib,
Dahlizda turgancha so‘raydi sendan:
— Xayol uydami?
Sening javobing:
— Uyda yo‘q.
Ketgandi, so‘ramay mendan.
Xafsalasiz, madorsiz qaytar xayolim,
Yo‘lda necha to‘xtab, kuch yig‘ib olar.
…Qaytib,
ostonada kirolmay turgan,
Sening xayolingga duch kelib qolar…
***
Sen go‘zal o‘g‘risan, eng olg‘ir o‘g‘ri,
Mening xayollarim o‘g‘irlab ketgan.
Yana tortib olib ixtiyorimni,
Iziga izlarim to‘g‘rilab ketgan.
Sen go‘zal o‘g‘risan, eng olg‘ir o‘g‘ri,
Sho‘rini quritib necha-nechani.
Bir qarab oromsiz etib kishini,
Tonglarga ulatgan uzun kechani.
Sen go‘zal o‘g‘risan, netay, endi hech
Ko‘ngilni o‘g‘ridan tozalab bo‘lmas.
Eng alam qilgani senday o‘g‘rini,
Hech bir qonun bilan jazolab bo‘lmas!
Sen go‘zal o‘g‘risan, eng go‘zal o‘g‘ri!..