Ma’lumot
Tillaniso Eshboyeva Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 2016-yilda O‘zMU jurnalistika fakultetini tugatgan. O‘zRFA O‘zbek tili- adabiyoti va folklori ilmiy instituti tayanch doktaranti. «Dilxat», «Olovrang tug‘yon» nomli kitoblari nashrdan chiqqan.
— Siz bilan ilk marta tanishganlar sochlari kalta qirqilgan, ko‘zoynak taqqan, kamgap qiz deb eslab qolishadi. Ijodkor o‘zining doimiy imiji, boshqalardan ajralib turadigan biror detaliga ega bo‘lishi kerakmi, sizningcha?
— Aslida ko‘zoynagim, sochimning kaltaligi, kamgapligim alohida bir imij uchun emas, shunchaki zaruratdan. Kamgapligim xarakter, sochimning kaltaligi – erinchoqligimdan. Uzun sochni eplolmayman. Kaltasi ko‘proq yarashadi ham. Unchalik kamgap emasman asli. Faqat qo‘shilib ketishim qiyinroq. Tortinchoqman biroz. Keyin ko‘ngilni o‘rtaga qo‘yib uzoooq suhbat qurish uchun odam tanlayman. Bizning ruhimizdagi holatlar qiyofamizga ta’sir qiladi. Men imij deganda shu ta’sirni, ruh va qiyofa uyg‘unligini tushunaman. Demak, ijodkorning alohida imiji, alohida qiyofasi baribir bo‘ladi, bo‘lishi kerak. Busiz mumkin emas.
— She’rlaringiz menga yoqadi. Nega hozirgi yoshlar oq she’r va sarbastda ijod qilishga o‘tishyapti. Qofiyali, qat’iy barmoq vaznida yozish o‘z his tuyg‘ularini ifodalashda ularni cheklab qo‘yaptimi yo?
— Aksincha, hozirgi yoshlar sarbastga o‘tib ketmagan. Oq she’r yozayotganlar sanoqli. His-tuyg‘uni cheklashning esa she’r shakliga aloqasi yo‘q. Bu o‘z ichimizdagi streotiplar, qo‘rquv bilan bog‘liq. Hatto odam kundalik yozayotganida ham o‘z-o‘ziga duch kelishdan, haqiqatlarini tan olishdan qo‘rqishi mumkin. Men ham sarbastda yozsamda shu qo‘rquvdan ozod bo‘lmaganman. O‘zimni oxirigacha fosh etishdan qo‘rqdim. Hozir qo‘rqmayapman deyolmayman, faqat qo‘rqayotganimni angladim. Qo‘rquvdan xalos bo‘lmasam, mavhumlikdan qutulolmayman. Shuni tushundim. Odam haqiqatga oxirigacha dosh berolmaydi, lekin tan olishdan cho‘chimaslik kerak. Shunda o‘zimizni cheklamaymiz.
— Duyel loyihasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi, ishtirokchilar orasida siz ham bor edingiz. Yoshlar adabiy muhitni jonlantirishga harakat qilyapti, bugungi adabiy jarayon haqda fikringiz qanday?
— Bugungi adabiy jarayonda epkinlar bor. Umid bor ertadan. Yoshlarning o‘zida tashabbus bor. O‘zlari uchun nimadir qilishga, adabiy jarayonni tebranishtirishga urinyapti. Bu boshlanishi. Hali adabiy jarayonda toshqinlar, evrilishlar, keskin burilish – revolyusiyalar bo‘ladi. Uzoq kelajakda emas, yaqin qoldi.
— Nazar Eshonqul ruhiyatingiz chizgilariga o‘zchaga ta’sir qilganini bilaman, yana kimlarning ijodi sizga yoqadi, sevimli asarlaringiz, mualliflaringiz haqda so‘zlab o‘tsangiz.
— Ha, to‘g‘ri, Nazar Eshonqul ijodi — ijodimdan ko‘ra ko‘proq dunyoqarashimga ta’sir qilgan. Sevimli ijodkorlarim ko‘p. Lekin ko‘proq ruhan boshqa bir bosqichga olib o‘tgan yoki shunga turtki bergan asarlar esda qolar ekan. Men she’riyatdan ko‘ra nasrga yaqinroqman. Chunki she’rmas, nasr o‘qiyman aksar. Shoirlarni kam o‘qiyman. Bitta nasriy asarni bir haftada o‘qisam, bitta she’rni o‘qib, uning ruhida mazza qilib yashashim uchun, ta’mini totishim uchun biro oy vaqt kerak. Nasrdan ham tez zerikaman. Xullas, shoir yoki adib emas, izlovchi deb bilaman o‘zimni. Sevimli kitoblarimni bir-bir sanolmas ekanim. Hozir Shomirza Turdimovning “Hikmatlar xazinasi”, “Go‘ro‘g‘li genezisi” asarlari bilan yashayapman. Qolaversa, Karlos Kastaneda ijodi shu kunlarda e’tiborimni tortgan. Keyingi 2 yilda kitob kam o‘qiyman. Negadir kitoblar o‘ziga tortmay qo‘ydi. O‘z ichingdagi kitobni ochib olish muhim ekan.
— Ijodkorlar o‘rtasida afsuski g‘ayirlik va ko‘rolmaslik hislatlari yo‘q emas, tarafkashlik ham bor. Nima deysiz yoki birdamlik kuchliroqmi? Adabiyot olamida haqiqiy do‘stingiz bormi?
— Birdamlik kuchli. Tarafkashlikdan noliydigan odamning o‘zi tarafkash bo‘ladi. Adabiyot olamida haqiqiy do‘stlarim juda ko‘p. So‘z orqasidan kim bilan tanishgan bo‘lsam, hammasi do‘stim. Hammasi “men”imning qaysidir qismini qondirgan, qondiradi. Taft, energiya bergan. Buning uchun ularga rahmat deyman.
— Turmushga chiqib farzandli bo‘lgan ijodkor ayollar bir muddat ijoddan chekinishiga to‘g‘ri keladi. Ayrimlari oilasi uchun ijoddan kechadi ham. Siz ham kelgusida shu holatga tushmaslik uchun turmush o‘rtoq tanlashda qanday taraflariga ahamiyat qilasiz?
— Hech qanday tarafiga ahamiyat qilmayman. O‘zimni bilaman – har qanday jiddiy qarorni to‘satdan, daf’atanlikda qabul qilganman. Nega shunday qilganimni ongli tarzda o‘zgalarga ham, o‘zimga ham tushintirolmaganman. Nima bo‘lsa ham, bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa sodir bo‘ladi. Turmush borasida ham shunday bo‘lsa kerak. Oila uchun ijoddan kechish, chekinishga kelsak, bu ko‘proq qalbdagi bo‘shliq bilan bog‘liq. Agar bo‘shliqni oiladan topiladigan baxt to‘ldirsa, bu yaxshi-ku. Yozishga bo‘lgan ishq o‘rnini boshqa bir Sevgi bosa olsa, yozmagan yaxshi asli.
— Bir bloger opamning adabiyot, qachon uyg‘onasan, deb yozganlarini o‘quvdim. Sizningcha, adabiyotimiz uxlayaptimi? Yoki bizga siyosiy-ijtimoiy muammolar aks etgan hikoyalar zarurmi?
— Keling, shu savolni boshqacha qo‘yaylik. Adabiyot uxlamayotganini baholash uchun uyg‘oq bo‘lish kerakmi? Javob shunda yashirin. Albatta, har bir ijodkor o‘z davrining odami. Istaydimi, yo‘qmi, shu davr kayfiyatini tashib yuradi. Shunday ekan, ijtimoiy-siyosiy kayfiyat albatta asarga ko‘chib o‘tadi. Faqat asar ijtimoiy-siyosiy darajada qolmay, asl san’at asari darajasida bo‘lsin. Shundagina u adabiyotga ham, ijtimoiy-siyosiy g‘oyalarga ham xizmat qiladi.
— Tilliniso, an’anaviy savolim: Muhabbat siz uchun nima?
— Muhabbat — yashayotganingni his qilmaslik. Unutish, hamma narsani, Vaqtni unutish, pisand etmaslik. Kapalak singari lahzalararo uchib-qo‘nib yurish, borliqdan, borligingdan zavq olish. Muhabbat odamning olamdagi eng kichik narsalardan tortib eng katta narsalargacha tutashuvi, garmoniya. Eng quyi ma’noda esa muhabbat – ko‘rlik. Sen uchun olamning markazi bitta odam yoki bitta narsa bo‘lib qolishi. Boshqa narsani his qilmaslik, ko‘rmaslik, hatto yashayotganingni ham his qilmaslik. Muhabbat o‘zingni o‘zingdan qutqaradigan eng yaxshi vosita.
— Sevimli to‘rtligingizni bizgayam ulashing.
— Men shoir emasman, men bir firibgar,
Men xudo emasman, men Abduvali.
Sizga aytgandim-ku, bugun o‘laman deb
Lekin yolg‘on edi haqiqatlarim.
(Abduvali Qutbiddin)
— Suhbat uchun tashakkur!
— Sizga ham rahmat. Ijodingizga, saytingizga baraka, rivoj tilayman.
Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi.