Menchun kitob eding — e’zozli, suyuk
Nurdan paydo bo‘lib kamolga yetgan.
Muhtasham, qatlari ifodaga boy,
Tangrim seni faqat men uchun bitgan!..
Shunday komil eding mening nazdimda,
Bebaho degan so‘z yolg‘iz senga xos.
Shuncha ojiz edim, go‘yo yoningda
Sen uchun oddiy bir ilova, xolos…
Azizim, mag‘rursan, bilasan hatto
Isming yodga tushsa, titraydi yurak.
Lek, nechun bilmaysan, buyuk kitobni
Tushunmoqlik uchun ilova kerak…
***
U payt sevar edim… Tunlar yulduzlar
Ko‘nglim qatlariga yog‘du sochardi.
Tonglari lojuvard nurlari bilan
Quyosh derazamni o‘zi ochardi.
Unda sevar edim… Subhidam qushlar
Men-la sirlashardi dil rozlarini.
Yaproqlar shivirlab so‘zlardi menga,
Bulbullar va yellar ovozlarini.
Unda dunyo go‘zal, ham bebok edi,
Qora ranggi sira yo‘q edi uning.
Binafsha atriga to‘lgandi borliq,
Jununvash ifori bor edi tunning…
Sevardim… O‘shanda na ozor, na g‘am,
Na atrof odamli qayg‘ugoh edi…
Bir men, Sen va Sevgi bor edi unda,
Hudo ham biz bilan va ogoh edi!
Menga yulduzlarni qilmasding va’da,
Mening ham aslo bu emasdi dardim.
Ammo, menga boqqan nigohlaringda
Yulduz porlar edi har gal, sezardim!
Nurlarga chayilgan edi har bir on,
Ko‘nglimiz ufqlarga ketmagan edi.
Kaftlarimiz qaynoq, qalblar tug‘yonli,
Hali… Ishq bizni tark etmagan edi…
***
Qiz va yigit jim o‘tirishadi o‘rindiqda – xiyobonda,
Chunki tilning aralashuviga ehtiyoj yo‘q.
Qalblar, ko‘zlar so‘zlashganda baxtdan, visoldan…
Nogoh yomg‘ir quydi, iliq, huzurbaxsh.
Soyabonin ochish o‘rniga, qiz xursand qiyqiradi,
“Hindcha yomg‘ir” bu, ha, xuddi o‘zi!..
Garchi, yomg‘ir yoki bo‘ron va yoki shamol
Ayni biror millatga oid emas, zotan
Oy va Quyosh, Yer va Osmon faqat biror millat
Yoki davlatga tegishli bo‘lmaganidek;
Qiz aytmoqchi bo‘lgani shu ediki,
Hind kinolarida oshiqlar sevgi bo‘yidan
Mast bo‘lib yurisharkan, ularni alqabmi,
Qutlabmi, yomg‘ir elab yuboradi tabiat elagidan.
Xullas, bu ham shunday nogahon yomg‘ir,
Va baxtli yakun topgan xuddi o‘sha
Kinolardagidek nafis, rohatli!
Qiz va yigit qattiq sevishardi bir-birin
Xuddi fransuz filmlaridek, xuddi fransuzlardek
Va yoinki ispanlardek mardona va jasur edi.
Yigitning tuyg‘ulari; harqalay asarlarda
shunday tasvirlanadi ispan oshig‘i.
Qiz esa mag‘rurlikda qolishmasdi biror
Yunon qizidan, hatto yunon ma’budalaridan!
Ammo, ular o‘zbek edi… faqat o‘zbeklardagina
Yigit — kambag‘al, qiz – boy va yoki aksincha
bo‘lsa, sevgi – ta’qiqlangan hudud yoki oddiygina
Ta’qiq mevasidir, agar yer yuzi jannat bo‘lganida ham…
Holbuki, bugun jannat emas Yer
Oshiqlarga, tuyg‘ularga, insoniylikka qarshiligi
bilan bugun yerning farqi yo‘qdir endi do‘zaxdan…!
Gapdan chalg‘imaylik, xullas o‘zbek yigit va qiz
O‘sha yomg‘irli kundan so‘ng ayro ketdilar —
ayriliq va sog‘inch degan ikki yo‘l bilan.
Yigitning ispanlardek jasurligi ham
Va yoki qizning yunonlardek mag‘rurligi
hech narsa bo‘lmay qoldi o‘zbekcha udumlar oldida!
Faqat ikkisi ham bilishmasdi bitta narsani:
Hijron qaysi xalqqa tegishli faqat, yoki
ayriliqning — badbaxt ayriliqning
millati bormi?..
***
Hind filmlarini yoqtirardi u,
Ishonardi yig‘lab-kuyishlariga.
Qiz-yigitning birga qo‘shiqlar aytib,
Qirlarda quvnashib yurishlariga.
Sevgan aktyorin ijrosin ko‘rmay
Biror kun yo‘q edi, ketsin uyquga.
Kinolar sababmi, yo g‘o‘r edimi,
Ishonardi sevgi degan tuyg‘uga…
Qanday ishonmasin, ko‘rganlarida
Oshiqlar chindan mard, botir edilar.
Suygani deb mudom har nega tayyor
Va hamma narsaga qodir edilar…
Mahbubasin asrar hatto yellardan,
Gap talosh qilmasdi yot og‘izlarga.
Ko‘rsatib qo‘yardi qahramon doim
Kimligin, har nokas, past, noqislarga.
Ammo turmush… Hayot…
Bunchalar farqli!
Qalbdagi suronlar yo‘qoldi, tindi.
-Sevgi to‘ygachadir! — Ko‘ndi-yu, ammo
Shundan keyin kino ko‘rmasdi endi…