PIYODA

0
1095

Rey Bredberi

Noyabr oyining tumanli oqshomi edi. Kechki soat sakkizdan boshlanadigan shahar sukunatiga sho‘ng‘ib ketish uchun ikki qo‘lini cho‘ntagiga tiqqanicha, barra maysalarga ozor bermaslikka urinib zich beton yo‘lka bo‘ylab boshi oqqan tomonga qarab sayr qilish – mana shu Leonard Midning bu yorug‘ olamdagi eng sevimli mashg‘uloti edi.

U ko‘cha chorrahasida qaqqayib turganicha, oy nuri ostida qay yerga bo‘lsa ham oshiqish uchun yo‘nalish izlashni yoqtirardi. U 2053-yil olamidagi yakka-yu yagona piyoda bo‘lib, ayozli havoga huddi tamaki tutuni buruqsitayotgandek g‘ayrat bilan tanholikda o‘zi tanlagan yo‘ldan ketib boraverardi.

Ba’zida u soatlab bir necha chaqirim yo‘l kezib, uyiga yarim tunda qaytib kelardi. O‘z yo‘lida u go‘yoki qabristonni yodga soluvchi minglab derazalarini qora drap mato bilan to‘sib tashlashgan uylar oralab o‘tar, chindanam fosfor ziyo taratuvchi oyinai jahon ekranlari bu xira pardalar ortidan qabrtoshlarga yoqilgan shamlarni eslatardi. Ba’zan nim ochiq derazalar ortidan kulrang sharpalarning zo‘rg‘a sas beruvchi shitirlarini eshitib qolardi.

Ana shunda Leonard Mid yurishdan to‘xtab sukunatga quloq tutar, so‘ng esa tag‘in unsiz qadam tashlagancha o‘z yo‘lida davom etardi. Allaqachon yumshoq poshnali oyoq kiyim kiyishga o‘tib olgan, tasodifiy ko‘ppaklarning bezovta hurishlariga sira uning hushi yo‘q edi. Zeroki bunaqa shovqindan albatta barcha derazalar ochilib, ko‘cha bo‘ylab yolg‘iz sayr qilib yurgan shakl-shamoyilga odamlar hayrat to‘la ko‘zlari bilan boqib qolishardi.

O‘sha oqshom u dengiz berkinib yotgan g‘arb tarafga qarab boshini burdi. Izg‘irinli havo dimoqqa hush yoqar, huddi yangi yil archasidagi chirsillagan nuqra qor hidi singari o‘pkalari-yu burnini qitiqlardi. U bajonidil oyoq kiyimi ostidagi shitirlayotgan xazonlarga quloq tutar, bo‘g‘zi aro yoqimli nag‘ma chalardi. Yerga to‘kilgan barglarni olib ularning chizgilarini nur jilvasida tomosha qilar, yoqimli hidini tuyardi.

– Hey! Salom, qalaysizlar? – har bir uy yonidan o‘tarkan shivirlardi – Bugun 4-7-9- kanallarda nima ko‘rsatishayapti? Chavandozlar hali ham ot chopishayaptimi, amriqolik otliq askarlar hali ham yordamga tayyormilar?

Ko‘cha esa sukunat qo‘yniga g‘arq bo‘lgan, uzun va bo‘m-bo‘sh ko‘cha bo‘ylab yolg‘iz daydi ketib boradi. Ko‘cha o‘rtasida turib olganicha asriy davrlardan qurib qolgan Arizona daryosi qirg‘og‘ida tanho qolgandek his qiladi o‘zini.

– Soat necha bo‘ldi? – soatiga qararkan o‘zidan o‘zi so‘raydi. – Yetti yarim? Qotilliklar habarnomasi uchun ayni vaqti emasmi, balki bilimdonlar bellashuvimi? Quvnoq ko‘ngil ochar tomosha ko‘rsatilayotgandir?

Oy yog‘dusiga cho‘mgan uy derazasidan qahqaha sadosi yangradi. U biroz muddat tosh qotib turdi. Biroq kulgu yana jimlik ichiga so‘rilgach, u yo‘lida davom etdi. Kutilmaganda u egri yo‘lkadan chiqib qoldi. Betonli yo‘l adosiga yetgan, o‘t alaf o‘sib yotgan sayhonlikka qadam qo‘ygandi. Eng qizig‘i necha chaqirim yurib qo‘ygan bo‘lsa ham bitta ham yo‘lovchiga duch kelmadi.

U ikki shaharni tutashtirib turadigan katta ko‘cha bo‘ylab ketib borardi. Kunduz kuni bu yer o‘z tashvishi bilan shoshayotgan qiyqiroq mashinalar sadosi-yu avtopoygachilarga o‘xshaydigan qo‘ng‘iznus’halarga to‘lib toshadi.

Ammo hozir bu yer jizg‘anak saratonda qurib qolgan daryo o‘zaniga o‘xshab qolgan. Faqat toshlar va oy nuri.

U uyga qaytish vaqti bo‘lganini anglab endi burilgan ham edi, uyi tarafga bir daha etmasidan uni charog‘on bir nur qoplab oldi. U chiroqqa tushib qolgan tungi kapalakdek his qilib qo‘rquvdan dag‘illadi.

Hirqiroq ovoz eshitildi:

– To‘xtang. Qimirlamang!

U tosh qotdi.

– Qo‘lingizni boshga qo‘ying!

– Ammo…

– Boshga qo‘ying deyapmiz! Yo‘qsa otishimizga to‘g‘ri keladi!

Bu politsiya edi, eng qizig‘i butun shaharda uch millionta mashinadan bor yo‘g‘i bittasi qolgan. Qizig‘-a? O‘tgan 2052-yilgi saylovda halq minglab mashinani bittaga kamaytirishni yoqlab chiqqan, jinoyatchilik shu qadar kamayib ketganligidan politsiyaga hojat qolmagan edi. Bor yo‘g‘i mana shu bo‘m bo‘sh ko‘chada tentirab yurguvchi so‘ngi mashina qolgandi, xolos.

– Ism-sharifingiz? – so‘radi mashinadan chiqqan o‘sha hirqiroq ovoz. Ko‘zni olar darajadagi nurdan mashinada o‘tirgan odamlarni ko‘ra olmadi.

– Leonard Mid.

– Balandroq!

– Leonard Mid.

– Kasbi-koringiz?

– Men yozuvchiman.

– Demak, ishsiz, – dedi go‘yoki o‘zi bilan o‘zi gapirgandek mashinadagi ovoz. U hamon chiroq nurlari ichida muzeydagi eksponat kabi qaqqayib turardi.

– Shunday desa ham bo‘ladi, – o‘zi ham ko‘ndi janob Mid. Chunki anchadan beri yozmay qo‘ygandi. Odamlar kitob va ro‘znomalar o‘qimay qo‘yishgan, nashriyotlar ham, kutubxonalar ham yo‘q bo‘lib ketgandi. Endi hamma tirik jon oqshom cho‘kishi bilan uy uyiga berkinib olishganicha, zangori ekrandagi oq-u qora, rangin va jilokor tasvirlarga o‘lik basharalarini tutishgancha mahliyo bo‘lishgandi. Huddi manqurtlardek.

– Ishsiz, – tasdiqladi hissiz tovushda haligi ovoz. – Ko‘chada nima qilib yuribsiz?

– Sayr qilib yuribman,– dedi Leonard Mid.

– Sayr?

– Ha. Shunchaki sayr, – javob berarkan yuzlari oqarib ketdi.

– Shunchaki sayr qilib yuribsizmi?

– Ha, janob.

– Qayoqqa ketayapsiz? Nima maqsadda?

– Shunchaki toza havodan nafas olish uchun. Tomosha qilish uchun.

– Manzilingiz?

– Janubiy Sent-Jeyms ko‘chasi, o‘n birinchi uy.

– Ammo siz o‘z uyingizda o‘tirib ham nafas olsangiz bo‘ladi-ku. Uyingizda chillachi bormi, janob Mid?

– Ha.

– Tomosha qilishga oynai jahon ham bo‘lsa kerak?

– Yo‘q.

– Yo‘q?! — Ovozning bo‘g‘ziga allanima tiqilgandek ikkilanib qoldi.

– Uylanganmisiz, janob Mid?

– Yo‘q.

– Bo‘ydoq, – yorqin nur ortidan politsiyachi sadosi eshitildi. Oymomo shahar uzra balandga bo‘ylagan, yulduzlar charaqlab turardi. Ularning nuri ostida uylar rangpar va soqovdek ko‘rinardi.

– Hech kim menga turmushga chiqishni istamagan, – jilmaydi Leonard Mid.

– Sizdan so‘rashsagina gapiring!

Leonard Mid izg‘irinli shamolda tik turardi.

– Shunchaki sayr qilib yuribsiz-a, janob Mid?

– Ha.

– Biroq hech qanday vaj-korson keltira olmadingiz.

– Tushuntirdim-ku: toza havodan nafas olishchun aylanishga chiqqandim.

– Va siz tez-tez bu bilan shug‘ullanib turasizmi?

– Ancha yildan beri, har kecha.

Tungi nazorat mashinasi ko‘cha o‘rtasida arvohdek qotib turar, onda sonda pishillagan radioovoz jimlikni buzib turardi.

– Juda soz, janob Mid.

– Bo‘ldimi? – muloyimlik bilan so‘radi u.

–Ha. Bu yoqqa,– mashinaning orqa eshigi ochildi. – Marhamat, o‘tiring.

– Bir daqiqa, axir men hech narsa qilganim yo‘q-ku!

– O‘tiring!

– Norozilik bildiraman!

– Janob Mid!

U huddi mast alast kishidek chayqalgancha mashinaga yaqinlashdi. Orqa oynaning ochiqligidan ichkariga ko‘z yugurtirarkan, kutilgandek ichkarida hech kim yo‘q edi, mashina bo‘m bo‘sh edi.

– O‘tiring.

U eshik ortidagi manzaraga ko‘z tashladi – orqa o‘rindiqda panjaralangan mitti kameracha ko‘zini lo‘q etib turardi. Havodan zang va tinchlantiruvchi dori hidi anqirdi. Hech qanday iliqlik yo‘q edi.

– Agarda sizning rafiqangiz bo‘lganida edi, aybsizlikka dalilingiz bo‘lar edi, — vishilladi anavi temir ovoz. – Ammo baxtga qarshi…

– Meni qayoqqa olib bormoqchisiz?

Sovuqqina jimlikda huddi axborot almashinishga hisobot berishayotgandek to‘xtalish yuz berdi. Mudhish kamera ko‘zchasi yaltirab ketdi.

– Ruhiy tadqiqotlar markaziga.

U mashinaga o‘tirdi. Eshik tovushsiz yopildi. Mashina ko‘chalarni xira chiroqlari bilan yoritgancha yelib borardi.

Birozdan so‘ng minglab tussiz uylar ko‘lankasi ichida charaqlab turgan derazalari lang ochiq uy yonidan o‘ta boshlashganida, yuragi hapqirib ketdi.

– Bu mening uyim, – dedi Leonard Mid.

Biroq hech kim javob bermadi.

Mashina kimsasiz huvullab yotgan ko‘chalar va sharpasiz yo‘lkalarni ortda qoldirib ketgach, endi bu sovuq noyabr tunlari halovatini hech bir jon yoki sado buza olmasdi.

Zafar Tilovov tarjimasi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting