hikoya
Tong yorishmay, buvimning «qhu-qhu»lab yo‘talishi ovozidan
uyg‘onaman. Ko‘zimni chala ochib, sekin atrofni kuzataman: buvim meni uyg‘otmaslik
uchun sham yorug‘ida ishlarini bitirayotgan bo‘ladilar. Qayoqqadir otlangan
ko‘rinadilar, pistoqi gulli ko‘ylaklarini kiyib, qizil naqshli oppoq ro‘mollari
ustidan yo‘l-yo‘l yaktak (paranji)larini boshlariga tashlayotgan edilar.
— Katta! — injiqlanaman ko‘rpaning bir chetini qayirib, — Qaqqa ketopsiiiz?
— Hich qaqqa! — deydilar buvim jerkinib. — San yotovur. Xo‘rozam qichqirgan yog‘
holi.
— Yo, manam boraman, qaqqa boropsiz? — endi o‘rnimdan turib, shosha-pisha qaviq
nimchamni kiya boshlayman.
— Ayttim-ku, sani obommayman barbir, monin yurmaysan mehmonga. Turkigan busang,
borib uzziyni yub ke, hamma ishimmi chappa qimastan, — ters o‘girilgan buvim elektr
chiroqni yoqarkan, so‘ng burilib, derazaga qo‘yilgan shamni o‘chirdilar. Sham olovi
tegib qolmasin uchun qayirib qo‘yilgan pardalarni tushirdilar.
To men tashqariga chiqib, yuvinib kelgunimcha, buvim o‘rin-ko‘rpalarni yig‘ishtirib,
ketishga tayyorlanib turgan bo‘ladilar. Men uyg‘onmasdan biron yoqqa borib-kelmoqchi
bo‘ladilar-u, uyg‘onganimni ko‘rgach, baribir ergashtirib ketadilar. Uyda bir o‘zim
qolaman-da aks holda! O‘zi, buvimning birgina ovunchoqlari menman. Buvam men
tug‘ilmasimdan vafot etib ketgan ekanlar, buvimning aytishiga qaraganda.
Juda yaxshi tushunmayman-u, buvimning qandaydir xastaliklari borligini bilaman. Shu
boismi, odamlar buvimdan o‘zini chetga tortib yurishadi. Buvim sho‘rlik, dorilari
turadigan joyni faqat menga «ishonadilar.» Dadam, oyim, akam va opam shaharga
ketishgan. Butunlay. Boshqa yo‘l yo‘q edi: opamni qo‘shnimizning iti yomon talagan,
uni davolatish uchun shaharga olib ketish kerak edi. Dilnur opamni kasalxonaga
yotqizib kelgach, dadam Karim ovchidan miltig‘ini olib, borib ataylab o‘sha itni otib
tashlagan edi. Avvaliga qoniga belanib yotgan itni ko‘rib, unga juda rahmim
kelgandi. Keyin… Opamni ko‘rgani olib borishganda, uning ahvolini ko‘rib…
Nimalarnidir tushungandek bo‘lgandim. Opamni oyoqqa turg‘azish uchun uzoq harakat
qilishdi, buvam (oyimning otalari) o‘sha yerdan turar joy qilib berdi. Bir yilcha
bo‘lib qoldi bunga ham.
Qora qaviq guppichamga yanayam burkanib olgancha, ketib boryapman. Buvimning qo‘lidan
chiqib ketib, yo‘l chetidagi ariq bo‘ylab yura boshlayman, hali ochilishga ulgurmagan
momoqaymoq g‘unchasi egilib, jilg‘a suviga yuz chayayotganini biroz tomosha qilaman.
— Pudina chig‘iptimi? — so‘raydilar buvim.
U yoq-bu yoqqa alanglab, yalpiz izlay boshlayman. Ola-bula toshdan mavj hosil bo‘lgan
joyda suv ichidan binafsharang barglar hilpirab, ko‘zga tashlanadi.
— Naparmoni borakan, holi yashil bo‘mapti, — deyman baribir uni uzib olish uchun
intilib.
— Baqqa vo‘t, suga tushib ketasan hozzi! — koyiydilar meni.
So‘zsizgina ularga ergashib, yana qo‘llaridan tutib ketaveraman. Paranji ostidan
ko‘rinib turgan, bo‘yingacha tang‘ib bog‘langan ro‘molning uniqqan rangi, o‘sha eski
yo‘l-yo‘l paranji, buvimning boshida qilt etmay kelayotgan dasturxon, o‘zimning-da
eskigan egni-boshim, odatiy ko‘chalar, huv narida ko‘cha supurayotgan kelinchakning
yonida irg‘ishlayotgan Sirtlon — hamma-hammasi meni zeriktiradi, bo‘g‘ilayotgandek his
qilaman o‘zimni.
— Katta, qishloqqa sig‘may ketomman, — deyman o‘zim nimani his qilayotganimni
tushuntira olmay.
— Kichkinigina bo‘lib turib, shunnog‘ katta qishloqqa sig‘maysammi? — birnimalar
bilan ovutmoqchi bo‘ladilar meni. — Biyag‘la — har kun yuraytigon yo‘ling, shuni uchun
sanga hammayag‘ kichkina, tor bo‘lib ko‘rinadi. Yuri, sani bashqa yo‘llan mehmon
oboraman…
Boyagi ko‘cha supurayotgan kelinchakka yaqin kelib qolganimizda ham, u bizni ko‘ra
turib, yuzini ters o‘girgancha ishida davom etaveradi, Sirtlon ham bizga qarab
yoqimsiz irillaydi.
— Katta, nimaga Sadbar yangam bizga kelinsalom qimadila?
— Sadbar yangang bizani tanimaydi-da! Yangi kelinchay busa…
— Man taniyman-ku, ukasi bilan ko‘p urishaman. Mani doyim begona qiladi,
qo‘shmaydi…
Buvim hech nimani eshitmagandek, indamay kelinchak yonidan o‘tib ketadilar. Keyin
men deyarli bilmaydigan ora ko‘cha tomon yo‘lni buradilar. Ketib borarkanmiz, bu
men uchun «yangi» ko‘cha bo‘lsa-da, tor va qing‘ir-qiyshiq yo‘llar meni battar bo‘g‘a
boshlaydi. Devorlar tobora yaqinlashib, shu mitti vujudim ko‘chaga sig‘may
qoladigandek tuyulaveradi. Buvimning menga xavotirlanib aytayotgan so‘zlari meni
o‘zimga keltiradi.
— Turki, nimaga vo‘ttirivolling?
O‘rnimdan turib, yana yo‘lda davom etaman. Har doim buvimning biz bilan
«salom-alik» qiladigan yagona dugonasinikiga borguncha shunaqa — bolalarga xos har
qanday savol-u g‘alati gaplarim bilan buvimni «zeriktirmayman.» Notanish
ko‘chalardan ketib borayotgan bo‘lsak-da, qanday qilib aynan o‘sha uyni topib
kelganimiz meni hayron qoldiradi.
Buvimning dugonasi bilan uzundan-uzoq salom-alik, hol so‘rashishlari meni
zeriktiradi, yashil maysalardan holi tosh yo‘lakka ergashgan nigohim ganch bilan
bezalgan devordagi noaniq shakllarda to‘xtaydi.
— Ichkari kiring, apa, — nihoyat, buvimning dugonasi salom-alikni yakuniga
etkizdi, — qachannan beri kutivvo‘ttiriptila…
— Birdan vo‘yga jo‘natiyavarmabsila-da…
— Bilmasam, iyollilami…
Buvim rangi oqarib, qo‘llari qaltiragan ko‘yi ichkariga shoshiladilar, yuzlarida
tabassumga ham, qayg‘uga ham o‘xshamaydigan hayajoniy ifoda zohir bo‘ladi. Meni ham
unutgan ko‘yi shosha-pisha qadam tashlaydilar.
— Mohi, san shaqqa digonalaring bilan vo‘ynab tu… — buvimning dugonasi yolg‘iz
qolganimni ko‘rib, qo‘limga bir bo‘lak patir bilan to‘rt-beshta parvarda tutqizgan
bo‘ladi-yu, nabiralarini chaqiradi, — Sayda, Nigina! Qovurchog‘lariyni opchig‘iyla!
Zum o‘tmay, qarshimda paydo bo‘lgan Fotima-Zuhralarcha bir-biriga o‘xshash
opa-singillar qizg‘anch nigohlari bilan qo‘llaridagi eskirgan latta qo‘g‘irchoqqa
termulib, to‘xtab qolishdi. To‘zg‘igan sochlariga, sarg‘ish qoshlari-yu, yumaloq
ko‘zlariga bir muddat qarab turdim. Saida ertalabdan gulmomachechak yegan ko‘rinadi,
ingichka lablari atrofida yashil dog‘lar ko‘rinib turardi. Gulmomachechak — bandsiz
bargli, loladoshlar oilasiga mansub, gulbarglari binafsha-ko‘kish tusli o‘simlik,
erta bahorda qiyg‘os ochiladi. Aynan mana shu o‘simlikning guli yoqimli nordon ta’mga
ega, bolalar bahorgi g‘o‘ra mevalar qatori, gulmomachechak gulini ham terib
eyishadi. Xullas, ikki opa-singilning yotsirab, yoqtirmay qarab turishlari ensamni
qotiradi.
— Qovurchog‘lariyni opkirib qo‘yiyla. Man vo‘ynamayman. Bu il maktob boraman, iyot
bo‘ladi, — deyman patirni tishlay turib.
— I, san maktob boropsammi? — qiziqish bilan so‘raydi Saida.
— Ha… — yana nimalardir demoqchi bo‘laman-u, ichkaridan eshitilgan baland ovoz
e’tiborimni tortib, so‘zimni unutaman:
— Kunnoshing bo‘madi… Bir gapka ko‘nsang-chi, shuncha vaxt hammadan iyolib yurish
badingga urmadimi? Sani opketay, dib kellim-ku? Man bilan ketasan, gap tamom!
Bu odam kim o‘zi? Nega buvimni olib ketmoqchi? Buvim ham indamay yon berayotgandek,
ovozlari chiqmaydi… Nimalar bo‘lyapti?!
Nihoyat, meni savollar girdobidan olib chiqqan voqea sodir bo‘ladi — buvim hovliga
chiqib, atrofga qaraydilar, bir chekkada bolalar bilan andarmon bo‘lib turganimni
ko‘rib, shosha-pisha kalishlarini kiyadilar-u, meni chaqiradilar:
— Baqqa ke, ketommiz…
Keyin buvimning izidan notanish bir odam chiqadi. Yoshi bir joyga borib qolgan
bo‘lsa-da, hali baquvvat, buvimdan yoshroq ko‘rinadi u. Notanish odam poyabzalini
oyog‘iga kiyib olgach, shaxdam odimlar bilan mening yonimga keladi, engashadi, so‘ngra
tizzalab o‘tiradi. So‘ng meni bag‘riga tortadi:
— Man bovongman, Mohi… Silani opketkani kellim…
U odam menga boshqa hech nima demaydi. Uyga tomon ketib borarkanmiz, endi
buvimning avvalgidek qad bukib yurishlari yo‘q, nazarimda, yosharib qolgandek
tuyilib ketadilar. U odam esa, buvimga paranjilarini olib tashlashni buyurar,
yurish-turishidan kamchilik topaverardi. Menga umuman yoqmadi bu odam. Eng yomoni,
butun oilamiz shaharga ko‘chib ketganida ham unamagan buvim, endi mana shu odam
uchun hamma-hammasidan kechib, shaharga ketish uchun uchib-qo‘nib turardilar.
Shahar deganlari menga umuman yoqmadi. Qishloqqa sig‘may ketyapman, derdim doim. Bu
shahar deganlarida esa, butkul bo‘g‘ilib qoldim. To‘g‘ri, dadam va oyimni ko‘rgani
tez-tez boraman, lekin men buvimdan ajralgim kelmaydi. U odam buvimga bir
yomonlik tilaydigandek edi, nazarimda. Qolaversa, u odamning ko‘zini shamg‘alat
qilib, turmushga chiqmagan ikki qizi buvimning ustidan kulib o‘tirishadi.
Suhbatlarning birida eshitgan xabarim, bola aqlim bilan tushunmagan haqiqatimni
menga oshkor qilib berdi…
— O‘zi dadam uni shu qishloqiligi uchun tashlab ketgan bo‘lsalar kerak, — ensa qotirdi
kichik «ammam».
— Kulgimni qistatma! Bilasan-u, dadam ham shunaqa «eskicha»lardan. «Bechora» ayolni
erkak do‘xtir muolaja qilgani uchun tashlab ketganini birovga aytishga uyalasan
kishi…
Demak… shu arzimagan narsa uchun buvim umrining yarmini bosh egib, yolg‘izlikda
o‘tkazishga majbur bo‘lgan ekanlar-da?! Dadam ham buvimni tashlab, shaharga keta
olibdilar… Odamlar-chi, ular buni bilisharmikin?! Ha… Axir… Hatto,
buvimning oldida «bir qarichgina» Sadbarg yangam ham shu qadar bepisand
qaraganining guvohi bo‘ldim-ku?! Nega?! Oriyat, nomus deganlari shu qadar og‘ir
yukmi?!
Ko‘ksimda sanchiq turdi. Og‘riq chidab bo‘lmas darajaga yetguncha bo‘lmay, buvimni
yordamga chaqirdim:
— Katta! Kat-taa-a-a!..
Rang-quti o‘chgan buvim yugurib kelarkan, ikki o‘gay ammam ham g‘iybatni bas qilib,
men tomon shoshilishdi. Ko‘z oldim qorong‘ulashishi oldidan buvimdan qattiq iltimos
qildim, balki, menga shunday tuyulgandir ham:
— Mani duxtirga obommang, katta… Misistra… unammi chaqiring… Kiyin udamla
maniyam yamon ko‘rib qomasin, katta…