“YIG‘LAYOTGAN OSIMA”

0
451
ko‘rishlar soni

(bag‘ishlov turkum)

1

Oqshomda oynaga yuzini bosib,

sochlari oqarib ketgunicha to.

Tilsim-tilsim ohang,

nimta-nimta nay,

ko‘ksimga ko‘z tutib yig‘ladi dunyo –

ayyy…

Har kech keltirganing – atirgul tushi,

tonglarga talpinib alahlar g‘amni.

Lahza-lahza sog‘inch,

qadah-qadah may,

ey gul, lablarimdan, kel, ichasanmi?

ayyy…

Qay yona yur desang – iztirob nadim,

to‘rt taraf – og‘udir, olti tomon – tor.

Ista-ista o‘zing,

yop-yolg‘iz yashay,

zor-u zor, zor-u zor, zoru-u zor, ey yor!

ayyy…

Ayamay ko‘zimga qum separ azob,

hovuchlab jonimdan ayirar darding.

So‘ng bor kel, bir marta,

bir marta ko‘ray,

malak ayt, ishqimsiz qanday yasharding?

ayyy…

2

Uzatdim, sindirib kobirg‘alarim,

bosh uzra aylanmish oqshomda sitor.

Qidirib hilolning isirg‘alarin,

ey yor-a,

mengina,

bedor-a bedor…

Kun kovushin kiydi sovuq qotgandan,

zulmat kezar yerda, qadami – ozor.

O‘sha tun sochlaring o‘ylab yotganman,

ey yor-a,

mengina,

bedor-a bedor…

Bog‘larga halovat qo‘ndi – qaldirg‘och,

qanotini kesib, yig‘ladi zor-zor.

Dardim ma-ana-a shuncha, g‘amim bir quloch,

ey yor-a,

mengina,

bedor-a bedor…

Tabassum – umrimda yagona hasham,

uni yehson qilmish bir nozli kibor.

Qaro ko‘zlaringni tinmay o‘ylasam,

ey yor-a,

mengina,

bedor-a bedor…

3

Bir og‘riq qo‘zg‘oldi oqshom tubida,

paypaslab nurlarni yutindi havo.

Ingranadi – ohang,

ingranadi – qo‘l,

tepada qarsaklar chaladi

a’vom.

Vaqtni jilovladi tushim – sirlangan,

bir lahzani tutdim qanoti – olov.

Ingranadi – yig‘i,

ingranadi – dil,

Tepada kulgular yaratar

birov.

Sendan o‘zga ishqni tan olsam kechir,

Kechir, ko‘zi – ko‘rni, qulog‘i – karni.

Ingranadi – kadar,

Ingranadi – g‘am,

Tepada baxtiyor odamlar

bormi?

Ketdik, yo‘l emas yo‘q, tugaguncha qalb,

Sirlari faromush bo‘lguncha tilsim.

Ingranasan – yolg‘iz,

Ingrandim – men ham,

Tepada ingroqlar ingrandilar

jim.

Bir og‘riq qo‘zg‘oldi oqshom tubida…

4

Qol, derman,

Yuztuban tushadi ruhim,

jonimni jon istab icha boshlar dod.

Bir baxtni keltirsang –

yuragim – toshdir,

lablarim – qaqshagan,

qarog‘im – yoshdir,

kuldir – shodliklarim,

olov – anduhim,

bari iltifot…

Kel, derman,

gullaydi kuzakiy nayson,

tomchilab-tomchilab tuganar javzo.

Bir sog‘inch keltirsang –

lablaring – sharob,

qoshlaring – kechamdir,

ko‘zlaring – tavof,

xoling – nishonimdir,

kipriklar – mujgon,

hammasi jazo…

Sev, demam,

ruhingda ruhimni yarat,

ko‘ksingda dunyolar tikla, demam, – keng.

Bir ishqni keltirsang –

gulgun – xotira,

azobi – oxorsiz,

g‘ami – bokira,

iltijolar qilsam

Xudoga qarab –

“Faqat sen,

faqat sen,

faqat sen!”

5

Sahrolar uzlatin yashirmas mangu,

ishonchi ko‘karmas yantoqlar – nabiy.

ko‘zimda – qarorim,

ko‘ksimda – g‘uluv,

zirillab og‘riydi bir yara kabi –

ko‘ksimning “sen” degan tarafi…

Jununvor yo‘llarda nolalaring has,

alamlar muzlatgay hovurlari sham.

bir odam istarman –

seni istamas,

sitam istaydirman, katta g‘am istam –

go‘zal o‘zingdan-u ishqdan ham…

Kelarsan ming yildan keyin-da xorib,

ko‘z ochmay mudraydi elkamda orom.

Tangrisiz ishqingga

betin yolborib,

ado qiladirman o‘zni, vassalom, –

va tamom… va tamom… va tamom…

6

Qayg‘ular – birlashdi, vujudim – yondi,

kulgular – sindilar, parchinlandim – man,

bag‘rimga yolg‘izlik olovi tomdi,

nur bor deb oldinga ketaverdim sha’n,

oqshomlar ertaklar aytding, ishondim,

yo, kelmading san…

Bir yo‘l bor, bu yo‘ldan adolar kelgay,

yozg‘itida xorib cho‘kkalar saman,

bir-biridan go‘zal xatolar kelgay,

yolg‘onlar doyasi bo‘lgan bir vatan,

kel, desam, ket, degan sadolar kelgay,

yo, kelmading san…

Sochlaring – sollanib kuydirguvchi to,

lablaring – istagim topmagan ma’dan,

qoshlaring – barmoqlar izlagan dunyo,

ko‘zlaring – oydinlik yaratgan chaman,

visoling – nasibam bo‘lmas Xudo-yo,

yo, kelmading san…

7

Yolg‘izlik ko‘ksimga o‘rnashar mahkam,

Yaldo kechasida yo‘ldoshim – g‘amdir.

Bir ko‘zing – oydinlik,

biri – cho‘ng zulmat,

Bir qoshing – bayram-u,

biri – motamdir…

Lablarim hayotga tashna,

judolik

qaqshatgan, yorilmish bir diydor istab.

Sendan nafratlanib,

                                      talpinib senga,

ketib bormoqdaman ohista…

Ay, yozg‘it,

         ay, qattol,

                   ay, bag‘ri kukun,

rangsiz tushlaringdan to‘ydi dunyo, ay.

Kelsang yashaymanmi,

                            sevsang yashayman,

Qolsang o‘lamanmi,

ketsangmi yo, ay?

Ista kel,

ista ket,

amring vojibdir,

Bosh ustiga g‘aming, azobing, g‘ussang.

nur, zulmat, motam va bayram

oralab,

umringdan men uchun bir bo‘sa uzsang…

Yolg‘izlik ko‘ksimga o‘rnashar mahkam…

8

Visolingga tashna keldim, jonim ol deb,

Senga qasam –

Tangriga-yu ishqqa qasam.

G‘aming – tansiq,

darding – totli,

sog‘inching – zeb,

Ostonasi nasib bo‘lgan bayt-ul hazan…

Kel, deyolmam,

so‘zim – ojiz,

o‘zim – faqir,

vax, bo‘g‘zimda qovjiraydi “sen” har lahza.

Borligingda qaro ko‘zim, mavjud axir,

Hamma narsa…

hamma narsa…

hamma narsa…

jon-jonim-ey, qaqshar bo‘lsa band-bandlarim,

osmondirsan, senga yetmoq baxti faxr.

Balandlasam, bir sen ila balandladim,

yuragimni isming bilan aytib chaqir!

Visolingga tashna keldim, ol, jonim deb…

9

Tonggimni beadad tunga yashirdi,

barmoqlari suzdi sochimda – titrab,

qoshlarim – labidan ajralgan qanot,

talpindi, yana bir uchishni istab,

poyingda yolborib so‘radi hayot,

boshim eshigingga

yana

bosh urdi…

Ko‘zlarimdan tomchi olov toshirdi,

go‘lro‘, desam bo‘g‘zimda dun otashlari,

malak, desam yuragimdan silkidi g‘ash,

kulgulari, nigohlari, qarashlari,

naq sochimdan tirnoqqacha etdi talash,

boshim eshigingga

yana

bosh urdi…

Bir umrimda bag‘rim ming dard tashirdi,

ko‘ksimgacha cho‘kib borar elkam jim,

azoblari – pinhon, izhorlari – sir,

umringga fidolik keltirdim, sevgim,

baribir, suyuklim, sevdim baribir,

boshim eshigingga

yana

bosh urdi…

Qismat qadamingni qayga shoshirdi,

yaxshi bor, ishqsizlar safida – nolon,

ketsang, qol demasman, yarador – haddim.

men deb, yuksalding-ov osmon qadar jon, 

sen deb, ming martalab yuksaldi qaddim,

boshim eshigingga

yana

bosh urdi…

10

Bu tongda mujdalar eltmadi xabar,

O‘ksidi qirlarda qush tumshug‘i qon.

Soylardan o‘marib qolgan taronam,

Xotiram dilingga bosmagay hech yon –

Jononam…

Yelkangda uvishib og‘riydi soching,

Lablaring kimtinar so‘nggi so‘z – arzon.

Xuvillab qolganday g‘arib mayxonam,

Qadaxim zerikkay  to‘lmasdan hech yon –

Jononam…

Men esam, men ketdim, sirqindi tovush,

Ko‘zimda alanga olgani zamon.

Yaxshing bo‘lolmadim, nada yomonam,

Qismatdan topmadim arzirlik hech shon –

Jononam…

Nasibim, qo‘llaring tolgay abadiy,

Biror yo‘l topmagay, na biror nishon.

Yo‘qotdik bir dunyo, topdik bir olam,

Ko‘rmasin bundayin xorlikni hech jon –

Jononam…

Bu tongda mujdalar eltmadi xabar…

11

May yutib, xuv faqir dillar adashdi,

Ko‘zdan yiroq ketgan yo‘llar adashdi,

Ko‘zlari ko‘rlar-u go‘llar adashdi,

Lablari qon yutgan gullar adashdi,

Bizlar adashmadik,

                            o‘ksima,

                                      ey, gul…

Qay kunki, labingda qadim so‘z talash,

Menga baxt keltirar nadim so‘z talash,

Bitmagan izhori xatim, so‘z talash,

Vax, birgina so‘z istadim, so‘z talash,

Bizlar talashmadik,

                            o‘ksima,

                                      ey, gul…

Kechirma, shodlikka azob almashgan,

Savollar xatodir, javob almashagn,

Gunohlar to‘g‘ridir, savob almashgan,

Qismat ko‘ndirguvchi harob almashgan,

Bizlar almashmadik,

o‘ksima,

                                      ey, gul…

Qayg‘u keltirmasa shon-ki yarashgay,

Tundan keyin kelgan tong-ki yarashgay,

Sen u yon, menim bu yonki yarashgay,

Tandan tashqarida jon-ki yarashgay,

Bizlar yarashmadik,

o‘ksima,

                                      ey, gul…

12

Ninachi qanotim kesding, puflading,

Binafsha kulguyim yig‘dim, yig‘lading,

Farmoning – ajabdir, hukming – oliydir,

Tushlaringga quloq solib uxladim –

Oh, endi ko‘zlarim sendan noliydi…

Osmon fig‘on tortsa, oxdir – yildirim,

Zamin bir titrasa yorsan-ov pirim,

Iqroring – mangudir, tavbang – oniydir,

Menga yo‘qligingni har kech bildirib –

Oh, endi bo‘zlarim sendan noliydi…

Na berding-ki, bari Tangridan tortig‘,

Saxroda ulg‘aygan sarobdan ortig‘,

Kelaring – tushmidir, o‘ng – xayoliydir,

Yoshlarim ivitgan yuzlarim sorig‘ –

Oh, endi yuzlarim sendan noliydi…

Nafrat bolalasa, kulsang, yetmoqdir,

O‘zni atay g‘amga bandi etmoqdir,

Senmi – birinchim-u, menmi – soniydir,

Yozganim har misra sendan ketmoqdir –

Oh, endi so‘zlarim sendan noliydi…

“Taralli yalloni” telbadek aytib,

Senga yetayin deb, o‘zidan qaytib,

Farmoning – ajabdir, hukming – oliydir,

Kel, degin ketarman izingdan daydib,

Oh, mangu izlarim sendan noliydi…

Rahmat BOBOJON

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting