Daraxtjon bilan gaplashmang

0
257
кўришлар сони

1

Chaqmoq chaqdi.

Yomg‘ir yog‘di.

Va shoxlari to‘kilganidan kichkina bo‘lib qolgan daraxtning yoniga bir bolakay kelib yashirindi. Otasidan, onasidan, do‘stidan va… sevganidan yashirindi. Chaqmoqdan ham yashirindi, yomg‘irdan ham yashirindi. So‘ngra chaqmoqdek qichqirdi, so‘ngra yomg‘irdek yig‘ladi.

Tun edi.

2

-Bilasanmi, daraxtjon…

Bolakayning gaplarini hech kim eshitmas edi. Hech kim. Lekin…

-Bilaman.

Lekin, hech nima emas. Bolakay esa…

-Kim bu?!

Bolakay esa buni bilmas edi. Daraxtjon bo‘lsa…

-Qiyin savol bo‘ldi-ku! Hm… Men kim emasman, men nimaman. “Men nimaman”? He-he, men Daraxtjonman!

Daraxtjon bo‘lsa, uni bilar edi.

3

Tun edi.

-Bilasanmi, daraxtjon…

-Bilmayman!

Tun edi.

-Rostdan? Har safar bilib, bu safar bilmaysanmi?

-Bilaman!

Tun edi.

-Nima-a-a?

-Bilaman, bilaman! Men bilan gaplashishni bilmayotganingni bilaman va hozir nima demoqchiligingni bilmasligimni bilaman!

Tun edi.

-Hop… Sen hammasini bilasan. Ammo, aslida bilmaysan. Ammo, aslida bilmasligingni bilishing hamma narsani bilishingga olib keladi, shundaymi?

-Buni men ham bilaman!… O‘zi nima demoqchi eding?

Eng qorong‘u tun edi.

-Ha… Bilasanmi, daraxtjon… E, yo‘q-yo‘q, bilishingni bilaman, aytishing shart emas. Ha-hah!

Eng qo‘rqinchli tun edi.

-Xullas, men bir qizaloqni sevib qolganman… U esa meni sevmaydi… Eh, qaniydi u bilan butun umr birga bo‘lsam! U meni sevsa, men uni sevsam!

-Bilasanmi, bolakay…

Eng qorong‘u va eng qo‘rqinchli tun edi.

-Bilaman… (yig‘lab)

-Men bu orzungni amalga oshira olaman. U umringning oxirigacha yoningdan jilmaydi. Faqat rozilik bersang, kifoya… (kulib)

Tun edi.

-Agar gaping rost bo‘lsa, men roziman, daraxtjon.

Chaqmoq chaqishdan to‘xtadi.

Yomg‘ir yog‘ishdan to‘xtadi.

Endi tong edi.

4

Tong edi.

-Qizaloq!!!

-Bolakay!!!

Bir-birlariga qarab yugurib kelishdi.

-Qizaloq!!!

-Bolakay!!!

Bir-birlariga qaramasdan quchoqlashib ketishdi.

-Qizaloq!!!

-Bolakay!!!

Endi ko‘zlarini yumib, astagina o‘pishishdi. Soniya o‘tib, ortga bir qadam tashlashdi. Soniya o‘tib, ko‘zlarini ochishdi.

Bolakay ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qizaloq har soniya kattalashayotgandi. Qizaloq endi qiz bo‘lib qolgandi!

-Yigit!?

“Yigit”? Qani yigit? Bolakay ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘zi ham har soniya kattalashayotgandi. Bolakay endi yigit bo‘lib qolgandi!

Buni Daraxtjondan so‘rash kerak. Daraxtjon hammasini biladi. Yigit ne ko‘z bilan ko‘rsinki, so‘lib qolgan daraxt gullab ketayotgandi. Daraxtjon kulayotgandi!

Hozir tong emas edi. Hozir kun edi…

5

Kun edi.

-Ey, daraxtjon!

Daraxtjondan javob bo‘lmadi.

-Bilasanmi, daraxtjon…

Daraxtjondan yana javob bo‘lmadi. U indamasdan kattalashaverdi. Yam-yashillikka burkanib kattalashaverdi.

-Da-raxt-jon…

Hammani quvontirayotgan, lekin yigitni qo‘rqitayotgan kun edi.

6

-Erkak!

-A… a-ayol!

Tun yaqinlashayotgan edi.

-Erkak!

-Eh, ayol!

Tun qariyb kelib bo‘lgan edi.

-Chol!

-Kampir!…

Tun kelib bo‘lgan edi.

-Kampir!!!

Tun edi.

7

Shunda chol Daraxtjonga qaradi. U osmonni o‘pay deb qolgan edi.

-Bilasanmi, daraxtjon…

Javob har doimgidek bo‘lmadi.

-O‘sha vaqt bilaman deb hech nimani bilmagan ekanman…

Qarigan bolakay endi hammasini bilgandi.

-Nima bo‘lishini bilib turib, meni aldagan ekansan.

Nihoyat javob keldi:

-Bilaman degandim-ku.

-Ha, bilaman deganding. Shu so‘zingni qaytaraverib, meni ham bilaman deyishga majburlading. Meni bu bilan bizning sulhimiz nimadan iboratligini biladigandek qilib qo‘yding.

-Bilaman deganding-ku.

-Ha, bilaman degandim. Shu sabab, sen bizning kuchimizni sug‘urib olding… Keyin qizaloqni o‘ldirding!

-Bilaman.

-Lekin, hamma narsani bilmasligingni bilishingni aytganding.

-Uni ham bilaman.

-Shunday bo‘lsada, bilgan narsangni bilmaganlikka olding. Chunki, o‘lsam, yana quvvating ketib qolishini bilarding. Biroq, buni o‘zingga-o‘zing inkor qilding.

-Bilmayman! Bu haqida hech nima bilmayman!

Shuning uchun ham sen bilan hech nima gaplashmaydi, xuddi men bilan hech kim so‘zlashmaganidek. Umuman olganda… endi men o‘laman va sen va’da berganingdek, butun umrimni qizaloq yonida o‘tkazdim. Rahmat. Katta rahmat. Kxe-kxe, armonimni amalga oshirding.  Kxe-kxe, buni bilarmiding?…

Daraxtjonning shoxlari bu so‘zlarni ko‘tara olmasdan ming-minglarga bo‘linib, yerga qulab tushdi.

8

Chaqmoq chaqdi.

Yomg‘ir yog‘di.

Va shoxlari to‘kilganidan kichkina bo‘lib qolgan daraxtning yoniga bir qizaloq kelib yashirindi…

Suxrobjon Avvalboyev

Жавоб ёзинг

Изоҳ ёзинг
Исмингизни киритинг