taqriz
Amerika adibi O.Genri jahon adabiyotida lo‘nda hikoyalar (short-story) janri bo‘yicha ustoz sifatida tan olinadi. Darhaqiqat, yozuvchining hikoyalari ixchamligi, qiziqarli tugun hamda kutilmagan yechim bilan kitobxonlar qalbiga kirib boradi. O. Genrining mashhur hikoyalaridan biri “So‘nggi yaproq”ni o‘qimagan, hech bo‘lmasa nomini eshitmagan o‘quvchi topilmasa kerak. U 1907 yilda chop etilgan muallifning hikoyalar to‘plami kitobidan o‘rin olgan. Oradan yuz yil o‘tgan esada, adibning hikoyalari bugungi kunda ham sevib o‘qilmoqda.
“So‘nggi yaproq” epik janrga mansub bo‘lgan, kichik proza yo‘nalishida bo‘lib, asosiy g‘oya umid va ishonch haqdadir. Hikoya bosh qahramoni rassom qiz Jonsi zotiljam hastaligiga chalinib yotib qoladi. Shifokor o‘ndan bir umid borligini aytganda dugonasi Syu ham iztirob chekadi. Jonsi derazadan tashqariga qararkan, daraxtning to‘kilayotgan barglarini o‘z hayotiga qiyoslaydi. Ya’ni so‘nggi yaproq to‘kilsa, o‘limini qarshi olishga tayyor turadi. Ularga qo‘shni bo‘lgan rassom qariya esa qizning hayotini saqlab qoladi: daraxtga yaproq suratini chizib ilib qo‘yadi. Evaziga esa qorli sovuq tunda chizgan shox asari badaliga o‘z jonini qurbon qiladi.
Hikoyada tugun qizning hastalanib qolishi sahnasidan boshlanadi. Kulminatsiya esa daraxtda so‘nggi yaproq qolganida yuzaga keladi. Yechimga kelsak, Syu yaproqning asl emas, soxta ekanini aytganda ochiladi. Hikoya kompozitsiyasi o‘quvchini doim ushlab turadi. Bu bilan muallif nima demoqchi bo‘lgan? San’atning kuchi bir insonning hayotini saqlab qolishga qodir, umid esa oxirida o‘ladi.
Hikoyada peyjaz va portret unsurlaridan ham unumli foydalanilgan. “Shunday qilib, ajib maskan bo‘lmish Grinvich Villij dahasiga shimolga qaragan derazalar, XVIII asr naqshli peshtoqlari, gollandcha qiya shiftli boloxonalar va arzon ijara haqlari ilinjida san’at namoyandalari har tarafdan ko‘chib kela boshladilar” (peyzaj). “Berman pastki qavatda yashaydigan bir rassom edi. U oltmishdan oshgan, Mikelandjelo yasagan Muso haykaliniki kabi jingalak soqoli ixchamgina jussasiga yarashib turardi (portret). Qahramonlarni va makonlarni aniq-taniq tasvirlagani bois joy va qiyofalar ko‘z oldimizda oson aks etadi. Muallif qahramonlarining hayotiga aralashmaydi, o‘z qarashlarini majburan singdirmaydi, shunchaki chetdan turib ularni boricha tasvirlaydi. O‘quvchini o‘zi xulosa qilishiga undaydi. O.Genri hikoyagacha nima bo‘lganiyu undan keyin nima bo‘lishini bildirmaydi – zero hikoyaning birinchi qoidasi ham shunday. U ikki dugona, kasallik va rassom qo‘shni uchligini bir nuqtada birlashtiradi.
Hikoyada o‘sha davrning oddiy odamlarining hayoti haqda tushunchaga ham ega bo‘lamiz. Voqelikka asoslangan bu asarda ramziy ma’nolar ham yo‘q emas. Bu yerda Jonsi – tabiat, Syu – Insoniyat, Berman – sa’natning timsoli bo‘lib kelmoqda. Voqealar rivojini ikki liniyada ko‘rish mumkin: 1. rassom Berman chizig‘i; 2. Jonsi, Syu, shifokor chizig‘i. Muallif ona tilining barcha imkoniyatlaridan foydalanishga harakat qilgan. Hikoya nomi ham matnga to‘la to‘kis mos, oddiy va sodda. Muallif yoshlik-qarilik, hayot-o‘lim, kasallik-sog‘ayish holatlarini qahramonlar ruhiyati orqali ochib berishga intiladi. Ortiqcha cho‘zishlar va ezmaliklardan xoli hikoyada yana bir qahramon borligini ham aytib o‘tish kerak. Bu – Zotiljam. Muallif uni go‘yo tirik shaxsdek tasvirlaydi:
“Noyabrda esa shifokorlar Zotiljam deb ataydigan kutilmagan sovuq va berahm bir mehmon tashrif buyurdi. U shu turar joylar atrofida kezib yurar va yo‘lida uchragan kimsaga rahm-shafqat qilmay ajal iskanjasiga tortardi. Sharqiy hudud bo‘ylab bu o‘lim xabarchisi hech narsadan tap tortmay ortidan o‘nlab qurbonlarni qoldirib shaxdam qadamlar bilan odimlab bordi, ammo baqato‘n bosib ketgan o‘sha xarob va chalkash “tor ko‘chalar”ga kelganda qadami sekinlashdi.”
Hikoya tili o‘quvchini zeriktirib qo‘ymaydi, bayonchilik holatlarini ham muallif so‘z boyligi bilan yashirib ketadi, muhimi, kitobxon ma’naviyatiga o‘z ulushini qo‘sha qoladi. O. Genri ijodida bunday ta’sirli va mazmunli hikoyalar ko‘plab topiladi. U hamisha adabiyot insonlar qalbiga nur bo‘lib kirishini istagan. Buni o‘limi oldidan aytgan ushbu jumlalari isbotlashi mumkin: “Olov yoqing, men qorong‘ulikda o‘lim topishni istamayman”.
Nodirabegim Ibrohimova