Ozod Sharafiddinov kutubxonasi: «Alpomish»dan «Iqrornoma»gacha…

0
1075

Bu nom o‘zbek adabiy tanqidchilik va tarjimachilik olamida o‘chmas iz qoldirgan. Ozod Sharafiddinov.  O‘zbekiston Qahramoni unvoni egasi, filologiya fanlari nomzodi, professor. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetida dotsent, professor, «Tafakkur» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, «Mehnat shuhrati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan. Biz bugun marhum Ozod Sharafiddinovni xotirlab, uning uy kutubxonasiga g‘oyibona sayohat qilamiz.

Ko‘plab nashrlarda Ozod Sharafiddinovning kitobga bo‘lgan mehri, munosabati, sadoqat va muhabbati alohida tilga olinadi. Chindan ham Ozod aka kutubxona tuzishga, kitob yig‘ishga katta qiziqish bilan boqar va san’at asari darajasiga ko‘tarar edi. Ozod akani tanigan insonlar nima uchun u kishi bunchalik kitobga bog‘lanib qolganini so‘rab savol berishadi. Aynan kitoblar uning iqtidorini, shaxsiy xususiyatlarini, xarakter, iste’dod va hayot tarzini yaratishda muhim ahamiyat kasb qilgan. Kitoblar Ozod akaga keng dunyoqarash, tajriba, aql, donolik, go‘zal tuyg‘ular, anglash kabi xususiyatlarni tortiq qildi. Kitob – mehr bulog‘i, hayotdagi maqsad, uning taqdiri edi go‘yo.  

Kutubxona yaratish va kitob yig‘ish jarayoni albatta qisqa muddatda sodir bo‘lgan emas, bu uzoq izlanishlar natijasidir. Bu maqolada ham biz ushbu kutubxona bilan to‘liq tanishish imkoniga ega emasmiz, yo‘qsa, bu ro‘yhatni sahifaga yozib sig‘dirib bo‘lmaydi. Bir oz bo‘lsada uning kitoblar olamiga sayohat qilib, Ozod Sharafiddinovni tanishga harakat qilamiz, xolos.

Ozod akaning aytishicha, u kitoblarni 11 yoshidan beri yig‘ishni boshlagan. 1957 yilda ular Chilonzordagi ko‘p qavatli uyga ko‘chib kelishgan, bu yerda Ozod akaga Said Ahmad, Odil Yoqubov, Po‘lat Mo‘min, Shuhrat va boshqa bir qator ijodkorlar qo‘shni bo‘lgan. Hozirga kelib bu adabiyot darg‘alarining ko‘pchiligi oramizda yo‘q. O‘sha voqealarni Odil Yoqubov xotirlar ekan, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida shunday yozadi: “Ko‘p qavatli uyga Ozod Sharafiddinov ko‘chib kelishi haqda mish-mishlar tarqadi. Uning kitobi shunchalik ko‘pki, bitta mashinaga ham sig‘maydi, deyishdi”. Ha, 50 yillarda Ozod akaning kitoblari haqdagi gaplar allaqachon ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan edi.  

Ozod Sharafiddinov kitobni shunchaki o‘qimas, uni qalban his qilardi. E’tibor bilan kitob ohangini topa olardi. Uning kitob bilan tillashayotganini kuzatish maroqli edi. U judayam qimmatli buyumni ushlagandek, tushirib yuborishdan qo‘rqqandek kitobni avaylar, varoqlarini silab qo‘yardi. Ko‘ngli ochiq, mehribon, boshqalarga doim yaxshilik sog‘inuvchi bu inson garchi tanishlariga uyi, mashinasini foydalanish uchun o‘ylanmay berib yuborsada, kitob berishga ikkilanardi. Bergan taqdirda ham o‘z vaqtini qaytarishni uqtirardi.    

Ozod Sharafiddinov kitoblarni qo‘lda qalam bilan o‘qirdi, muhim satrlarning ostiga chizib qo‘yardi. Bugun Ozod aka oramizda yo‘q bo‘lsada, o‘sha kitoblardagi satrlar hamon kutubxonada…  Mutolaa u inson uchun bo‘sh vaqtni o‘tkazish uchun ermak emasdi. U bor vaqtidan unumli foydalanish uchun keraksiz romanlarni o‘qimasdi. Tanlab tanlab, chertib chertib o‘qirdi. Uning ro‘yhatida o‘qilishi kerak bo‘lgan kitoblarining nomi va muallifi yozib qo‘yilgan bo‘lardi. U mana shu dasturga qarab o‘qishga kirishardi. Kitoblarni istagan vaqtda emas, tez ham emas, ketma ket ham emas, aniq soatlarda, diqqatlik bilan hazm qilib mutolaa qilardi. Kitob o‘qish chog‘ida miya faoliyati faol bo‘ladi, ong rivojlanadi. Ozod aka aynan shunday o‘qirdi.

Hatto hayotining so‘nggi kunlari ham yaqinlari bilan rozi rizolik qilar ekan, ulardan kitoblari va qo‘lyozmalarini ehtiyot qilishlarini vasiyat qildi. Oila a’zolari kutubxonani avaylashadi, u yerga kirgan odam Ozod akaning nafasini sezadi. Ammo minglab kitoblar orasidan o‘zingiz istagan kitobni topolmasligingiz aniq. Qaysi kitob qayerda turishini Ozod akadan boshqa hech kim bilmaydi. Ammo aql bilan o‘ylasangiz, kerakli kitob qayerda bo‘lishi mumkinligini taxmin qilasiz. Ha, kitoblar shunchaki betartiblik bilan emas, aniq reja asosida ketma ket joylashtirilgan. Bu yerda ortiqcha, keraksiz kitobning o‘zi yo‘q, bularning bari kitobxon uchun muhim asarlar.

Bu kutubxonada Ozod aka qayta-qayta o‘qigan asarlar ham talaygina. Masalan, Yan Parandovskiyning  “So‘z kimyosi”, Oskar Ualdning «Dorian Grey portreti»,  Lev Tolstoyning «Iqrornoma»,  Ch.Aytmatovning “Qiyomat”,  E.Sevelning “Samolyotni to‘xtating, tushib qolaman” kabi rus tilidagi kitoblar. Ularni keyinchalik tanqidchi o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

U umri davomida odamlarga kitobni targ‘ib qilib keldi. Bu borada ko‘plab maqolalar, intervyular yozdi. «Birinchi mo‘jiza» (1968), «V biblioteke pisatelya» (Abdulla Qahhor kutubxonasi) (1986), «Xazina» (1989), «Beqiyos xazina»(1999), «Qutlug‘ qon»ning sharofati»(2001), “Kitob mening taqdirimda» (2004) shular jumlasidan. O‘zbek kitobxonlari uchun adabiyotning turli janrlari: roman, hikoya, pyesa, tanqidiy maqolalar, xotiralarni tarjima qildi.

Ozod Sharafiddinovning kutubxonasi bir necha minglab tomlardan iborat. U X.Xessening bir o‘gitiga amal qilib yashadi: “Agar biror kitob qo‘lingga tushib uni o‘qigach katta taassurot olgan bo‘lsang, biroz vaqt o‘tib yana mutolaa qilib ko‘r! Agara yana chuqur taassurotlar girdobiga tushsang, unda albatta harid qil”.  Ozod Sharafiddinov orzu qilgan kitobini birinchilardan bo‘lib qo‘lida olsa cheksiz quvonchga to‘lardi. Ayniqsa, u birinchi nashr bo‘lsa. Avloddan avlodlarga yetib kelgan ulug‘ kitoblarni juda qadrlardi. U ta’limni aynan kitoblardan olardi. Oliy ma’lumotli bo‘lish uchun dunyo adabiyotidan boxabar bo‘lish lozim deb hisoblardi. Shuning uchun uning kutubxonasidan jahon adabiyoti keng o‘rin egallaydi.

U adabiyot cheksiz ekaniga, inson umri uni o‘qib tugatishga yetmasligini yaxshi anglardi. Ozod akaning orzusi – kitoblari uchun maqbul joy bo‘lishi, istagan vaqtida ularni olib o‘qish imkoniga ega bo‘lish edi. Javonlar bu talabga to‘la javob bermasdi. Tozalikka doim ahamiyat berardi, kitoblari top toza turishi lozim edi. Bu ishni avvaliga farzandlari, so‘ng nabiralari bajardi. Bu yoqimli yumush edi. Sababi chang artish davomida Ozod aka bolalardan kitob nomini, muallifini, nashriyotini so‘rar, shu orqali ularda ham kitobga e’tibor uyg‘otardi. Shu sababdanmi, Ozod akaning farzandlari va nabiralari kitobga ayricha muhabbat qo‘yib ulg‘ayishdi.

Ozod Sharafiddinovning kutubxonasidagi kitoblar alifbo, chop etilgan sana bo‘yicha emas, shaxsiy qiziqishlariga ko‘ra ketma ketlikda joylashtirilgan. U so‘ralgan kitobni darhol topib berar, adashtirmasdi. Kitoblar tanqidchining yotoqxonasida ham bo‘lardi. Yozuv stolida ham muhim kitoblar turardi. U doim yaxshi nashriyotlarning kitobini harid qilgan. Muqova mustahkam bo‘lsa, uzoq xizmat qiladi. Ayniqsa, imlo xatolari bo‘lmasligiga ahamiyat qilardi.

Kutubxonaning o‘ng burchagida klassik sharq adabiyoti durdonalari “Ming bir kecha”, A. Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab, Umar Hayyomning kitoblari joylashgan. Boshqa tomonida esa Konfutsiy ta’limotini, “Shoxnoma”, “Boburnoma”ni uchratasiz. Kutubxonada shuningdek, “Alpomish”, “Odissey”, “Iliada” kabi afsonalarga ham duch kelish mumkin. Kutubxonaning asosiy qismini jahon adabiyoti egallaydi: Mark Tven, T. Drayzer, L. Tolstoy, M.Gorkiy, M. Sholoxov, Shekspir, Balzak, Mopassan, Zolya, Folkner, V.Skott, V.Gyugo, Gogol, Pushkin, Lermontov, O.Genri, Konan Doyl, Stendal, A.P.Chexov va boshqalar. Shuningdek, Nobel mukofoti sohiblarining kitoblari ham o‘z o‘rnini topgan. Albatta, kutubxonadan o‘zbek adabiyoti ham munosib joy egallagandi. Ular orasida Abdulla Qahhor, Oybek, G‘.G‘ulom, Mirtemir, M.Shayxzoda, A.Muxtor, Zulfiya, Hamid Olimjon, O.Yoqubov, A.Oripov, E.Vohidov, O‘.Hoshimov kitoblarini uchratish mumkin. Aynan shaxmat haqdagi kitoblarning o‘zi yuzdan oshardi. 

Zulfiya Ozod akaga o‘z kitobini berarkan, shunday dastxat bitgandi: “Ozodjon! Bu she’rlarimning ko‘pi sizga tanish. Shunga qaramay sizga tuhfa qilaman. Axir do‘stingizga kitobdan ham a’lo sovg‘a bormi.”  Said Ahmad “Yo‘qotganlarim va topganlarim” kitobiga shunday deb yozgan: “Do‘stim Ozod! O‘zingga tanish bo‘lgan hikoyalarni o‘qib chiq.” Pirimqul Qodirov dastxati: “Do‘stim Ozod! Bu romanni birinchilardan bo‘lib o‘qishingizdan mamnunman. Sizga salomatlik va komillik tilayman”. O‘tkir Hoshimov esa: “Buyuk olim, qimmatli murabbiy Ozod aka, mehr va muhabbat bilan…” deb yozadi.

Ozod Sharafiddinovning kutubxonasi haqda yana uzoqdan uzoq misollar keltirish mumkin. E’tiborimizdan chetda qolib ketgan qancha nodir asarlar bor… Nafaqat adabiyot, balki tarix, geografiya, zoologiya, matematika bo‘yicha ham ko‘plab kitoblar bu yerdan o‘rin olgan. Kitoblar asosan o‘zbek va rus tillarida. Kutubxona bu xonadonning ko‘rki, davlati, savlati. O‘ylaymizki, nodir xazina hali uzoq yillar davomida Ozod akaning avlodlariga xizmat qiladi, do‘st bo‘ladi.  

Muhabbat Sharafiddinovaning xotiralari asosida

Nodirabegim Ibrohimova tayyorladi.
 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting