Halina POSVYATOVSKA (she’rlar)

0
1126

(polyak shoirasi)

SHE’R

U uyimga go‘yo
Sovqotgan laylakday kirib keladi
“She’r, senga ne bo‘ldi?” so‘rayman undan
U esa so‘zlaydi
Qo‘lga o‘rgangani haqida
“Bir tomchi sut bergin”, deya tilanar
Unga rahmim kelmas
Va qornini sira qo‘ymayman to‘qlab
Ishonmayman shalviragan qanotlariga
Yer ko‘klamda yashnagan misol
Bu qanotlar jonlanar albat —
Olib ketar qushni olisga.

SENING MUKAMMAL BARMOQLARINGDA
Men sening mukammal barmoqlaringda
Faqat titroqman
Yo shitirlashi
Nafasingdan titragan bargning
Meni ifor chorlar – aytar borliging
Meni ifor chorlar – quvadi tunni
Men sening mukammal barmoqlaringda
Bir nur qatrasi
Jon bergan so‘qir kun ustida
Yashil Oylar turar lovullab
Va ko‘rasan – tomirimda ayqirgan qonning
Sho‘rtak ta’mi dudog‘imni bo‘yar alvonga

O‘LIK SOCHLAR
O‘lik sochlar raqs tushmagay
Shamol bilan kirishmas bahsga
Yopmas sovqotgan quloqlarni
Na barmoqlar, na qushlarni etar mahliyo
Muzdek bolish uzra yoyilib
Noziq sas-la cho‘chitmas tushni
Na iviydi kumush yomg‘irda
Na qaltiraydi
Oq choyshab ustida
Yotishadi loqayd sovqotib
Gullarga begona
Kulgiga beparvo
Ko‘kni tark etadi quyosh zanjirband
Tun yetib kelar

MEN – JULYETTA

Men – Julyetta
Yoshim 23da
Qachondir sevgini tatib ko‘rgandim
Achchiq edi u
Bir finjon qora qahvaday
U tezlatdi
Yuragim zarbin
Qattiq hazillashib vujudim bilan
Uyg‘otdi hislarim
Va ketdi
Baland ayvonimda
Ta’zim qilgancha
Chorlagayman uni:“Qayt ortga!”
Qichqiraman: “Qaytar
Olovni!”
U o‘pgan labimga
Qaytmadi ol rang
Men – Julyetta
Yoshim minglardan oshgan
Hanuz tirikman…

MENING QO‘ShNIM – FARISHTA

Mening qo‘shnim – farishta
Soqchisi bashariy tushlarning
Shu bois juda kech qaytar uyiga
Tinglayman zinadan kelyotgan
Ohista qadamlar tovushin
Va shitirin
Yig‘ilgan qanotlarning
Subh chog‘i mening lang ochiq
Eshigimda bo‘larkan paydo
So‘z qotadi:
Yana derazang
Juda uzoq yoritdi
Tunni.

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting