IZ

    0
    350
    ko'rishlar soni

    (Hikoya)

    – Dada, qarang, boychechak ochilibdi.

    – Zo‘r-ku, qizim, qani bir ko‘ray-chi? Qayerdan topding?

    – Jilg‘adan, Qurisoyga oshishda, Qizilqiyadan. Chirigan yantoqning tagiga yashirinib olibdi.

    – I-e, shunaqami?! Yashiringan joyidan topib oldim de.

    Orzumurod qizi hayajonu sevinchdan ko‘zlari porlab uzatgan gulni avaylab qo‘liga oldi. Tomosha qilib, qaytarib berdi.

    – Juda yaxshi, ana qizim, bahor ham oyoq qo‘ydi. Buyog‘iga endi ko‘payadi. Dalayu qirlarni boychechak qoplaydi.

    Husnora dadasi qaytarib bergan boychechakni onasiga ham ko‘rsatgani yugurgilab uyga kirib ketdi. Orzumurod uzoq xayollar girdobida qoldi.

    …– Murod aka, boychechak ochilibdi.

    Gavhar bo‘sh chelakni suv yoqasiga qo‘yib, shundoqqina oyoqlari yonidagi boychechakka qarab qoldi.

    – Qarang, juda chiroyli-a. Yana bir bahor ham oyoq qo‘ydi. Vaqt yuguryapti.

    Orzumurod bir soyni to‘ldirib toshni oqizgudek quturib oqayotgan suvga, bir uzib olishni ko‘zi qiymay ochilib turgan boychechakni silayotgan Gavharga boqib jilmaydi. So‘ng enkayib kichkinagina yalpoq ko‘k toshni oldida engashib yonlamasiga suvga qarab otdi. Tosh suv ustida uch-to‘rt sakrab so‘ng ko‘rinmay ketdi.

    – Ha, Gavhar, kechagina bola edik. Qara, bir zumda biz ham ulg‘ayib qoldik. Otam saharlab uyg‘otib olib, yugurtirardi, mashq qildirardi, shug‘ullantirardi. Qadam tovushi kelishi bilan uyg‘onib ketardim. Soyga tushib yaxdek suvga cho‘milish, ikki chaqirim yugurib kelish, turnikka osilish, tosh ko‘tarishga majbur edim. Issiqni issiq, sovuqni sovuq deyish yo‘q edi. Ayniqsa, ko‘klam oyoq ilganda mashq tamom bo‘lgach, Orzumurod, otni egarlab qirga jo‘na, bir oyoqlari orasidan shamol estirib kel, deya qat’iy tayinlardi. Otni minib boychechak topib borib otamni bir suyuntiray, deb umid bilan toshlarning kavagiga ko‘z tikardim. Qori erigan betkaylarni izg‘irdim. Otamning suyunishini o‘ylab, o‘sha damdagi holatini ko‘z oldimga keltirib, topmasdan ketmasdim, ketolmasdim. Ilk boychechakni qishloqqa men olib kelardim. Otam uni qo‘liga olib sevinchdan ko‘ziga yosh kelardi. Ba’zida shunday inson bo‘lki, bolam, jamiyatga nafing tegsin, el seni boychechak kabi axtarsin, deb qo‘yardi. Shirin uyqudan kechib dashtma dasht yurish aslo yoqmas, o‘lganimning kunidan jillmayib turishga majbur edim. Ich-ichimdan otamni yomon ko‘rib ketardim. Aslida padarim hayotning qaqshatqich zarbalariga tayyorlaganini kech angladim. Endi esa… Otam yo‘q. Qaniydi yonimda bo‘lganda kechasi bilan uxlamasdan mashq qilishga tayyor edim. Odamzod har nening, ayniqsa, yaqinlarining qadriga yo‘qotgandan so‘ng yetarkan.

    – Nimasini aytasiz, Murod aka, Tilovmurod amakim daryo fe’l inson edi. Meni ham judayam yaxshi ko‘rardi. Qizim, deb sizga nimaiki olib bersa, menga ham ilinardi.

    – Gavhar, menga nima bo‘lyapti, shu kunlarda o‘zimga tushunmay qolyapman. Dunyoga sig‘may ketyapman. Nima bo‘ldiyu ko‘nglimdagilarni sizga to‘kib soldim, to‘g‘ritushuning.

    – Murod aka, siqilmang, hali hammasi yaxshi bo‘ladi.

    Ikkisi boychechakka tikilgancha jim bo‘lib qolishdi. Soyning shovullashi sukunatni yutib yuborar, hafta burun kelgan sel chiqarib ketgan qora toshga suv shiddat bilan urilib, hosil bo‘lgan muzdek tomchilar atrofga, ikkisining kiyimiga sachrar, ular buni his etmas, dunyolarni unutib jim turishardi.

    Orzumurod bilan Gavhar sinfdosh edi. Uylari yonma-yon. Yoshlikdan birga ulg‘ayishdi. Maktabga birga borib, birga qaytishardi. Darsda ham bir partada o‘tirishardi. Birovlar egizlar desa, birovlar sevishganlar, deya mazaxlab qolishardi. Ular esa bunga parvo ham qilishmasdi. Orzumurod Gavharni hammadan qizg‘onar, juda-juda ayardi.

    Otalari ham yaqin o‘rtoq bo‘lib, qo‘shnichilikni ham joyiga qo‘yishardi. O‘tgan yili Orzumurodning otasi to‘satdan omonatini topshirdi. Yaqin o‘rtog‘i, bir oyog‘i unikida bo‘lgan Gavharning otasi Yoqub aka bundan tayog‘ini yo‘qotgan cho‘ponday garangsib qoldi. Hozir ham Orzumurodning oilasidan xabardor bo‘lib turar, biror maraka qilsa bosh-qosh edi.

    Gavhar yettinchigacha uni senlardi. Sakkizga o‘tganda sizlay boshladi, Murod aka deydigan bo‘ldi. Suhbatlashayotganda uyalib yerga qarab gapirardi. Orzumurod esa uni yaxshi ko‘rar, lekin ayta olmasdi. Meni akasidek ko‘rib, shunday qilayotgan bo‘lsa-chi, dilini og‘ritib qo‘ymaymanmi, deb o‘ylab qolardi.

    Maktabni tugatib Orzumurod uloqqa tushadigan bo‘ldi. Ba’zida katta-katta sovrinlarga ham tashlar, kechqurun uyda to‘y bo‘lib ketar, Gavhar ham sevinib-sevinib xizmat qilardi. Tabriklayman, bundan ham kattarog‘i sizniki bo‘lsin, dedi bir safar toy yetaklab kelganda shodlanib.

    Orzumurod qanday aytib yubordi bilmaydi, og‘zidan bir gap sitilib chiqib ketdi:

    – Undan kattasi o‘zingizda…

    Yanoqlari qip-qizil tus olgan Gavhar oshxona tomonga, o‘choq boshida kuymalanayotgan Orzumurodning onasi Oyxon opa yoniga chopdi.

    Shu-shu undan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi. Orzumurod bunga e’tibor qilmay, vaqt topdi deguncha uning yoniga shoshardi. Bugun ham daryoga ikkita chelak ko‘tarib tushgan Gavharning yoniga yelib bordi.

    – Sovchilar kelyapti, Murod aka.

    Gavharning gapi Orzumurodni tok urganday gangitdi.

    – Nima?

    – Sovchilar…

    Orzumurod dovdirar, nima deyayotganini idrok qilolmasdi:

    – Kim ular, nimaga keladi…

    – Matyoqub o‘rtog‘ingizdan menga og‘iz solishyapti.

    – Sen nima deding?

    – Ota-onam biladi. Siz nima deysiz?

    – Men?! Men-chi? Axir Matyoqub hammasini bilardi-ku!

    Orzumurod shundagina o‘ziga keldi.

    Gavhar indamasdan olislarga boqdi.

    – Siz? U nimani bilardi?

    – Ha, men… Yo meni…

    Gavhar jim edi. Orzumurod dadillanib dilidagina aytib yubordi.

    – Men seni, seni… Yaxshi ko‘raman-ku, Gavhar.

    Gavhar indamasdan duv qizargancha jo‘nab qoldi. Hayajondan suv olmasdan bo‘sh chelaklarni bir qo‘lda tutib yugurgilab ketdi.

    Diyor pochtachining o‘g‘li Matyoqub ikkisi bilan tengqur. Bir sinfda o‘qishgan. Otasi pensiya tarqatar, “xizmat haqi” deb yaxshigina ushlab qolardi. Elchilik deb odamlar uning bu ishiga e’tibor qilmasdi. Kech bo‘lsa-da uyga keltirib beryapti-ku, deya qo‘l silkib qo‘yishardi. Orzumurodning Gavharda ko‘ngli borligini hammadan ko‘ra Matyoqub yaxshi bilardi. Uni yaqin olib bir safar aytgandi. Matyoqub maktabni tugatgach shaharga ketib, Konservatoriyaga o‘qishga kirdi. Qo‘shiq aytib televizorda ham ko‘rinish bera boshladi. Qishloqdan oyog‘i uzilgan hisob, sochni uzun qo‘yib onda-sonda kelib qolardi. O‘shanda ham sinfdoshlar davrasiga qo‘shilib qolsa, o‘zini baland tutadi. Bundan Orzumurodning dili og‘rir, o‘ziga aytishga istihola qilar, shahar o‘zgartiribdi-da, deb o‘ylardi. Bunday rostmana yuziga oyoq qo‘yishini esa o‘ylab ham ko‘rmagandi.

    Ertasi kuni ham soy bo‘yiga chelak ko‘tarib tushgan Gavhar sovchilarga rad javobi berganini aytib, chelaklarini suvga to‘ldirib qaytdi.

    – Tegsa, mening o‘g‘limga tegadi. Undan ustunini topa olmaydi. Bo‘ying aylansin bolajonimdek yigit nafaqat qishloq, olamda yo‘q. Televizordan kimning bolasi, chiqadi, albatta, Xadichaning. Shaharda mana men degan boyvachchalar uni kuyov qilaman debdi, bolasi tushmagur, olsam Gavharni olaman, deb hech biriga rozilik bermabdi. Nachora, ko‘ngilda bu. Nima ham derdik, bolamning istagi qonun, – deya elga ovoza qilishga ham ulgurib, sovchilikdan quruq qaytgan Matyoqubning onasi Xadicha momo boshqacha bir gap tarqatdi. – O‘zini oy ko‘rsatib yuradigan Gavharxon aslida oppoq emas ekan. Tunovmurodning o‘g‘li bilan oshiq-ma’shuqligi borligini bilib qolib, ota-onasi rozi bo‘lsa-da vaqtida to‘yni to‘xtatdik. Bo‘lmasa, egri oyoq kelinning dastidan elda sharmanda bo‘larmidik.

    Bu gap ko‘pning dilini og‘ritdi. Eshikma-eshik gap poylab yuradigan qo‘shnisi Farog‘at yanga ko‘zlari chaqnab gapirib berganda Yoqub aka ochuvlanib pochtachining uyiga bormoqchi bo‘ldi. Shunda Toshbuvi ona yo‘lini to‘sdi:

    – Qo‘ying, otasi, it hurar – karvon o‘tar. Uzumga tumshug‘i yetmagan tulki puf sassiq, degan ekan. E’tibor qilmang. Qizingizning Murodjon bilan to‘yini o‘tkazishni, ikkisiga ham birdek ota bo‘lish mas’uliyatini o‘ylang. Bir to‘y qiling, ularning baxtidan ko‘rolmaslarning alamidan ko‘zi o‘yilsin.

    O‘sha to‘y bo‘ldi. Butun qishloq havas qiladigan to‘y bo‘ldi o‘ziyam. Orzumurod jo‘ralari bilan “Volga”da Gavharlarnikiga kirib bordi. Ko‘chani mashinalarning signali tutdi. Uyga kirishdagi poyondozni o‘rtoqlari talashib-tortishib ketishdi. Jobirga teng keladigani topilmadi. U shartta yulqib oldiyu beliga bog‘ladi.

    Ichkariga kirishdi. O‘rtoqlari tizilib o‘tirishdi.

    – Sen o‘tirma, Murod, ataganini berishsin, keyin o‘tiraverasan, – dedi Jobir.

    – Eng qimmatli boyligimiz – qizimizni berib qo‘ydik-ku, yana nima kerak kuyovga, o‘tiravering, – dedi Gavharning amakisi Eldor akaning xotini shoddodgina Muslima yanga.

    – Yo‘q, yo‘q, o‘tirma, oldin biror nima undiraylik, keyin o‘tiraverasan, – deya Jobir ham bo‘sh kelmadi.

    U jim, joyida tek qotgandi. Gavharning onasi Toshbuvi ona: “Nima gap, chiroqlarim”, deb kirib keldi. Orzumurod Toshbuvi onadan tortinmasdi. Ismiga ona so‘zini qo‘shib aytardi. Bugun ilk bor yerga qarab turdi. Ko‘zlariga qaramadi, qaray olmadi.

    – Ataganingizni bering, – chuvillashdi yigitlar.

    – Og‘ildagi bolali sigirni berdim, bolam, o‘tiraver, – dedi kulib Toshbuvi ona.

    Orzumurod shundan so‘nggina joyiga cho‘kkaladi.

    Shirin choy tortildi. O‘rtoqlari ichishib, piyolaga pul tashlashdi. Bittadan tuxumni paqqos tushirishdi. Laganlardagi meva, yeguliklarni bir belboqqa tugishdi. Bo‘sh idishlar ham mayda chaqa pullarga to‘ldi. Kelinyangalar yana tashlanglar, deb qistalang qilar, o‘rtoqlari talashib-tortishib pul chiqarishardi. To‘sh keldi. Muslima yanga Orzumurodga bir chetini tishlatgach to‘sh ham tugildi. U yirik pullardan bir nechasini yangaga berdi. So‘ng Muslima yanga chopon, do‘ppi kiydirdi, belbog‘ o‘radi. Bejirim qilib tikilgan belboqqa qip-qizil ipakda O.G so‘zlari tushirilgan edi…

    – Kuyovni kelin bolaning yoniga o‘g‘irlab ketamiz,– kuldi Muslima yanga.

    Qo‘shni xonada… Qip-qizil atlas ko‘ylakdagi kelinni ayollar o‘rab olgan. Turli kashtalar bilan bezatilgan chimildiqqa o‘g‘il va qiz bolaning kiyimchalari, tumorlar osilgan. Ikki burchidagi iplariga qo‘sh qoshiqlar tugishgan. Ikki ayol tutib, ularni pana qilishdi. Orzumurod o‘zini yo‘qotgan, polvon kelbati titrar, jilmaygancha ayollar nima aytsa, shuni qilardi. Gavhar yonida. Uning ham titrayotgani sezilib turibdi. Ko‘zguga qarashdi. Yuzlari qip-qizil, naqsh olmadek. Xuddi o‘zi. Orzumurodga shunday tuyuldi. Yanada chiroyli bo‘lib ketgan, uyatdan yal-yal yonayotgan ko‘zlarga ko‘zgu orqali boqib, pichirladi: “Umrbod senikiman, Gavhar, aslo o‘zgani demayman”. “O‘lgunimcha senga sodiq qolaman”, degan o‘yni ham dilidan o‘tkazib, jilmaydi. Gavhar ko‘zlarini olib qochdi.

    Nigor momo:

    – Turmushlaring, tilingizdan uchgan so‘zlar shu asaldek shirin bo‘lsin, – deya piyolada asal yalatdi.

    – Etaklaring o‘g‘il qizga to‘la bo‘lsin, – deya Begmat akaning egizlari – jajjigina Hasan-Zuhrani onasi Xolbeka yanga uning qo‘llariga berdi. Orzumurod ularni yuzlaridan bir-bir o‘pib, Gavharning oldiga o‘tirg‘izdi. Beonasiragan, to‘daga ko‘nikolmagan go‘daklar chirillab yig‘lashardi.

    Oyoq bosar bo‘ldi. Gavhar oyog‘ini tutib berdi. “Kuyov bosdi, kuyov bosdi, endi uyda kuyov ustun bo‘ladi”, chuvillashdi xotin-xalaj. Nigor momo Gulsum momoni ular orasidan yetaklab chiqdi. Ikkisi o‘zlarini to‘shanchiga tashlab, ag‘anashga tushishdi. Gulsum momo old tishlari to‘kilgan jag‘lari orasidan gaplari pis-pis etib chiqib:

    – Bizdek qarilik gashtini suyib yuringlar. Chebaralaringni ham ko‘ringlar, – deya piqillab kuldi.

    Nigor momo:

    – Qani polvon, bir aqchadan cho‘zing-chi endi, bilsanglar, qo‘sha qarish eng katta baxt aslida, – dedi.

    Orzumurod ularni ham siyladi.

    “Kampir o‘ldi” dan yaxshigina siylov olgan Gulsum momo nasihatga o‘tdi:

    – Endi, bovurlarim, bir nasihat qilib qo‘yay senlarga. Olsanglar yo‘llaringda chechak unadi, olmasanglar yaxshi bo‘lmaydi. Ammo senlar tushungan odamlarning bolalarisilar. Gaplarim zoye ketmasligiga aminman. Aytadiganlarim quloqlaring ostida bo‘lsin. Chilla vaqtida ehtiyot bo‘linglar. Chilla sizlar uchun eng katta e’tibor talab qiladigan payt. Yomon ko‘zlardan yiroq, baxtli-taxtli yashaymiz, desanglar bu paytda o‘zlaringni ayanglar. Qadamni o‘ylab bosinglar. Chillani oyoqosti qilish yaramaydi. Bu baxtingizga qo‘yilgan tushov bo‘ladi. Chimildiqqa sodiq bo‘linglar. Har xil odam bor. O‘zlaringni o‘zga nigohlardan bu paytda biroz uzoq tutinglar. Sen, kuyov bola, ayniqsa, kechasi ko‘chaga chiqma. Chillali uyda hamisha chiroq yonib tursin, kelin yolg‘iz qolmasin. Bilsanglar, chilla aslida yot ko‘zlardan himoya qiluvchi xazina. Ana shundagina to‘la-to‘kis baxtga erishasizlar. Gaplarimni quloqlaringga quyib olgan bo‘lsanglar, endi bir duo qilamiz.

    Topganingiz oltin, olganingiz duo bo‘lsin, bovurlarim. Olinglaru oldirmanglar, bizdek keksarib sizlar ham yoshlarga shunday duo berib yuringlar, omin.

    Bir tom odam kaftlarini yuziga tortishdi:

    – Omin, aytganingiz kelsin, momo.

    – Omin…

    Uydan chiqishda yig‘lovchilar ko‘p bo‘ldi: Gavharning onasi, singlisi, jiyanlari… Dahlizda bir o‘zi xoli yig‘lab o‘tirgan Dilnuraga:

    – Bahona qilmay yaxshilab yig‘la, – deya gap otdi uydan chiqqan Jobir. Tugun tutgan, undirgan pirpirakli ro‘molchalarini ko‘ylaklarining oldiga yarmini chiqarib solib olishgan kuyovjo‘ralar qiy-chuv bilan oyoq kiyimlarini kiyishga tushishdi. – Ko‘zingni tupuklaganing bilinib turibdi. Opam ketdi, menga yo‘l ochildi, deb suyunayotgandirsan-a?

    – Boring-e, Jobir aka, sizdan yaxshi gap chiqarmidi, – dastro‘molini yuziga bosgan Dilnura hovliga chiqib ketdi.

    Ko‘cha darvozada erkaklar tizilishib turardi. Ko‘zlarida aylanayotgan yoshni sezdirmaslikka uringan Yoqub aka qizining peshonasidan o‘pdi:

    – Bolam, uyimga faqat kulib kirib kel. Borgan joyingda toshdek qot. U yer sening haqiqiy uying. Hafa bo‘lib keladigan bo‘lsang, darvozadan xatlama.

    Duv-duv yig‘lagan Gavhar “Volga”ga o‘tirdi.

    Bu paytda tashqarida qiy-chuv boshlangandi. Qishloq bolalari “Kuyov ko‘pkari” qilishibdi. Jobirning bir poy tuflisi yo‘q. Kuyov jo‘ralar pul yig‘ib, bir tuflining puliga bir poy tuflini “sotib olishdi”. Pulni bitta-bittalab sanab olgan Yoqub akaning jiyani yettinchini tamomlagan Keldiyor tandirxonadan poy tuflini olib chiqib berdi.

    Keyin… Kelinni olib aylantirishga tuman markazi tomon yo‘lga tushishdi.

    Mashina sekin yurar har-har joyda yo‘lni bolakaylar, qizaloqlar qo‘l ushlashib to‘sib chiqardi. Ularning soni ko‘p edi. Juda-juda ko‘p. Shofyorning oldidan joy olgan Muslima yanga sharaqlab kuldi:

    – Gavharxon, qarang, sizni bolalar juda yaxshi ko‘risharkan. Ularning “Bolqon tutish”idan ham bu ayon bo‘lib turibdi. Murodjonga berishga ko‘zlari qiyishmayapti-yov. Hammasini rozi qilishga ro‘molchalaringiz yetadimi o‘zi? Murodjon, bu holni yaxshilab e’tiborga olib qo‘ying. Gavharxonning qadrini biling, deyman-da. A, kuyov bola?!

    Orzumurod jilmaydi.

    – Albatta, yanga, albatta…

    Kelinning ular uchun atay chekkasiga ipakdan to‘qib tayyorlagan qo‘lro‘mollardan yanga bo‘lmish har biriga bittadan oynadan ulashgachgina bolqon tutuvchilar yo‘lni bo‘shatib, ancha joygacha yonma-yon yugurib borishardi. Qo‘lro‘mol tugagach oz-ozdan pul berib keta boshlashdi…

    Katta yo‘lga chiqqan mashina Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga qo‘yilgan yodgorlik tomon burildi. Ikkisi yodgorlik poyiga guldasta qo‘yishdi.

    Mashina markaz tomon yeldi. Bog‘ni aylanishdi, esdalikka suratga tushishdi. Dor o‘yinini tomosha qilishdi. Tushga yaqinlashganda to‘yxonaga kirib kelishdi.

    Keng hovliga joy qilingan. Shu kunlarda havoning avzoyi buzuq bo‘layotgani uchun, atrofi gilamlar bilan o‘ralgan, ustiga brezent tortilgan. Mashina kelib tushishi bilan “Kelin keldi” yangradi. Olov yoqilib, ikkisini atrofida aylantirishdi. So‘ng kelin salom aytildi. Gulsum momo qo‘liga lagan tutib, boshini silkitib, jaranglatib ayta ketdi:

    – Tog‘u toshni gul qilgan,

    Ikki yoshni bir qilgan,

    Avvalo Xudoyimga salom!

    Mahalla kayvonisi,

    Elning suygan onasi,

    Qaynonasiga salom…

    Salom aytilmagan odam qolmadi: kuyovning opalari, o‘rtoqlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, qishloqdoshlar… Gavharning egilaverib beli tolib ketdi. Uyga kirishda ostonada ta’zim qildi. To‘shalgan poyondozga bosh qo‘yib o‘pdi, keyingina ichkariga qadam tashladi.

    Ovqatlanib olib, bir oz nafas rostlashgach to‘yxona to‘rida ikkisi uchun qilingan joyni “Yor-yor” sadolari ostida egallashdi. Ortiga osilgan olachaga paxta bilan “Orzumurod va Gavharoylarning nikoh to‘yiga xush kelibsiz!” deb yozilgan.

    Tilovmurod aka o‘g‘limga to‘y qilsam Toshkentdan mashhur hofiz Bekali Do‘stovni olib kelaman, deya niyat qilgan, buni Yoqub akaga ko‘p bor aytgandi. Yoqub aka do‘stining niyatini amalga oshirdi. Hofiz to‘yga keladigan bo‘ldi. Ular sahnaga chiqqandan ko‘p o‘tmay hofiz to‘yxonaga kirib keldi. Uning kelishi dong‘i avvaldan elga yoyilgan, tumonat odam to‘plangan, hovliga sig‘maydi. Yon qishloq, hatto qo‘shni tumanlardan telejka-telejka odam kelgan. Hofiz qo‘shiqni ayta boshlagandan yomg‘ir sharros quya boshladi. Shunday quydiki, jalaga aylandi. Brezent ostiga sig‘magan odamlar o‘zlarini pana-panaga ura boshladi. Yurishning iloji yo‘q, hovli suvga to‘lgan, loy-balchiq qorishgan. O‘n daqiqadayoq hamma yoqni to‘zitgan yomg‘ir hali-veri tinay demaydi. Bilganlar indashmas, bilmaganlar elga hokim sayl berayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Aytilgan ham, aytilmagan ham shu yerda – taniqli artistni ko‘rish istagi bilan kelgan. Shu to‘s-to‘polonda ham hofizdan odamlar qo‘shiq so‘rar, u bo‘lsa, torni qo‘liga olib kuylardi. Oxiri oqsoqollar kelin-kuyovni uyga kiritib, yig‘ilgan elni tarqatmoqchibo‘lishdi. Hofizga ham ruxsat berildi. Ko‘p o‘tmay yomg‘ir ham tindi. Shamol turib qop-qora bulutlarni har tomonga lopillatib to‘zg‘itdi. Quyosh ham dam ular orasidan mo‘ralab, dam yashirinardi.

    Bu orada kelin-kuyov qaytib stolga o‘tirishdi. Lekin talato‘pda ularning oldini bezab turgan katta pushtirangdagitortga kimdir qo‘l botirib ketibdi. Besh panjaning izi qolgan. Buni ko‘rib Gulsum momoning ko‘zi chiqib ketdi. Afsus bilan bosh chayqadi: ishqilib biror bola o‘ynab qilgan bo‘lsin-da, deya xo‘rsindi. Lekin panja yosh bolaniki emasdi. Boya shu atrofda o‘ralashib yurgan Farog‘at ko‘z oldiga kelib, atrofga alanglab, axtardi. Uning o‘zi tugul qorasi ham ko‘rinmadi. Shu kuni uni to‘yxonadan topmadi. Gavhar ham bu holdan ozorlandi: “Allohim, baxtimni to‘kis qil”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi.

    Ular o‘zida emasdi. Ko‘p o‘tmay panja tushgan pushti tort tashvishini ham unutishdi. To‘y qanday o‘tdi, chimildiqqa qachon kirishdi, hamma-hammasi ertakday bo‘lib, yettinchi osmonda suzib yurishardi. Chimildiqda bir umr sevgiga sodiq bo‘lishga, bir-birini doim ardoqlashga so‘z berishdi…

    Orzumurod har bir gapirgan so‘zining zalvorini yaxshi bilar, yaxshilab o‘ylab, so‘ng so‘zlardi:

    – Gavhar, menga ishon va suyan. Quvonchu qayg‘uda, har qanday sinovda sen bilanman. Ikkimizni faqatgina ajal ajratadi. Bu mening yigit so‘zim.

    Aytganlari u uchun birgina yigit so‘zi emas, qasam ham edi.

    Matyoqub o‘zi kabi san’atkor, televizordan tushmaydigan shaharlik qizga uylandi. Ikkisi birgalikda qo‘shiq aytib, kliplar, kinolarda ham rol o‘ynay boshlashdi. O‘g‘illi bo‘lishganini ko‘plab nashrlar yozdi. So‘ng… So‘ng ko‘rsatuvlarda u onda-sonda bo‘y ko‘rsatar, kelin esa filmlarda boshqa aktyor bilan suratga tushardi. Qishloqda uzunquloq gaplar o‘rladi: “Ajrashishibdi. O‘g‘il tug‘ilgandan so‘ng kelin uni uyidan chiqarib yuboribdi. Ichkuyov ekan, qo‘lidan hech bir ish kelmabdi. Shundoq kostyumini yelkasiga tashlab chiqib ketishga majbur bo‘libdi”.

    – O‘g‘limga onasi o‘pmaganidan olib beraman, – debdi bir to‘yda kerilib Xadicha momo. – Kelin suyuqoyoq ekan. Bir rejissyor degani bilan yurib ketibdi yer yutkur. Ilk ko‘rganimdayoq turqi yoqmagandi ko‘zing o‘yilgurning. O‘g‘limning ko‘ngliga quloq solmay har balo bo‘lgur men o‘lay bir adashdim-adashdim-da.

    Shundan so‘ng mish-mishlar haqiqatligi ayonlashdi.

    Bu gaplarni Orzumurod sinfdoshlaridan eshitdi. Yaxshi bo‘lmabdi, deya bosh irg‘ab qo‘ydi.

    Orzumurodning uch qizi bor. Barchasini jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Aytgan joylariga olib boradi, istagan narsasini topib keladi. Lekin o‘g‘li – qamchisiga ega yo‘qligidan og‘rinadi. Buni hech kimga, ayniqsa, Gavharga sezdirmaslikka urinadi. Buning uddasidan chiqsa-da Gavhar hamma-hammasini his etadi. U sezgirlikda yer ostida ilon qimirlasa biladigan xotinlardan.

    Bo‘yinsalari davrasida Orzumurod hech kim indamasa-da, ma’yus tortib qoladi. Ularning o‘g‘illariga bel olishtirib, hakamlik qilib chalg‘iydi. Ba’zida o‘zi ham qo‘shilishib kurash tushib ketadi.

    U Ko‘kdo‘nanni uloqqa tayyorlaydi. Yem-emishini vaqtida beradi, minib sovutib kelish bahonasida dashtga chiqib ketadi. Bu paytda otning jilovini bo‘sh qo‘yib, o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qoladi. Xayol ummoni esa o‘tmish, bugun va kelajakni atrofida uchib yurgan mezonlar kabi tutashtiradi.

    O‘zlarining buvrul biyasining bolasi Ko‘kdo‘nanni yoshligidan tarbiyaladi. Peshonasida oqib bor, sag‘rini keng, otasi nomlab bergan otni yettisida uloqqa qo‘shdi. Sovrinning oldi uniki bo‘la boshladi. Bu orada nechtasi xaridor bo‘ldi, sotmadi, yap-yangi mashinalarning kalitini tutqazishdi, ko‘nmadi; o‘g‘illi bo‘lsam uni mindiraman, deya niyat qilib qo‘ygan. Bu orada qizlari tug‘ildi, oldinma ketin maktabga qatnay boshlashdi ham. O‘g‘ildan esa… Beshafqat yillar suroni charxpalakdek aylanib, bilagidan quvvatni so‘rib, dong‘i uzoq-uzoqlarga ketgan otining ham davri o‘ta boshladi. Hozir ham elga o‘rnini bildirib qo‘yish uchun onda-sonda uloqqa bosh sovrinlar uchungina qo‘shadi, shunda ham quruq qaytmaydi. To‘rtinchim o‘g‘il bo‘lsa ko‘pkari beraman, oxirgi sovrinimni shu kuni tashlab, so‘ng oqsoqollar duosini olib, bu kasbni yig‘ishtiraman. Nasib etsa, o‘g‘lim polvon bo‘ladi, deya shirin xayol suradi.

    Uchinchi qizdan so‘ng kichik opasi serqatnov bo‘lib qoldi. Bir safar…

    U otxonada edi. Ko‘kdo‘nanning arpasini berayotgandi.

    – Shu otga buncha mehr bermasang, sen bola. Undan ko‘ra bundoq fikr qilishni ham o‘ylab ko‘rsang bo‘lardi.

    Muborak opasining uzib olgan tovushi shundoqqina ortidan eshitildi.

    – Salom, opa. Tinchlikmi? Ertalabdan buncha gina?

    – Bu deyman sevib uylangan xotining qizni ham shunchalik yaxshi ko‘radimi-a? Otingni ham ular minadi shekilli. Ertaga shuncha dov-daskang kimga qoladi? Chirog‘ingni kuyovlaring yoqadimi?

    – Opa, sekin. Gavhar eshitsa, nima deb o‘ylaydi? Nima bo‘ldi sizga? Chap yoningiz bilan turdingizmi nima balo?

    – Dard bo‘ldi, balo bo‘ldi. Ha, chap yonim bilan turdim. Bo‘ldimi? Eshitmasa, undan nariga. Ichi qizga to‘lib ketganmi uningning. Bittayu bitta ukam. Otam sho‘rlikning izi o‘chib ketmasin, deyman, ukajon. Shunga kuyaman men, shunga kuyaman. Onamning ahvolini qara. Ich dardi ichida, jigarim. Kelinini yaxshi ko‘radi, bir og‘iz ortiqcha so‘z aytmaydi, lekin o‘g‘il nabirani qachon suyaman, deya siqilib o‘zini tamom qildi. Sen avval yaxshilab onamning ko‘ziga qara, shundagina ulardagi dardni ko‘rasan.

    – Opa, qo‘ying, qiz bergan xudo o‘g‘il ham beradi. Hali o‘g‘il jiyanlarni ham ko‘rasiz. Onamning ham orzusi ushaladi.

    – Ortingda iz qoldirishing kerak, ukam, iz. Qiz bola birovning hasmi. Ertaga erga tegadi-ketadi. Uyda so‘ppayib xotining bilan qolasan. Senga shu qismat kerakmi? A? Kerakmi? Buni istamasang yana birortasiga uylanishing kerak. Gavhar, Allohga shukur, tushungan ayol, qarshilik qilmaydi. Shunda…

    – Opa, chegaradan chiqmang, ikkinchi bor bu gapni tilingizga olmang degandim-ku…

    – Bo‘lmasa yuraver, sen qaysar. Qizlaringni uloq chopishga o‘rgat, ularni bel olishtir.

    – Opa, dedim…

    – E-siz, senga, senday ukaga. Shuncha gaplarim havoga uchdi. Avlodimni davom ettiradigan bitta tirnoq qolmasa-ya, deb otamning ruhi chirqirayotgandir. E, bor-e.

    Opa qo‘l silkib, ro‘molining uchi bilan ko‘zyoshlarini artib jo‘nab qoldi. U esa otning qo‘yniga bosh qo‘yib, unsiz yig‘ladi. Yig‘layverdi. Ot ham uning dardini tushungandek tek qotgan, tumshug‘iga ilingan xaltada arpa bo‘lsa-da, yemasdi. Uzoq shunday turishdi, turishaverdi. Gavhar kelib “Tinchlikmi, otasi” degandan so‘ngina Orzumurod o‘ziga keldi. Otning sag‘riniga yuzini artib ko‘zyoshlarini yashirgandek bo‘ldi.

    Lekin Gahvar hammasini tushungan edi. Qaynopasining hovlidan chiqayotganini ko‘rgan, uyga kirmay o‘zi va qaynonasidan hol so‘ramay ketayotganidan yana o‘sha gap bo‘lsa kerak, deb dili xira tortib, tandirga o‘t qalashga tushdi. Bu orada nonini pishirib olib, sigir sog‘ishga hovliga endi va Orzumurodni otxonada shu holatda uchratdi…

    Shu kuni yotarda u eriga botinib ilk bor ko‘zidagi yoshini kafti bilan sidirib gapirdi:

    – Murod aka, opangiz to‘g‘ri aytyapti…

    Orzumurod yalt etib unga qaradi. So‘zlari xo‘rsiniq aralash lablaridan uchdi:

    – Dilimni og‘ritma, Gavhar. Endi sen unday dema. Ajalimdan besh kun burun o‘ldirma. Ikki dunyodayam sendan o‘zgasini demayman. Bunday bo‘lmaydi ham. Hammadan ham ko‘ra meni sen yaxshi bilasan. Ikkinchi bor bu gapni aytma. Shukur qil, qizlarimiz bor. Tirnoqqa zorlar qancha?! Allohimning dargohi keng, o‘g‘il ham berar.

    Gavhar bu gapni ikkinchi bor tiliga olmadi.

    Orzumurod sportning barcha turlari ishqibozi edi. Uyida to‘p, tosh, boks qo‘lpoq osig‘liq turardi. Ular yangi egasini kutardi. Har-har zamon ularga zimdan qarab qo‘yadi.

    Kim o‘rgatdi – bilmaydi bu orada kenja O‘g‘iloy bir safar dasturxonga duoga qo‘l ochishganda:

    – Xudoyim bizga ham ukacha bersin, ukacham tug‘ilsin, ovmin, Allahu akbar, – deya yuziga kaftini siypadi.

    Orzumurod qiziga yalt etib qaradi, kaftlarini beixtiyor yuziga olib bordi.

    Bu orada Gavhar to‘rtinchi farzandiga yukli bo‘ldi. Orzumurod uni yeru ko‘kka ishonmay, og‘zidan chiqqanini badastir qiladi. Har safar dasturxon ustida O‘g‘iloy kichkina kaftlarini tutashtirib “Iloyim, uyimizda ukacha tug‘ilsin”, deya duoga qo‘l ochadi…

    Chaqaloq yig‘isi otxonaga keldi. Yuragi dukillab kutdi. Ko‘kdo‘nanni qashladi, yemini berdi, yollarini siypalab quloqlariga nimadir dedi. Uzoq kutdi. Hech kim suyunchi so‘rab chiqmadi. Opasi eshikdan xatlab og‘il tomon yurganda yuragi bir orziqdi. Chiqmagan jondan umid degandek umidvor boqdi. Bunga javoban opa bir o‘qraydiyu yonidan o‘tib ketdi. Orzumurod hammasini tushundi…

    Yolg‘iz qolishganida ko‘ziga qaray olmayotgan, chuqur qayg‘uga tushgan Gavharning yuzini ikkala kafti orasiga olib o‘ziga qaratdi, jilmayib:

    – Yetkazganiga shukur, Gavhar, Gavharim, sen menga yana bir dur hadya yetding. Aslo og‘rinma, bunday qilsang Allohga shak keltirgan bo‘lasan. Qiz ham farzand. Bizning davomchilarimiz. Bundan faqat va faqat suyunishing kerak. Ho‘pmi, qani bir kul-chi, – dedi.

    Shundog‘am to‘lib turgan Gavhar uning ko‘ksiga bosh qo‘yib o‘kirib yig‘lab yubordi:

    – Nega biz, Murod aka, nega biz? Boshimizda bu qismat.

    – Unday dema. Qara, qizlaring qay o‘g‘ildan kam, Gavhar.

    Orzumurod uning sochlarini siladi.

    – Peshonamizga shu yozilgan ekan, faqat va faqat kulib qabul qilishimiz kerak. Undan ko‘ra bolalaring ko‘ngliga qara. Ahvolingni ko‘rib, qay o‘g‘ildan kammiz deya, ularning dili og‘rishi mumkin. Qarab tur ular hali ikkimizning porloq yulduzlarimiz bo‘ladi. Jajjivoyga To‘maris deb ism qo‘ymoqchiman. Senga ham ma’qulmi?

    – Siz nima desangiz shu.

    Shu kuni ikkisining ham ko‘ziga uyqu kelmadi.

    Gazetalar Matyoqubning o‘ziga o‘xshab turmushi buzilgan o‘zga bir san’atkor bilan oila qurganini yozishdi…

    Kunlar, ortidan oylar o‘tdi. Yillar o‘tdi…

    Orzumurodning tengqurlari o‘g‘il uyladi. Qizlarini ham so‘rab darvoza qoqib keluvchilar ko‘paydi. To‘maris ham kattardi. Orzumurod o‘rtoqlari davrasidan o‘zini torta boshladi. Ikki opasi unga dashnom bera-bera charchashdi. Yana bir ayolga uylan, deya qistovga ola-ola natija bo‘lmagach, uydan oyoqlarini tortishdi.

    Gavhar boshqa homilador bo‘lmadi. Dasturxonda ukacha tug‘ilsin, degan niyat aytilmay qo‘ydi.

    Orzumurod ham taqdirga tan berdi.

    …Qizining boychechekni kaftida tutib Gavharning yonidan katta enasi xonasiga yugurib kirib ketarkan:

    – Dada, enam ham rosa suyunadigan bo‘ldi, – degan gapidan o‘ziga kelgan Orzumurod uning ortidan ergashdi.

    Quyosh charaqlab tursa-da tafti yo‘q, izg‘irin quloqni yengil chimchilaydi. Uncha sovuq ham emas. Kunchiqardan Aydarko‘l shamoli esadi. Atrofni yashillik qoplab, tabiatga jon ingan. Nakurtliklar hafta burun chiqqan cho‘ponga qo‘y-echkisini qo‘shish uchun ertalabdan bolalarining oldiga soladi. Jilg‘ada to‘plangan cheganani “bosh-chu” deya oldiga solgan Haydar cho‘pon bitta non va idishda suv solingan to‘rvasini orqalab dashtga yo‘l oladi. Bugun Husnora mollarni kechroq haydab chiqqan cho‘pon Qurisoyga oshib bo‘lgan ekan. Husnora molni unga topshirib, qaytib kela turib Qizilqiyada…

    Husnora hayajonlanib so‘zlab uyga kirdi, to‘rda bir maromda urchuq yigirib o‘tirgan katta enasiga boychechakni tutdi. Keksarib qolgan Oyxon momo urchug‘ini oldiga to‘shalgan etak ustiga qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqalab qoqqan bo‘ldi. So‘ng nabirasining peshonasidan o‘pib, boychechakni qaltiroq qo‘llari bilan ushlab, lablariga avaylabgina bosdi:

    – Yetkazganingga shukur, Allohim, yana bir bahorga yetkazganingga shukur.

    – Oyi, hali bu bahorning ko‘pini ko‘rasiz. Uzoq yashaysiz, – Orzumurod onasining yoniga yonboshlab, boshini tizzalariga qo‘ydi.

    – Aytganing kelsin, bolam. Sizlarning quvonchingizni ko‘rib yurish men uchun baxt. Lekin endi kech, bolam. Joyim otang yonida. Hayot sizlarniki. Har safar sajdaga bosh qo‘yganimda sizlarning uzoq umr ko‘rishlaringizni so‘rayman, – Oyxon ona uning sochlarini mehr bilan siladi.

    – Oyi, unday demang! Sizni yo‘qotishni istamayman. Hali aytganimdek ko‘p yashaysiz.

    – Yashayman, bolam, nasib etsa yuzga ham kiraman.

    – Oyi, tizzangizga bosh qo‘yib yotishni judayam yaxshi ko‘ramanda. Urishmaysizmi?

    – E, bolam-a, sen onangga erkalik qilasanu men urishaymi?

    Shu kuni ona-bola uzoq dardlashdi. Orzumurod Gavhar bilan ham ochilib gaplashdi. Qizlari katta bo‘lib qolgani, to‘ylarning shirin tashvishlaridan so‘zladi. Gavhar uning o‘zgacha gaplaridan hayron bo‘ldi, lekin buni sezdirmadi. Orzumurod kecha qirq olti yoshini nishonlagan, yaxshigina ziyofat bergandi. Qizlari bilan yayrab o‘ynab, umrida ichmagan kishi bojasi Jobir bilan to‘qishtirib, ozgina konyak sipqorgandi. Gavhar yana konyak ichgandirda, deb o‘yladi.

    Orzumurod tushlikdan so‘ng ko‘chaga chiqib, sport zal tomonga ketdi. Katta qizining sinfdoshlari to‘p tepardi. Ularga qo‘shildi. Ikki bor gol ham urdi. Yigitlar Husnoraning dadasining bu ishidan ham hayron bo‘lib, ham elning old polvoni o‘zlari bilan to‘p tepayotganidan faxrlanib, o‘yinga berilishdi. Yotarda zo‘r kayfiyatda uyiga kelgan Orzumurod To‘marisni erkalatgancha uyquga ketdi.

    Ertasiga juma tongi edi. To‘maris sahar turish odatini ilk bor kanda qilib uyqudan turavermagan dadasini bo‘ynidan quchib, uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Orzumurod ko‘zlarini ochmadi. Gavhar hayron bo‘lib yoniga keldi-yu… Qotib qoldi.

    Doktorlar uyquda yuragi urishdan to‘xtagan, deb tashxis qo‘yishdi.

    Eshitganlar bu judolikka ishonmas, yoqa ushlar edi:

    “Polvonni ham yiqitadigan dard bor ekan-da”…

    “O‘g‘illik orzusi uni tamom qildi”…

    Janozaga Matyoqub keldi. Ichkilikka berilgani rostga o‘xshaydi; ozib, yuzini ajin qoplagan, qisiq ko‘zlari qizarib, qovoqlari qorayib ketgan. Endi u ekranlarda ko‘rinmas, tijoriy gazetalarda ham chiqmasdi. Shivir-shivirlarga qaraganda, u to‘rtinchi oilasidan ham ajrashgan. Oxirgi ayoli bor narsasini tortib olib, uyidan ham quvib solgan. Janjal qilib boraverganidan ishxonasidan ham haydalib, ishsiz qolgan. Kimdir pichirladi: “Hadicha momoning burni haliyam osmonda, uni butunlay shahardan olib kelib, qishloqdan onasi o‘pmaganidan olib beraman deganmish”.

    Boshqasi to‘ng‘illadi:

    – Bukrini go‘r tuzatadi.

    Sal o‘tmay o‘g‘li dog‘ida Oyxon momo ham omanatini topshirdi.

    Yil o‘tgach, elda bir gap oraladi: “Orzumurodning o‘g‘li bor ekan. Oilasiga tanishtirishni o‘ylab yurarkan. Lekin jur’ati yetmabdi”.

    Diyor pochtachining uyidan chiqqan Farog‘at buvi beli bukchayib, hassaga suyangancha qaltiroq boshini silkitib kuzatib qo‘ygan qudasi Xadicha buvi bilan xo‘shlashdi. Burnog‘i oy ikki qizi bilan qaytib kelgan qizi Norimxolni Matyoqubga bergan, uydagi bor narsasini pullab ichib, endi aroqqa xotinidan pul so‘rab janjal ko‘taradigan kuyovi bilan qizini murosaga keltirish uchun uning bir oyog‘i kunora shu yerda edi. Bugun ham ularni yarashtirib qaytayotib, darvoza yonida qishloq qizlari bilan “Oq terakmi ko‘k terak”ka berilgan O‘g‘iloyga so‘z qotdi:

    – Orzumurodning qizisanmi? Ukang bor ekanmi-a? Shu rostmi, bolam?

    Qiz yig‘lab darvozasidan kirib ketdi.

    Yillar o‘tdi. Qizlar turmushga chiqdi. Nabiralar o‘g‘il bo‘ldi. Ota uyiga yig‘ilishganda ularning qiy-chuvi atrofni tutar, birlari ilig‘liq turgan boks qo‘lqoplarni taqib mushtlashsa, boshqalari toshni kim ko‘p ko‘tarar o‘ynashar, qolganlari to‘p tepishardi…

    Yana bir bahor eshik qoqib elga mehmon bo‘lgan, choshgohdan bolalarning ovozi hovlini larzaga solgan kunlardan biri. Ellik yettini qoralagan Gavhar momoning yoniga ko‘cha eshikdan suyunib to‘ng‘ich qizining o‘g‘li uchinchida o‘qiydigan Murodjon keldi.

    – Katta ena, katta ena, qarang, boychechak ochilibdi. Qo‘zilarni kalaz oldirgani Qurisoyga haydab qiqqandim. Qaytishda Qizilqiyadan oshib kelayotib, yantoqning tagidan topib oldim. Yashiringan joyidan ildiz-pildizi bilan sug‘urib sizga olib kelaverdim.

    Gavhar momo boychechakni suyungancha qo‘liga oldi. Ko‘zlaridan sizgan yosh ajinlar oralab yo‘l izladi.

    – Katta ena, kattatamning qizil egarini olib ketib, otimga solmoqchiman.

    Uch yil burun Murodjonning sunnat to‘yida toy olib borishgandi. Hozir u beshga ketib, kattagina ot bo‘lib qolgan.

    – Katta ena, men ham kattatamdek polvon bo‘lmoqchiman. Egarni berasiz-a, katta ena, sizga gapiryapman, siz esa erkatoyingizning gapiga quloq ham osmaysiz.

    Gavhar momoning jimligidan egarni bermay qolishidan cho‘chigan Murodjon yelkasiga bosh qo‘yib yalinishga tushdi:

    – Katta ena, egarni berasiz-a? Ho‘p, deng. Ho‘pmi? O‘zi meni eshitayapsizmi, katta ena?

    Yarasini tirnagan boychechakdan nigohini ololmay jim qolgan Gavhar momo pichirladi:

    – Ob ketaver, bolam, ob ketaver. U egar endi seniki.

    So‘ng o‘zicha gapirindi: “Eh, bevafo dunyo. Bu kunlarni Murod akam ko‘rganda edi. Izing yo‘q, deydiganlarga, mana, u ko‘rib qo‘yinglar, deya aytgan gapini yoqasiga yopishtirardi. Esiz, bevafo dunyo, shafqatsiz hayot”.

    Gavhar momo shunday deb panja tushgan pushti tort ko‘z oldida muhrlangancha chorpoyada o‘tirib qoldi. Uzoq-uzoqlarga tikildi, tikilib turaverdi. Ko‘zyoshlari ko‘z soqqalarini qoplab tortning panja tushgan joylari xiralasha boshladi. So‘ng butkul bilinmay, xira tuman ichida bus-butun tortga aylanib, asl holiga qaytdi-qo‘ydi. Chitdan tikilgan ko‘ylagi yoqalari suv quygandek nam tortib ketsa-da qilt etmayotgan Gavhar momo bu manzarani yuragiga muhrlab qo‘yish uchun haykal kabi qotgandi.

    U ko‘z uzmayotgan tarafdan esa… sim to‘siq bilan o‘ralgan qabristonning bir cheti ko‘rinib turardi.

    Salim ABDURAHMON

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting