hikoya
Komada yotgan ayol boshida kitob o‘qib o‘tirgan qizaloq e’tiborimni tortdi. Alvon rang sochlar, moviy ko‘zlar, bashang kiyim va jozibador ko‘rinish. Bir qarashda qizga maftun bo‘lib qolish hech gap emas. Ammo bu yerda vaziyat biroz boshqacharoq bo‘lgani tufayli, boshqa narsaga chalg‘ishga urindim. Bu kitob, qizning qo‘lidagi kitob, Tolkinning Xobbiti edi adashmasam. Xa xuddi o‘zi. U maxzun ko‘rinish olib mutolaa qilar ekan, tobora so‘nggi bor diydorlashayotganga o‘xshardi. Go‘yo vidolashgisi kelmay, o‘zini qayerdandir qidirar, hech qayerdan topmas, hatto Onasining yonidan arang qo‘nim topgandek edi.
Mana olti yildirki doktorlar ayolni sun’iy tarzda hayotini bir me’yorida ushlab turishar va qo‘qqisdan boylik orttirgan qizaloqning homiyligiga qaramay Jenkins xonimni qo‘yib yuborish vaqti kelganini uqtirishga urinishar edi. Qizaloq, Onam bir kuni albatta ko‘zini ochadi, deb umid qilardi. Aytishadiku, umid barchasidan keyin taslim bo‘ladi, deb. Aksincha bo‘lsa Mo‘jiza kerak. Ammo mo‘jiza allaqachon bizlarni tark etgan. Qolaversa qanchalik tan olishni istamasa ham, Syu, onasini qo‘yib yuborishi kerakligini yaxshi anglardi.
Olti yil avval sodir bo‘lgan avariyada bir oilaning hayoti ostin-ustin bo‘lib ketgan. Tirik qolganlardan faqat bir kishi qoldi. U ham bo‘lsa Syuzan Ford Jenkins. Aslida Syu ham o‘sha avariyada halok bo‘lgan edi. Chunki omon qolganiga qaramay, bu yog‘iga u faqat bir narsani deb yashadi. Qasos. Uni deb yashaganlar esa, tirik hisoblanmaydi. O‘lmaydi ham.
Gap Syu — o‘sha mudxish kechada mast holda mashina haydagan shahar meri ekanini aniqlab, undan butun omma oldida intiqom olish uchun texnalogiyalarni besh qo‘lidek o‘rganib dalillar to‘plagani haqida emas. Alal-oqibat qonun bilan jazolash mumkin bo‘lgan paytda Merni o‘zini o‘ldirishgacha olib borganida ham emas. Aslida hamma gap janob Liniker ya’ni Syuning otasida. Bundan o‘n ikki yil avval boshqa masala bilan komaga tushib uyg‘ona olgan odam haqida.
U vafot etganda Syu o‘n ikki yoshda edi. Bir gal o‘limdan qolgan otasi har kecha qizini uxlashi oldidan Tolkinning Xobbitlari haqida o‘qib berardi. Garchi ushbu yoshda qizlarga uyqu oldi kitob o‘qib berish erish tuyulsada, bunday istisno o‘z sabablari bilan. Jenkins xonim ham komada yotgan eri uchun har kecha ushbu yozuvchining kitoblarini o‘qib berib, undan hamma umid uzganda taslim bo‘lmay, kitoblardan taskin topgan. Erini qalb mexri bilan uyg‘ota olgan. Balki shu sabab kitob mutolaasi oilaviy urfga aylangandir. Mo‘jizaga aylangan oilaviy urfga.
Biz otalar qachondir o‘z farzandlarimizni tark etamiz. Biz ketgandan so‘ng esa bolalarimizga o‘zimizning bir parchamizni tashlab ketamiz. Bilaks ularning bir bo‘lagini o‘zimiz bilan olib ketmaslikni ham eplashimiz shart. Biz ularga qoldirayotgan narsalar nimalardan iborat?
Keyingi palatada o‘tirgan yigitning ismi Semuyel Tompson. Bir necha daqiqa avval uning otasi Tom vafot etdi. Tom politsiya zobiti, bir kichik shaharchaning sherifi edi. Qandaydir giyohvand sotuvchi to‘da a’zolari tarafidan otib ketilgan. O, uning ham yuragida qasos o‘ti yonayotgani naqadar sezilib turar va buni kuzatyotgan kishiga hamdardlik bildirishdan bo‘lak tuyg‘u ulashmas edi. O, naqadar og‘ir azob. Judolik va adolatsizlik. Nima uchun? Hoynahoy Semning miyasidan chiqmayotgan birgina savol shu bo‘lsa ajab emas.
Sem baland bo‘ylik kelishgan, ayni kuchga to‘lgan yigirma to‘rt yoshli yigit. Hozirgina otasini yo‘qotgan bo‘lsa-da o‘zini juda dadil tutib olgandi. Ortiqcha ta’sirchanlikka berilmasdi. Doktorlarning barcha gap-so‘zlarini diqqat bilan tinglar va otasining hamkasblari tomonidan tar’ziyalarni og‘irlik bilan qabul qilib olardi.
Barcha tashvishlardan so‘ng otasining qarshisiga ikki shisha sharob ko‘tarib kirib oldiga o‘tirdi. So‘ng o‘tmishda bo‘lgan qandaydir voqeani yodga olganday biroz o‘yga toldi. Bu voqea Klivlenddagi tungi barlardan birida bo‘lgan. O‘shanda Sem o‘n olti yoshda edi. Otasining xaddan ortiq g‘amxo‘rligi va qattiqqo‘ligidan to‘ygan Sem tunda uyidan yashirincha qochib chiqib, to‘g‘ri qovoqxonaga qo‘shnisi Dostning oldiga yugurdi. Yetib kelgach Dostni izlab o‘tirmay bar oldiga o‘tirdi. Atrofga alang-sarang qilib o‘tirgan yigitni payqagan boshqa bir guruh yoshlar Semni o‘z davralariga taklif etishganda, nihoyat uning yuziga rang yugurdi. Stol atrofida o‘tirgan yigit qizlar erk nimaligini bilar va uning lazzatli ta’mini totib ko‘rishga ulgirgan o‘smirlar edi. Qisqa tanishuvdan so‘ng ulardan biri Semga sharob uzatarkan, Dostni tanishini va u ham hademay yetib kelishini aytdi. Shu payt qizlardan biri o‘rnidan sakrab turib so‘z olishga qaror qildi. — Men ushbu qadaxni yangi do‘stimiz uchun ko‘tarishni taklif etaman. — Xa, — yangi do‘stimiz uchun. Birdan hamma Semga qarab jimib qoldi. Shu joyda u ismi-sharifini aytishi kerak edi. So‘ng hamma — sen uchun, deb qadax ko‘tarardi. Ammo shu lahza o‘sha mashxur voqea sodir bo‘lgan.
— Semuyel Genri Tompson! — Semning ortida politsiya libosida otasi Tom turardi. Qadax tutib turgan yoshlarning yuzlariga qandaydir qo‘rquv yugurgandi. Xuddi vaqti-chog‘lari va xushlari uchib ketgandek edi. Tomning haybati va salobati shu qadar ediki, hatto uning qarab turishining o‘zi tillarni beixtiyor kechirim so‘rashga majbur qilib qo‘yardi. — Kechiring janob, bilmagan edik. Yangrardi iltijolar. Sem nima qildi? Sem to uyga yetib kelgunga qadar otasi Tomni la’natladi. — Do‘stlarimni oldida meni uyatga qo‘ydingiz, dedi. Bor ovozi bilan — sizni yomon ko‘raman, ota menga yoqmaysiz, dedi va xonasiga kirib ketdi. Birozdan so‘ng Semning yotog‘iga kirib gap boshladi otasi Tom. O‘g‘lim mayli men dunyodagi eng yomon ota bo‘lsam ham, mayli. Senga yoqmaymanmi? Ma’qul. Chunki meni vazifam senga yoqish emas. Mening vazifam senga tarbiya berish. Sen o‘qishing va odam bo‘lishing kerak, deb xonadan chiqib ketgan edi.
Ana shu voqeani eslab qo‘lidagi sharobni ochmay stol ustiga qo‘ydi. Nazarida otasi tirik bo‘lganda o‘g‘lining ichishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lishini tasavvur qilib g‘amgin kulib qo‘ydi.
Tom o‘g‘lidan avval vafot etish baxtiga muyassar bo‘lish o‘laroq unga yaxshi tarbiya berishni ham uddalagan ota. Tom so‘zsiz yaxshi ota edi. Yomon otalar ham bo‘ladimi, degan savol tug‘iladi o‘zidan-o‘zi. Bo‘lmasa-chi.
Keyingi palatada yotgan bolaning otasi sharobxo‘r Lens, o‘zining navbatdagi oilaviy janjalida, kushetkada jon talashib yotgan o‘n uch yoshli o‘g‘lini, onasini himoya qilgani uchun jag‘iga musht tushiradi. O‘spirin o‘g‘li Parker uchib borib divanning chetidan chiqib turadigan yog‘och tirgak burchagiga boshi bilan urilgan va miyasiga qon quyilgan. Hozir ahmoq Lensni hech qanday sudsiz to‘g‘ri federal qamoqqa olib ketgani kelishadi. Shuning uchun u naqadar afsusda bo‘lmasin buning hech qanday ahamiyati qolmagan. O‘z o‘g‘lini juvonmarg qilgan Otadan yomoni yo‘q. Ming dodlar solib, shifoxonani tark etardi Lens. Koridorda ketib borar ekan bir ma’romida yurak urishini qayd etib borayotgan apparat, ishlamay qolganini eshitgach xo‘ngrab yig‘lab yubordi. Federal zobitlar uni sudrab olib ketishdi. Sudrab.
Vrachlar xonasida tunggi navbatchilikka tushib qolgan hamshira Agnes qiziga xonadan tashqariga chiqmasdan shu yerda Lego o‘ynab o‘tirishini uqtirardi. Agar shu bugun aqlli qiz bo‘lsa ertaga tongda maktabga o‘zi yoqtirgan katta mashinada olib borishga va’da berdi. Agnes xaftada bir kun tunni ishxonasida o‘tkazadi. Eri uni qizi bilan tashlab ketganiga qaramay u taslim bo‘lmadi. Bor kuchi bilan Annaga ham ona ham ota bo‘lib tarbiya berardi. Qizi Anna hech qachon qolgan qizlar kabi qo‘g‘irchoqlarga va liboslarga qiziqmagan. U bolaligidan o‘g‘il bolalarning o‘yinchoqlarini, ya’ni mashinalarni uynashni tanlagan. Bu qiziqish unga bobosi ya’ni Agnesning otasi Klivlendlik mashxur mexanik pakana Lengtondan yuqqan. Balki kelajakda ushbu yetti yoshli Anna onasiga o‘xshab Hamshira bo‘lar. Yoki bobosi kabi mashxur mexanik. Ammo hozir u shakllanyapti. O‘z qiziqishlari orqali atrofdagi turli ma’lumotlarni ongiga singdiryapti. Tabiiyki nimanidir yoqtirib qolgan, nimanidir esa yoqtirmaydi. Yetti yosh bo‘lishiga qaramay shifoxonani yoqtirmaydi. Chunki onasi unga — gohida odamlarni tuzatib bo‘lmaydi, ular ana shu jihati bilan mashinalardan farq qiladi, degani uchundir. Chunki bolalarga odamlar kun kelib vafot etishi, kasal bo‘lsa tuzalmay qolishi mumkinligini o‘rgatish ham ancha mushkul ish.
Balki shuning uchun ham kun kelib Anna mexanik bo‘lar. Buzilgan, hatto egasi umidini uzgan mashinalarni tuzatar. Xa, u ham albatta shifo ulashadi. U ham davolaydi.
Nihoyat so‘nggi qahramonimiz Jeniy. U shifoxona farroshi. Yoshi ellik sakkizda. Doim otasi ser Xorn ishga olib keladi. Xorn yaxshi haydovchi! Saksonni qoralaganiga qaramay, taksi haydaydi. Oila boqadi. Birgina qizi bor. Jeniy. Garchi nabiralari ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning barchasi o‘z uyi va yo‘li tomon ketgan. Lekin qizi Jeniy va ayoli Morgan xonimga otasi hamon g‘amxo‘rlik qiladi. -Bunday iltifot hech qaysi oilada uchramasa kerak, mulozamat qiladi hamshira Agnes, Jeniyga. — Har holda yilda ikki yoki uch marta uyimiz mexmonlarga to‘ladi, deydi Jeniy bayramlarga ishora qilib.
— Darvoqe Jen, ertaga ser Xorn qizim Annani o‘z pikapida maktabiga tashlab qo‘ysa degandim. Bilasanku, holi-jonimga qo‘ymaydi. Bir rusumdagi mashinani ko‘rdimi, tamom. Uni kapotini ochib ko‘rmaguncha, ichida o‘tirib mator ovozini eshitmaguncha qo‘ymaydi.
— Xa, xa, albatta Agnes. Otam faqat hursand bo‘ladi. Tashvish tortma hech. Seni yaxshi tushunaman. Yolg‘iz ona tashvishi juda og‘ir ish. Ammo biz bor, doim yoningda do‘stlaring bor. Hali nasib bo‘lsa qizing tushmagur xuddi otangdek zo‘r mexanik bo‘ladi. Mana ko‘rasan.
Biz otalar bolalarimizni qaysi payt tark etishimiz kerak? Ularning bu hayotda yutuqlarga erishishi uchun, shaxs bo‘lishi uchun qachon ketishimiz yoki qo‘yib yuborishimiz kerak? Biz ularga nima berayapmiz? Ular bizdan nima kutadi? Xo‘sh, ketsakchi. Ular bizni qanday eslaydi? Nimamizni hotirlaydi?
Erta tongda shifoxona oldiga bir pikap kelib to‘xtaydi. Unga esa qizaloq Anna chiqadi. So‘ng bir soatdan keyin yana shu pikap qaytadi va unga alvon sochli go‘zal Hakker qiz chiqadi. Yana bir soatdan keyin sarvqomad federal zobiti Semuyel bilan o‘g‘lini boshiga yetgan Parkerning xotini Elza o‘tirishadi. Nihoyat navbatchilik tugagach Agnes bilan Jen chiqadi.
— Agnes, — so‘z oladi Jeniy. — Tongdagi operatsiya og‘ir o‘tdimi, deyman.
— Juda og‘ir bo‘ldi Jen, juda og‘ir. — Yig‘lab yubordi birdan.
— Xa, har kim ham bu ishni qila olmas edi. Kimdir o‘z jigarbandini o‘ldirar ekan. Kimdir esa u uchun o‘lishga tayyor.
Suhbatga, ser Xorn aralashib so‘radi. — Tinchlikmi o‘zi? Nima bo‘ldi? Nega buncha g‘amginsizlar?
— Ha ota, tinchlik. Bir odam qizining donar kutishga vaqti yo‘qligini bilgach o‘z joniga qasd qilipti. Bu hol balki hayotda ko‘p uchrab turar. Lekin bunaqasi. Birinchi marta bo‘lishi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? Gapirsalaringchi, — qiziqsinib so‘radi Xorn.
— Shifoxonadagi barcha bemor va xodimlarni kuzatib shu qarorga kelgani haqida xat yozib qoldiribdi.
Bu xatni hamma o‘qidi va hamma o‘z hikoyasini aytib berdi. Jumladan men ham. Ota, sizni juda yaxshi ko‘raman.
Xat;
Balki bola uchun otaning kim bo‘lgani yoki qandayligini qizig‘i yo‘q dersiz. Uni qachon tark etishini ham axamiyati yo‘qdir. Ammo, unga nima bera olishi muhim. Alal-oqibat shu narsa bilan farzandlarimiz yashashda kuch topadi. Men qizim uchun o‘zimda bor hamma narsani berishga tayyorman. Bir soniyaga bo‘lsa ham ikkilanmay beraman. Mayli u buni istamasin. Bu qarorimni yoqtirmasin. Axir mening vazifam shu. Otalik.
Farhod Eshonov