Matriarxatizm estaliklari

0
508

Sherzod Komil Xalil

(esse)

Bundan bir necha yillar oldin ekzotik tuyg‘ularni boshdan kechirish maqsadida megapolisni suv yoqalab kuzatish uchun Moskva daryosi bo‘ylab paroxodda sayohatga chiqqanimda Kambodjadan kelgan janob Visarad bilan tasodifan tanishib qolishga muvaffaq bo‘ldim. Daryo zimillab xira ko‘zguda aks etgan manzar yanglig‘ paroxodni liqirlatib borar, bunga suv shovvasining yumshoq shovqini, esib turgan yengil shabada jo‘r bo‘lar, suvliqdan butun bo‘y-basti bilan kiftdagidek ko‘rinib turgan shahar obidalari esa bu sayohatning naqadar jozib va ko‘ngilga huzur berishidan darak berardi. Bu sayohatda menga ko‘p yillardan buyon Moskvada yashab kelayotgan Do‘stmurod ismli sinfdoshim hamrohlik qilayotgandi. Osmon tiniq edi. Paroxod burnida qo‘yilgan plastmassa stol atrofidagi stullarga cho‘kkan kuyi biz shaharni tomosha qilardik. Sohil atroflari juda xushmanzara daraxtzorlar bilan qoplangan, shahar arxitekturasining o‘ziga xos inshoatlari tabiat bilan birga ajoyib omuxtalik va badiiy yechim hosil qilgan bo‘lib, odamda o‘zgacha hissiyotlarni uyg‘otardi. Shundoq yonimizdan oqchorloqlar, chag‘alaylar uchib o‘tardi. Bu ajoyib qushlarni dengiz va daryolar bo‘ylab sayohat davomidagina shunday yaqindan tiniq va muxtasar ko‘rish mumkin. Biz atrof-javonibni kuzatish bilan andarmon bo‘lganimizda, kombadjalik qarshimizda ofitsiant qiz bilan paydo bo‘ldi.
— I tought it was myduty to get you and your friend a hamburger and coffee, gentlemen’s! — dedi yonimizga allaqachon o‘tirib olgan ajnabiy.
Do‘stmurod menga u nima deyapti degandek ajablanib qaradi.
— U bizni mehmon qilmoqchi ekan, — dedim unga. So‘ng kombodjalikdan so‘radim:
— What is the reason for this?..
Paroxodga chiqishda men kambodjalik va kassir qiz o‘rtasida biroz tilmochlik qilishimga to‘g‘ri kelgan, shu bilan biz uni unutganimizda, u bizning shu qisqa yordamimizga shunday siylov bilan javob berishni ma’qul ko‘rgan ekan. Mayli-da, u shuni lozim ko‘rgan bo‘lsa, ortiq tixirlik qilishimiz, qanchalik to‘g‘ri bo‘lardi?! Biz shunday qilib, janob Visarad bilan tanishib, biroz suhbatlashib ketdik. Men uni oilaviy sharoitiga qiziqdim. Shunda ochilib biz bilan suhbatlashib kelayotgan kambodjalik, birdan chuqur so‘lish oldi.
— Don’t remind me of Chennery — dedi u.
Chenneri uning xotini edi. U janob Visaradni birjadan topadigan pullarini oxirgi tiyinigacha sanab olar hamda undan yana va yana pul olib kelishni talab qilar ekan. Birjada esa hamma vaqt ham omad kelavermaydi. Oxir-oqibat shunday bo‘lganki, ayol janob Visarad omadsizlikka yuz tutganda uni haydab yuborgan. Sud uy-joy va mol-mulkni Chenneri foydasiga hatlab bergan.
Matriarchatism in Cambodja very difficult for men, — dedi u.
Kambodjadagi matriarxatizm haqida eshitganimdan so‘ng, men unga Sumatra orolidagi matriarxatizm haqida ba’zi qiziq narsalarni aytib berdim.
-What about in Uzbekistan?! — deb so‘radi janob Visparad.
Men O‘zbekistonda patriarxatizm ekanligini aytdim. Gamburger va kofe ustida biz yana shunga o‘xshash gaplarni gaplashib ketdik. Matriarxatizm haqidagi gaplaridan keyin men uni Lyuis Morganning kitoblarini o‘qiganmikan deb o‘yladim. Balki u marksistdir degan xayolga bordim, ammo dilimdagini hammasi ochiq aytib o‘tirmadim. Zero, biz paroxodda do‘stim bilan bu kambodjalik ajnabiy bilan matriarxatizm haqida gaplashish uchun emas, shaharni daryo sohili bo‘ylab tomosha qilish maqsadida sayohatga otlangandik. Ajnabiy ham buni tushundimi, yo bizni shahar obidalariga hayrat bilan qarab ketayotganimizga ortiq xalaqit qilishni istamadimi, bilmadim, biz bilan qayta-qayta xayrlashib, hisob-kitob uchun paroxoddagi mini barga uni kutib turgan ofitsiant oldiga ketdi-da, shu bilan bizni oldimizga qaytmadi. Paroxodimiz jahonga mashhur Tretyakovskaya san’at galeriyasi oldidan o‘tayotganda men ortimga nimagadir qaradim, shunda kambodjalikning ham shaharni yolg‘iz o‘zi beparvo tomosha qilib ketayotganligini ko‘rdim. Unga O‘zbekistonda patriarxatizm deganimda qanchalik haqligimni o‘yladim. Bir zamonlar Toshkentdagi institutda falsafa kafedrasida ishlagan vaqtimda, mamlakat uchun mutlaqo yangi fan — ijtimoiy antropologiyaga ishqim tushib, uni o‘rganarkanman, milliy jamiyatlarni klassifikatsiyalaridan biri, uni jinsiga ko‘ra, tasniflash ekanligini o‘qiganim yodimga keldi.

Agar milliy jamiyatlar jinsiga ko‘ra tasniflanganda juda ham qiziq va murakkab tuzilmaga ega o‘zbek jamiyatini jin urgir o‘sha Morgan ta’kidlaganidek, qanday jinsdagi jamiyatga kiritish mumkin: patriarxatmi — matriarxat?! Albatta Morgan bu masalani biz tushungandek talqin qilmagan. U matriarxatizmni patriarxal jamiyat yuzaga kelishidan oldin mavjud bo‘lgan insoniyat madaniyati shakli degan gipotezaga tayangan. Biz esa bugungi milliy jamiyatlarni jinsi mavjud degan ijtimoiy antropologiya gipotezalariga tayanib, o‘z milliy madaniyatimizni baholashga intilib ko‘ramiz. O‘zbek jamiyati ham ko‘plab diniy motivlar ustuvor bo‘lgan arab, fors jamiyatlaridek, patriarxal xususiyatga egami?.. Ma’lumki, islomiy arab jamiyatlarida madaniyat tuzilmasida erkaklarning o‘rni alohida muhofaza qilingan. Yaratganni avvalo Odamni bunyod etgani va uning chap qovurg‘asidan ayolni bino qilishidan boshlanadigan patriarxal xususiyatlar, erkakning muqaddasligini bayon qiladigan: agar Xudodan boshqa zotga sajda qilish mumkin bo‘lganida, men ayollarning erlariga sajda qilishini buyurardim degan payg‘ambar o‘gitlarigacha, muqaddas oyatlarda agar inson adolat qila olsa, to‘rttagacha uylanishga musulmon erkaklariga ruxsat berilganligi haqidagi bitiklar jamiyatni erkakka muxtasar moslanganligini ifodalaydi. Yaratganning qismatiga ko‘nib, iymonini salomat saqlab, burch va farzlarini mukammal ado etgan inson bu dunyoda gunohlardan tiyilar ekan, unga jannatda yetmish ikkita hurlar in’om etilishi kabi umid mujdalari bu patriarxal jamiyatning ilohiy tabiatini yanada mukammalroq ma’noda aks ettiradi. Osiyoning teologik ma’noda arab madaniyati bilan uzviy bo‘lgan, lekin undan ba’zi o‘ziga xosliklariga ko‘ra farqlanadigan yana bir muhim madaniyatlaridan biri bo‘lgan fors madaniyatida ham patriarxal xususiyatlar oila va jamiyat hayotida erkaklarni ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan. Inchunun, zamonaviy fors qonunlarida oilaviy ajrimlarda sudlar bolalarni ularni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan otaga qoldiradi. Odatda uy bekasi bo‘ladigan ayollar boladan mahrum bo‘ladi. Sudlarning bunday qarori jamiyat uchun pragmatik jihatdan juda foydaliligi bilan adekvat ahamiyatga ega. Chunki, birinchidan, ayollar o‘zi dunyoga keltirgan bola haqqi o‘z shaxsiy manfa’atini ko‘zlab ajrimni tanlay olmaydi. Ikkinchidan bu erkak uchun ham noqulay. U bolalarni o‘z ixtiyorida qolishini bilar ekan, endi ularga qarashi yoki qaraydigan enaga topishi kerak, yoki qayta uylanishi lozim. Bolali erkakka esa qiz bolani turmushga chiqishi dargumon. U faqat beva yoki tul qolgan ayolga uylana oladi. Uning farzandlariga qanday munosabatda bo‘lishi dargumon. Xullas, bu holat erkak uchun ham muammoli. Ko‘proq ajrimni tanlamaslik erkak uchun ma’naviy-ruhiy va boshqa jihatlarga ko‘ra foydali sanaladi. Endi bu holatni o‘zbek jamiyati uchun qiyosiy solishtirib ko‘raylik. Bunda sudlar ajrimlar vaqtida bolalarni ona foydasiga qoldirishni ma’qul ko‘radi. Ajrim istayotgan ayol uchun bu juda foydali, u erdan qutiladi va bolalarni o‘z ixtiyorida qoldira oladi. Erkak uchun ham bolalarni ayolga qolishi pragmatik jihatdan juda qulay. U bolalar uchun sud tomonidan tayinlangan aliment pulini to‘lashini aytmasa, boshqa tomondan unga muammo yo‘q. U qaytadan bo‘z yigitga aylanadi. Fors erkagidan farqli o‘laroq u turmush qurmagan qizga uylana oladi va hakozo. Ajrimlarni ko‘payib ketayotganidan noliyotgan tahlilchilar masalani shu taraflariga ham qarashi lozim. Agar ajrimlarda bolalar ota ixtiyoriga qoldirilsa, ajrimlar shubhasiz kamayadi va bizning patriarxat jamiyat ekanligimiz amalda o‘z ifodasini topadi. Ammo biz men kombodjalikka aytganimdek patriarxat jamiyatmizmi rostdan ham?! Unchalik emas nazarimda. Ha, hozir bizda ayollar o‘z huquqlarini poymol bo‘layotganligidan gohida norozi bo‘lib, huquq va erkinliklar uchun kurashmoqda. Batahqiq, men ularning kurashini qo‘llab-quvvatlayman. Huquqiy-demokratik jamiyat qurish tamoyili erkak va ayollarni tengligini ijtimoiy kelib chiqishi, irqi va jinsidan qat’iy nazar ta’minlashi zarur va shart. Lekin hozirgi kun o‘zbek feministlari ta’kidlayotganidek, bizning jamiyat patriarxat tamoyillari asosida qurilganini men tasdiqlay olmayman, garchi buni kombodjalikka aytgan bo‘lsam ham, aslida biz patriarxat jamiyat emasmiz.

Bir qator milliy-madaniy o‘ziga xosligimiz namunasi bo‘lgan stereotiplarimizga qarab, men buni sizga ochiq ayta olaman. Shulardan biri o‘zbek to‘ylari bo‘lib, uning muqobili o‘zbeklarniki kabi dunyoning hech bir joyida mavjud emas. To‘y — milliy an’ana va u juda uzoq tarixga ega. O‘zbek ertaklarida podshohlarning qirq kechayu qirq kunduz to‘y qilgani va shu vaqt oralig‘ida elning ayshu-tarabda yashagani hamda ertak qahramonlarining shu bilan murod-maqsadlariga yetganligi bot-bot ta’kidlanadi. Bu bejizga emas. Aristotel aytganidek, bu afsonalarda haqiqatning siniq parchalarini topish mumkin. An’ana va urflarning avlodlar osha yashab kelishini isboti o‘laroq mavjud bo‘lgan to‘y marosimlari o‘zbek oilalari uchun juda katta xarajatlar va iqtisodiy quvvat talab etadi. To‘y qilish uchun butun hayot davomida kurashiladi. O‘rtahol o‘zbek oilalarida qiz bola tug‘ilishidan boshlab unga sarpo yig‘adigan ayollarining sandiqlarida tilla isirg‘alar, zebigardonlar, tillaqoshlar, baldoqlar, shoyi va ipak matolar, sochiqlaru dastro‘molchalar va yana allambalo osori-atiqalar butun boshli o‘n-yigirma yillar davomida yig‘ib boriladi. To‘y shunchalik hashamatlashib ketganki, unga keladigan mehmonlar kamida 200 kishidan 1000-1500 kishigacha bo‘lgan jamoalarni tashkil qiladiki, ikki-uch kunlik moliyaviy sarflar to‘y egasini butun yillar davomida yiqqan bori-shudini qoqlab oladi. To‘y o‘tkazgan oila odatda qarz ko‘tarishi va endi umrini qolgan qismini oiladagi erkak shu qarzlarni to‘lashga sarflashi kerak. Bu o‘zbek otasining burchi va vazifasi sanaladi. Ayollarning hashamga o‘chligi, estetik yaltiroq mahobatlarga ruju qo‘yishi oila boshlig‘i bo‘lgan erkakka bu matriarxal nafs xurujlarini o‘z vaqtida haqli va muxtasar qondirish vazifasini yuklaydi. Ayollarning bu hashamat va yaltiroq hislarga cho‘lg‘angan udumlariga, ma’nan va ruhan ayolga bo‘ysunadigan matriarxat jamiyat erkaklari qarshi chiqishga qodir emas. Buni tan olish og‘ir. Chunki o‘zbek jamiyati o‘zini shaklan patriarxat jamiyat deb hisoblaydi, ammo yuqorida to‘y stereotiplari misolida ko‘rinadiki, u mohiyatan matriarxatdir. Chunki, yaltiroq hashamlarga o‘chlik, estetik oro berilgan an’analar mohiyat e’tibori bilan ayollarga, inchunun matriarxatizmga xosdir. Albatta maftunkor ayol shubhasiz bizning zamonamizning buti hisoblanadi. U o‘tmishda yunonlar ilohasi Afroditadan katta farq qilmaydi. Ko‘zlari ostiga qalam chizilgan, kipriklari tush bilan taroshlangan, yuzlarida pudra surib soya berilgan ayol tajalliysi gunoh va do‘zax kuchlarining timsoli o‘laroq nigohlar markazida turarkan, buzuqlik va shahvoniy zavqning qullari matriarxatizmning sehrli kuchi oldida zabunu yakson bo‘ladi. Bu aksar zamonaviy jamiyatlar uchun birdek xos bo‘lgan xususiyatlar bo‘lib, bunday proporsiyaga erisha olmagan demokratik jamiyatlar betinim patriarxat kuchlarning zolimligidan noliydi. Matriarxatizm tenglikni va alal-oqibat so‘zsiz bo‘ysunishni talab qiladi. U pulni, boylikni egasi bo‘lishni istaydi, hokimiyatni bo‘ysundirishni va o‘zining royishiga amal qilinishini va doim kuch markazini boshqarib turishni istaydi. Fridrix Nitsshe hokimiyatga intilish irodasida erkak uchun boylik va hokimiyatga intilishning tabiati ayolga ega bo‘lish ekanligini urg‘ulaydi. Men aytamanki, bu urg‘ulashning tub maqsadi ega bo‘lingan ayolga boylik va hokimiyatni qulluq o‘laroq topshirishga qaratilgan bo‘lib, bu ibtidoiy matriarxal qumsashning differensial tabiatini ifodalaydi. Hashamatli saroylar, mahobatli o‘rdalar, qasr va qo‘rg‘onlar, zamonamizning villalariyu rancholari chiroyli uya qurib unga bo‘lajak juftini chorlaydigan qushlar singari erkakka ayol iltifotiga erishish yo‘lidagi ibtidoiy hayvoniy tabiatini istifoda etadi…
Matriarxatizm tabiatini men shunday o‘ylar ichida paroxodda beixtiyor o‘ylab borarkanman, sinfdoshim Do‘stmurodning atrofni gid kabi tushuntirib borishidan xayolim bo‘linadi. Kambodjalikni esa endi butunlay unutaman. Sohildagi balandliklarda qad rostlagan kafelarda tikela ichib turgan qizlar xushnud holda, bizga qo‘l silkiydi. Biz ham paroxoddan ularga qo‘l silkib javob beramiz. Paroxod sohil yoqalab suzarkan, ko‘plab eski va yangi arxitektura inshoatlariga ko‘zimiz tushadi. Biz shaharga oshiqayotgan poyezdlarni ko‘ramiz, tramvay va trolleybuslarga, elektrobus va yer usti metrosiga nigohimizni qaratamiz.

Shaharning hashamati va ko‘rki ifodasi bo‘lgan Qizil Maydon va Kreml saroylari yonidan suzib o‘tamiz. Qirg‘oqdan cherkovlarning mahobati va masjidlarning salobati ko‘zga yarq etib tashlanadi. Banklarning osmono‘par ofislari, besh yulduzli mehmonxonalar, estetika va lanshaft uyg‘unligidagi ko‘pqavatli turar joylar, hamma-hammasi daryo bo‘ylab sayohatimizning to‘lqinlari uzra bir-bir o‘tib borar ekan, men foniylik chaqirig‘i bunday pallalarda ko‘ngilni bunchalar ozurda qilishini yana bir bor his qilaman. Bir tomondan feminitsiddan nola qilayotgan patriarxat jamiyatlarning ayollariga achinsangiz, boshqa tomondan androtsidizm tufayli yo‘q qilingan ekaklarning tarixiy taqdirlari xayolingiz lavhidan o‘tadi. Jamiyat o‘z xususiyatiga ko‘ra, matriarxat bo‘ladimi, yoki patriarxatmi, olmon faylasufi G. Zimmel ta’kidlaganidek, u aksessual madaniyat sifatida alohida mavjud bo‘lmagani uchun hech bir milliy madaniyatga qat’iy tashxis qo‘yish oson emas. Inchunun o‘zbek jamiyati ham bundan mustasno emas. Unda patriarxatizm va matriarxatizmni muqobala kurashi ketmoqda. Shaklan patriarxat, mohiyatan matriarxat tezisini shu ma’noda tushunishingiz muhim. Bu haqda ortiq o‘ylagim kelmaydi. Ko‘kka — hududsiz bo‘shliqqa tikilaman. Daryo bo‘ylab shaharni tomosha qilishim kerak axir. Sinfdoshim Do‘stmurodga qarayman, shu lahzalarda paroxoddagi bardan biror muzdek ichimlik buyurtma qilsak yomon bo‘lmasdi…
2023 yil, may.
Moskva.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting