Muyassarxon Ergasheva. She’rlar

0
197

Ruhimni chayib ber tabassumingga
Yo‘lamasin toki hech bitta qayg‘u.
Ne-ne og‘riqlarga bergandim-u chap
Dilga og‘ir keldi sog‘inchrang tuyg‘u.

So‘nggi ilinjidan judo bo‘lganday
Ildizi zirqirab titrar dov-daraxt.
Yomg‘irlar tovshida aytdim-ku ko‘p bor
Sezmading ko‘nglimni so‘raganing payt.

Har tushgan tomchiday to‘kilganda jon
Yop-yorug‘ xayollar qo‘ydi uyg‘otib.
Qaydanam ishonib zumrad tushlarga
Baxtning manzilini qo‘ydim yo‘qotib.

Har yutum havodan xavotir yutib
Jonimni chirmasa siyohrang pechak.
Bitta so‘zing bilan axir, shu ayol
Yo yashasa kerak, yo o‘lsa kerak!

***

Endi tushlarimda…

Endi tushlarimda uchmoqlik qayda
Endi tushlarimning rangi oq-qora.
Oqargan sochlarim sezilmaganday
Unutilib borsam yoddan tobora.

Yo‘llar adashtirib bizdan oldi o‘ch
Jonim og‘riqlari yo edi kammi.
Yuragim qanotga aylan-u yerga
Tashlab ketay hali bir hovuch g‘amni.

Ortimdan zor yig‘lab qoladi borliq
Daraxtlar bargiga vahima tushar.
Odamdayin yashay olmadim, kengfe’l
O‘z qavmiga qo‘shib oladi qushlar.

Yaratgandi meni baxtlarga loyiq
Shakl-u shamoyilim chizgandi bekam.
Faqat sog‘inch dardin ko‘tarolmadi
Dunyoning yukini ko‘targan yelkam.

***

Tushlarimni bo‘yagin oqqa
Sog‘inch ranglar zir titrasin, zir.
Tiriklikning isini tuyay
Gul keltirma, gulga aylantir.

Huzuringga hatto shamollar
Yig‘lab kelsa uzrini aytib.
Ming yil tilab olganim haqqi
Bermasayding, bermasang qaytib.

Tomirimda cho‘g‘ oqar axir
Tug‘ilgandan buyon ishqtalab.
O, poyingda to‘kilib ketdim
Terib olgin meni bittalab.

Yo‘q-yo‘q, seni ayblamayman
Ko‘zlarimdan to‘kilganda yosh.
Yo‘nalishin o‘zgartirmas bir
Faqat quyosh, birgina quyosh.

Olovlatib qo‘ymasmi yerni
Men ishqning hisobin so‘rasam.
Baxt derdim dahshatli bo‘lsa-da
Qulasam, bag‘ringga qulasam!

***

Gul bo‘lib yaralsam yaxshiydi
Bag‘ringda avaylab tutarding.
Dimog‘ingda qolmoq ishqida
Uzishingni ming yil kutardim.

Farqlolasan boshqa gullardan
Chayqalaman g‘am ohangida.
Mayli, dunyo tartibin buzib
Ochilaman sog‘inch rangida.

So‘lmay yashab berishim mumkin
Shamollarga bo‘ysunmasdan tik.
Faqat ado qilmasa edi
«Yo‘q kelmaydi u»,-degan hadik.

Uchrashmoqning boshqa vaji yo‘q
Manglayimda sog‘inish dildan.
Baxtdan hamma mast bu dunyoda
Chiqmasaydim hali yodingdan.

Lablaringda qo‘yarding artib
Zumrad yoshlar o‘zing tufayli.
Qo‘llaringda uzilmoq uchun
Aylansaydim gulga chiroyli.

 

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting