Adabiyot degan tushuncha o‘zining yonginasida Dunyo degan tushunchani yetaklab yuradi. Va hech qachon teskarisi bo‘lmaydi, ya’ni dunyo adabiyotni yetaklay olmaydi. Teskarisi boshlangan kuni adabiyot o‘ladi.
Negaki, adabiyotning sarhadlari dunyo sarhadlaridan bir necha barobar katta, katta, va yana katta.
Negaki, dunyo sarhadlarida yurib va yurmay turgan kim-nimalardir, adabiyot sarhadida esa butun tiriklikning tafakkuri bor. Tafakkur sig‘imi tanga bog‘liq bo‘lmaganidek, adabiyot ham dunyo sarhadlariga sig‘avermaydi.
Shu sabab balki xohlasak, xohlamasak-da dunyo tashvishlaridan uzoqroq bo‘lgan adabiy namunalar ruhimizga ko‘proq yoqaveradi.
…Dunyo jilva qilib oldima keldi,
Borgil deya ketiga shattalab o‘ttum. (Mashrab)
Yoki:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati. (Bobur)
Bunaqa darveshona adabiyotning har bir davr uchun ma’naviy ozuqa bo‘lib kelayotgani ham bunga misol.
O‘z davrini qo‘ya turaylik, hatto sovetlashtirilgan adabiyot davrida ham bu ozuqa tarkibi aynimadi. Buzishga, aynitishga, uzoqlashtirishga urinishlar avj pallada bo‘lganda ham, Umar Xayyom, Yassaviy, Mashrab, Navoiy, Fuzuliy, kabi safi adoqsiz ijod ahlining yozmishlari tildan tushmagan.
Bir qo‘lda Qur’on-u, bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom.
Feruza gumbazli osmon ostida,
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom. (Umar Xayyom)
Har qanday hukmi qaror ma’lumgina davrda, ma’lum davradagina ijroda bo‘ladi aslida.
Sovet siyosati ham bundan holi bo‘lolmaganidek, hozir ham.
“Ba’zan shunday bo‘ladiki, ijtimoiy-siyosiy davr adabiy iqlimni yamlab-yutib yuboradi. Shunday muhitda faqat buyuk iste’dod egasigina davr va muhitning betonlangan zaminini teshib-yorib chiqishi mumkin. O‘tgan asrning 50-60-yillarida Qirg‘izistondagi adabiy-ijtimoiy muhitni yengib chiqish Chingiz Aytmatovga oson bo‘lmagan. Ko‘kragida oltin yulduz yaraqlab turgan Ali To‘qomboyevga o‘xshagan kimsalar uni majaqlab tashlashga qanchalik harakat qilmasinlar, Chingiz Aytmatov ularning qadr-qimmatini yo‘qotgan tog‘-tog‘ asarlari orasidan yorib chiqibgina qolmay, O‘rta Osiyo hududlaridan chetda jilva berib ulgurmagan qirg‘iz adabiyotini dunyo miqyosiga olib chiqdi. Uning asarlari insoniyatning fikrlash tarzini, dunyoqarashini, badiiy ijodga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirib yubordi. Qariyb shunga o‘xshash ishni o‘tgan asrning 20-yillarida Cho‘lpon erktalab she’rlari va Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar” romani bilan, 40-yillarda G‘afur G‘ulom “Sen yetim emassan”, “Sog‘inish”, “Vaqt” she’rlari va Oybek “Navoiy” romani bilan, 60-yillarda esa Erkin Vohidov va Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatiga yangi ruh olib kirgan asarlari bilan amalga oshirgan edilar. Bu she’rlarni o‘qigan kishilarda ham, jamiyatda ham silkinish ro‘y bergan. Adabiyot jamiyatga ta’sir qilish kuchini yana bir bor namoyish qilgan.” (Naim Karimov, “Najot adabiyotda” maqolasi, “Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son)
Nega aynan bu parchani keltirdim? Zero bugun ham jamiyatni, kishilarni silkituvchi, uyg‘otuvchi adabiyot yo‘q emas. Biz ehtiyojimiz sabab, najotni adabiyotda bilganimiz sabab ular haqida to‘xtalaveramiz. Mavzuga chaqiraveramiz…
Bugunda kimlar ijod qilyapti? Albatta, yigirmanchi asrning eng kenja avlodlari va yigirma birinchi asrning ijtimoiy tarmoqlashgan vakillari.
Va yuqorida urg‘u berganim dunyo tashvishlaridan qochishga urinayotgan adabiy avlod.
Matbuot qog‘ozdan oldin internet to‘lqinlarida yuz ochayotgan bir zamonda, ijodkorlarimizni ham undan ayri tasavvur qila olmayapmiz.
Yosh ijodkor Xurshid Abdurashid bilan “Pegas” portali uchun qilgan suhbatimizda u o‘zining ilk ijod namunalarini “Sharq yulduzi”, “Gulxan”, “Tong yulduzi”, “Yoshlik” singari gazeta-jurnallarda berib borganini, va nashrlarga o‘zi muharrirlik qilganini (aytishicha bu nashrlar odatda o‘n ikki varoqli daftarlardan iborat bo‘lgan) eslagan edi.
Ehtimol, boshqa ijodkorlarimizda ham bo‘lgan o‘sha daftarlar hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda turli shakllarda faoliyat yuritib turibdi.
Bek Ali, Suhrob Ziyo, Jontemir, Shahriyor Shavkat, Rashid Xo‘jamov, Nargiza Odinayeva, Madina Norchayeva, Bashorat Otajonova, Feruza Xayrullayeva kabi bir qancha ijodkorlar bugunning she’riyat charxpalagida tinim bilmay aylanib turibdi.
Kimdir bu charxpalakni suvsizlikda, kimdir zanglaganlikda, yana kimdir umuman charxpalakni o‘zini tan olmay turgani ham bugunning gapi.
Taassufki, charxpalak suvga tushib bo‘lgan, va biz yuqorida esga olgan darveshona adabiyot kabi, boringki unga umuman teskari bo‘lsa ham o‘z atrof-javonibiga suvini ham, zangini ham singdirib ulgurgan.
Ayni damdagi ishimizning maqsadi — charxpalakda aylanib turgan lirik mahsullarning qanchalik unumdor-unumdor emasligini aniqlash, yoki charxpalagimizga nimalardan zang yetayotganligini biroz bo‘lsa-da o‘rtaga chiqara olish.
Yigirmanchi asr boshlarida g‘arb adabiyotida “Dekadentlik” tushunchasi bor edi va ma’lum bir davr shunday nomlandi.
Ko‘plab ijodkorlar o‘z asarlarida davrining tushkun va norozi kayfiyatini ifoda eta boshladilar.
Buni qarangki, davrlar, kayfiyatlar takrorlanib turar ekan.
Xuddi shu kayfiyatning biroz sharqona ko‘rinishi yigirmanchi asrning boshlarida aynan o‘zimizda ham bor edi. Zamondoshlari yig‘loqi she’riyat deya atagan Chulpon ijodida, pissimistik kayfiyatda deb qoralangan Usmon Nosir she’rlarida chindan ham bu kayfiyat ustun bo‘lgan va bekorga emasligi hech kimga sirligicha ham qolmadi.
Davr va kayfiyatlar takrorlanaverishi shuki, bugunga kelib adabiyotimizda yana o‘sha tushkun, norozi kayfiyat borgan sari kuchayib borayotganligida. Va biz yuqorida tanishganimiz lirik asarlarning bugungi namunalari va ulardagi qahramonlarning ma’naviy ahvoloti bilan quyida qurbimiz yetganicha tanisha boramiz.
“Adabiyot o‘z davrining inikosi” degan edi oldingilar. Xo‘p, bugunning inikochilari davrining muhitini yoritishda o‘z qahramonlarini ko‘proq qanday ranglarda tasvirlamoqda? Ko‘plab yosh (agar hali ham shunday deyaverish mumkin bo‘lsa) shoirlarimizning ijodi bilan tanishganimiz sayin aminlashamizki, lirik ruhiyat borgan sari tundlashib, qo‘rslashib borayotganligiga, shoirlarimiz o‘z aytimlarini borgan sari qoraroq ifodalayotganligiga…
Albatta, bu kayfiyat ham shoirlarimizning shaxsiyati bilan bog‘langan holda satrlarda turli ko‘rinishlarda namoyon.
Mansur Jumayev, Suhrob Ziyo kabi ba’zilari o‘z norozilik va hatto g‘azablarini ham bosiqlik bilan, halimlikka o‘rab, hikmatliroq ifodalashga urinadilar nazarimizda:
“Ikki dunyo har boshda poydor,
har jussada topgan ifodat:
har ko‘ngilda bitta Xudo bor,
Ko‘rinib turganidek, bu so‘zlarda anchayin ichki xotirjamlik bor. Ruhiyat anchayin tinch va nimalardir xulosalangan. Chunki u dunyo va bandalaridan yuqorida uchib yuribdi.
Keyingi shoirimizning satrlari orasi esa biroz tumanli, yomg‘ir yog‘ishi ham, qor yog‘ishi ham mumkin bo‘lgan bir ob-havo…
Suhrob Ziyo so‘zlari:
“Ammo ichimizda haqni uqqanmiz,
Yoddan chiqqani yo‘q kimliklarimiz.
Qarang, qoplab yotar butun moziyni
Jimliklarimiz” (“Ko‘ngil yelkani” kitobi, 88-bet)
Lirik kayfiyat biroz sokin, biroz alamzada, tahdidli va jim. Bu kayfiyat esa birgina shoirniki emas, xalqniki, jamiyatniki. Shoirni esa oxirgi jimlik tashvishlantiraveradi.
Keyingi fikrlarda ham shoir shaxsiyati bilan bog‘liq (ijodi bilan tanishish davomidagi xulosa) bo‘lgan umumiy bosiqlik, hikmat ulashishga urinish sezilib turadi:
“Adashish ham hikmat berar odamga:
O‘ylaydi, bu joydan ufqqa yo‘l yo‘q.
Quyoshga bu yo‘ldan borib bo‘lmaydi” (90-bet)
… Va bu shunchaki kun o‘tkazayotgan kishining hikmati emasligi ham, maqsadi maydaroq odamning adashishidan so‘nggi xulosasi emasligi ham oyday ravshan va uning borar yo‘llari Quyosh nurlariga tutashib ketgan.
Va lirik qahramon marraga yetgunga qadar faqatgina oyday ravshan va quyosh nurlaridan iborat yo‘ldan yura olmasligini ham jiddiy tushunadi. Bu yo‘lda oyni qirq yamoq etak bilan yopish, quyoshni to‘sish holatlari borki, bu – siyosat yo‘li, millat yo‘li. Har bir millat shoirining “marra”ga intilgan yo‘li:
“Bo‘ronlar kutadi toleyimizda
Kim qolar zaminga qadab tomirin
Erta gullaganlar xas kabi uchar.
Vazminlar qoladi,
Qolar og‘iri.
Sapchima,
Titrama,
Bug‘ilma,
O‘lma!
Yuksalma kibrning maqomotida.
Dunyo ne’matiga talabgor bo‘lma,
Ayrilma Xoliqning saxovatidan.
Chin qushni parvozlar kutayotganda,
Poyiga sochilgan donni ko‘rmaydi,
Gumrohlar karvoni o‘tayotganda
Zotin unutmagan itlar hurmaydi.”
Bek Ali, Shahriyor Shavkat, Najmiddin Ermatov kabilari esa bor kinoyalarini qosh-ko‘zini ortiqcha bo‘yab o‘tirmasdan o‘rtaga chiqarayotganlariga o‘qirmanlar o‘rganib ham qolishgan:
Shoirning o‘zi publitsistik she’r sifatida izohlab bergan quyidagi parchada bir uyg‘oq yurak va jamiyat o‘rtasidagi hamma achchiq-tiziqlar “dangaliga” aytilgan-qo‘yilgan:
“Chechaklar so‘lmoqda – osmon musaffo!
Go‘daklar o‘lmoqda – osmon musaffo!
Tobutlar qaytmoqda o‘zga davlatdan,
Tobutlar qaytmoqda harbiy xizmatdan.
Tozilar xotinni xo‘rlayveradi,
Qozilar yetimni zo‘rlayveradi –
Foyda yo‘q, qarg‘ish-u pushmonlaringdan,
Vatanni tortib ol
Dushmanlaringdan…” (Sh. Shavkat)
Ayni shu avlod vakili, va kimlardir adabiyotning o‘zginasi sifatida, kimlardir mutlaqo qabul qila olmayotgan va olmaydigan ijodkor Jontemir she’rlari esa mavzularining turfa xilligi, ijodiy chegarasining kengligi bilan ajralib turadi. Uning ham ijodi yuqoridagi tengdoshlariniki kabi g‘azabnok, alamnok ifodalarga to‘lib-toshganiga qaramasdan bir shoirga xos bo‘lgan kamalak ilhom namunalari baribir e’tiborimizda qolaveradi:
***
Manov chinor bobomning
azonini eshitgan
shoxidagi chumchuqlar
uchib tushgan behishtdan.
Momom
farishta momom
poyidagi supada
chalqancha tushlarini
o‘ngarolmay ichikar.
Men – shamolning zuryodi,
Bu beqadr dunyoda
shataloq otgancha mast
tobora uzoqlashib
boryapman ildizimdan…
ehe he-e-e
tog‘lar aks-sado bermas
yig‘layapti quluning
toshliging rostmi Hisor?!
Yer aylanar,
juvoldiz yurib bir gul uzvoldim
endi izlab ketyapman
uni hidlagan hurni…
bobo,
chinor,
momo,
gul…
yomg‘irdan darak yo‘q-ku
nega yirtiq yoqam ho‘l?..
She’r sarlavhasiz. Uni o‘qigan borki o‘z hislariga turlicha nom qo‘yaveradi: Sog‘inch, Bobo, Hisor, Momo, Chinor, Gul… deganday.
She’r esa har bir sarlavha ostida o‘zini oqlay oladi, tovlanaveradi. Rang-barang hislarni bir nuqtada jamlay olgan lirik mo‘jizaligicha qolaveradi.
Yana bir kuzatuvimizdagi shoir Nasrullo Ergash she’rlaridagi tasvir va tashbehlarning kamalakligi nazarimizga qanchalik yorug‘lik bersa, ayni shu shoirning deyarli yetmish foiz ijodini bosib olayotgan alamnok kayfiyat o‘sha yorug‘lashayotgan nigohimizni borgan sari qiynaydi.
“Turfa ruyxatlar” she’rida yozadi:
“Buncha Xudo bilma do‘stim o‘zingni!
Ha shoir-da dema aytgan so‘zimni.
Sening qavming o‘zga, biz yot bo‘ldikmi,
Yoki kecha marsdan uchib keldikmi?
Bunda ijarada turganmidik ayt,
Yoki laylak haydab yurganmidik ayt?
Ruyxatlar tuzibsan uzundan-uzoq,
Sening ruyxatingda biz yo‘qmiz biroq.
Yoki arpangni xom o‘rganmidik, ayt,
Sendan biror imdod ko‘rganmidik ayt?”
… She’r shu tahlitda davom etaveradi. Shoir kundalik kimsalarga javobnoma tarzida bitaveradi…
To‘g‘ri, shoir temir emas, uni kundalik bo‘lsin jamiki nohaqliklar qiynayverishi tabiiy, ammo bunaqa javob sifatidagi she’rlar nuqul yozilaversa, she’rxonning ham shoir va uning “katta-kichik do‘stlari” mojarolaridan boshi chiqmay qoladi-ku?..
Va bu kayfiyatning biz muxlislarga alam qiladigani, shoirlarimizning g‘azab-nafrati borgan sari kichrayib, ma’lum davralar bilan o‘ralashib qolayotganligida.
Yana alam qilayotgani, chin ilhom shoirlarini shunaqa chirik muammolar bilan o‘rab tashlayverishimiz, shu tarzda yuqotaverishimiz…
Oldindan, ayollar she’riyati bir qadar ijtimoiylikdan yiroq, lirik jihatidan tozaroq yozilib kelgan.
Shunday xulosalaymiz-u, ko‘z oldimizga Uvaysiy, Dilshodi Barno, Anbar Otinlarning ijtimoiy kayfiyat suqilib kirgan ijodi ham tizilib keladi.
Bu holat bugunda ham bor. Va yagona sabab: ijtimoiy dard, jamiyat dardi jins tanlab o‘tirmasligida.
Xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, ijodkor qalbi – qiynoqda, turli hodisalardan ta’sirlanib kun ko‘rishga mahkum.
Nozima Habibullayeva, Nargiza Odinayeva, Madina Norchayeva, Feruza Xayrullayeva va shular qatoridagi ko‘plab shoiralarimizning ijodiga ham shu dardning suqilib kiraverishi ko‘zga tashlanadi.
Nargiza Odinayevaning hayot charxpalagida obdon chayib olingan, go‘yo yillar emas, asrlarning eng og‘riqli ( aslida energiyali) nuqtalaridan harfma- harf terib olingan satrlariga e’tibor bering:
“Ko‘zlarim kulib turgay olovlarga botib ham,
Childirmangni chalaver, men boshqacha o‘ynayman!”
Bu satrlarga daf’atan yo‘liqasiz. Ha, sizni uyg‘otib yuboradigan, titratib yuboradigan, o‘zingizni o‘zingizga eslatib, o‘zingizga so‘zlatib yuboradigan satrlarga odatda shunaqa “yo‘liqiladi”.
Shu ikki satrda ikki dunyo oralig‘ida yagona yo‘l qidirayotgan inson qalbi bor, ijodkor ahdi bor! Va albatta Abdulla Oripov aytgan o‘sha yigitlar maktubin qondan bitgan vaqtda ham, ham moddiyatni, ham ma’naviyatni nozik yelkalarida tutib tura olgan ayol matonati bor.
Umuman, Nargiza Odinayeva qalamining izini kuzatgan muxlis uchun yuqoridagi o‘ylar begona emas. Shoira she’riyatida ayollik nazokatigina emas, balki, har qanday erkak zoti uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin bo‘lgan ulkan vijdon bor:
“Sim-sim bilan ochilmas sirlar,
Koinotning yashil sharida…”
“Bu dunyoga bergan bor xarjim –
Nahot o‘tsam chumchuq kisht-kishtlab?!”
“Dundan ichkarida, dundan eshikda,
Yig‘lash farosatin hammaga bersin!”
Yuqoridagi fikrlarimiz uchun shu satrlar yetarlicha isbot, xulosa va hukm ham bo‘la oladi deb o‘ylayman.
“Zo‘rlarning xivchini – uzun til,
Zanjiri tilida qullarning,
Nima deb ovutay guldonda
Oyog‘in tush ko‘rgan gullarni?..
Men jimman”.
“Qancha qadamlarni orqaga otdik,
Ildizlar quchoqlab yig‘ladi yerni.
Dunyo bir she’r bilan oyoqqa turgay,
Shoirim, yoz o‘sha she’rni!”
“Lolalar tog‘lardan so‘zlarga ko‘chmish,
Mening borligimga ko‘zgu qay bitik? –
Bobomning soyasin pana qilganlar
Bolamning ko‘ziga qaray olsa tik”
Yuqorida keltirilgan bandlar Nozima Habibullayevaning ayrim she’rlaridan olingan.
Bobosining soyasi tugul o‘zining soyasidan qochib umr kechirayotganlar izg‘igan bir davrda butun jamiyat dardini o‘z yuragida tartibga solishga urinayotgan shoiraning qalbi naqadar jasoratli, qalam qoralashlari qanchalik behalovat-a!..
Xursand bo‘ladigan, seni ham nimalardir qilishga undaydigan, ko‘ngling pechiga ko‘mir tashlab turadigan yana bir dolzarb tomoni – biz yuqorida tan olgan misralardagi mardlik, behalovatlik adabiyotga yangigina kirib kelayotgan shoir va shoiralar ijodida ham borgan sari yorqin ko‘zga tashlanyapti. Millat dardining, ko‘ngilda borini ko‘zbo‘yamachiliklarsiz so‘zga solish jasoratining tobora yosh ijodiy muhit doirasida avj olib borishida, menimcha, hech qanday taqlidchilik, andoza olish kabi nimarsalar yo‘q.
Biz umid ko‘zlarin tikkan ba’zi “Xalq shoirlari” da kutilmagan aynish kuzatilayotganda, hafsala uchun energiyani shu yosh qatlamdan olsak yaxshidir… Ularni to‘g‘ri tushunishga urinishimiz, hech qursa, Nodira Ofoqova aytganday: “Turkiy gulistonning soqov bulbul tug‘ish”ining oldini olar!
Dunyo nisbiy bo‘lgani kabi, bizning tarafkashligimizda ham davr nisbiyligi bor. Endi qo‘liga qalam olgan bir ijodkor: “Alam qilar piyoz to‘g‘rayotganim, Amir Temur qilichi bilan”, – deya qiynalayotgan bir paytda, ko‘p yillik adabiyot odamining “paxtachilik ta’siriga berilgan” , bersang yeyman, ursang o‘laman tarzidagi turoqqa solingan “gap” lariga duch kelsangiz, rosti jirkanib ketarkansiz…
Yuqorida keltirganimiz satrlardagi Temur ruhi oldida, “Rosti-rusti” bilan ziynatlangan qilichi qarshisida o‘zini burchli, javobgar sanab qiynalayotgan ijodkor – Nurmuhammad Abduzoirxo‘ja.
Bu yosh qalamkash she’riyati bilan yaqin uch yil ichida tanishman. Yaxshigina yo‘lga qo‘yib borilayotgan “Xiyobon oqshomlari” she’riyat davrasida, ko‘plab badiiy ovozlarni kashf eta olgan “DUYEL” tanlovida, va boshqa ijodiy tomonlarda deyarli o‘zimga tengdosh bo‘lgan shoir ovoziga quloq berarkanman uni o‘zimcha kashf eta bordim.
Lekin, quyida shoirning biroz avvalroq yozilgan she’rlaridan keltirishni istadim:
Erlik bu – mardlikdir, erlik burchingni
Bajargin, to borsan tun-u kun yonib!
Oltinga to‘ldirma aslo xo‘rjunni,
Hammoli bo‘lmayin desang dunyoning…
Bular o‘n sakkiz yoshli ijodkorning tafakkur mahsuli, endi erlikka qadam qo‘yayotgan o‘smir xayolotining yaxlit rejasi. Bu reja – dunyoga kelib xo‘rjunni, ya’ni ko‘ngilni faqat nafs sarqitlari bilan emas, balki erlik orqali, mardlik orqali to‘plangan savob bilan to‘ldirishdan iborat.
Hozirgi kunda bir ayolning turmush o‘rtog‘i ma’nosida ishlatiladigan “Er” so‘zi chindan ham qadimgi turkiy tilimizda faqatgina mard o‘g‘lonlarga – Alplarga nisbatan ishlatilgan. Ijodkorning buni bilishi va so‘z ma’nosini yanada oshirib bizga yetkazib bera olishi ham badiiylikning bir baxti aslida…
Shoirning “Buratino” nomli she’rida shunday bandlar bor:
“Burning o‘sib haddan tashqari
Ko‘z oldingni qo‘ygan bekitib,
Haqiqatga qaraysan yarim.
Aqling yetmas har bir teshikka
Shundan balki suqmog‘ing burun,
Qisilib qolmasin bir kun eshikka.”
Multik qahramonini hajv qilish orqali shoir buratinolashgan mansab bandalarini, burnidan eshak qurti yog‘iluvchi kibr kimsalarini ustalik bilan tanqid qiladi. Emaklay-emaklay zo‘rg‘a chiqqan pillapoyalaridan to‘xtovsiz “qiziqishlari” sabab bir zumda qulab tushishlari ham mumkinligini eslatib qo‘yadi.
Mana bu satriy uchlikni o‘ylab ko‘ring:
“Quyosh bir ko‘z bilan qarar barchaga
Yokim bir ko‘zini qararmi qisib,
Ne farqi bor buning sizlarga?”
Bizningcha, adabiyot uchun badiiy bezak uyg‘unligi bilan birgalikda mazmun muhimligi ham havodek zarur. Satr bir qator bo‘lsa ham, mavzu jiddiy va katta bo‘lishi kerak, insoniyatni “maydalashishdan” asrab qolishi kerak.
Yuqoridagi uch satrda esa Nurmuhammad Abduzoirxo‘ja buni baholi qudrat uddalay olgan deb o‘ylayman.
Keyingi vaqtlarga kelib esa, shu yosh shoirimizning ijodi ham biz yuqorida so‘z ochgan norozilikning ayni o‘ziga aylanib boryapti. Bu bekorga emas albatta:
“A’yonga ayondir: tik turmas bo‘sh qop,
El-u yurt och bo‘lsa, chiqmas Muqanna.
Agar ovlay olsa biror tovushqon
Qornini to‘ydirgan shul dashtlar jannat.
Bizga she’r kerakmas,
Gap kirmas toki
Kulcha yeyarkanmiz quloqqa o‘lchab.
Ochlik xira qilgan ko‘zlar-la yoki
Qila olasizmi yulduzni mo‘ljal?!”
Feruza Xayrullayeva ijodi (nisbatan) ko‘proq tushkunligi bilan ajralib turadi. Ochig‘ini aytganda bir shoirning to‘qson foiz she’rlari g‘amboda so‘zlarga qorishib yotsa, buni faqat jamiyat dardiga yo‘ya olmaysiz.
Shoiraning “izlam” rukni ostida chop etilgan “Tutqun” nomli to‘plamini varaqlarkansiz bu ruh sezilmasdan qolmaydi.
“Aya, yig‘layotgan yomg‘irni eshityapsizmi?..
Shamollar aytdimi sizga ham dardin?
Hovlimizdagi bodom gullamabdi hamon,
Bahorning kegani yolg‘on”
– deya boshlanadi dastlabki she’r.
Shoir qalbi boshqalar seza olmagan, ko‘ra bilmagan dardlarni, og‘riqlarni sezishga, ko‘rishga qodir va mahkum. Ammo yuqorida aytganimizdek, butun bir shoir ijodining to‘qson foizi bunchalik tushkunlashib boraverishi she’rxonda ham doimiy ezg‘in kayfiyatdagi insonni yasab qo‘yishi mumkin.
Keyingi sahifada:
“Xonamga ichkari qulflarni urgan,
Ichkari – dunyodan bezigan taqdir.
Deraza raxida gullarim so‘lgan,
Deraza raxidek qirsillar bag‘ir.”(7-bet)
Undan keyingi sahifa:
“…Farishtaga aylanar odam,
Jim o‘tirgancha,
Ichkariga qarab yig‘lasa
Ichikib-ichikib o‘ziga.
Binobarin manovi sayoq
Hozir mendan baxtliroq!..” (8-bet)
Yana…
“…Tugadim, tugadim, tinmadim goho,
Siyladim o‘zimni dunyolar bilan.
Asradim baxtlardan ikki ko‘zimni,
Tegramda chayqalib raqs tushdi tuman” (10-bet)
Va:
“Bir kun g‘am xabari boradi sizga,
Mening ketganimni shivirlab sokin
Dard ko‘mib qo‘yilgan ko‘zlaringizga
Sochib yuborgani sevgimning xokin” (11-bet)
“Men yuqolib boraveraman
Shiftga tikik ko‘zlarim ichra.
Kuyik hidi kelar atrofdan –
Bu shaharning kunlari quyqa” (13-bet)
“Ishqsiz makonimga qaytaman og‘ir,
To‘kilib-to‘kilib kular zinalar.
Zimiston kuyiga mast bo‘lgan xonam
Oyog‘imni quchib unsiz o‘rmalar” (14-bet)
“Eshik tutqichining tovushi g‘o‘zal
Jaranglar yolg‘izlik ohangi aro.
Men sezib turibman galdagi ishonch
Erta sahar chog‘I qilishin qazo” (15-bet)
“Maylimi, keyinroq gaplashsak,
Yig‘lagim kelyapti hozir juda ham…” (16-bet)
Va she’r oxirigacha shu kayfiyat va shunday yakun…
Iste’dodli shoiramiz bor badiiy mahoratini allaqanday tushkunlikka “tutqun” bo‘lib qolgan o‘ylarga sarflayverishini sezib borish bir kuzatuvchi sifatida kaminani ham tashvishlantiradi.
Va bu yerda ijodkorning ichki psixologik og‘ir kayfiyati ham ustun bo‘lib, uni hadeb o‘quvchiga yo‘llayverishi ma’lum ijod maslaklariga ham mos tushavermasa kerak.
Tillaniso – qiz bolaning onasi bilan hal qilib olishi mumkin bo‘lgan masalalarni adabiyotga olib kirib murakkablashtirishga urinayotgan ijodparast.
Bu nom bilan bugungi adabiy davradan xabardor har bir shaxs tanish bo‘lgani uchun va ishimizga biroz aloqadorligi uchun keltirdimki, undan oldin ham, keyin ham boshqa izohim yo‘q.
Aziz Yusupov — adabiy davrada nisbatan yosh bo‘lishiga qaramay, bu shoirimizning deyarli har bir she’ridan eshitilaveradigan Erk baribir e’tiborni tortmasdan qolmaydi. Shu turdagi she’r-u satrlarga yuz burib borayotgan bugungi adabiyotimizda ular yana bir yaxshi to‘lqin ekanligini ijod bilan tanishish davomida bevosita sezasiz.
Bo‘ysunmas, jaydari, sharttaki ruh o‘rin tanlab o‘tirmasdan she’rlarning deyarli hammasida kezib yurganini, va endi boshqa joyga keta olmasligini ham tushunasiz.
“Quruq diydang bilan yutoqib,
O‘yla faqat ummon haqida”
(“Sabo sadosi” 11-bet. Shoirning birinchi kitobi)
Odatda, diydasi qurib yotgan biriga duch kelsangiz, u bir tomchigina suv so‘raydi. Ha, aynan “bir tomchi” jumlasi shunday vaqtda tildan chiqadi. Ammo, yosh shoirimiz shuni xohlaydi: o‘sha tomchiga zor vaqtda ham ummonlarni talab qilishlikni, tomchiga zorlikdan yiroq bo‘lishlikni.
“Tunni yor, abrlar so‘kilsin,
Zarbingdan buralib, eshilib!
Fusunga to‘yingach, jimgina
Oqib ket yomg‘irga qo‘shilib…”
Jo‘mard qahramonimiz hatto tongni ham kutib o‘tirgisi yo‘q, tunning bag‘rini yorib bo‘lsa-da, maysalar (abrlar)ni dunyoga ko‘rsatgisi kelaveradi. Tezroq, tezroq tabiatni yashillikdan xabardor qilgisi keladi.
U o‘ziga ayon shoirlik maqomining qaysidir bir lahzasini shunda-da ko‘ra oladi, va keyin yomg‘irga qo‘shilib oqib ketishga ham rozi.
Erkin A’zamning “Atoyining tug‘ilgan yili” – sharttakilik qissasi (muallif izohi).
Garchi yozuvchi biroz xolislikka urinib, qahramoniga shunday “ayb” taqqan bo‘lsa-da, qissani o‘qigan borki, aynan o‘sha sharttaki obrazni, uning ayni zamon o‘ta kamyob bo‘lib qolgan xarakterini yoqtirib qoladi.
“Kesilmagan boshi egik olomon” (“Bu yerlar sokindir” she’ri) ham aslida shunaqa sharttakilarga juda zoriqqanini anglasa ajab emas. Quyidagi she’r ijtimoiylikdan anchayin yiroq esa-da, shoir ijodining umumiy kayfiyati baribir sezilib turadi:
“Nigohim sepilgan ko‘chadan
Za’faron hamdillar kuzatdi –
Men seni shom to‘kkan kechaga
Bir tomchi yosh to‘kmay uzatdim:
Boraver,
Taqdirga betma-bet,
Yuziga ters qarab dilimning.
Ketar chog‘ yaxshilab siltab ket,
Yengingga yopishgan qo‘limni.” (“Sabo sadosi”)
Mana bu to‘rtlikda esa, bugungi she’riyatning umumiy kayfiyatiga xos bo‘lgan “hafsalasi pirlik” bor:
Qachondir tushingda ko‘rganing,
Sohib kim, qironlar kim chiqdi?!
So‘z bormi bundan-da teranroq –
Ertak deb bilganing chin chiqdi. (“Talpinish” she’ri,44-bet)
Keling, xuddi shu qahramonning biroz shiddatkorroq, chegarasizroq xarakterdagisi ishtirokidagi she’r bilan to‘lig‘icha tanishamiz:
Chegaraga kelib bosar xavotir,
Bo‘g‘ib borar turg‘unlik, tinlik.
Men o‘z turimning eng oxirgi zoti –
Qanoti qirqilgan erkinlik.
Men ham achinmayman, siz ham achinmang,
Achinarli emas hayotim.
Nihoyalab qoldi ichimdagi jang,
Bir kun o‘sib chiqar qanotim.
Diydam qattiq emas, ishonchim qattiq,
Yerko‘zim osmonga qadalgan.
Shamol qitiqlaydi go‘dak qanotim,
Chegara… buzish-chun yaralgan! (“Chegarasiz” she’ri, 28-bet)
She’rni o‘qib kelayotgan kishiga undagi ruh anchayin tushkunday, taslimday tuyuladi dastlab. Ammo, bu uzoqqa bormaydi, shoirqalb g‘alayon qiladi.
“Nihoyalab qoldi ichimdagi jang, Bir kun o‘sib chiqar qanotim” degan ishonchini, “diydam qattiq emas, ishonchim qattiq” deya imonini (imoni mustahkam odamda ishonch bo‘lishini bilasiz), “Chegara buzishchun yaralgan” qabilidagi xulosalarini o‘rtaga tashlaydi.
She’r bilan tahdid ham qilar shoir so‘zi. Zero, shoir ishonchini oqlash jamiyat chekiga tushgan davranish. U tahdidgacha borayotgan ekan, nafaqat ayni zamon vakili, balki, avlod-ajdodlarining ham ishonchiga xiyonat qilinib kelinayotgan bo‘lishi mumkin…
“Dantes – siyosatdir, siyosat – qo‘rqoq.
Yaxshi bilasiz-ku Pushkinni mendan
Jimgina so‘llayib turgan u so‘lloh
Kaslarning shallaqi ko‘zi sekundant…
Lermontov, Lermontov, tepkini bosmading, nega?
Birgina o‘q, bir o‘q yetardi xolos..
Boshiga tegardi, yoki ko‘ksiga –
Va tirik qolardi – iymon, ehtiros!
Usmon – yuragimni g‘ajiydi itlar,
Usmon – qabrgacha takrorlar she’rim!..
Angori, qalami, qalbi irkitlar
Seni mahv etdilar, pahlavon sherim!”
… Hammasi emas. So‘ngigacha shu yo‘sinda – minglab shoir yuraklarni yamlamay yutgan siyosatga nafrat yo‘sinida davom etavergan.
Jangari shoir – Jontemir qalamiga mansub she’r.
She’rda shoirlar va siyosat o‘rtasidagi aslida azaliy ko‘rinmas bo‘lgan kurash shundoq ko‘zga tashlanib turadi.
Aslida, ko‘proq go‘zallik shaydosi bo‘lgan shoir zotining siyosatga o‘ralashaverishi, qaysidir ma’noda u bilan kurashib yashashi o‘ta ayanch bir hodisot.
Lekin, adabiyot tarixida, davlatlar tarixida bu takrorlanaveradi negadir. Shoirlar bu o‘yinlarga o‘ralashib qolaverishlari, ayanch taqdirning egasiga, o‘yinning qurboniga aylanib qolaverishlari asrlar davomida adabiyot bag‘rida tuzalmas yaraligicha qolaveradi. O‘yinda qurbonlar emas, mag‘lublar bo‘ladi odatda. Lekin shoirlar mag‘lub emas, faqat “qurbon bo‘lish”lari mumkin.
Yuqoridagi she’rda ham aynan o‘sha qurbon bo‘lgan shoirlar qismati, ularga bo‘lgan cheksiz hurmat va yer-u ko‘kka sig‘mayotgan sog‘inch bor.
“Mag‘lub” shoirlarni esa, kuni kechagi bo‘lsa-da eslash qiyin. Eslansa ham, faqat mag‘lubliklari eslanadi.
Qo‘rqoqlar esa xavfli bo‘ladi. Adabiyotga aloqasi bo‘lsa, urdi Xudo! Millat ichagiga tushgan qurtday gap. Ishtahasini ochaveradi, ochaveradi, hech qachon to‘ydirmaydi.
Bizning ta’rifimiz bo‘yicha: “qurbon bo‘lgan”, Usmon Azim ta’rificha: “halok bo‘lgan” (“So‘ngso‘zlar” kitobi) shoir – Rauf Parfi O‘zturk: “ Siyosatdagi yolg‘on kechiriladi, ammo, adabiyotdagisi kechirilmaydi. Shuning uchun men adabiyot tarafda bo‘la qolaman” – degan edi muxlislari bilan bir suhbatida.
Bizningcha, shoir aytgan adabiyotdagi yolg‘on – siyosatdagi yolg‘onning olib kirilishi bo‘lsa kerak har holda. Shoir esa, so‘zida turdi, “tutingan onasi” – adabiyotni shu yolg‘onlardan himoya qilishga tikdi umrini.
So‘zimizning boshlanmasida yosh shoirlarimiz ijodi aylanib turgan charxifalakka zang nimalardan yopishayotganini aniqlashga urinayotganimizni ma’lum qilgan edik. Mana o‘sha zang bosib borayotgan charxifalakning tabiiy ijodi – yuqorida keltirgan va quyida keltirajak satrlarimiz…
“Osmon, holing nedur?
Yulduzga talosh…
Turon, holing nedur?
Minglab ayri bosh…
Hurlik, kelsang-chi?
Top o‘zing imkon…
Millat, tursang-chi?
Qo‘ymaydi zamon…
Yurak urmaymu?
Qo‘rquvga eshdur…
Shunday yashaymu?
O‘lganing peshdur…” (Najmiddin Ermatov)
Keyingi paytlarda aytarini boricha, tiliga kelgancha so‘zlar bilan to‘kib-solish, “adabiy qarg‘ishlar” biz iste’dodli sifatida tanigan deyarli hamma ijodkorning yoziqlarida avj olib bormoqda.
O‘tkir Hoshimovda “Nega, nega?!.” degan hikoya bor. Hammasi anglashilib turgan bo‘lsa-da, hikoya shunday tugagan. Iztirobli yakun.
Bugungi she’riyat tahliliga kirishgan borki, shu savollarga ko‘milib qolaveradi. Nega? Nega buncha mungli? Nega buncha g‘azabli? Tashbehlar, tashxislar buncha “achinarli”?..
Anglashilib turadi hammasi, anglashilib turganlari ko‘proq qiynayveradi.
Kimnidir bir dunyo dardini tinglaganingizdan keyin ishonib-ishonmay tasalli berasiz.
Bizning tasallimiz ham, tilagimiz ham shu: Har bir shoirga she’rlarining eng yorug‘ nuqtalarida, saodatli, hur pallalarida yashashlik nasib qilsin.
Gulrang Ubayeva