Oqqush

1
654

hikoya

 

Hech bir tongda kapalak bo‘lib uyg‘onmaysanmi sen ham?

…qochyapman. Jonimni hovuchlagancha, ortimdan ma’yus o‘tkazgan yillarimni qoldirib qochyapman. Ikki yonimda allaqanday daraxt barglarining yengil shabadaga boshini egib, yoqimsiz shitirlashi, keksa chigirtkaning churillagan ovozda qo‘shiq kuylashi va mening keskin qadamlarim. Ortimga qaramayman, hech qachon ko‘nglim to‘lmagan xorg‘in o‘tmishimga qarashni xohlamayapmanmi yoki quvib kelayotgan ajalga qarashdan qo‘rqyapmanmi, ishqilib ulkan shiddat bilan yugurib ketyapman. To‘zg‘igan sochlarim halaqit berishiga parvo ham qilmay, biron joyim ochilib qolmaganmikin degan o‘ylardan yiroq, faqat oldinga qarab yuguryapman. Yuqori labim va burnim orasidagi masofada nimadir his qilib, nozik barmoqlarimni o‘sha yerga bosdim. Qo‘limga qandaydir muzdek suyuqlik tekkanini his qilib, rangini ko‘rish uchun qo‘limni tushirdim. Va bildimki, burnimdan sovuq qon sizib chiqyapti. Ko‘nglim ayniganini sezib, yerga tupurdim va qizil rangni ko‘rdim. Endi ag‘darilgan ko‘nglim og‘zim orqali ko‘proq qon chiqarmoqchiligini sezdim. Va qon qusdim. Boshim aylandi, ko‘z oldim qorong‘ulashdi, oyoqlarimda mador qolmaganini sezdim va yerga yuztuban yiqildim. Oxirgi marta ko‘rgan manzaram: burnim va og‘zimdan oqqan qonning tuproqqa qorishib ketgani va Zulmat…

***

…bugun bobom meni bog‘chadan olib kelish uchun kelgandi. Velosipediga o‘tqazdi va uyimizga yo‘l oldik. Bugun bog‘chadagi oxirgi kunim, ertaga esa tug‘ilgan kunim. 5 yoshga to‘laman bu yil. Bobom yana aroq ichgan shekilli. Aslida bobomning aroq ichgan-ichmaganini turishidan bilib olaman. Agar aroq ichgan bo‘lsa, ko‘zlari qisilib, kulib turgan bo‘ladi. Mobodo aksi bo‘lsa, ko‘zlarida allaqanday mensimaslik va yuzida nimadandir norozilik alomati sezilib turadi. Yana ichib olgan odam bitta gapni kamida uch marta qaytaradi va bugun bobom ham bog‘cha opamni Yangi yil bayrami bilan naqd uch marta tabrikladilar. Uni ustiga aroqning hidini ajratish ham mushkulmas. Shularni o‘ylab ketarkanman, qarasam, etikchamning bog‘ichi yechilib ketibdi. Bu yoqda esa bobom mastlikdanmi boshqaruvni yo‘qotdi. Yechilib ketgan bog‘ichim velosiped g‘ildiragiga chalkashib ketdi-da, oyog‘imni tortib ketdi. Kuchli og‘riqdan qichqirib yubordim, bobom oyog‘imni qo‘shib, «minib» yuborganini endi payqadi. Oyog‘imdan bir dunyo qon oqardi va ko‘z oldim qorog‘ulashdi. Yerga yiqildim. Oxirgi ko‘rgan manzaram: to‘q qizil qonga belangan tuproq va Zulmat…

***

…bugun hayotimda birinchi marta yolg‘iz o‘zim qadam tashladim. Menga ortiqcha pul berishmaydi. Aytishlaricha, qiz bola odam emas ekan. Erga tegsa, qaynonasi uchun cho‘ri va eri uchun bola tug‘adigan ‘inkubator’ga aylanar ekan. Ungacha esa ota uyida ‘cho‘rilik sirlar’idan boxabar bo‘lib turishi lozim emish. Qiz bolaga pul berish — uning fohishaga aylanishi uchun ilk qadam ekan. O‘rgildim bu ahmoqona fikrlaridan. Ikki hafta davomida zo‘rg‘a to‘plagan pullarimni olib, qishloqdagi yagona sartaroshxonaga kirdim. Hecham oxirigacha tarolmaydigan, uzun va og‘ir sochlarimdan voz kechishga qaror qilganimni aytib, sochimni kalta qilib qo‘yishini so‘radim. Ishini bitirgach, pulni berdim va uyga keldim. Xonamga kirib, oynaga qaragancha, go‘zalligimdan bahramand bo‘lib tursam, oynadan buvimning aksi ko‘rindi. Unga chiroyimni maqtayman deb o‘girilishim bilan yuzimga tarsaki tushirdi. «Sochlaring qani? Qaysi miya bilan qilding shu ishni. Hoynahoy onangdan chiqqan fikr bo‘lsa kerak. Nega mendan so‘ramading a, o‘lsamam ruxsat bermasdim». Ko‘zlariga qaradim: vo ajab, avvallari bunday ko‘zni ko‘rmagandim. Nafrat sachragan nigohlariga qat’iy qaradim-da, «Soch meniki-ku buvi. Qiynalib ketgandim, tushuning» dedim. «Hecham tushunmayman. Biz bundan uzun sochlarimiz bilan dalalarda yurganmiz. Sochingni kesding degani, baxtingni kesding degani! Sendan rozimasman, bilib qo‘y, zinhor rozi bo‘lmayman. Oq qildim sendek nabirani. Hali onang kelsin ko‘rasan, o‘zboshimcha!» dedi-yu chiqib ketdi. Birdan yig‘lab yubordim. Xonamning o‘rtasida oynaga qarab, yum-yum yig‘ladim. Boshim aylandi, ko‘z oldim qorong‘ulashdi va polga yuztuban yiqildim. So‘nggi ko‘rgan manzaram: ko‘zyoshlarimdan ho‘l bo‘lgan kiyimlarim, undan keyin shift va eski gilam. Zulmat…

***

…Har doimgidek tunni uyqusiz o‘tkazdim. Oqqonligimni bilgach, ancha cho‘kib qolganman. Ko‘zlarimdagi bo‘shliq bora-bora kattarib, butun tanamni egallab olishga payt poylamoqda. Ochig‘i, yana bitta yoqimsiz hodisadan keyin butunlay jonsiz holatga kelib qolishim tayin. Bugun nimagadir ko‘nglim g‘ash, tuni bilan yuragim sanchib chiqdi.

O‘qishga shoshayotgan talabalarni kuzatar ekanman, men ham qachonlardir shularni safida bo‘lganimni eslayman.  Maktabdayam tuzuk-quruq o‘qimaganim sababmi, o‘qishga hecham ko‘ngil qo‘yolmadim va birinchi kursdayoq institutdan haydaldim. Lekin qishloqdagi g‘urbatxonadan qutilish uchun ham poytaxtga o‘qish bahonasida kelib olishim kerak edi.  Aslida oilam mendan xabar olmay qo‘yganini sababi ham poytaxtga kelganim. Aytishlaricha, poytaxtga ketgan qizlar buzilib ketarmish.  Ular meni fohishaga chiqarib yuborishgan. Hoynahoy, ahmoqona qishloq hayotlarida arzimagan choy-chaqa uchun ishlab yurishgan bo‘lsalar kerak. Ba’zan ularni sog‘inib qolsam, alamimni tamakidan olib turaman.  Ammo davolanishim uchun ulardan pul so‘rash — mening qonun-qoidalarimga to‘g‘ri kelmaydi.

Kechgacha pardoz vositalarini sotish do‘konida ishlasam, yarim kechasigacha restoranda ofitsiantlik qilaman. Do‘konga har xil odam keladi: kimdir pardoz vositalarini yaxshi tushunishi sabab o‘ziga keraklilarini oson ajratib, pulniyam ayamaydi, kimdir esa arzimagan puli uchun do‘konni har bir burchagini ko‘zdan kechiradi va oddiygina lak olib chiqib ketadi. Ba’zan erkaklar ham kelib turadi. Umuman olganda bu yer ancha tinch. Bugun ham bir nechta madaniyatli mijozlarni ehtiyojlarini qondirdim. Kunim deyarli yaxshi o‘tdi.

Oqshom esa restoranga bog‘liq. Restoran ancha gavjum, u yerda ko‘proq erkaklar bo‘ladi. Uch-to‘rt kun avval ham jirkanch hodisa ro‘y berdi.

…odatdagidek menga yuklatilgan vazifani a’lo darajada bajarardim. Yaqindagina tashrif buyurgan juftlik: qirq-qirq besh yoshlar atrofidagi, qotmadan kelgan, anchagina boy, biroq ayyorona nigohidan shilqimligi yaqqol sezilib turgan kishi va yelkalari ochiq ko‘ylak kiygan, obdon pardoz qilgan yoshgina qiz (menimcha qizi)dan buyurtmalarni olish uchun borganimda qizaloqqa sinchiklab qarab shuni esladimki, bu qiz bilan bitta institutda o‘qiganman, u bizga paralell bo‘lgan guruhda edi. Yaqindan gaplashmagan bo‘lsamda, otasi yo‘qligi qulog‘imga chalingandi. Demak, bu kishi otasi emas, xushtori ekan-da. Xayollarim Alisher amakining «Jamila, buyurtmalarni olib borsangchi, nimaga xayol suraverasan?!» degan ovozidan bo‘linib ketdi. Anchagina qimmat bo‘lgan tansiq taomni olib borar ekanman yonidagi sohibjamol qolib, menga ko‘z qisayotgan qariyaga ensam qotadi. Yeguliklarni olib borib, sharbatlar qo‘yilgan patnisni ushlaganimni bilaman, birdan boshim aylanib ketdi. Atrofim zulmatga qiyos qorong‘u shaklga kela boshladi, ammo sharbatlarni yetkazishim kerak edi. Stolga yaqinlashdim va birdan to‘xtab qoldim. Ko‘zimni bir ochib-yumgunimcha sharbat haligi kishiga to‘kilib ketdi. Uzr so‘radim, qariya esa ro‘molchada artib qo‘ysam kechirishini, yoqsa restoran ustidan arz qilishini aytib, kuldi. Xohlamaygina ro‘molchani oldim, egilib egnidagi ko‘ylagini arta boshladim. Egilishim bilan yana boshim aylanishiga ko‘nglim ag‘darilishi ham qo‘shildi. Qariya esa jirkanch qo‘llari bilan bo‘ynimdan ushlab oldi. Seskanib ketdim. Qaddimni ko‘tarib, yuziga tarsaki tushirishga kuchim yetdi xolos. «Bu nima qilganingiz?!» dedim ko‘zlarimda nafrat bilan. U esa shapaloq yeganidan g‘azablanib, «Hali ko‘rasan, sen itvachcha» dedi-da chiqib ketdi. Ortidan boyagi qiz yugurdi. «Boshqa qaytib kelma, maraz» degancha qolib ketdim. O‘sha kuni boshliqdan ancha so‘kish eshitdim, lekin haydalmadim. Ana shunday yoqimsiz hodisalarga boy bo‘ladi mening tunim.

Lekin bugun ko‘ngildagidek o‘tdi. Ishimni tugatib uyimga yo‘l oldim. Ha aytgancha, bir xonali uyda ijarada turaman va bu menga yetadi. Uyim bilan restoran orasi unchayam katta bo‘lmagan, yigirma daqiqada bosib o‘tiladigan masofa. Yolg‘izlikka esa ko‘nikib ketganman. Biroq, kasallik meni ancha sindirib qo‘ydi. Butun badanim og‘risa ham, tishimni-tishimga bosib chidashga majburman. Avvaldan yuksak bo‘lmagan ruhiyatim yanayam cho‘kib ketganini his qilsam-da, bu borada ojizman. Hayollarimga shu qadar ko‘milib ketibmanki, ortimdan anchadan buyon kimdir kelayotganini endi payqadim. Xuddi ortimdan ajal ta’qib qilayotgandek tuyulganidan qo‘rqdimmi, ishqilib yurak hovuchlab ortimga qaray olmadim. Mendan oldinlab ketsin degan xayolda qadamimni biroz sekinlatdim. Biroq ortimda «Jamila, qo‘lga tushdingmi! Tarsaki tushirishni ko‘rsatib qo‘yaman senga!» degan hayqiriq jarangladi. O‘girilsam, men hozirgina eslagan qariya qo‘lida bir shisha konyakni quchoqlagancha, men tomonga yugurib kelyapti. Maqsadini tushundim-u, qo‘rqib ketdim. Qocha boshladim. Nomusimni himoya qilish uchun jon-jahdim bilan yugurardim. Biroq u menga yetib qolgandi. Keyin allaqanday tor ko‘chaga kirib qoldim. Qadam tovushlari eshitilmay qolganidan sezdimki, u adashib qoldi. Biroq bir lahzada yana hansirash ovozi eshitildi. Menda ortiq kuch qolmagandi. Qariya meni topdi. Mastligi basharasidan sezilardi. «Oo, Jamila! Seni qancha kuzatganimni bilasanmi? Men bilan bekor o‘ynashding qizaloq, endi adabingni berishga majburman, mehribon amakingni kechir, xo‘p. Lekin men bu mukammal qomatdagi go‘zallikni tashlab ketolmayman» deb zaharxanda kuldi va shimini yechishni boshladi. Anchagina qorong‘u edi, uni ustiga menda kuch qolmagandi. Ustki kiyimini yechib, yoniga uloqtirdi va menga yaqinlashib, «Aqlli qiz bo‘lib baqirmasang, seni o‘zim bilan olib ketaman. Istasang, sen ishlayotgan restoranni sotib olamiz. Men bilan yashaysan, jonginam. Faqat qarshilik ko‘rsatma, aks holda amaking kuch ishlatishga majbur bo‘ladi. Axir o‘zing aqlli qizsan-ku» degancha yana jirkanch ovozida kulib yubordi. Biroq mendagi bor nafrat jamlandi-da, beqiyos kuchni vujudga keltirdi. Meni quchoqlashni boshlab, qo‘lini duch kelgan joyimga yugurtirar, yuzlarimdan, bo‘yinlarimdan o‘pardi. Men esa hamma kuchimni to‘plab, tipirchilagancha uning jirkanch og‘ushidan chiqib ketishga urinardim. Qariya esa  meni devorga qisishga ulgurgandi. Birdan qo‘limga konyak shishasi tushib qoldi, epchillik uni tor ko‘chaning devoriga urib sindirdim-da, qo‘limda qolgan bo‘lagini uning qorniga sanchdim. Bo‘ynimdagi qo‘lini qorniga olib bordi, men esa uning quchog‘idan chiqishga muvaffaq bo‘ldim. U esa og‘riq kuchliligidan g‘azablanib, «Nima qilib qo‘yding, haromi!» deb baqirdi. Qornini changallagancha uzoq turdi va birdan yerga yiqildi. Men jarayonlarni tomoshabin kabi jim kuzatardim, biroq qimirlay olmasdim. Karaxt holatga kelib qolgandim. Birozdan so‘ng qariyaga yaqinlashib, bo‘ynidagi tomirini tekshirishga jur’at topdim. Tomiri urmayotgan edi. O‘ldi. Men odam o‘ldirdim. Men qotilman. Jin ursin, endi nima qilaman? Kasal holimda qamoqda chirib ketamanmi? Odam o‘ldirdim-a? Balki o‘lmagandir? E Xudoyim! «Buyog‘iga nima qilishni o‘ylash kerak» deganday bo‘ldi aqlim. Telefonim chirog‘ini yoqib, sovuq basharasiga nazar tashladim. Birinchi bo‘lib, shisha siniqlarini to‘plab, sumkamga soldim. Qornidagi bo‘lakniyam chiqardim, ro‘molchamda qondan tozalab uniyam sumkamga joyladim. Sumkamdan tushib qolgan narsalarimni hammasini terdim. Qariyani esa sudrab, tor ko‘chadan olib chiqdim va umuman boshqa ko‘chaga olib kirdim. O‘zimcha «jinoyat maydoni»ni o‘zgartirgan bo‘ldim. Nam salfetkamda esa uning kiyimi ustidagi qonni artdim. Tor ko‘chada, umuman bu atrofda kamera bo‘lmasligini bilaman. Shuning uchun ishni tamomladim-da, uyga yo‘l oldim. Hammasini hotirjamlik bilan bajardim. Xuddi kunora odam o‘ldirib, odatdagidek jinoyat izlarini yashirgan qotildek. Men qotilman-a? Hozir odam o‘ldirdimmi? Yo tovba, necha yillardan beri o‘zimni o‘ldirolmay, g‘irt begona odamning qotiliga aylandimmi? Ko‘z oldimdan o‘sha manzara ketmayapti: o‘sha jirkanch afti, og‘zidagi ichkilikning yoqimsiz hidi, shishani devorga urib sindirganim va shiddatli zarb bilan qorniga sanchganim. Bugundan boshlab qotilman. Endi meni qidirishadi. Men odam o‘ldirdim. Uyimning eshigini ochib, ichkariga kirdim. Eshikni qulflashga ulgurmay, hushimdan ketdim shekilli..

***

…bugun ilk marta tongni ko‘chadagi bekatda kutib oldim. Qamoqxona kaminaga nasib etmagan ekan.

O‘sha mash’um tunni hushsiz o‘tkazdim. Hushimga kelganimda boshim yorilishga tayyor turgan bombadek edi, sochlarim to‘zg‘igan, burnimda esa qotib qolgan qon. Sumkam yerga uloqtirilgan, bir chetidan shisha bo‘lagi ko‘rinib turardi. O‘zim esa yanayam ozib, kichrayib ketgandek tuyuldim. Go‘yoki og‘ir ruhim tushib qolgan, faqat jismim qolgandek. Yuvinim uchun vannaxonaga kirib, yuzimni muzdek suvga yuvdim va oynaga qaradim. Yuzim qo‘rqinchli bo‘lib ketgandi, bor-yo‘g‘i bitta tunda judayam xunuklashib ketgandim. Ko‘zlarim kirtayib qolgan, doimo qonaydigan burnim, yuzlarim negadir qorayib ketgandi. Ortimdan nimaningdir taqir-tuqur ovozi eshitildi. Oynadagi aksga qarab, ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘sha marhum bir shisha konyak quchoqlagancha, tirjayib turardi. Qo‘rqib ketganimdan oyog‘imni uchigacha muzlab ketdim. Miyamni qandaydir kuch borgan sari qattiqroq qisardi. Qo‘llarim qaltirardi. U yana men tomonga kela boshladi. Ortimga o‘girilsam hech kim yo‘q…

Bunday holatlar ikki oy ichida tinimsiz qaytarildi. Qotillikdan uch-to‘rt kun o‘tgach restoranga borib, shuni bildimki, yaqinda shaharning eski boylaridan bo‘lgan Mansurxon ismli kishi vafot etganmish. Niqohiga olgan ayollari jami yettita bo‘lib, u kishi hecham xotinga to‘ymasmish. Yaqinda oltinchi xotini bilan o‘rtasida jiddiyroq mojaro bo‘libdi, xotinining akalari uni tinchitishga payt poylab yurgan ekan. O‘tgan kuni esa uning jasadini ko‘pincha odam kam bo‘ladigan ko‘chalardan biridan topishganmish. Hamma xotinlari kelishib, hech kimdan da’vosi yo‘qligini, tergov qilmasliklarini so‘rashibdi, va butun boyliklarini bo‘lishib olishganmish. Jin ursin, ismi Mansurxon ekan, meni bu kishi o‘lgandayam tinch qo‘ymaydi. Ish bosdi-bosdi bo‘lgani uncha xursand qilmadi, negaki, men haliyam o‘zimga kelmagandim. Odamlarga umuman qo‘shilmay qo‘ygandim. Xuddi peshonamga «Qotil» degan tamg‘a bosilgan-u, buni birov ko‘rib qolishidan cho‘chirdim. Bundan tashqari, ko‘zimga ko‘ringanki erkak Mansurxon bo‘lib ko‘rinardi. Shu sababdan ham, restorandayam, do‘kondayam ortiq ishlolmasligimni tan oldim va ishdan bo‘shadim. Uyda yolg‘iz qoldim deguncha Mansurxon uyimga «tashrif buyurar» va dahshat olovida yoqib ketardi. Na kunduzi, na kechasi, na uyimda, na ko‘chada halovat bor edi. Ishlamay qo‘yganim sabab oxirgi chaqamniyam tamakiga sarfladim. Oxirgi payt negadir oilamni ko‘p o‘ylaydigan bo‘ldim, hammasidan ham onamni. Boshimni qo‘yish uchun bitta yelka kerakligidanmi, yoki ancha avval meni yutib yuborgan yolg‘izlikka ham endi kerak bo‘lmay qolganimdanmi marhum onamni qattiq sog‘ingandim. Ichikkandim. Qaltirayotgan qo‘llarimga tikilar ekanman qachonlardir non yopgan onamni yuzlaridagi qorakuyani aynan shu qo‘llarim bilan artganimni eslab, unsiz yig‘lardim. Judayam beg‘ubor bo‘lgan bu qo‘llar hozir jirkanch qonga botganini eslasam yuragim sanchirdi. Onam o‘lmaganida bu tor Toshkentga kelish o‘rniga o‘sha madaniyatsiz qishloqda qolishgayam rozi edim. Afsus, ming afsus. Yig‘laganimni faqat Mansurxonning arvohi ko‘rardi xolos. Shu tariqa qanday qilib ikki oy o‘tganiniyam bilmayman. Kuni kecha ijarachi oxirgi oy pulni to‘lamaganim sabab uydan haydadi. Shu atrofdagi katta ko‘chaning bekatida yonboshlab uxlab qolibman. Tushimga onam kirdi. Menga xatto onamni uzoqdagi qabrlarini ziyorat qilish ham ravo ko‘rilmagan.

Tong… La’nati shahar. Jirkanch men. Tezroq bu shahardan chiqib ketishni o‘ylayman. Hamon o‘sha  bekatdaman, kuzning oxirgi oyi bo‘lgani uchun havo biroz sovuq, lekin muzlikda mening ruhimga yetolmaydi. Aslida sovuqqa chidamliman, lekin aynan hozir chemodanimni titib, birinchi maoshimga sotib olgan sevimli plashimni ustimga ildim. Bundan buyog‘iga nima qilishim haqida o‘y surarkanman, kiyimlarim titilib ketgan chemodanga tikilib qoldim. Shuncha yukni ko‘tarib yurish malol keldi va chemodimni o‘sha bekatda qoldirib manzilsiz tomonga yo‘l oldim. Qayerga ketayotganimni, bundan keyin taqdir meni yana nimalar bilan siylashidan bexabar oxiri ko‘rinmayotgan yo‘ldan ketib boryapman. Negadir bugun qotillikni biroz yodimdan chiqarganday bo‘ldim. Shu paytgacha va katta ehtimol bilan bundan keyin ham kulrang bo‘ladigan hayotim o‘rtasiga kelganda aynan qotillik bilan bog‘liq qizg‘ish bo‘shliqqa tushib qolgandim, biroq bugun o‘sha bo‘shliqdan biroz siljiganday bo‘ldim. Qo‘llarim biroz sovuqqotganini sezib, cho‘ntagimga soldim. E Xudoyim, cho‘ntagimda qog‘oz nima qilyapti ekan deb qarasam, pul ekan. Bu plashni oxirgi marta erta bahorda kiyganim yodimga tushdi va qachonlardir cho‘ntagimda qolib ketgan va meni hozir biroz bo‘lsa-da xursand qilgan pulni sanasam unchalik katta miqdor bo‘lmasa-da, Toshkentga yaqinroq biror viloyatga yetib olishga bemalol yetardi. Faqat oldinga qarab borarkanman, yana bitta ko‘ngilsiz hodisani yuragim ko‘tarmasligidan cho‘chiyman. Qishloqqa qaytib bormayman, bu aniq. Lekin qayerga boraman? Kimni eshigini taqillataman? Mana shunday holatga tushmas ekansiz, zinhor yolg‘izman deya ko‘rmang.

Ro‘parada bir nechta mast erkak xoxolab kulayotganini ko‘rgach, bu yo‘lda yurgim kelmadi va yo‘lning narigi betiga o‘tish uchun burildim. Cho‘ntagimdan qo‘limni chiqarayotgan paytim yagona umidim — pullarim to‘kilib ketdi. Ularni terish uchun egilganimni bilaman, boshim shiddat bilan aylanib ketdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Qaddimni rostlab katta yo‘ldan o‘tish uchun qadam bosdim. Oyoqlarim chalkashib ketdi, yonboshimdan esa mashina kelayotganini arang ko‘rdim. Menimcha, mashina meni turtib yubordi. Lekin aynan shu turtkidan keyin o‘zimga keldim deya olaman. Haydovchi yigit meni mashinasiga o‘tqizdi, ming bor uzr so‘rab, suv berdi. Bu yerlarda nima qilib yurganimni, ahvolimni so‘radi. Ko‘zlariga qaradim, men ko‘rgan erkaklardan farqli ularoq, uning nigohlarida ayyorlik emas, samimiyat balqardi. Shu kishiga rosayam yorilgim keldi. Xuddi fikrimni o‘qiyotgandek, menga savollarni yog‘dirib tashladi. Hammasini bir boshidan so‘zlab berarkanman, orada meni qayerga olib borishi kerakligini so‘radi. Boradigan joyim yo‘qligini aytsam, o‘zi bilan olib ketgisi kelayotganini aytdi. Qotillikdan tashqari hammasini, hatto kasalligimniyam gapirib berdim. «Men yoshligimdan singlim bo‘lishini xohlaganman. Bitta opam bor. Singlimni endi topdim chog‘i» deb kulib qo‘ydi. Uning kulishiyam boshqacha edi, mehrim tushib qolganini sezdim. Nursiz hayotimning har bitta qayg‘uli hikoyasini aytganimdan keyin meni kayfiyatimni ko‘tarish uchun harakat qilardi.  Keyin esa «To‘g‘risini aytsam, sizga qayg‘uryapman. Lekin qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Jillaqursa, ma’yus hayotingizdan chalg‘itay deb hazillar qilyapman. Tag‘in jiddiy olmang» deganidan keyin necha yillardan beri menga begona bo‘lgan keraklilik hissini tuydim. «Aytgancha, ismingiz nima?» desam, kulib: «Ismim Anvar. Yoshim 25 da. Asli gulistonlikman, Toshkentga bir ish bilan kelgandim. Agar xohlasangiz sizni  uyimizga olib ketaman, baribir qayerga borishni bilmayabsiz ekan. Xo‘sh, nima deysiz?» deb so‘radi. «Jon deb borardim, lekin sizni oila a’zolaringiz katta ehtimol bilan meni qabul qilishmasa kerak» deyishimga qaramay, uydagilarini maqtab-maqtab baribir ketishga ko‘ndirdi. Ich-ichimdan quvondim. Yangi shaharda yangi hayot boshlamoqchi bo‘lib turganimda xuddi taqdirga buyurtma qilgandek bu insonning menga yordam berishi meni judayam xursand qildi. Bu tanishuv hecham esimdan chiqmasa kerak. Xudo qiynalib ketganimni sezdi shekilli, bitta farishtasini jo‘natibdi.

Shunday qilib kun g‘ira-shira botayotgan pallada chekka qishloqning bir-biriga ulanib ketgan qing‘ir-qiyshiq ko‘chalaridan kirib bordik. Uncha hashamatli bo‘lmasa-da, qandaydir shinam bitta xovliga keldik. Bizni o‘rta bo‘yli, ko‘hlikkina, qosh-ko‘zlari qora, istarali ayol iliqlik bilan kutib oldi. Egniga soddaroq kiyim kiyib olgan bo‘lsa-da, o‘ziga judayam yarashgan edi. Ichkiragiga kirib borar ekanmiz, bu uydan allaqanday yoqimli bo‘y taralardi. O‘rtadagi katta xontaxta, atrofiga to‘shalgan to‘rtta to‘shak, haligi ayolning chaqqonlik bilan dasturxon solishi men anchadan beri eslamay qo‘ygan qishlog‘imni eslatardi. Ko‘z ochib yumgunimcha dasturxon tandir noni, kichkina likoplarga solingan yong‘oq, gilosli murabbo bilan to‘lgan piyola bilan tuzalgan ekan. Anvar aka meni avval meni tanishtirdi keyin esa menga yuzlanib: «Jamila, bu mening opam. Bittayu bitta opam bor deb aytgandimku. Ota-onamdan qolgan yodgorim. Ismlari Dilnoza. Judayam yaxshi ayol. Hali yaqindan tanishib ketasizlar. Bugundan boshlab opa-singilsizlar xo‘pmi?» dedi. Men esa jilmayib, tasdiqlash uchun boshimni silkib qo‘ydim. Birpas gurunglashib o‘tirganimizdan keyin Anvar aka ishi borligini, iloji boricha tezroq qaytishini aytib chiqib ketdi. Noqulay ahvolga tushib qoldim, biroq Dilnoza opani samimiyat bilan gapirishi hammasini bartaraf etdi. Men hayotimni qaysidir hikoyalarini aytib ancha yengillashdim, lekin uning ko‘zlaridagi mung ham oson yashamaganidan dalolat berardi. Uni judayam eshitgim kelardi, o‘ziyam sezdi shekilli, past ovozda boshladi:

«Ukam Anvar mendan ancha kichik. 16 yoshligimda tug‘ilgan, Uni o‘zim katta qilganman. Beshiginiyam o‘zim tebratardim, «alla»niyam o‘zim aytardim. Yig‘lasa birga yig‘lar, kulsa birgalashib kulardim. Anvar 2 yoshga to‘lganda meni shaharning yangi hokimining o‘g‘liga uzatishdi. 18 yosh edim xolos. Begona honadonga ko‘nikishim ancha qiyin kechdi. Erim menga faqat o‘ziga «kerakli» vaqtimda yaxshi munosabatda bo‘lardi xolos. Taqdir ekan deb sabr qilardim. Uyga qaytib borishni hatto xayolimgayam keltirolmaydigan darajada qo‘rqoq edim. Keyin esa Farhod tug‘ildi. Siz 19 yoshman dedingiz-ku, men sizdekligimda farzandli bo‘ldim. Bolani parvarishlash bilan ovora bo‘lib, erimga uncha e’tibor bermay qo‘yibman, menga xiyonat qilib yurgan ekan. Bir kuni o‘z xonamdagi xiyonat ustidan chiqib qoldim va hammasi ostin-ustin bo‘lib ketdi. Yarim -yalong‘och bo‘lib yotgan bir qiz bilan erimni ko‘rdimu baqirib yubordim. Farhod qo‘rqib ketdi. Erimning esa bir tuki qilt etmadi.  Qo‘limdagi chaqaloqni chinqiratgancha uydan ketdim. Ota uyimga bora olmadim. Ancha sarson bo‘lib yurdim, lekin hech kimga bildirmadim. Qishloqdan ketib, shahardan ijaraga uy olib, ishlashni boshladim. Farhod maktabga chiqdi. Hech kimdan kam bo‘lmasin deb 3ta joyda ishlagan paytlarim ham bo‘ldi. Keyinchalik otam, orqasidan esa ko‘p o‘tmay onam  vafot edi. Mening yuragim qotib bo‘lgandi, lekin ularning o‘limi baribir ta’sir qildi. 9-sinf ukam bilan men qolgandik. Farhod bilan shu yerga ko‘chib keldik va o‘shandan beri yashayapmiz. Hozir ishlamayman, ukam bilan o‘g‘lim ishlaydi.

Endi shu Anvarni uylantirish kerak. Yaxshi ko‘radigan qizi bor, qo‘shni mahalladagi Sanobar opaning qizi Nozima. Oilasiyam, o‘ziyam biram yaxshi. Shu kunlarda sovchilikka borishim kerak. Dardlarim ancha arigan, kelin ko‘rsam armonim yo‘q edi.

Voy oling, mana bu yong‘oqlarni kuni kecha qo‘shnimiz olib chiqqandi. Aybga buyurmaysiz, ancha berilib ketdim» dedi gaplari orasida biroz ko‘z yosh to‘kkan Dilnoza opa yoshlarini artar ekan.

***

Bu xonadonda yashayotganimga roppa-rosa ikki oy bo‘ldi. Ancha hayotga nisbatan ishtiyoq uyg‘ondi. Kelajakka tik boqishni o‘rgandim. Avvallari yanayam ayanchli bo‘lishi kutilayotgan kelajakdan qo‘rqardim. Hozir esa ancha o‘zimni tiklab oldim. Qishloq tabibi Erkin bobo bilan uzoq suhbatlar quradigan bo‘ldim. Ko‘p xuruj qiladigan yuragim ancha sokinlashdi. Negaki, Erkin bobo meni qaysidir ma’noda ‘keyingi hayot’ga tayyorladi, yana umid qilishni o‘rgatdi. Anvar aka esa uylandi. To‘ylarida o‘zim xizmat qildim. Dilnoza opam ham baxtli kunlariga yetib kelganliklaridan xursand. Kamchiliklarim yo‘q deyolmayman, lekin men tushundimki, bu dunyoning hech bir narsasi ko‘zyoshi qilishga arzimaydi. Ikki oy ichida Dilnoza opaning yagona o‘g‘li Farhod bilan ancha yaqin bo‘ldim. Aytgancha, u haqida biroz gapirib o‘taman.

Farhod ko‘rinishidan kelishgan yigit. Ko‘zlarida menga tanish nimadir bor. Lekin hecham nimaligini tushunmayman. U raqamlar bilan ishlashni qoyillatadi, lekin «o‘qi» desam xohlamaydi. U boshqa yigitlarga umuman o‘xshamaydi. Uning deyarli hamma do‘stlari poytaxtga talpinsa, u qishlog‘idan hecham voz kechmaydi. Keyinchalik bilsam, otasi poytaxtga ketgan ekan, otasini ko‘rib qolishdan qo‘rqar ekan. U bilan bo‘lgan uzoq suhbatlardan keyin menga tikilib qoladi. Keyin esa «Boshqachasanda» deb jilmayadi. Aslida men emas, u boshqacha. Fikrlashi menikiga qaraganda teranroq. Muhimi, yashashdan to‘xtab qolmaydi. Boshiga qandaydir musibat tushgudek bo‘lsa, ko‘pchilikka o‘xshab tushkunlikka tushib qolish o‘rniga adolatli yechim topishga urinadi. Yoqtiradigan qizi yo‘q yoki menga aytmagan. Yaxshi do‘st, yaxshi dardkash. Lekin oxirgi paytlar menga nimanidir aytmoqchi bo‘ladi-yu, aytolmaydi. Farhodni boshqacha qadrlayman.

Bugun ham odatdagidek barvaqt uyg‘onib, nonushtani o‘zim tayyorladim. Kelinoyim Nozima opaga yordam bo‘lsin deb, hovlilarniyam supurib qo‘ydim. Axir u ishgayam borishi kerak. Ozroq kir chayib qo‘yay deb, bir chelak suv isitdim. Hamma kir kiyimlarni yig‘ishtirayotib, Farhodni kechagi «shimim loy bo‘libdi, ertaga ishdan kelib yuvib qo‘yarman» degan gapi esimga tushdi. Ex Farhod, biram tartiblisan-e, degancha xonasiga kirdim. Farhod o‘zini o‘zi bemalol eplagani, xonasini o‘zi tozalab, kiriniyam o‘zi yuvgani uchunmi xonasiga kam kiraman. Kirsam, hamma narsasi joy-joyida. Bu uyda faqat uning xonasida mavjud bo‘lgan stoldagi rasmlar e’tiborimni tortdi. Rasmni yaxshi chizishini bilardimku, lekin bunchalar chiroyli chizishiga hecham ishonmasdim. Ko‘pkina qog‘ozlarning hammasida horg‘in bir qizning surati. Yaxshilab qarasam… O‘zim ekan-ku. To‘zib ketgan sochlar, ma’no qolmagan ko‘zlar, qurib ketgan lablar. Men! Hatto eng pastiga kichkina harflarda «jamilam» deb yozib qo‘yilgan. Hamma rasmlarda men. Rasmlarni olgan joyimda yana allaqanday daftar bor ekan. Birinchi sahifani ochishim bilan «Koshki senga hislarimni oshkor qilolsam edi, Jamila» degan yozuvga ko‘zim tushdi. Katta daftar yarimlab qolgan edi, men esa qiziqsinib davomini o‘qishga tushdim.

«Jamila, seni birinchi marta ko‘rganimni hecham unutmasam kerak.

..O‘sha kuni ishdan kech qaytdim. Odatdagidek darvozadan kirib, ortimdan qulfladim. Uyga kirib ketar ekanman, qop-qorong‘u hovlida qandaydir sharpani sezdim, lekin nimagadir cho‘chimadim. Yaqinlashib shuni bildimki, hovlidagi so‘rida esa sen miq etmay o‘tirgan ekansan. Yuzingni ko‘rmasamda, allaqanday yoqimli iforingdan sarmast bo‘ldim. Senga o‘sha lahzada oshiq bo‘lgandim.

..Undan keyin naqadar ajoyib qizligingni angladim. Har doim ma’yus bo‘lgan ko‘zlaring, har bir tolasi bilan meni o‘ziga maftun etgan sochlaring, nozik qo‘llaring, kelinoyimning ko‘rimsiz tuyilgan ko‘ylagi sening egningda ko‘rkam va jozibador bo‘lib ketishi, hamma-hammasi mening aqlimni oldi. Oxirgi payt faqat seni o‘ylayapman.

Lekin qo‘rqaman. Meni rad etib, o‘zingga loyiq ko‘rmasligingdan cho‘chiyman. Shu sababdan ham hozircha bildirmaslikni ma’qul ko‘rdim. To‘lib, toshayotgan o‘tmas tuyg‘ularim shu yerda turaqolsin».

«Men sening sukutingni sevaman».

..Ko‘zimdagi yoshni artgancha, maktubni yopdim. Bu quvonch ko‘z yoshlari edi. Negaki, menda ham Farhodga nisbatan nimadir bor edi. Xuddi baxtli bo‘lib ketadigandek bo‘ldim. Yo‘q, aynan hozir baxtli edim. Necha yillardan beri begonalashib ketgan baxtni his qildim. Tezroq Farhod kelsayu…

Ko‘tarinki kayfiyatda kirlarni yuvdim, ovqat pishirdim. Kelinoyim bilan Dilnoza opamga hazillar qilib, qiqirlatib kuldirdim. Men haqiqatdan ham, xayotga qaytgandim. Men sevib qolgandim.

…Hammasi a’lo darajada. Bugun xayotdan to‘laqonli qoniqib, ko‘zlarimni yumdim. Farhod ishdan qaytgandan keyin biroz gaplashishini so‘radim. Hammasini boricha aytdim: xatlarni o‘qiganim, rasmlarni ko‘rganim va o‘zimning hislarim. Judayam xursand bo‘ldi, xatto quchoqlab oldi. Baxtli edim. Kelajakka tikka qaray olardim, chunki mening Farhodim bor edi.

Aslida Farhodga imkon bermasam, boshqasi istak bildirishi amrimahol edi. Negaki, ayanchli o‘tmishim mendagi chiroyni so‘rib ulgurgandi. Ammo shu holimdayam seva olgan kishida meniyam ko‘nglim bor edi. Mening vaziyatimda g‘urur unchalik ham ahamiyat kasb etmasdi. Shunchaki, tavakkal qildim. Baxtli bo‘lib ko‘rgim keldi. Yolg‘izlikka nuqta, agar nuqta bo‘lmasa vergul qo‘yib turgim keldi. Qo‘limdagi omad qushini shunchaki uchirib yuborgim kelmadi. Muhabbat bog‘ida Farhodni o‘ylagancha uyquga ketdim.

***

…Baxorning ilk oyi. Bu oila bilan qahraton qishning uch oyiniyam o‘tkazib, baxorga yetib keldik. Saratoning yo‘qolib ketdi degan Erkin bobo oxirgi marta qattiq shamollaganimda boshini egib, shahardagi kasalxonaga borishimni so‘radi. Farhod oyog‘imni yerga tekkizmay shifoxonaga olib ketdi. Farhodning bor puliga ma’lum muddat davolandim. Biroq  shifokorlar noxush gaplar aytishayotganda, Farhod g‘amga cho‘kib qolishini yuragim sezardi. Lekin o‘zi hecham bildirmasdi. Mening ruhimni cho‘ktiradigan bironta so‘zini eslolmayman. Samimiyat bilan har lahzada qo‘llab-quvvatladi. Menga g‘amxo‘rlik qilganini minnat qilmadi. Ammo bir kuni doktorlar qimmat dorilar aytib, Farhodni boshini qotirayotganini ko‘rib qoldim. U xonamga kirgach «Uyga ketamiz» dedim to‘satdan. «Axir o‘zing aytdingku, axvolim yaxshi ekan» desam, qat’iy to‘lqinda «Yo‘q» dedi. «Ko‘proq vaqtimni sen bilan o‘tkazgim kelyapti, iltimos. Mening tuzalmas dardim uchun butun umr itdek ishlashing shart emas. Hijolat bo‘lyapman, Farhod» dedim ko‘zimdan dumalagan yoshlarni artib. U esa «Axir ikkimiz bitta kemadamiz, deganing esingda yo‘qmi. Sen mening oqqushim edingku. Bunaqa gaplarni nima keragi bor, davolanasan» dedi umidvor ko‘zlarini menga qadab. «Tushun, men davolanishni istamayman. Sen bilan bo‘lgim kelyapti. Yana oldingidek, tushlikka pishirgan ovqatimni kosaga solib, chang ko‘chalar oralab, ishxonangga tashishni sog‘indim. Ishxonang oldida yashaydigan, senga ko‘p ko‘z suzadigan Nigina sabab urushib qolishimizni sog‘indim. Idishlarni yuvayotganimda zerikib qolmasligim uchun menga kuylab beradigan qo‘shiqlaring sog‘indim. Bizga qarab «Xa, bollarima» deb bizni uyaltirib, o‘zi kulib o‘tib ketadigan Dilnoza opaniyam juda sog‘indim. Anvar akani, Nozima opani. Iltimos, meni olib ket» deb ingragan edim, «Mayli, narsalaringni yig‘ishtir» dedi. Keyin yana qishloqqa qaytdik. Qishloq havosi ta’sir qildimi ancha sog‘ayib qoldim. Lekin baribir o‘limim yaqinligini bilardim.

Bugun Farhodga yana ovqat olib borishni reja qildim. Tushlikka non qovurdoq qilingan ekan, bir kosa suzdimda yo‘lga tushdim. Unga yoqadigan maydagulli binafsharang ko‘ylagimni kiyib olgan edim. Farhod qishloqdagi yagona idorada buxgalter bo‘lib ishlar, ertalabdan kechgacha allaqanday raqamlar yozilgan qog‘ozlarga tikilib o‘tirardi. Idorani g‘iyqillab qolgan eshigidan kirib, Farhodning xonasiga kirmoqchi bo‘lib tursam, bitta semiz kishi tirjayib, «Iye, Jamilaxon, Farhodbek bugun och qolmadi-yov» degandi, uncha tushunmay, eshikni ochdim. Shu atrofda yashaydigan Nigina Farhodga olib kelgan bir kosa ovqatining ustiga yopilgan likopni olib, yeyishga tayyorlab berayotgan ekan. Farhod esa unga tikilib o‘tiribdi. Qo‘limdagi kosa tushib ketdi shekilli. Keyin meni ko‘rdi. Men esa eshikni taraqlab yopib, yugurib ketdim. Ortimdan kelayotganini sezsam-da, uni yomon ko‘rib ketayotgandim. Qanday qilib? Nahotki, hammasi yolg‘on edi? Loyiqmasmanmi? Negaaaaa?!

«Jamilaa! To‘xtaa!» deb baqirib, menga yetib olgan edi, uzatgan qo‘lini siltab tashlab, «Yo‘q, kerak emas. Kelma. Ortimdan kelma…» deb gapimni tugatmasimdan «Otam o‘lgan ekan» dedi. «Iltimos, yur eski joyimizda biroz gaplashaylik» deb so‘radi, yo‘q deyolmadim.

Biz ko‘pincha ulkan va ko‘hna chinor soyasida, naridan-beri yasalgan ikki kishilik o‘rindiqda suhbatlashardik va yengil tortardik. Bugun ham shu yerga boshlab keldi va so‘z boshladi. «Jamila, eslaysanmi, meni oqqushim de, derding. Sen rostanam oqqushsan. Oqqushdek poksan. Mening oqqushimsan. Bir gal poytaxtga ish bilan borganimda bitta do‘konda judayam nafis oppoq ko‘ylakni ko‘rgandim. Narxi biroz qimmatligi sabab keyingi oyligimdan Jamilaga albatta olib beraman deb dilimga tugib qo‘ygandim. Bugun seni rostanam oqqushga aylantirish uchun o‘sha ko‘ylakni sotib olgani poytaxtga bordim. Ko‘ylakni oldim, biroq qaytayotganimda o‘qish uchun Toshkentga ketgan bir sinfdoshimni uchratib qoldim. Ancha gaplashdik, birdan «Otang sengayam biron nimani meros qilib qoldiribdimi axir? » deb so‘rab qoldi.  «Nimalar deyapsan?» desam, «Axir otang ancha boy edi, yarim yilcha oldin olamdan o‘tdiku» dedi. Ustimdan kimdir bir chelak muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Men o‘z otam o‘lganini begonalardan eshitdim. Tushunyapsanmi, otamni so‘nggi manziliga kuzatolmadim. Men otamni ko‘rmagan bo‘lsam-da,  xayolimda yaratib olgan edim. Shuncha ishlariga ko‘z yumib, uni yaxshi ko‘rardim. Nima qilsayam u mening otam edi». Yig‘layotgan Farhodni qanday ovutishni bilmas edim, bir tarafdan o‘zimdan uyalardim. Qo‘llarini mahkam ushlab, «Farhod, bu dunyoda hamma o‘ladi. Kimdir erta, kimdir kech. Sening zarrachayam aybing yo‘q, bilsang uchib borarding, to‘g‘rimi? Bilmaganing aybingmas, tushun» dedim. U esa ustki kiyimining ichki cho‘ntagidan bir parcha qog‘oz chiqardi. «Mana, uning suratini doim ko‘ksimda saqlaganman, Jamila» deb qotmadan kelgan, navqiron bir yigitning rasmini ko‘rsatdi. Judayam tanish chehra-ya. O, yo‘q! Bunday bo‘lishi mumkinmas! Aslo! Qanday qilib, axir! Yo‘q! Atrofim zulmatga qiyos qorong‘ulik, qulog‘im ostida chinqiriqlar, arang nafas olyapman. «Farhod… Haligi, otangni ismi nima edi?» deb so‘rashga kuchim yetdi. «Mansurxon, bu ismni bobom…»

Qanaqasiga? Jin ursin, qanday qilib?! Axir Mansurxonni men o‘ldirganmanku? Demak Farhodning otasini qotili menman. Bu qandoq azob bo‘ldi? Boshim aylanib ketdi. «Tuzukmisan, Jamila», qo‘limdan tutdi Farhod.

«Ha, men uyga boraqolay, kechki payt gaplashaylik», dedim. Farhod esa «Ko‘ylakni uyga olib ketib kiyib ko‘r», dedi arang jilmayib. «Ko‘ylak? Ha, ko‘ylak. Albatta».

Idoradan ko‘ylakni olib, uyga bordim. Kiyib, oynaga qaradimu, o‘zimdan nafratlanib ketdim. Hammasidan nafratlandim. Baxtimga to‘g‘onoq bo‘lgan Mansurxon ruhining changlaridanam, necha yillardan beri qiynab kelgan kasalligimdanam, chalkashib ketgan taqdirimdanam. Bu uyda olayotgan har bir nafasim meni bo‘g‘ishni boshladi. Ko‘zimga yana o‘sha mudhish manzara ko‘rinaveryapti. O‘zimni o‘ldiraman. Ha!

Oppoq ko‘ylakda ko‘chaga chiqdim. Oqqushmish? Oqqushligim qolibdimi? Birdan onam esimga tushdi. Go‘yo xayolimga ichikkanimni sezib kelgandek edi. Tizzasiga boshimni qo‘yib yum-yum yig‘lagim keldi. Siz yo‘q dunyoda menga adolat bo‘larmidi, Ona. Qadamlarim o‘zimga bo‘ysunmay, tezlashib ketdi. Bu haqiqatni bilib turib, iztirobda yasholmayman. Hammasidan to‘ydim. Menda ortiq kuch qolmadi. Hammasiga yakun yasayman. Bugun intiho. Aynan hozir…

***

…qochyapman. Jonimni hovuchlagancha, ortimdan ma’yus o‘tkazgan yillarimni qoldirib qochyapman. Ikki yonimda allaqanday daraxt barglarining yengil shabadaga boshini egib, yoqimsiz shitirlashi, keksa chigirtkaning churillagan ovozda qo‘shiq kuylashi va mening keskin qadamlarim. Ortimga qaramayman, hech qachon ko‘nglim to‘lmagan xorg‘in o‘tmishimga qarashni xohlamayapmanmi yoki quvib kelayotgan ajalga qarashdan qo‘rqyapmanmi, ishqilib ulkan shiddat bilan yugurib ketyapman. To‘zg‘igan sochlarim halaqit berishiga parvo ham qilmay, biron joyim ochilib qolmaganmikin degan o‘ylardan yiroq, faqat oldinga qarab yuguryapman. Yuqori labim va burnim orasidagi masofada nimadir his qilib, nozik barmoqlarimni o‘sha yerga bosdim. Qo‘limga qandaydir muzdek suyuqlik tekkanini his qilib, rangini ko‘rish uchun qo‘limni tushirdim. Va bildimki, burnimdan sovuq qon sizib chiqyapti. Ko‘nglim ayniganini sezib, yerga tupurdim va qizil rangni ko‘rdim. Endi ag‘darilgan ko‘nglim og‘zim orqali ko‘proq qon chiqarmoqchiligini sezdim. Va qon qusdim. Boshim aylandi, ko‘z oldim qorong‘ulashdi, oyoqlarimda mador qolmaganini sezdim va yerga yuztuban yiqildim. Oxirgi marta ko‘rgan manzaram: burnim va og‘zimdan oqqan qonning tuproqqa qorishib ketgani va Zulmat…

***

Juma tongida mahallada janoza o‘kildi.

Qayerdandir kelib qolgan Jamila ismli qizning jonsiz tanasini oddiy mahallalarning biridan topishdi.

Jamila ajalni chaqirmoqchi bo‘lib turganida, ajal uni mag‘lub qildi.

 

Shabnam Quvonchli

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting