Asronlar shu’lasi

0
445

 

Sherzod Komil Xalil

(esse)

 

Bolalikning ko‘zlarida dunyo sirli tuyuladi. Biz bu sirlardan ulg‘ayib borishimiz va yillar o‘tib borish barobarinda mosuvo bo‘lib boramiz. Qalbu-qo‘rimizga ma’no baxsh etgan, biz ilg‘ab yetmagan sirlar falsafasi o‘zining mavjudlik shakllarini boy berib mistik olamimizdan g‘oyib bo‘ladi. Asronlar shu’lasining bu taxlit g‘oyib bo‘lishi ratsional aqlning ong sferalarimizda to‘liq muvaffaqqiyat qozonishi bilan bog‘liqmi, yo boshqa hayotiy omillarning aks-sadosi bormi bu yerda, amaliy tajribada buni kuzatish imkonsizdek nazarimda. Ishdan keyin Moskvadagi «Fox» pab derazasi oldida bir finjon samba brazil kofesini ichgancha, endi men bu haqda o‘ylab, shom bo‘shlig‘iga tikilarkanman, bugungi kunning ham quruq va hissiz o‘tganini va o‘tgan har bir kunlarning nihoyatda jozibali yillar bo‘lganligini xotirim zamiridan o‘tkazaman. Yo‘qlik qa’riga uchib ketgan yillar tarix nazdida qarib borgan sari negadir ardoqli va jozib ko‘rinaveradi, kim bilsin, balki u yillarda xotiralarimiz qolgani uchun shunday tuyularmikan?! Bir kun kelib bu yillar ham qumga singigan suvdek xotiralarga aylanadi. O‘shanda men qanday holatda bo‘laman(bo‘lamanmi o‘zi?!) bilmayman, ammo erta bir kun, yo, umrning shomida, bu kunlarni ham ehtimol, ajib bir orziqish bilan eslarman?! Menga shunday tuyuladiki, har doim ham mavjud kunlarning baxtli daqiqalarini qadrini anglayvermayman. Bu kunlar o‘tib ketgandan keyin achchiq nadomat va orziqish bilan eslayman negadir. Hayotning har bir daqiqasi, atrofimizdagi odamlar, tabiat, qushlar va umuman jameki borliq, biz yashab turgan olamimiz aslida qanchalar qadrli ekanligini o‘z vaqtida bilganimizda edi, bu qadar mutakabbirlik va shakkoklik qilmagan bo‘lar edik. Boshqa tomondan esa, bugungi bo‘layotgan achchiq solnomalar ko‘nglimizning o‘tmishning shirin xotiralarini yodga tushirishi bilan bizni mavjudlikning beshafqat ekzistensial olamidan biroz bo‘lsa-da, chalg‘itadi. Batahqiq, insoniyat sivilizatsiyasi eng yuqori cho‘qqiga chiqib borgan sari tubga qulash vahimasi ham ko‘nglimizning bir chetida simmillab turaverar ekan. Bir yoqda urushlar va geosiyosiy xurujlar avj olgan, etnik millatchilik va imperialistik da’volar yana uyg‘ongan, korrupsiya, shovinizm, diniy radikalizm bosh ko‘targan, boshqa tarafda qoloq mamlakatlar oziq-ovqat inqirozi tufayli ocharchilik arafasida turgan, qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishlari, pandemiyalar, diktatorlarning chek bilmagan hadlari g‘ulg‘ula qilgan, qurollanish poygasi davom etayotgan va tiranlarning yadro urushi bilan po‘pisa qilayotgani har qanday ratsional tafakkur egasini nigilistik xayollar tomon yulqilab ketsa ajab emas. Ammo umid eng so‘ngi lahzagacha mavjud ekan, optimist bo‘lishga o‘zimizda kuch topishimiz kerak, bunga o‘zimizni, atrofdagilarni, insoniyatni ishontirishimiz lozim. Sayyoramizni yamlamay yutayotgan raqobat iqtisodiyoti, rivojlangan davlatlar uchun moddiy boyliklarni ko‘proq va yana ko‘proq jamg‘arishga undasa, rivojlanayotgan va qashshoq mamlakatlar odamlariga bu — kun kechirish va tirik qolish uchun mehnat qilish, ishlash va yana ishlashni, yashash va ma’naviy hayot haqidagi beozor dilemmalarga nisbatan ironik ertaklarga nisbatan tug‘iladigan shubha tuyg‘usi uyg‘otadi. Sirasini aytganda, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari bilan uchinchi dunyo mamlakatlari o‘rtasida yashash va kun ko‘rish tubdan farqlanadi. Boshqa tarafdan esa, yashash hissi sanoatlashgan jamiyatlarda farovonlikning mavjudligi sharoitida ham vaqt yo‘qligi, ish bilan bog‘liq munosabatlar hayotimizdagi soatlarni juda katta qismini yeb qo‘yayotganligi bilan xarakterlansa, qashshoq mamlakatlarda tirikchilik tashvishlari farovonlikka erishishga emas, faqat kun ko‘rish va ochlikdan o‘lmaslik uchun ish izlash, ishlash va butun faoliyatni shu taqsimotga yo‘naltirish bilan belgilanadi. Xo‘sh, bunday sharoitda biz qachon yashaymiz?.. Orzu va ideallar haqida, san’at va madaniyat haqida bir-birimiz bilan qachon gaplashamiz?! Ish va yana ish, har kuni ish, u nafaqat vaqtimizni yutadi, sog‘ligimizga putur yetkazadi, odamlar bilan iliq munosabatlarimizga chek qo‘yadi, san’at va fan bilan shug‘ullanishga imkon qoldirmaydi.

Ish tufayli biz bu hayotga kelishimizning sababchilari bo‘lgan ota-onalarimizga e’tibor qarata olmaymiz, oilamizga kam vaqt ajratamiz, bolalarimiz ta’limi va tarbiyasi bilan shug‘ullanishimizga yetarli imkoniyatimiz bo‘lmaydi. Ish tufayli biz sevgi va do‘stlik rishtalaridan uzoqlashamiz, niyat va orzularimizni unutamiz, ijod faoliyati va ratsional fikrlash qobiliyatidan uzilamiz va yana shunga o‘xshash qanchadan-qancha hayotimizning ma’nosi bo‘lgan jihatlardan mosuvo bo‘lamiz-ki, buning o‘rnini hech qanday ishlash evaziga keladigan moddiy ta’minot bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Odamlar xuddi chumolilar kabi ishxonalar deb ataladigan mehnat lagerlariga shoshadi, ertadan-kechgacha butun quvvatlarini so‘rib olayotgan vampir idoralarga ijodiy energiyalarining oxirgi tomchisigacha topshirib, oqshom qo‘nayotganda  horib-chorib faqatgina uxlash va ertangi ishga tayyor bo‘lishlari uchungina uylariga qaytishadi. Ha, ish tufayli biz muammolarimizni hal qilarmiz, farovonlikka intilarmiz, ammo butun faoliyatimiz davomida hayotimizni ma’nosini ishga bag‘ishlash, mehnatni inson hayotining mazmuniga aylantirish va shunga ishonish qalb halovati uchun qanchalar ishonarli va  adekvat hisoblanadi?! Menda bu savollarga javob yo‘q…

Pabda samba brazil kofesini ichgancha shu kuyi o‘ylar og‘ushida o‘tirarkanman,  biroz ochiqqanimni sezaman. Chiroyli ofitsiant qizga meksikancha burger buyurtiraman. Bu yengil hazm bo‘luvchi taom menga yoqadi. Oshpazlar tez tayyor bo‘luvchi bu kabi fastfudlarni juda xushta’m qilib tayyorlashadi. Unda yumshoq qiymalangan lahm mol go‘shti, haqiqiy inglizcha chedder pishlog‘i, tuzlangan bodring, sarimsoq va rayhon aralashtirilgan pomidor salati, guakomole sousi va maydalangan xalapeno qalampiri qo‘shilgan bo‘ladi. Achchiq, ammo juda ajoyib ta’m. Axir hayotning ta’mi ham shunday emasmi?! Uning achchiqliklari qalbga azob berayotgan shu quruq va hissiz kunlar, xushta’mliklari esa o‘sha o‘tmishning biz bugun sog‘inadigan olis yillariga o‘xshaydi. Men o‘tmishning o‘sha g‘aroyib tonglarini sog‘inaman — yulduzlarning sirli sho‘lasi pushti osmon toqiga botib ketgan, billur bodroq kabi ko‘k shohida qolgan oxirgi yulduz — cho‘lponga hayrat va nadomat bilan tikilgan bolalik va yoshlikning tonglarini qumsayman. Men quyoshni chiqishini kutgan, namozshom gullarining gulbarglarini yopib olishini kuzatgan, maysazorlarning sokin shovullashini qalb qo‘ri bilan anglaydigan poeziya hayotimning eng dilbar vaqtlari bo‘lgan damlarni sog‘inaman. Maktabdan keyin avval litseyda, so‘ng universitetda o‘qigan vaqtlarim, men umrimning butun vaqtlarini zohidona miskinlik va eski kitoblar hidi ufurib turadigan kutubxonalarga borib hayot va odamlar haqidagi kitoblarni o‘qishga bag‘ishlardim. Sevgilim bilan hayotning gashtini surib, parklarda aylanib yurardik, ishqning masrur lahzalaridan sarmast bo‘lib, soatlab suhbatlashardik, o‘ta soddalikday ko‘rinadigan bu otashin damlarni endi sog‘inadi odam. Pulim tugaganda, men uyga xat yozardim. Tug‘ilgan go‘sham olis Iskanaga Toshkentdan uzun maktublar yuborardim. Pul uchun ishlash kerakligini, uni faqat ishlab topish mumkinligini o‘ylamasdim o‘shanda. Axir bizning yoshligimizda dunyo butunlay boshqacha edi. U paytlar hali bizning jamiyatda mobil telefonlari kirib kelmagan, kompyuterlar hayotimizning bir qismiga aylanmagan, internet dunyoni egallamagan, hamma narsa tosh qotgan suv rangidek sodda va tabiiy bo‘lgan davrlar edi. Biz shunday zamon va makonda yashagandik. Ijtimoiy tarmoqlar haqida tasavvur bo‘lmagan, plastik kartalar yo‘q bo‘lgan, elektron pochta xizmati mavjud bo‘lmagan ibtidoiy paytlar edi bizning davr. O‘zgarishlar juda tez bostirib keldi. Avvaliga totalitar tuzum quladi. Marks, Engels va Leninning yonma-yon boshlari aks etgan portretlar axlat qutilarga uloqtirildi. Mamlakatlar ozodlikka chiqdi. Mustaqillikning og‘ir va sabotli kunlari keldi. Pul almashdi. Shunga qaramay  millatlar tezda o‘zini o‘nglab ola boshladi. Bozorlar Xitoyning arzon ashqol-dashqollari bilan to‘lib toshdi. «Montana», «Adidas», «Salamander» kabi brendlar urf bo‘la boshladi, keyinchalik bu kabi bizness brendlarini oxiri ko‘rinmadi. «Coca-Cola», «Pepsi» va alkogol ichimliklarning turfa na’vlarini kirib kelishi, filtrsiz oddiy «Astra» sigaretini chekadigan jamiyatni tamaki mahsulotlarini xilma-xilliklaridan boshi gangib qoldi.

O‘sha paytlarda magnitafon kassetalari urfdan qola boshladi. Madaniyat klublariga kelib ko‘rsatiladigan plyonkali oq-qora tasvirli kinolardan putur ketib, rang tasvirli disklar kirib keldi. Kinoklublar zalni ichidan qamalib ko‘rsatiladigan uyatsiz filmlarni, qo‘pol qilib aytganda seksni targ‘ib qila boshlashdi. Bu kabi boshboshdoqliklarning barchasi milliy sanoat rivojlanmagan uchinchi dunyo mamlakatlariga xorijdan import qilindi. Dunyo shu tariqa ko‘z o‘ngimizni sehrini yo‘qota bordi. Kiyinish va moda juda tezlik bilan o‘zgarib borardi. O‘zgarishlar to‘lqinining bu taxlit oqimiga ko‘nikmagan odamlar shoshib qoldi. Eski qadriyatlar qadrsizlandi, yangilarini esa tutib qoladigan tutumlarini anglab olish oson bo‘lmadi. G‘oyalar va mafkuralarning plyuralistik oqimlari milliy mafkurani yaratishni taqozo qilardi, ammo yaratilgan mafkura va mavjud ma’naviyat davr talatumlari va hayot oqimidan orqaga qolib ketdi. Postsovet davlatlarda demokratiya va sharqona avtokratizm uyg‘unlikda yashay boshladi, kapitalistik munosabatlar esa, ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyat qatlamlarini hayotida iqtisodiy omillarni birlamchi pozitsiyaga aylantirib, ma’naviy dunyoqarashni boshi berk ko‘chaga kiritib tashladi. Odamlarni kitobga jalb qilish va adabiyotga qaytarish yuzaga kelgan barcha tadrijiy jarayonlardan keyin qanday konteksda rivojlanishini bugun endi hech kim aytib bera olmaydi. Istiqbol qanday bo‘lishini oldindan aytilgan futurologik bashoratlar har doim ham o‘zini oqlamasligini o‘tgan yillar davomida ko‘rdik. Hozirgi siyosiy va ekologik dunyoni ertasi haqida bu pabda meksikancha burger iste’mol qilib, samba brazil kofesini ichayotgan odam —  muhojirotdagi mendek yozuvchi voqeyliklarni shunday tus olishini ilgarilari o‘ylab ko‘rganmidi?! Axir men butun umr Kyerkegor kabi asosan o‘z shahrimdan chiqmasdan yashashni orzu qilardim. Taqdir esa, mening hayotimni butunlay boshqa o‘zanga burib yubordi. O‘zini hayotining ertangi kunini ko‘ra olmagan odam, insoniyat taqdirining istiqbol o‘zanlarini qayerdan ham bilsin…

Shu lahzalarda menga yaqinroq stolda mallasoch bir xushbichim rus qizi kelib o‘tirdi. Chiroyli ofitsiant qiz esa, uni buyurtmasini tinglash uchun yoniga bordi. Qiz qisqichbaqa va avakado qo‘shib tayyorlanadigan salat va italyancha burger buyurtma qildi. Bu kabi burgerda chedder pishlog‘i o‘rnida motsarella qo‘yishadi, o‘rta yer dengizi havzasida mashhur bo‘lgan rukkola salatidan qo‘shishadi, yana allambalolar. Mallasoch qiz qandaydir notanish ichimlik ham ayttirdi, quloq solganim  yo‘q. Telefonimga kelgan allaqanday sms xayolimni bo‘ldi shekilli. Ha, dunyo shunday o‘zgarib ketdi. Ilgari hammamiz maktublar yozardik, keyin elektron pochta chiqdi. Natijada eski pochta xizmati deyarli tanazzulga yuz tutdi. Pochtaga hojat qolmadi deyarli, endi esa, elektron pochta haqida ham ehtimol shunday deyish mumkin. Ulardan qulayi biz uchun smslar ekani ayon bo‘ldi. Audio va video qo‘ng‘iroqlar ilgari biz uchun yangilikday tuyulgan skaypdan gaplashishga chek qo‘ydi. Uzun maktublardan ko‘ra, odamlar ish ko‘pligi va vaqt tanqisligi tufayli qisqa smslarni ma’qul ko‘ra boshlashdi. Axir qisqa smslarga bir nazar solishning o‘zi kifoya. O‘tmishni eslab, umrimning asronlari shu’lasiga xayol shu taxlit tortib ketaverar ekan,  endi mening ham xuddi Murakami kabi o‘zimga yozilgan uzun maktublarni o‘qigim keladi, ammo muhojirotda ularni menga hech kim yozmaydi…

2023 yil, mart.

Moskva.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting