Amerikaliklar nega ajdarlardan qo‘rqishadi?

1
529

 

(esse)

Ursula Le Guin

 

Fantastika haqida biroz gaplashsak degandim. Ammo oxirgi vaqtlarda tasavvurlarimni unchalik ishga sololmayapman va nima deyishga ham hayronman; shuning sabab fikrlashish ilinjida odamlarni suhbatga tortishga urindim. «Fantaziyaga nima deysan? U haqida nimadir so‘zlab ber» dedi do‘stlarimdan biri. «Yaxshi, men bir fantastik hodisani gapirib beraman. O‘n yil avval qaysidir shahardagi bolalar kutubxonasiga borishga qaror qildim va «Xobbit»ni so‘radim; kutubxonachi menga «O, biz uni faqat kattalar bo‘limida saqlaymiz; bu xayoliy asar bolalarga foydali deb hisoblamaymiz» dedi.

Do‘stim ikkimiz qotib kuldik, oxirgi o‘n yil ichida hamma narsa o‘zgarib ketganini angladik. Bunday fantastik asarlar borasidagi ahloqiy senzura hozirda bolalar kutubxonalarida kamdan kam hollarda uchraydi. Ammo bolalar kutubxonalari cho‘ldan vodiyga aylangan, shunday bo‘lsa-da bu degani cho‘llar yo‘q degani emas, albatta. O‘sha kutubxonachining nuqtai nazarida esa haliyam mavjud. U shunchaki amerikancha fe’l-atvorga xos o‘zligini namoyon qildi: fantaziyani ahloqan qabul qilolmaslik, bu shunchalik kuchli va shunchalik tajovuzkor ediki, men bu narsa qo‘rquvdan hosil bo‘lganini ko‘rmay qolmasdim.

Xullas: Nega amerikaliklar ajdarlardan qo‘rqishadi?

Savolimga javob berishga urinishdan oldin, aytishim kerakki, ajdarlardan faqat amerikaliklargina qo‘rqishmaydi. Men deyarli barcha yuqori texnologiyalar zamonida yashaydigan xalqlar ozmi-ko‘pmi, antifantaziya ekanligiga ishonaman. Bir necha milliy adabiyotlar borki, ularda biznikiga o‘xshab so‘nggi bir necha yuz yil davomida kattalar fantaziyasi an’analari bo‘lmagan: masalan, fransuzlarda. Ammo nemislar ham bor, ular yaxshi daromadga ega; va yana inglizlar, ular ham daromad topishni yaxshi ko‘rishadi va boshqalardan ko‘ra buni yaxshiroq uddalashadi. Demak, ajdarlardan qo‘rqish shunchaki g‘arbga yoki texnologik taraqqiyotga xos emas. Lekin men bu ulkan tarixiy savollarga kirishishni xohlamayman; men zamonaviy amerikaliklar haqida gapiraman, ular haqida gapirish uchun yetarli darajada tushuncham bor.

Amerikaliklar nega ajdarlardan qo‘rqishadi deb hayron bo‘lib, ular nafaqat antifantaziya, balki umuman antifikr ekanligini tushuna boshladim. Biz, xalq sifatida, tasavvur olamining barcha asarlariga shubha yoki nafrat bilan qarashga moyilmiz.

«Xotinim roman o‘qiydi. Mening vaqtim yo‘q.»

«Men o‘smirlik chog‘imda o‘sha ilmiy-fantastik narsalarni o‘qiganman, lekin hozir o‘qimayman.»

«Ertaklar bolalar uchun. Men haqiqiy dunyoda yashayman».

Kim shunday gapiradi? “Urush va tinchlik”, “Vaqt mashinasi” va “Yoz kechasidagi orzular” asarlarini bunday mukammal ishonch bilan rad etgan kim? Men qo‘rqamanki, ko‘chadagi manavi mehnatkash, o‘ttizdan oshgan amerikalik erkak – shu mamlakatni kelajakda boshqaradigan odamdir.

Butun fantastika san’atini rad etish Amerikaning bir qancha xususiyatlari: bizdagi puritanizm[1], ish odobimiz, manfaatparastligimiz va hatto jinsiy odatlarimiz bilan bog‘liq.

“Urush va tinchlik” yoki “Uzuklar hukmdori”ni o‘qish aslida “jiddiy ish” emas – buni zavq uchun qilasiz. Va agar buni ta’lim yoki o‘z-o‘zini takomillashtirish deb oqlash mumkin bo‘lmasa, unda Puritan qadriyatlari tizimiga ko‘ra, bu faqat o‘z-o‘zini sevish yoki reallikdan qochish bo‘lishi mumkin. Puritan uchun zavq qadriyat emas; aksincha, gunohdir.

Xuddi shunday, tadbirkorning qiymat tizimida, agar biror harakat darhol aniq foyda keltirmasa, u hech qanday asosga ega emas. Shunday qilib, Tolstoy yoki Tolkenni o‘qish uchun bahonaga ega bo‘lgan yagona odam — ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib, u buning uchun maosh oladi. Ammo bizning biznesmenimiz vaqti-vaqti bilan o‘ziga bestsellerni o‘qishga ruxsat berishi mumkin: bu yaxshi kitob bo‘lgani uchun emas, balki eng ko‘p sotilgani uchun – u muvaffaqiyat va pul keltiradi. Pul maydalovchining g‘alati mistik fikriga ko‘ra, bu uning mavjudligini oqlaydi; uni o‘qish orqali u muvaffaqiyat kuchi va mohiyatida biroz ishtirok etishi mumkin. Agar bu sehr bo‘lmasa, unda bilmadim nima ekin.

Oxirgi element – jinsiy element murakkabroqdir. Umid qilamanki, agar bizning madaniyatimizda bu antifiksona munosabat asosan erkaklarga xos deb hisoblasam, meni bunga moyil deb tushunmaysizlar. Amerikalik o‘g‘il bolalar va erkaklar odatda madaniyatimizni «ayolsifat» yoki «bolalarcha» deb ta’riflagan ba’zi xususiyatlarni, insoniy qobiliyat va iqtidorlarni rad etish orqali o‘z erkakligini isbotlashga majbur bo‘ladi. Va bu xususiyatlar yoki imkoniyatlardan biri, hushyor haqiqatda, insonning mutlaq muhim tasavvur qobiliyatidir.

Shuncha gapni aytdim, endi esa lug‘atga o‘taman.

Qisqa Oksford lug‘atida shunday deyilgan: «Tasavvur. 1. Tasavvur qilish harakati yoki his-tuyg‘ularga haqiqatda mavjud bo‘lmagan narsa haqida aqliy tushunchani shakllantirish; 2. Hali mavjud bo‘lmagan harakatlar yoki hodisalarni aqliy mulohaza yuritish.

Juda yaxshi; men, albatta, «mutlaqo muhim insoniy qobiliyat»ga yo‘l beraman. Ammo hozirgi mavzumizga mos keladigan ta’rifni qisqartirishim kerak. Demak, «tasavvur» deganda men shaxsan aqlning ham intellektual, ham hissiy erkin o‘yinini nazarda tutyapman. «O‘yin» deganda esa dam olish, qayta yaratish, ma’lum bo‘lgan narsalarni yangilik bilan qayta tiklashni nazarda tutyapman. «Erkin» deganda harakatning bevosita foyda olish ob’yektisiz — o‘z-o‘zidan amalga oshirilishini nazarda tutyapman. Biroq, bu aqlning erkin o‘ynashi ortida fikr, maqsad yo‘q bo‘lishi mumkin degani emas; maqsad juda jiddiy ob’yekt bo‘lishi mumkin. Bolalarning xayoliy o‘yinlari, aniqki, balog‘at yoshidagi xatti-harakatlar va his-tuyg‘ularni mashq qilishdir; o‘ynamagan bola yetuk bo‘lmaydi. Kattalar ongining erkin o‘yinlariga kelsak, uning natijasi urush va tinchlik yoki nisbiylik nazariyasi bo‘lishi mumkin.

Ozod bo‘lish, axir, intizomsiz bo‘lish degani emas. Aytishim kerakki, tasavvur intizomi aslida san’at va fanning muhim usuli yoki texnikasi bo‘lishi mumkin. Bizning puritanizmimizdagi intizom — qatag‘on yoki jazo degan ma’noni anglatadi, bu esa mavzuni chalkashtirib yuboradi. Biror narsani tartibga solish, so‘zning to‘g‘ri ma’nosida olsak, uni bostirish degani emas, balki uni o‘rgatish — shaftoli daraxti yoki inson aqli bo‘ladimi, uni o‘sishi, harakat qilishi va hosildor bo‘lishiga undashdir.

Menimcha, ko‘plab amerikalik erkaklar aksincha o‘rgatilgan. Ular o‘zlarining tasavvurlarini bostirishni, o‘zini bolalarcha yoki ayolsifat, foydasiz va ehtimol gunohkor sifatida rad etishni o‘rgandilar.

Ular bundan qo‘rqishni o‘rgandilar. Ammo tartibga solishni o‘rganmadilar.

Hozir men tasavvurni bostirish mumkinligiga shubha qilaman. Agar bolaning xayolotini tag tomiri bilan yo‘q qilsangiz ham u baqlajondek o‘sib boraveradi. Bizning jamiyki yovuzlikka moyilligimiz kabi tasavvur olami ham tashqariga otilib chiqadi. Lekin agar u rad etilsa va kamsitilsa  yovvoyilarcha begona o‘t kabi o‘sadi; natijada deformaga uchraydi.

Yaxshi holatda esa bu shunchaki xudbinlikka asoslangan xayolparastlik  bo‘ladi; yomon holati esa juda xavfli mashg‘ulot sanalgan istak sifatida qabul qilinadi. Adabiyotga kelsak, ilgarigi puritan davrlarida yagona ruxsat etilgan kitob bu Injil edi. Bugungi kundagi dunyoviy puritanlik davrida esa odamlar roman o‘qishni erkaklar ishi emas deb hisoblashgani uchun yoki ular reallikka mos kelmaganligi uchun rad etishadi, lekin oxir oqibat televizorda qonli detektiv trillerlarni tomosha qilishadi yoki bekorchi shov-shuvli xabarlar, sport yangiliklari, Playboy kabi pornografik materiallarga vaqt ajratishadi. Bunga ularning och qolgan tasavvur olami oziqlanishga majbur qilishi sabab bo‘ladi. Ammo ular bunday ko‘ngilxushlikni reallik ekanini mantiqan isbotlashga intilishadi – axir seks mavjud, jinoyatchilar mavjud, beysbolchilar mavjud, ilgari kovboylar ham mavjud edi – yana aytishadiki, bu narsalar erkakchilik, chunki bularga ayollar qiziqishmaydi.

Bu janrlarning bari bepusht, umidsiz va foydasiz; nuqsoningizni ko‘rsatmaydi, qoniqish hosil qildiradi. Agar ular chinakam realist bo‘lishsa, aniqrog‘i tasavvurlarga erk berganlarida, bulardan qo‘rqqan bo‘lardi. Soxta realizm – zamonamizning eskapistik[2] adabiyotidir. Va ehtimol yakuniy eskapistik mutolaaga shular kiradi:

Noreal bo‘lgan shedevrlar, fond bozorining kundalik hisobotlari.

Bugungi erkaklarning xotinlarida vaziyat qanaqa? Ehtimol, undan o‘z tasavvurlarini bostirish talab qilinmagandir, chunki ular hayotda kutilgan rolni o‘ynab berishlari kerak, ammo uni tartibga solish o‘rgatilmagan ham. Unga romanlar, hatto fantastika o‘qishga bemalol imkon berilgan. Biroq ta’limsiz va rag‘batsiz uning tasavvuri tez orada ozuqaviy kasallikka aylanadi, masalan yoqimli operalar, asl romanlar, bolalar romanlari, tarixiy-sentimental romanlar va shu kabi asarlardan xayolot kuchidan foydalanishga ishonmaydigan jamiyatni deb yuz o‘girish va ularni arzongarov, tinkani qurituvchi do‘konlarga almashtirishga sabab bo‘ladi.

Unday bo‘lsa tasavvurning foydasi nimada?

Bilasizmi, nazarimda, bizda bir dahshatli holat bor: mehnatkash, halol, mas’uliyatli fuqaro, ulg‘aygan, ta’lim olgan inson, lekin ajdarlar, xobbitlar, parilardan o‘lgudek qo‘rqadi. Bu kulguli, shu bilan birga qo‘rqinchli hol. Bu yerda nimadir to‘g‘ri emas. Bilmadim, nima qilish kerak, lekin bu odamning savoliga, garchi asabiylashib norozi ohangda so‘zlasada, haqrost javob berish darkor.

– Buning nimasi yaxshi? — so‘raydi u. – Ajdarlar va xobbitlar, mayda yashil mavjudodlar – ulardan nima foyda?

Afsuski, bunga berilgan to‘g‘ri javobni ular tinglamaydilar. Eshitishni istashmaydi. To‘g‘ri javob mana shunday: «Undan sizga zavq va rohat berishi uchun foydalaning».

– Bunga vaqtim yo‘q, – yuzini buradi va oshqozon yarasi uchun xapdorini labi ostiga tashlarkan, golf maydoniga shoshiladi.

Shuning uchun haqiqatga yaqin javoblarda to‘xtalamiz. Ehtimol, bu vaziyatni yaxshilamas, ammo aytish kerak: badiiy xayolotdan foydalanish dunyoni tushunishga, atrofingizdagi odamlarni anglashga, tuyg‘ularingizni tahlil qilish va taqdiringiz haqdagi tushunchangizni chuqurlashtirishga undaydi.

Men shunday deyishlaridan qo‘rqaman: «Menga qarang, o‘tgan yili mansabim oshdi, oilamga eng yaxshi sharoitni qilib qo‘ydim, ikkita mashinamiz, rangli televizorimiz bor. Men dunyoni shundog‘am yaxshi anglayman!»

U haq, shubhasiz haq, shuni xohlasa, demak istaganiga erishibdi.

Sehrli uzukni xayoliy vulqonga tashlamoqchi bo‘lgan xobbitning muammolari bizning ijtimoiy mavqeimiz, moddiy yutuqlarimiz va daromadimizga unchalik mos tushmasligini bilamiz.

Chindan ham agar qandaydir aloqadorlik mavjud bo‘lgan taqdirda ham bu salbiydir. Fantastika va pul o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud. Bu iqtisodchilarga Le Guin qonuni kabi ma’lum. Agar sizga Le Guin qonuniga yorqin misol kerak bo‘lsa, yo‘lda qo‘l ko‘tarib turgan, ryukzagi, gitarasi va yuzidagi kulgisidan boshqa narsasi bo‘lmagan odamni o‘zingizga hamroh qilib olib ketishingizdir. Shunda qayta va qayta kashf etasizki, bu qarovsiz odamlar haqida «Uzuklar xukmdori»da o‘qigansiz – ammo ularning aksariyati o‘qishni bilishmaydi. Endi esa Aristotel Onassis yoki J. Paulni olaylik.

Getti: Siz ishona olasizmi, bu erkaklar qachondir istalgan yoshida, har qanday sharoitda ham xobbitlar bilan band bo‘la oladilarmi?

Ammo agar mening misolimni iqtisoddan tashqari holatda davom ettiradigan bo‘lsak, bir narsani payqagandirsiz: g‘amgin janob Onassis va janob Getti, umuman boshqa milliarderlar o‘z fotosuratlariga boqishadimi? Ular g‘alati, siqilgan kayfiyatda, och qolgandek tikilishadi unga. Go‘yo nimagadir tashnadek, nimanidir yo‘qotgandek va buni qayerda, qachon yo‘qotganlarini tasavvur qilishga urinadilar.

Balki bu ularning bolaligidir?

Xullas, endi men tasavvurdan foydalanishni himoya qilishga o‘taman, ayniqsa badiiy xayolot olami, jumladan ertaklar, afsonalar, fentezi, ilmiy fantastika va shu kabi aqlga sig‘mas janrlarni. Fikrimcha, katta bo‘lish bu yetuklik degani emas, ulg‘ayishdir; katta odam – bu o‘lgan bolakay emas, tirik qolgan bolakay. Ishonamanki, ulg‘aygan odamning barcha yaxshi qobiliyatlari bolada ham mavjud, agar bu qobiliyatlar rag‘batlantirilsa u yaxshi ta’sir qila boshlaydi va bola dono bo‘lib ulg‘ayadi, ammo agar u bostirilsa va rad etilsa, qobiliyatlar o‘sishdan to‘xtaydi va shaxsiyatini parokanda qiladi. Va nihoyat, o‘ylaymanki, chuqur insoniylik va gumanitarlik tasavvur kuchining imkoniyatlaridan shakllanadi: shunday ekan bizning kutubxonachi yoki o‘qituvchi, ota-ona yoki yozuvchi, umuman har qanday katta odam sifatida burchimiz — bolalarimizdagi tasavvur olamini erkin o‘sishi, gullab yashnashi, yashil daraxt kabi unishi uchun unga eng yaxshi, eng toza ozuqa berish va parvarish qilishdir. Hech qachon har qanday sharoitda ham  uni bostirmang, ustidan kulmang, haqiqatdan yiroq deb rad qilmang, buni o‘g‘il bolaga xos emas demang.

Fantaziya bu haqiqat. Fakt emas, ammo haqiqat. Bolalar buni yaxshi biladi. Ular bilgani uchun ham kattalar ularning tasavvurlaridan qo‘rqishadi. Ular haqiqat qiyinchilik tug‘diradi, soxta, befoyda, ahamiyatsiz hayot tarzimizga tahdid soladi deydi. Ular ajdarlardan qo‘rqishadi, chunki ozodlikdan cho‘chishadi. Shuning uchun o‘ylaymanki, biz bolalarimizga ishonishimiz kerak. Normal bolalar reallik va fantaziyani aralashtirib yubormaydilar – ularni biz kattalarga nisbatan kamroq chalkashtiradilar (buyuk fantast «Imperatorning yangi kiyimi» hikoyasida aytganidek). Bolalar yakkashox haqiqiy emasligini bip binoyi tushunadilar, ammo yakkashoxlar haqidagi kitoblar – yaxshi va haqiqiy kitoblar ekanini biladilar. Ota-onasidan ko‘ra ko‘proq bilishadi; o‘z bolaligini rad etgan kattalar bilimlarini yarmini rad etgan sanaladi, shu sabab g‘amgin, bepusht mitti fakt qarshisida ojiz qoladilar: «Yakkashoxlar haqiqiy emas» (yana bir buyuk fantastning «Bog‘dagi yakkashox» hikoyasidan tashqari, unda yakkashoxlarga nisbatan sadoqat sizni to‘g‘ri jinnixonaga eltishi mumkin).

«Bir ajdar bo‘lgan ekan» yoki «Yerda bir xobbit yashagan ekan» kabi ertaklar – aynan mana shunday non-faktlar, chiroyli uydirmalar yordamida biz – fantastik odamlar o‘ziga xos uslubga haqiqatga yetib borishimiz mumkin.

(1974)

 

 Ingliz tilidan Nodira Ibrohimova tarjimasi

[1] axloqning o‘ta qattiqqo‘lligi, poklik va ehtiyojlarni zohidlik bilan cheklash, ehtiyotkorlik va tejamkorlik, mehnatsevarlik va maqsadga muvofiqlik bilan tavsiflangan turmush tarzi; masalan, o‘yinchoqlar keraksiz deb hisoblangan va bolalar yoshligidanoq kattalarga yumushlarda yordam berishgan.

[2] Zerikarli hayotdan kitob o‘qish, qiziqarli mashg‘ulot bilan band orqali qochish

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting