Nazm kengashi hisobot yig‘ilishining 2022 yilda adabiy jurnallarda chop etilgan she’rlar bo‘yicha ma’ruzasi

0
1096

O‘tgan 2022 yil davomida nufuzli adabiy nashrlar – “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur” jurnallari va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida 300 ga yaqin shoirning she’rlari chop etilgan. Quyida ulardan ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Qutlibeka Rahimboyeva she’rlarida (“Sharq yulduzi”, №1) bir umumiy xususiyat kuzatiladi – ularda yuragiga, o‘z ichiga chekina-chekina, oxiri chekinadigan joyi qolmagan odamning kayfiyati aks etgan. Shoira yozadi:

Birdan tikka tursam (o‘ylash ham huzur),

Tole manglayimni yuborsa silab.

Ko‘rinmay, bilinmay yotibman hozir,

Dilimda dengizday tug‘yonlar bilan.

Shoiraning “O‘zimga” she’rida lirik sub’yektdan tashqari yana bir “men” bor, ya’ni “o‘zim”. “Salom senga, qadrdon o‘zim” deya murojaat qiladi lirik “men” “o‘zim”ga.

Shunday, har kech sen bilan, o‘zim,

To tonggacha yashab olamiz.

Shundan kunduz ketmaymiz to‘zib,

Nurab tushmas yurak qal’amiz.

She’r – Qutlibeka uchun o‘zining butunligini tiklab olish, shaxsiyatining yaxlitligini saqlab qolish yo‘li, deb xulosa chiqarish mumkinki, bu so‘z san’atini o‘z hayoti mazmuniga aylantirolgan ijodkorlarga xos.

 

Odil Ikromning “Qush tili” she’rida (“Sharq yulduzi”, №1) shunday misralar bor: “Bo‘g‘zimda qaltirab turibdi bir so‘z, Filofida qolib zanglagan tig‘day”. Bu so‘zlar bir qarashda ijtimoiy muhit ta’sirida aytar so‘zini ayta olmagan odamning holini eslatadi. She’rning davomi esa boshqa narsani aytadi:

So‘zingdan iqtibos keltirolmayman,

Senga keltiraman yurakdan sujud.

…Kimdan qo‘rqishimni angladim, ammo,

Qachon qo‘rqqanimni eslay olmayman.

Nazarimizda, bu yerda odamning ichidagi sterjen haqida gap ketyapti, ya’ni nima yaxshiyu nima yomonligini, halolu haromni ajratib beradigan ichki mexanizm – qo‘rquv haqida gap boradi. Shuning uchun ham bu qo‘rquv metafizik xarakterda – u bor, lekin yuragimizda qachon, qanday paydo bo‘lganini bilmaymiz. Va bu mangu mavzulardan biri, bunday mavzularga e’tibor kuchaygani she’riyatimizning yetukligidan dalolat.

 

Sanobar Mehmonning “Iqror” she’ridagi (“Sharq yulduzi”, №6) lirik qahramon – o‘z-o‘ziga, o‘z ko‘ngliga qaytayotgan odam. Shoira yozadi:

Bildim, shu manzilda boshlanar yo‘lim –

Qabul et!

Men senga kelyapman ko‘nglim!

Faqat bu she’ridagina emas, umuman, shoiraning barcha she’rlarida ko‘ngil odamini ko‘ramiz, uning lirik qahramoni – faqat ko‘ngildagina to‘laqonli yashay olishi mumkin bo‘lgan odam. Sanobar Mehmon she’rlarida kechinma, so‘z, ohang, ritm uyg‘unligini his qilamiz. Bu she’rlarni o‘qiyotganingda o‘z qalbingni kimdir tarjima qilib berayotgandek tuyuladi. Shuning uchun ham Sanobar Mehmon she’rlarini sharhlash tarjimaning tarjimasiga o‘xshab qoladi.

 

Salim Ashur – so‘z qo‘llashda, holat, kayfiyatni ifoda etishda ancha tajribali shoir. “Doskaga qarang…”, “Kitoblarning qatida” nomli she’rlarida (“Sharq yulduzi”, №6) o‘spirin yigitchaning ilk muhabbat kechinmalari samimiy ifoda etilgan. Biroq «Qishloqdagi singillarim» she’rini o‘qigach bir mulohaza tug‘ildi. Odatda hayot adolatsizlik qilgan kishilarga munosabatda ularga achinish bilan maqtov aralashib ketadi. Go‘yo shu maqomni boshqalarga ibrat, o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. “Qishloqdagi singillarim” she’rida ham shunga o‘xshash holatga duch kelamiz.

Sizga madad bo‘lgaymikan yig‘loq she’rim…

Oyoqlarni ilitarmi kalishingiz.

…Shon-sharafga belagaysiz elingizni,

Mehnat – meros, bukolmaydi belingizni,

… Burgutlardan olganmisiz shaxdingizni,

Matonatda sizdan metin yengiladi,

Sizni butun O‘zbekistonim biladi!

Men bu she’rda tasvirlangan holatni o‘quvchilik, talabalik davrimda boshdan kechirganman. O‘sha vaqtga qaytishni, mana shu she’rda tasvirlangan ayollarning o‘rnida bo‘lib qolishni umuman xohlamasdim. She’rdagi patetika bilan holat mos kelmay qolgan.

 

Muhtarama Ulug‘ovaning “Allohdan o‘zgaga dilingni berma” nomli turkum she’rlarining (“Sharq yulduzi”, №7) aksariyatida onasini sog‘ingan, vaqtida qadriga yetmagani uchun so‘ngsiz o‘kinch-iztirobdagi lirik qahramonning kechinmalari aks etgan. Shoiraning “O‘zimga savol” she’rining lirik qahramoni go‘yo o‘z-o‘zini ogohlantirayotgandek:

Qochib, qo‘rqib yurganing yo‘qmi

Kecha aytgan hukming, so‘zingdan?

…Sevaman deb aytmoqlik oson,

Oson hatto oddiy nafasdan.

Og‘izdan chiqqan so‘z, ayniqsa, yozilgan so‘z o‘zini himoya qila olmaydi, degan gap bor. Shuning uchun ham shoira “Tik boqmoqqa bo‘larmi haqqing Hukmi qattiq ertangi kunga?..” deya o‘zini so‘roqqa tutadi.

 

Madina Norchayevada borliqni obrazli tarzda qabul qilish va uni betakror bir shaklda ifoda etish qobiliyati bor ekan (“Sharq yulduzi”, №7). Unda bir paytning o‘zida rassomning nigohi va shoirning qalbi mujassam. Lirik “men” kimgadir nimanidir isbotlashga urinmaydi, unda g‘alati bir kiborona (kibrli emas) xotirjamlik bor. Bir she’rida buning sirini ochadi:

Ibtidoda olgan omonatim – dil,

Uni sendan asrab qolsam bas, hayot.

O‘z qalbining daxlsizligini saqlab qola olgan odamgina dunyo va zamonning g‘avg‘olariga shu tarzda og‘ir-vazminlik bilan qaray oladi. Boshqa bir she’rda Madina Norchayevani shoir qilgan dard – “zil turmushdan yelkalari yag‘ir bo‘lgan padar”ga hamdardlik ekani oydinlashadi. Shoiraning she’rlarini o‘qib bir xulosaga keldim. Nazarimda, “Izlam” turkumi ortidan ko‘tarilgan bahslar Madina Norchayeva va u kabi shoirlarni adolatsiz ravishda soyada qoldirgandek. Turkumdagi har bir ijodkorning she’rlariga alohida baho berish kerak bo‘ladi.

 

Gulnoz Mo‘minova she’rlarida turlanmaydigan, tuslanmaydigan lirik qahramonning qat’iyati, chuqur e’tiqodi aks etgan.

Bugun xo‘p saxiyman

Odamlarga imkon bergum

Mendan ketishlari uchun

Qadr-qimmatini boshqalarga bog‘lab qo‘ymagan, o‘z-o‘zicha qimmatini tasdiqlay oladigan odamgina shunday yo‘l tutishi mumkin.

 

Shahriyor Shavkatning she’rlaridagi (“Sharq yulduzi”, №9) lirik qahramon bir vaqtning o‘zida tarixda va bugungi kunda yashayapti. U qadim bobolar va momolar ko‘ksidagi isyonni, jasoratni tiriltirishni istaydi, buning imkonsizligi shoir so‘zini tobora keskinlashtirib bormoqda.

Xivichda bitmagan ishini

qilichda bitirgan momolar,

«O‘g‘limni qaytar» deb yovlarga

yalinib yuribsiz, vodarig‘!

 

Vohid Luqmonning lirik qahramoni – o‘zini taftish qilayotgan odam (“Sharq yulduzi”, №10). Shoir yozadi:

Yolg‘on gapirmoqlik, xushomad – kasbim,

Ko‘ksimda ko‘pchiydi yuragim kiri.

She’rning davomidagi “Tillar tugilgandek odimlashar jim, Keksayib qolgandek go‘yoki yoshlar” satrlari menga universitetdagi o‘qishni bitirib endigina maktabda ish boshlagan paytlarimni yodga soldi. Shahar xalq ta’limi bo‘limidan kelgan uslubchi ayolning gapi esimda: “Ishlayotganingizga endigina bir yil bo‘libdi, ammo xuddi o‘ttiz yil ishlab charchagan odamning kayfiyati bor sizda”. Keyinchalik bu gapni ko‘p o‘ylaganman. O‘sha yillardagi maktabning ahvoli shu darajada ediki, bir yildayoq odamni o‘ttiz yilga qaritib yuborar edi. Vohid Luqmonning lirik qahramoni tilidan aytilgan yuqoridagi misralar biz yashagan hayotning yaqqol ifodasi, deyish mumkin.

Negadir ko‘plab shoirlarning she’rlarida ichkari, ya’ni inson qalbi hamda tashqari – u yashayotgan muhit orasidagi masofaga, farqqa e’tibor qaratilgan. Jumagul Suvonovaning bir she’rida shunday misralarni o‘qiymiz (“Sharq yulduzi”, №10):

Ichkarida so‘ngsiz urush,

Jangu jadal avjida.

Haqiqat va yolg‘on turar,

Do‘stu dushman tarzida.

Tashqarida omon-omon,

Haq va nohaq barobar.

Muhiddin Abdusamadning “Ona, yurib-yurib oyog‘im toldi” (“Sharq yulduzi”, №10) deb boshlanadigan she’rini ham Vohid Luqmon va Jumagul Suvonova she’rlari bilan yonma-yon qo‘yib, ular bilan bir kontekstda tushuniladigan bo‘lsa, insonni ming bir bo‘lakka bo‘lib tashlayotgan voqelik qiyofasi oydinlashadi.

“Borsa kelmas” yo‘lda ketdi yoshligim,

“Borsa gumon” yo‘lda yuragim tentir.

“Borsa kelar” yo‘lda yurgan shodligim,

Onajon, gar bilsang u faqat sendir.

Insonni bo‘linib yashashga majbur qilayotgan sabablar ko‘p. She’r esa shoirning butunligini tiklab olish, butunligini saqlab qolish yo‘lidek tuyulyapti menga. Muhiddin Abdusamad bir to‘rtligida shunday yozadi:

Ehtimol bir kuni yozarman, hozir

yozganim ko‘nglimni hech to‘ldirmaydi.

Meni to‘g‘ri tushun, madh etmaganim –

seni sevmasligimni bildirmaydi.

Xuddi shu joyda shaxsiyatni, butunlikni saqlab qolishning yana bir yo‘li aytilgan: jim turish – madh etmaslik. So‘z qadrini yo‘qotgan joyda so‘zni qadrlaydiganlar sukut saqlashadi. Yuqoridagi to‘rtlikni ham shaxsiy kontekstda – ayolga muhabbat izhor etish ma’nosida, ham ijtimoiy kontekstda – Vatanni madh etish ma’nosida tushunish mumkin.

 

Oydinniso she’rlari (“O‘zAS”, №36) shoiraning avvalgi she’rlaridan farqlanadi, lirik qahramondagi ruhmi, kayfiyatmi – nimadir o‘zgargan. Shoiraning so‘z tanlashda, fikr, kechinma ifodasida mahorati ortgan, lekin lirik “men”ning kayfiyati tushkunlikka moyildek ko‘rinadi. Albatta, buni kamchilik deb qaramaslik kerak. Bir she’rida “O‘rganmog‘ing uchun baxtli bo‘lishni Sen baxtli qilishni o‘rganmog‘ing shart!” deb yozadi. Ehtimol, aksincha bo‘lishi kerakdir, ya’ni odam boshqalarni baxtli qilishi uchun avvalo uning o‘zi baxtli bo‘lishni o‘rganishi kerakdir…

 

Shuhrat Orif – ancha mashhur va qalami charxlangan shoir. Lekin bir she’rida (“O‘zAS”, №49) shunday misralar bor:

Yig‘lading xuddi Momo Havo kabi,

Xo‘rsindim xo‘rsingandek Odam Ato.

Odatda obrazni ko‘z oldimizda yorqin gavdalantirish uchun o‘xshatiladigan narsa o‘quvchiga tanish bo‘lishi kerak. Men Momo Havoning yig‘laganini, Odam Atoning xo‘rsinganini ko‘rmaganman, qanday qilib she’rdagi holatni tasavvur qilishim mumkin? Ehtimol, misrani kontekstdan yulib olmaslik kerak, degan e’tiroz bo‘lar. Mana, keyingi misralar:

Pichirlab nimadir demoqchi labing…

Bizga rahmi keldi gunohning hatto!

Gunohning rahmi kelishi deganda nima nazarda tutilganini tushunish qiyin. Shu yerda Shuhrat Orifning o‘tgan yili emas, avvalroq chiqqan boshqa bir she’ridagi misra haqida ham mulohazani aytib o‘tamiz.

Men asli odammas, yor edim…

Odam avvalo odam bo‘ladi, undan keyin yor. Yor tushunchasini odamlikdan ajratib bo‘lmaydi. Bu yerda kutilmaganlik effekti uchun mantiq qurbon qilingan. Navoiyga solishtirib ko‘ring, Shirin aytadi:

Menga ne yoru ne oshiq havasdir,

Agar men odam o‘lsam ushbu basdir.

 

Jontemir va she’r yozmaydigan Rasul Kusherboyev

2022 yilda “Tafakkur” jurnali bir qator yosh shoirlarning – Jontemir, Tillaniso, Shahriyor Shavkat, Madina Norchayeva, Rahmat Bobojon, Mahfuza Imomova, Kumush Abdusalomovaning she’rlarini chop etibdi. Yoshlar ijodiga, umuman, har qanday ijodkor asarlariga munosabat bildirish uchun ularning matbuotda chop etilgan asarlarining o‘zigina yetarli emas. Hozirda, yozilmagan qoidaga ko‘ra, ijodkorlarning asarlari toifalangan holda e’lon qilinmoqda: bir qismi rasmiy matbuotda chop etiladi, televideniyeda o‘qiladi, ikkinchi qismi kitob bo‘lib chiqadi, unga ham sig‘magani internetda aylanadi.

Jontemirning “Tafakkur” jurnalida va “Izlam” turkumida chop etilgan kitobidagi she’rlari asosida uning lirik qahramoni haqida ayrim mulohazalarni aytish mumkin. “Tafakkur”da chop etilgan “Tavallo” she’ri tuyg‘ularning shiddatli oqimi bilan o‘quvchi ruhiyatini to‘lqinlantirib yuboradi. “Tavallo”da zulmning, adolatsizlikning barcha ko‘rinishlariga birato‘la nafratini, g‘azabini izhor qilayotgan lirik “men”ni ko‘ramiz. Biroq shoirning kitobini mutolaa qilish davomida lirik qahramondagi norozilik, isyon va inkor ko‘p o‘rinlarda me’yoridan, haddidan oshib ketgandek tuyuladi. Buning boisi nima bo‘lishi mumkin?

Jontemirning lirik qahramoni unda norozilik uyg‘otgan jamiyatni isloh qilish uchun o‘zi hech narsa qilmoqchi emas, ayni paytda unda hech narsa qilmayotgan qo‘rqoqlar, laganbardorlar, noshudlarga qarshi nafrat, g‘azab, inkor tobora kuchayib bormoqda. O‘zi hech narsa qilmayotgani uchun o‘zidan noroziligini o‘z-o‘zidan yashirish, buni ko‘rmaslik uchun ham isyonini, nafrat va g‘azabini tashqariga, boshqalarga qaratayotgan odamdek taassurot qoldiradi.

Jamiyatda nimadir o‘zgarish qilishga boshqa odamlar mas’ul, har holda, Jontemirning lirik qahramoni emas, deylik, Rasul Kusherboyev. Shoirning hayotiy pozitsiyasidagi zaif tomon shu tarzda o‘zini fosh qilib qo‘ymoqda. Jontemirning lirik qahramoni kabi hamma narsadan xafsalasi pir bo‘lishi va inkor etish uchun jamiyatni isloh qilish ishiga hech bo‘lmaganda Rasul Kusherboyev darajasida qayta-qayta urinib ko‘rgan odam bo‘lish kerak. Paradoks shundaki, ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan Rasul Kusherboyev she’r yozmaydi, Jontemirning lirik qahramoni esa boshqalardan kutayotgani ijtimoiy faollikni o‘z zimmasiga olishni istamaydi.

 

Tillaniso va ignasini yo‘qotgan odam rivoyati

Tillanisoning she’rlari sabab ko‘tarilgan bahsdan ko‘pchilikning xabari bor. Uning she’rlarida e’tirozga sabab bo‘lgan uchta narsani aytish mumkin:

Birinchisi – “Men bir faloniyman” degan misrasi.

Ikkinchisi – Yaratgan haqidagi qaltis gaplar aytilgan she’ri. Bu yerda “borlikka”, “yo‘qlikka” qofiyalari ishlatilgan she’rini nazarda tutyapmiz.

Uchinchisi – hojatxona bilan bog‘liq assotsiatsiya yuzaga keltiradigan she’ri.

 

Tillaniso muxlislari orasida haqiqatgo‘y, o‘zini ham, boshqalarni ham ayamay taftish va fosh eta oladigan ijodkor sifatida tanilgan. Uning uchun eng muhim qadriyat – inson erki, inson erkining daxlsizligi, nazarimda. Bu borada, albatta, unga e’tiroz yo‘q. Ammo uning o‘zi qadrlagan narsa uchun qilayotgan isyoni menga bir rivoyatni eslatadi.

Bir odam ko‘chada ketayotsa, boshqa bir kishi simyog‘ochdagi chiroq ostida nimanidir qidirayotganmish. Birinchi kishi: “Birodar, nimani qidiryapsan?” deb so‘rabdi. Narigi kishi: “Uyda ignamni yo‘qotib qo‘ydim, shuni qidiryapman”, deb javob qilibdi. So‘ragan odam hayron bo‘libdi: “Ignani uyda yo‘qotgan bo‘lsang, uni ko‘chadan qidirasanmi?” Unisi javob beribdiki, “Uyim qorong‘i bo‘lgach, ko‘chadan qidiraman-da”.

 

Tillaniso ham ignasini yo‘qotgan joyidan emas, o‘ziga qulay bo‘lgan boshqa joydan qidirayotgandek. Uning erkini cheklagan bandalardan noroziligini boshqa tomonga qaratgan va hayajonning ta’sirida Yaratgan haqidagi qaltis gaplarni aytib yuborgan.

 

“Hojat ushutish…” bilan bog‘liq, “kichik hojatni anglatuvchi” so‘z ishlatilgan she’riga kelsak, bu ham yuqorida tavsiflangan psixologik mexanizmning natijasi. Shoira barcha qoliplarni buzish, parchalash istagi ta’sirida jamoat joyida, muloqotda qo‘llash nojoiz bo‘lgan so‘zlarni qo‘llagan, go‘yoki bu bilan u qoliplarni parchalaydi. Aslida uning erkini cheklayotgan narsalar boshqa, lekin shoira diqqatini o‘sha narsalarga emas, muloqotning elementar qoidasini buzish tomon qaratadi. Har holda muloqotning bu oddiy qoidasi bilan qo‘yiluvchi taqiq tufayli odam erksizlikdan qiynalib ketmaydi. Shunga ko‘ra, uning she’rlaridagi isyon isyon emas – isyon illyuziyasi, xolos.

 

Tillanisoning bu tarzdagi isyoni menga o‘n yillar ilgari Rossiyada bo‘lgan bir voqeani eslatadi. Feministik pank-rok guruhi bo‘lgan, nomini aytmayman, ishtirokchilaridan birini aytishim mumkin – Nadejda Tolokonnikova. Bu guruhning a’zolari g‘alati kiyinib olib, cherkov mehrobiga chiqib siyosiy qo‘shiq aytishadi. Ya’ni ijtimoiy adolatsizlikka qarshi isyon qilishadi, o‘zlari qadrlagan qadriyatlar uchun maydonga chiqishadi, biroq ayni paytda o‘zgalar qadriyatlarini kamsitib qo‘yayotganidan bexabar bo‘lishgan. Bu degani – maqsad yo‘lida vositani tanlamaslik degani. Maqsad yo‘lida vositani tanlab o‘tirmaydigan, bemalol hukm maqomidagi qoidalarni buzadigan, qoliplarga rioya qilmaydigan arxetip mavjud – bu trikster. Trikster turlanuvchan, qiyofasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tip. Tillanisoning “Men bir faloniyman” degan misrasini ham turlanuvchan qiyofaning e’tirofi o‘laroq tushunish kerak bo‘ladi.

 

Tillaniso va boshqa yana bir necha shoirlar she’rlari haqida nihoyatda qarama-qarshi fikrlar aytilyapti, tomonlarni umuman murosaga keltirishning iloji yo‘q. Chunki tomonlarning hammasi haq. Akrom Malik ko‘rgan va ko‘rsatgan qiyofani Tillaniso va Jontemirga xayrixoh kishilar yo ko‘rmaydi, yoki ko‘rsa ham ko‘z yumishadi, kechirsa bo‘ladigan narsa deb qarashadi. Ayni paytda bir ijodkordagi kechirilgan qiyofani boshqa bir notanish ijodkorda ko‘rib hazm qilolmaslik holatlari kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Shuning uchun ham Abdulatif Abdullayev “Meni sizning torligingiz va kengligingiz hayron qoldiryapti” deb izoh yozdi bir postga. Nafaqat ijodkorlarning o‘zida, ularga baho beruvchilarda ham baholash mezonlari siljib ketyapti, aniqrog‘i, qo‘shaloq mezon bilan yondashilyapti. Istasak-istamasak, she’rni qabul qiluvchisida ham turlanishga moyillik borligi ayon bo‘lib qolyapti.

 

Va ba’zi xulosalarimiz…

Kuzatishlarimiz asosida, hozirgi o‘zbek she’riyatida uchta asosiy oqim bor, degan xulosaga kelish mumkin.

Birinchi toifa she’riyatning lirik qahramonini “o‘z ichiga chekingan, o‘zini taftish qilayotgan odam” deb ta’riflash mumkin. Bu she’riyatda turlanishga majbur qiladigan ijtimoiy voqelikda parchalanib ketayotgan, o‘zligini she’r orqali butunlab olishga intilayotgan lirik sub’yekt bor. Shoir shaxsiyati turlanmayapti, parchalanib ketyapti va shoir she’rda o‘zini yana butunlikka keltirib olyapti.

Ikkinchi toifa she’riyatni esa oddiygina qilib “maddoh she’riyat” deb ataymiz. Bu toifaning ayrim vakillari vaqti-vaqti bilan ko‘nglini bo‘shatib olish uchun nimadir yaxshi she’rlar ham yozib turishadi, shuning uchun bu toifa she’riyatda turlanuvchan tip – trikster o‘rinlashgan. O‘z vaqtida fevral inqilobi g‘oyalariga ishonib xafsalasi pir bo‘lgan Cho‘lpon “Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku” deb o‘kinadi va boshqa yo‘l izlaydi, tabiiyki, bugun hech kim Cho‘lponni turlanuvchanlikda ayblay olmaydi. Hozirgi zamon “maddohlik she’riyati”ning lirik qahramoni esa u qutbdan bu qutbga cheksiz ravishda sakrashga moyil. Bu toifa shoir uchun she’r bir tomondan manfaatga erishish vositasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan she’r uning uchun o‘zini oqlab olish maydoni hamdir. Shu bois bu she’riyatning lirik qahramonini turlanuvchan tip deb hisoblaymiz.

Uchinchi toifa esa o‘zini “maddoh she’riyat”ga qarshi qo‘yayotgan, «haqiqatchi» she’riyat. Bunda bir paytning o‘zida g‘azab, nafrat, shiddat, isyon, norozilik kayfiyatlari ko‘riladi. Bu she’riyatning yaxshi namunalari ham, sayoz ko‘rinishlari ham mavjud. Bitta jihati borki, uning bir qanotida azaliy va o‘zgarmas qadriyatlarga ham bepisandlik bilan qarash sezilmoqda. Yuqorida aytganimizdek, bu unda bir necha qiyofali lirik sub’yekt, ya’ni trikster arxetipi ko‘rinishidagi obraz mavjud, degan xulosaga olib keladi bizni.

Paradoks shundaki, asosiy lirik sub’yekti turlanuvchan tip – trikster bo‘lgan “maddoh she’riyat”ga o‘zini qarshi qo‘yayotgan “haqiqatchi” she’riyatning bir qanotida ham o‘z maqsadi yo‘lida vosita tanlab o‘tirmaydigan personaj (trikster) paydo bo‘lgan. Buning boisi shundaki, odam o‘zi qarshi kurashayotgan qutbning xususiyatlarini o‘zlashtirib olishga moyil bo‘ladi. Xuddi triller filmlarda “yovuz ruh”ga qarshi kurashayotgan kishilarning tanasiga ham “yovuz ruh” kirib olgani kabi holat yuz beradi.

Ikkinchi toifadagi, ya’ni “maddoh she’riyat” rasmiy matbuot va televideniyeni egallashga intilyapti va, tabiiyki, bu yo‘ldagi urinishlari samarali. “Haqiqatchi” she’riyat esa, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda aylanyapti. Shuning uchun, yuqorida aytganimizdek, hozirgi o‘zbek she’riyatiga matbuotda chop etilgan she’rlarga qarabgina munosabat bildirish chala xulosaga olib keladi. “Haqiqatchi” she’riyatning bir qanotidagi lirik qahramonning turlanuvchanlikka moyilligi bu she’riyat namunalarining qayerda qaysi qismi e’lon qilinishida ham ko‘rinadi: rasmiy matbuotda uning bir qiyofasi, kitoblarda boshqa bir qiyofasi, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, feysbukda tag‘in bir qiyofasi namoyon bo‘lmoqda.

Yuqoridagi tasnifdan tashqari yana bir xulosa shuki, o‘z xalqidan nolish sadomazoxizm ko‘rinishiga o‘tib ketgan hozirgi kunda biz – “feysbuk bandalari” she’rni o‘quvchi sifatida emas, iste’molchi sifatida hazm qilyapmiz. “Haqiqatchi” she’riyatdagi lirik qahramonning nafaqat xalq, balki o‘zining ham biror narsaga qodir ekanligiga ishonchi, umidi yo‘q. O‘z-o‘ziga ishonch yo‘qligi yoki qilayotgan kichkina sifatli ishlarining ahamiyatiga past baho berish butun xalqning holidan qoniqmaslik shaklida bo‘y ko‘rsatmoqda. Har holda, bir shoir aytganidek, “Mendan boshlanar VATAN” – XALQ shoirning “men”idan boshlanadi.

Ehtimol, kimdir: “Oxirgi o‘ttiz yil ichida tug‘ilib-o‘sgan, tarbiyalangan avloddan bundan ortig‘ini kutmaslik kerak, kutishga haqqimiz yo‘q” deya e’tiroz bildirishi ham mumkin. Lekin hozirgi yosh bo‘g‘in shoirlar himoyasiga aytiladigan bunday gaplar ayni paytda ularga berilgan baho va hukm ham bo‘ladi.

Mashhura SHERALIYEVA,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: Oyina.uz

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting