2022 yil davomida Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, jumladan feysbuk va telegram tarmoqlarida yuzlab yangi tarjimalar taqdim etildi. Ular janriga ko‘ra, asosan she’r va hikoyalar bo‘lib, qisman esse, suhbat, qatralar ham uchraydi.
Yurtimizda ko‘p yillik adabiy faoliyatga ega sayt — Xurshid Davron kutubxonasida o‘tgan yil davomida tarjima ruknida asosan jahon she’riyatidan namunalar taqdim etilganini ko‘rishimiz mumkin. Ular orasidan hokku va tanka kabi kichik jnarlar ham o‘rin olgan. Shuningdek, mashhur adiblarning tug‘ilgan sanalarida ularning qalamiga mansub hikoyalar matn va audio tarzida joylab kelinadi. Saytda ustoz tarjimonlar Rauf Parfi, Shukrullo, Erkin Vohidov, Olim Otaxon, Sharifjon Ahmedov, Uzoq Jo‘raqulov, Xurshid Davron, Abdulla Sher, Vafo Fayzulloh, Faxriyor va boshqa ijodkorlarning muqaddam qilgan tarjimalari ushbu yilda chop etilgan. Yoshlardan esa Alisher Otaboyev, Saidjalol Saidmurodov, Gulnoz Mamarasulova, Rafiq O‘zturk kabi tarjimonlarning o‘girmalarini o‘qishimiz mumkin.
Eng katta elektron kutubxona – Ziyouz.uz saytining tarjima ruknida asosan, bosma adabiyot jurnallarida chop etilgan hikoyalar joylab borilgan. O‘tgan yil davomida eng ko‘p mutolaa qilingan yozuvchi sifatida Anton Chexov keltirib o‘tilgan. Jahon adabiyotidan yil davomida saytda eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar safidan Ernest Xemingueyning «Yomg‘irda qolgan mushuk», Ivan Turgenevning «Mumu», Anton Chexovning «Latta», «G‘ilof bandasi», «Xameleon», Rabindranat Tagorning «Shubxa», Mixail Sholoxovning «Inson taqdiri», Frans Kafkaning «Evrilish», Jek Londonning «Hayotga muhabbat», Aziz Nesinning «Adabiyotsevar» kabi hikoyalari o‘rin olgan. Saytning telegram kanalida ayni paytda 400 dan oshiq o‘quvchi mavjud.
Nodirabegim.uz adabiy saytining tarjima bo‘limida 2022 yil ichida 30 ga yaqin yangi tarjimalar e’lon qilingan. E’tiborlisi, ularning aksariyati asliyatdan va yosh tarjimonlar tomonidan o‘girilgan. O‘tgan yilda saytda eng ko‘p o‘qilgan tarjima bu Janet Tey Hyu Chingning «Tug‘yon» hikoyasi bo‘lib, uni Zilola Jamolova o‘girgan. Shuningdek, ayrim zamondosh shoir-yozuvchilarning ijodi ilk marta o‘zbek tiliga o‘girilgan, ular orasida nemis, vyetnam, turk, koreys, amerikan, meksikan, braziliyalik, rumin, hind millatiga mansub zamonaviy ijodkorlarni ko‘rish mumkin. Yil davomida saytga yangi tarjimalarini ulashgan ijodkorlar – Sherzod Komil Xalil, Mirzohid Muzaffar, Sherzod Ortiqov, Rahmat Bobojon, Alisher Fayzullayev, Nodira Nazar va boshqalar bo‘lib, ular yil davomida tarjimachilik sohasida unumli ijod qilishdi. Jumladan, yozuvchi Sh.K.Xalil 2022 yil davomida o‘zbek tiliga 20 dan ortiq she’r, 30 ta hikoya tarjima qilgan va ular internet saytlarida, shaxsiy telegram kanalida e’lon qilib borgan. Yosh shoir Rahmat Bobojon 2022 yil ichida rus, turk, ozar, turkman tillaridan 20 ga yaqin hikoya, 200ga yaqin she’rlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, taniqli o‘zbek shoirlarining ijodini qardosh saytlarga taqdim etib kelgan.
2022 yilda feysbuk tarmog‘ida ham ba’zi yosh tarjimonlarni ham kashf etdik: bular Javohir Osmon, Alp Asli, Zoir Zokirov, Salimjon qizi va boshqalar. Ular ingliz, turk, fors tillaridan she’r, hikoya, qatralar tarjima qilib ulashib kelmoqdalar. Biroq boshqa ayrim havaskor tarjimonlarning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan tarjimalarida jumlalarning so‘zma so‘z o‘girilishi, ayniqsa gugl-tarjimon xizmatidan foydalanganligi yoqqol ko‘rinib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarda muharrir va noshir ko‘rigisiz, tahrirsiz e’lon qilib yuboriladigan bu kabi tarjimalar afsuski, so‘nggi yillarda urchib bormoqda.
Jahonadabiyoti.uz, Sharqyulduzi.uz, Yoshlik.uz saytlarida esa mazkur bosma jurnallarlarning tarjima ruknida chop etilgan asarlar yil davomida saralanib joylab borilgan. Aytish kerakki, har uchala jurnalning rasmiy sayti o‘z telegram havolasiga, feysbuk tarmog‘ida sahifasiga ega bo‘lib, muntazam ravishda jurnalda e’lon qilingan ijodiy ishlarni ulashib boradi, ma’lum muddat o‘tgach jurnallarning elektron pdf shaklini ham o‘quvchilarga taqdim etadi.
Bosma adabiy jurnallar o‘z o‘rnida virtual auditoriyasini kengaytirishga harakat qilib qilmoqda. Ular orasida «Yoshlik» jurnalining telegram kanali peshqadam desak bo‘ladi, u o‘quvchilarni jalb qilish uchun turli so‘rovnoma, viktorinalar o‘tkazib keladi. Ayni paytda uning rasmiy telegram kanalida 1000 dan ortiq foydalanuvchi mavjud. Bu ko‘rsatgich «Sharq yulduzi»da 574, «O‘zAS»da esa 316 ta, «Jahon adabiyoti» telegram kanalida 260 tani tashkil etadi.
Endi esa yuqoridagi saytlarda e’lon qilingan ayrim hikoyalar haqida gapirib o‘tsak. Ziyouz.uz saytida e’lon qilingan Aziz Nesinning “Adabiyotsevar” hikoyasini yosh shoir Rahmat Bobojon turk tilidan tarjima qilgan. Hikoyada ikki qo‘shni haqida gap boradi, ulardan biri yozuvchi, ikkinchisi esa qo‘shtirnoq ichidagi adabiyotsevar. Yozuvchi uning uyiga mehmonga kirganida xonadonida ko‘plab kitoblarni ko‘rib avvaliga hayratlanadi, ammo keyin qo‘shnisining soxta dastxatlar bilan maqtanishi, o‘lib ketgan yozuvchilar bilan uchrashuvlari va tanimagan adiblari bilan do‘stligi haqdagi lof va yolg‘onlaridan asabiylashadi. Kelasi kuni esa uni o‘z uyiga chaqirib, Gyotening kitobini ko‘rsatib uni taniysizmi, deganda adabiyotsevar qo‘shni u mashhur ko‘zboylog‘ich edi deb javob beradi. Yozuvchi keyin nima bo‘lganini eslolmaydi, ko‘zini ochganida melisaxonada bo‘ladi. Afsuski, bu yerdagi komissarning ham Shekspirni tanimasligi dard ustiga chipqon bo‘ladi. Hikoya qisqa va lo‘nda bo‘lib, tarjimon uni maromiga yetkazib o‘zbek tiliga o‘girgan. Eskicha so‘zlashuv uslubidagi jumlalarni ham to‘g‘ri tanlagan, achchiq satira uslubini ochib berolgan.
Xurshid Davron kutubxonasi saytida Gabriel Garsia Markesning «MOVIYRANG ITNING KO‘ZLARI» hikoyasi Gulnoz Mamarasulova tarjimasida e’lon qilingan. Fusunkor realizm yo‘nalishidagi hikoya bir erkakning tushiga kirgan ayol bilan kechgan dialoglar ustida quriladi. Hikoya nomini tarjima qilishda «Moviy itning ko‘zlari» deyilsa to‘g‘riroq bo‘lardi, huddi moviy tog‘lar, moviy gumbazlar kabi. Rang so‘zi qo‘shilmasa ham ma’no anglashiladi. Hikoya yaxshi tarjima qilingan, lekin ayrim jumlalarni tahrirlashga ehtiyoj bor, tishga tegadigan gaplarga sayqal berish, gap ichidagi so‘zlar o‘rnini almashtirish lozim.
Nodirabegim.uz saytida Uilyam Saroyanning «PO‘RTAXOL» hikoyasi yozuvchi Alisher Fayzullayev tarjimasida e’lon qilingan. Unda nochor va yetim bolakayning mandarin sotishi tasvirlanadi. U xaridorlarni jalb qilish uchun doim kulib turishi lozim, ammo ich ichidan yolg‘iz va baxtsiz bo‘lgan bolakay jilmayishni eplolmaydi. Hikoya o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girilgan, tarjimon o‘zbek tilining keng lug‘aviy imkoniyatlaridan foydalangan; qaytariqlar yo‘q, badiiy jihatdan puxta, muallifning uslubi saqlab qolingan. O‘quvchi uni bir nafasda mutolaa qiladi va so‘z sehridan ta’sirlanadi.
Mazkur saytda e’lon qilingan yana bir hikoya — Shirli Jeksonning «LOTOREYa» hikoyasi ingliz tilidan o‘zbekchaga yosh tarjimon Mirzohid Muzaffar tomonidan o‘girilgan. Mirzohid ko‘pincha hali o‘zbek adabiyotiga kirib kelmagan yozuvchilarni tanlaydi va mazmuni, g‘oyasiga ahamiyat qaratadi. Ushbu hikoyada ham johil olomon qiyofasi aks etadi. Qishloqdagilar yig‘ilib lotoreya o‘ynashadi va oxirida bir odam barcha tomonidan toshbo‘ron qilinadi. Ular bu bid’at odatdan voz kechishmaydi. Ko‘p ko‘zga tashlanadigan imloviy va punktuatsion xatolarni hisobga olmasa, tarjima yaxshi chiqqan. Hikoyani qayta tahrirlash uni yanada mukammalashtirgan bo‘lardi. Masalan, Hech narsa eskisidekmas, jumlasi o‘rniga Hech narsa ilgaridek emas deyilsa to‘g‘riroq chiqardi.
Xulosa qilib aytganda, 2022 yilda yosh tarjimonlar virtual olamda sermahsul faoliyat olib borishdi. Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan yaxshi o‘girmalar elektron va bosma nashrlarda ham chop etildi. Muhimi, yoshlar ko‘proq til o‘rganib asliyatdan tarjima qilishga intilishyapti, xorijdagi zamondosh ijodkorlar bilan feysbuk orqali muloqot qilib, ularni o‘zbek auditoriyasiga ham tanishtirib kelmoqdalar. Afsuski, adabiyotga ixtisoslashgan saytlarning sanoqli ekani, aynan badiiy tarjima bo‘yicha alohida saytning mavjud emasligi, telegramda ham aynan tarjima asarlarga ixtisoslashgan kanallarning kamligini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Umid qilamizki, kelgusi yillarda bu kamchiliklar to‘ldiriladi.
Nodira Ibrohimova