Ko‘nglimni so‘raysan,
Ha, ko‘nglim bordir—
Dunyoni sig‘dirgan,
Seni sig‘dirgan,
Boshdan oyoqqacha bus-butun yurak.
Mening topinganim o‘shaku axir,
Endi bu dunyolar menga ne kerak.
Ishqimni so‘raysan,
Ha, ishqim bordir—
Xuv, o‘sha odamga
jon kirar mahal
chalingan musiqadan ajralgan navo.
Men uning sehri-la yana qaytadan
Yaratib olgayman boshqa bir dunyo.
Faqat so‘ramaysan,
So‘ray olmaysan.
Mening yana bitta azobim bordir—
Yaratgan yaratgan, ey, tengsiz dildor,
Hijronga evrilgan umr yo‘limda—
Mening sen sig‘magan peshonam ham bor.
***
Biylar g‘olib, har doimgiday,
Xalq sukutga, sukut xalqqa mos.
Muteligi agar kam bo‘lsa,
Tiligacha kishaningni os.
Mana bo‘ynim,
sirtmog‘ingni sol,
Kosam to‘lib bo‘ldi sabrga.
So‘nggi o‘tinch — fotiha o‘qiy,
So‘z erkining qabri qayerda?!..
Tirikligin ko‘rmadik biz-ku,
Avlodlar ham so‘raydi bir payt.
O‘shanda: ’’Biz o‘ldirdik’’, — dema,
’’O‘zi qarib o‘lgandir’’, — deb ayt…
***
Bir yoqda suyguling ko‘zingdan g‘oyib,
Bir yoqda vataning g‘arlarga talosh.
Bir yoqda anduhing bormoqda boyib,
Bir yoqda qaroqqa to‘lqin urar yosh.
Bir yoqda shimolga surgun yigitlar,
Bir yoqda juvonlar jamiyatga qul.
Bir yoqda yalog‘i tillodan itlar,
Bir yoqda tanglayi teshilgan bulbul.
Bir yoqda Orolday sho‘rlagan manglay,
Bir yoqda adashgan yo‘lchiday avom.
Bir yoqda yolg‘onni aytishar chinday,
Bir yoqda aldanish etadi davom.
Bir yoqda qullikni tusar keksalar,
Bir yoqda yoshanglar farqi yo‘q har yoq.
Bir yoqda kelajak hissiz ingranar,
Bir yoqda qabrlar hayqirar uzoq.
Bir yoqda bemalol qish kelayotir,
Bir yoqda ko‘chini to‘plar tiyramoh.
Bir yoqda bemajol dil yig‘layotir,
Bir yoqda samoga o‘rlayotir oh.
Bir yoqda hammasi o‘tkinchi go‘yo,
Bir yoqda har biri jon berishga teng.
Bir yoqda izmidan qo‘ymaydi dunyo,
Bir yoqda bir yoqqa ketging kelar sen.
***
derlar:
bahorni sog‘ingan urug‘,
kuta-kuta gullab ketadi,
o‘zi aylanadi bahorga.
derlar:
yomg‘irni sog‘ingan daryo,
kuta-kuta bug‘lanib ketar,
o‘zi evriladi yomg‘irga.
bilmam:
seni sog‘inyotgan men,
kuta-kuta yashasam,
ne bo‘ladi oxiri?..
***
Ko‘k bo‘ri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Ko‘tarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan ko‘zlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir.
Sarbadorlar qonini sellar yuvib ketganday,
Millat uchun jon berar alpni devlar yutganday,
Ultontozlar kun sanab, e voh, shuni kutganday,
Elning kuni nomardga qolganga o‘xshayotir.
Yuz ellik yil otangni otganni og‘a sanab,
Dili buzuq kelganning qadamiga gul qadab,
Yo, haq, deya yonganning mozoriga tosh qalab,
Saroyingga qarg‘alar qo‘nganga o‘xshayotir.
Eldan chiqib elidan irganganlar ko‘ringay,
O‘z tarixin o‘zgadan o‘rganganlar ko‘ringay,
G‘ujuri-yu zaboni o‘zgarganlar ko‘ringay,
O‘z farzanding o‘zingni sotganga o‘xshayotir.
Kechang zavolga do‘ndi, haykalday qotib bo‘ldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib bo‘ldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib bo‘ldi,
Yo‘l ko‘rsatar mayog‘ing o‘chganga o‘xshayotir.
Burgut uchgan zovlarda quzg‘un bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon to‘ng‘iz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga o‘xshayotir.
Kechagi yovqir nigoh bugun yerga qadalgan,
Vatan kutgan jasorat non topishga atalgan,
Bo‘yin egik, qo‘l qadoq, tizzalaring qavargan,
Umid ko‘zyosh sho‘ridan so‘lganga o‘xshayotir.
Uyg‘otay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh turtib, har shomda bezor ketar,
Bo‘g‘zin yirtib shoirlar ming hayqirib, xor ketar,
Alloh, bu xalq shu holga ko‘nganga o‘xshayotir.
Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir.
***
Tun.
Yomg‘ir.
Qorishiq ifor.
Uchqur xayol, qadamlar asta.
Borliqqa sochilib keladi ketging,
Yomg‘ir bo‘lsam kerak, aslida.
Sen yo‘qsan.
Hech kim yo‘q.
Nimalardir bor.
Nenidir tuyarsan yomg‘ir ostida.
Men axir osmonda yashaganman-ku,
Ne qilib yuribman zamin ustida?..
Shayton.
Taqiq.
Va o‘sha meva.
Afsus bor quvg‘indi odam naslida.
Negadir ularga aloqam yo‘qdek,
Yomg‘ir bo‘lsam kerak, aslida.
***
Bulbullar bosh olib ketganday bog‘dan,
Fanoga ko‘chganday sabuhiy saslar.
Bog‘ ahli entikib quloq osadir,
sayrayotir qafaslar.
Tulpor tuyog‘ini tuproq unutgan,
Hurlik shiddatini mavh etgan g‘ovlar.
Bog‘ ahlin erk deya topingani ul —
chopayotir tushovlar.
Qushlar samosini ishg‘ol aylabon,
Parvoz tasavvurin etgancha badar,
Bog‘ ahlin kaftida kuchga to‘yinib,
uchayotir qarsaklar.
Bog‘da bog‘ qolmaydir, to‘rt taraf qolar,
To‘rt taraf qibladir, shu erur samar.
Bog‘ ahlin ko‘ksidan asta bosh olib,
ketayotir yuraklar.