Fadil O‘qtoy. She’rlar

1
334

 

Fadil O‘qtoy 1961 yilda Turkiyaning Lefkosha shahrida tug‘ilgan. Saudiya Arabistoni, Angliya, Isroil va Turkiyaning bir qancha nufuzli firmalarida tarjimonlik bilan shug‘ullangan. She’rlari adabiy jurnallarda nashr qilingan. Hozirda “Çağdaş Günce” jurnalining  bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

 

O‘lik ishqlar qabristoni

 

Men seni qanday aqlimdan chiqarayin?

aqlimdan chiqarsam qalbimda bir kuydurguvchi shabada

qalbimdan chiqarsam vujudimda bir nozik faryod kezar.

O‘lum nedir? O‘lim jozibali dengizning qizi

Balki meni kimdir kutayotgani  ham tubsiz bir quduq kabi

holbuki sen bilan men yashirin bir tushda yashayapmiz.

Bu hayotda o‘ngga chapga chayqalqalgan bir simyog‘och kabiman

balki  unutilgan xotiralar o‘rmonida kezib yuribman

ichimda esa tumanli havoda to‘xtamasdan uliyotgan  bo‘rilar to‘dasi.

Agar Yer Ishqlar qabristoni bo‘lsa

uning eng sodiq iti mening qalbimdir.

Kimga chalingani noma’lum bir hushtak kabiman

sening ichishingni kutayotgan ko‘zadagi salqin suvman.

Nechun  xuddi haqiqatni bilmaganday nimalardir qilishadi?

Men bu hayotga munosib emasman, ammo har bir inson har yolg‘onga munosib.

Kechalari sham yorug‘ida devorlarda sening suratingni chizsam,

tongga qadar kulishsam va pichirlashsam sening-la

yana bir aylanganda qaytib kelasan, deya tush ko‘raman doimo shunday.

Mana shunday chorasiz va  shunday xunuk qismatim:

qo‘lidan hech narsa kelmasdan yashamoq

doimiy notinch holda kutmoq va shunday qayg‘uli o‘lmoq.

 

 

Bekinish

 

Oqshomlari bog‘larga kelib gilos sochadi

tovuslarni hech qachon ko‘rmagan bir bolakay

sevilmagan holida go‘zal yolg‘onlar so‘ylaydi

Kulolmaydi u.

Chunki yonog‘ida bir pichoq sanchilgan

uzoqlardan buyon dilini tark etmas bir zafaronlik

boshqa ayollar uni o‘psa qo‘rqadi.

Onasini hech sog‘inmagan bolalar bilishadi

cho‘chiydi uni bir mushuk kabi bilgan hokimlardan

oqqushlar uyquga ketgan sokin damlarni sevadi u.

Mandarinlar orasidagi bog‘larni* hech kim ko‘rolmaydi, anglolmaydi

O‘z bolaliklarini sotsalarda besh pul bermas.

U esa bu qanday bo‘lishini tushuntiradi do‘stlariga,

Chunki

muhabbat har tongda uni bir hochga mixlaydi.

 

Kafkayona tebranishlar

 

Sevgilingning ovozi bilan she’r boshlaysan shuuringda. Boshla:

Bir oqsoq shoir harakatlari ortidagi sen uchun muqaddas nafrating bilan.

Ishongan qalamlaring yozganlarida  baxtsiz yakun

Sovuq. Mana shu ginalaring kabi sovuq bir xotin

Yuziga boq: tozalasa-da ketmas bir isyonkor dog‘.

Sen mangu iblisning chidab bo‘lmas vijdon azobini tashigan yelkalar orasidan o‘tding uzoq zamonlar.

Ruhiy tushkunlikdagi bo‘y qizlar orasidan-da o‘tding.

Ko‘zlaringda biri erkak va biri ayol kabi mo‘jizaviy nur,

«Kimning nimasi?», «kim bu» xabarlar bilan burchaklardan otilib chiqqan odamlar

Hoh hooo! qorni to‘ygan qushlar ham liberal bo‘lib oldilar endi.

 

Hey, shoshma, sen qushlarning nordon gilosi*

Sen ,ey, barg-bargigacha yechingan uyatsiz magnoliya*

Bir zamonlar hid taratardi arg‘uvonmi,  jiydami oqshomlari

Biz ketardik va sekin bekinardik,

Ingragan tamburga sig‘inardik hatto

Tambur chertgan uzun, nozik, bo‘yoqli  barmoqlarga.

Barmoqlar esa banchosi* bilan faqat va faqat g‘am to‘kmoqqa o‘rgangan.

Kim ne desa desin sanamlar bilaklari o‘tkinchidir

Ammo ba’zi sanamlar ketar, oq bilaklaridan bo‘lak narsasi qolmas.

Sen qo‘lingda doim pichoq bilan turgandaysan, ey, odam, mix bilan turgan kabisan

Sen to‘xtagan yerdan jonsiz tuproqlar ham qo‘zg‘alar

Yig‘lasang bir pop gunohini to‘kishga cho‘kkalaydi qarshingga.

Hoh hoo! Kechirasiz! Ne ichilgan bo‘lsa burjuaning hisobiga axir!

 

Yurtingda qorong‘ulikka ochilgan bir jarlikdir jinsiy buzuqlik

U sakragan fohishadir har qadamida iflos izlari

Yana hech narsa bo‘lmaganday iflosligini davom etaveradi u xotinlar.

Badanlari baliqday to‘lg‘ongan qizni ko‘rgan askar tushi kabi seniki

Borgan yerida kutadiganlari yo‘qdir sen kabi qora poyezdlarning

Pichoqlar qayraydi yollanma qotillar har kecha ruhingda, ongingda va

qonsiz tushlaringni yana betayinlarcha buzarsan.

Imoningni haq deysan shohtomiringda kezayotgan qonga qarata

Har qahqahangda badnafs inson to‘qnashar.

Bildik: sen sevganingning ichida aslida kim borligini.

 

Jinoyat xabari

 

Qara, aytganimday: bir kuni o‘ldirmoqchilar ular meni

avval og‘zimni bekitadilar bir kir, bo‘yoqli uvadalar-la

meni qatl qilmoqchi bo‘lgan axlatxonalarida ovozimni o‘chirarlar

bir qancha yollanma ishchilar meni o‘lgudek urib yanchadilar

zax yerto‘lada qon sizarkan lablarimdan

boshim ustida qahqaha otib Chamlija* gazsuvlaridan ichadilar

achinmasdan navbatma-navbat uradilar etsiz badanimga

musht yemoqdan ko‘kargan ko‘zlarim yumila boradi asta-sekin

zangli mixlari botadi terimga, urayotgan taxtalarining,

betonlarning ustiga oqqan qonimda sigaralarini o‘chiradilar

so‘nggi bor ko‘rgan yorug‘ligim meni so‘ygan ustaralari aksidan tushadi.

Jon taslim qilarkanman ular tishlarini ko‘rsatib ifloslarcha kuladilar

oshpazdan oldin och ko‘ppaklar hujum qilar suyaklarimga.

Axlat to‘rvalaridan chiqqan jasadimni taniyolmaslar.

Sen tufayli o‘ldirmoqchilar.

O‘lim neligini bilmasdan o‘laman.

Jin ursin! Men o‘lsam seni kimlarga uzatishadi?!

 

Turk tilidan Ruxsora Nur tarjimasi

* bog‘- mandarin mevalari daraxtda bir-biri bilan zich bog‘lanishlar hosil qilgan holda meva soladi. Bir to‘p mevalari o‘rtasidagi ko‘rinishi qiyin bo‘lgan ulangan shoxlar nazarda tutilmoqda.

*qushlar gilosi- nordonligi sababli faqat qushlar yeb ketadigan gilos.

*magnoliya- Shimoliy Amerikaning issiq viloyatlarida o‘sadigan to‘q kulrang, tik shoxli, yirik yaproqli, bargining osti zanglagansimon tusda, usti esa yorqin yashil rangli, oq pushti va zich gullaydigan bezak daraxti

*bancho — zangi ayollar chaladigan chertma cholg‘u asbobi. Tamburga o‘xshab ketadi.

*Chamlija- shahar nomi va u yerda ishlab chiqarilgan gazlangan suvga nisbatan aytilmoqda.

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting