Kim aytdi meni baxtsiz deb?

0
298

 

fristayl

kim aytdi

meni baxtsiz deb?

 

faqat

kim bilandir

do‘stona quchoqlashgim kelyapti

 

bag‘rimga bosgim kelyapti

 

bag‘riga bossa kimdir meni

 

ammo

yo‘q

 

kerak emas ekan

 

men sizga ishonmayman

bilasizmi shuni?

 

men

zotan

 

hammangizga ishonmayman

 

quchoqlamang meni

 

bag‘ringizga bosmang

 

qanday odamsiz siz o‘zi

 

kim aytdi sizga o‘zi

 

kim aytdi

meni baxtsiz deb?

 

***

 

siz

rost quchoqlamaysiz

rost gapirmaysiz

rost sevmaysiz

 

shunaqayam odam bo‘ladimi?

 

kim siz o‘zi?

 

nega unaqasiz?

 

jinniroqmisiz?

 

nega hamma narsani yolg‘on amalga oshirasiz?

 

siz

rost jim turmaysiz

rost kulmaysiz

rost yashamaysiz

 

odam ham shunaqa bo‘ladimi?

 

meni baxtsiz deb eshitgan bo‘lsangiz

menga nima?

 

aytgancha

siz

rost eshitmaysiz-ku

 

siz o‘zi rost eshitganmisiz?

 

eshitganmisiz o‘zi?

 

agar qulog‘ingiz bo‘lmaganida

sizni garang derdim

 

kim aytdi sizga

meni baxtsiz deb?

 

***

 

men sizni

quchoqlagan ham bo‘lardim

 

quchoqlab

 

yig‘lagan ham bo‘lardim

 

ammo

sizdagi bag‘ir

yolg‘on bag‘irdir.

 

men sizni yomon ko‘rib ketyapman

 

bir vaqtlar

yaxshi ko‘rib ketgandim

 

siz yaxshimassiz-ku

zotan

 

siz ham yaxshimisiz?

qo‘ying-e

 

siz

rost eslamaysiz

rost sog‘inmaysiz

rost yig‘lamaysiz

 

yig‘lash emish

 

sizdagi ko‘z o‘zi rostakam ko‘zmi?

 

o‘sha ko‘zingizmi o‘zi?

 

ko‘z bo‘lsa

nega yig‘lamaysiz?

 

g‘alatimisiz?

 

odam yig‘lamaydimi bundoq

 

e qo‘ying-e

 

menga yoqmadi

 

menga yoqmadingiz

 

hayron qolaman

 

kim aytdi sizga

meni baxtsiz deb?

 

***

 

meni baxtsiz deyishgan bo‘lsa

 

yolg‘on gapirishibdi

ishonmang ularga

 

xohlasangiz ishoning

 

menga desa o‘lib ketmaysizmi

 

siz boshladingiz buni

 

men ham o‘lsam

sizga farqi yo‘q-ku

 

nega unaqasiz o‘zi?

 

nega sevmaysiz?

 

men-ku mayli

nega hech bo‘lmasa

boshqasini sevmaysiz?

 

jinniroqmisiz

baribir?

 

odam sevadi-ku

odam kimnidir sevishi kerak-ku

 

yoki tug‘ilganingizda

yurak yetishmovchiligi bo‘lganmi?

 

meni baxtsiz deyishgan bo‘lsa

yolg‘on gapirishibdi xullas.

 

***

 

meni baxtli ekanimni

ko‘rasiz hali

 

agar anavi ko‘zingiz rostakam bo‘lsa

 

unda nimadir ko‘rinsa

 

ko‘rasiz hali

 

faqat

hozir

 

uxlagim kelyapti

 

achchiq choy ichib

keyin uxlayman

 

o‘zim damlayman choyni

men rost choy damlayman

aldamayman choynakni

choydan yaxshilab ko‘p solaman

 

keyin uxlayman

 

siz esa

dam oling

 

damingizni oling

 

men esa ketdim

 

uxlagani.

 

Ahmad Ali Muhammad

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting