Mitti hikoyalar

0
334

Farzand

Tashqarida tomchilab yog‘ayotgan yomg‘ir olis xotiralar sari yetakladi. Asli men uni yomon ko‘raman. Sharros quygan lahzalari bilan bog‘liq og‘ir daqiqalarni unutolmayman. Masalan, soyabon ostida bolalar uyining eshigini quchib bo‘zlab-bo‘zlab qolganim yodimda.

Ayni dam Qariyalar uyida mehrga muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun turibman. Vo ajab! Anovi osmonga tikilib turgan ayol onam emasmi? Sinchiklab tikilaman.  Chindan chindan o‘sha. Oyoqlarim yoniga chopqillab ketdi.

Bugun yomg‘ir bir zamonlar tortib olgan baxt atalmish tuhfani yana o‘zimga qaytardi.

Laylo Shokirova

Namangan Prezident maktabi 8-sinf o‘quvchisi

Alvon lolalar

— Buvijon, bobom qayerdalar?- dedi poyezd oynasiga tomon termulib o‘tirgan Zebo.

— Hu-u-v mana shu lolazor ichida uxlayapti.

— Yuring uyg‘otaylik.

— Kechikdik, qizim, kechikdik.

Qiz unchalik tushunmadi. Gullar ko‘ziga qon rangiga burkangandek ko‘rindi. Onaxon esa to manzilga yetgunga qadar urushni qarg‘ab ketdi.

So‘pijonova Dilnoza

Namangan Prezident maktabi 6-sinf o‘quvchisi

Urush

Bahor… Kun kechga borib qolgan. Bulutlarning avzoi buzuqligini hisobga olmaganda, hamma yoqni ko‘klam «chalgan» go‘zal kuy va tog‘lar oralab «yurgan» havoning etni jimirlatuvchi  saslari  atrofga o‘zgacha nafislik baxsh etmoqda. Quyoshning  iliq nafasi qurshab olgan qirdan nariroqda oxiri yo‘q vagonlar o‘tadi. Uni mo‘risidan chiqayotgan qora bug‘ esa osmonga ko‘tarilib, qora dudini taratib o‘tadi. Go‘yo bu  tutun  vagon ichidagi bolalarni avval isitib keyin tark etayotgan shirin xotiralari. Shabbodadan mayin silkinayotgan alvon lolalar — ularning qondek to‘kilgan ko‘z yoshlari, go‘yo. Osmon parlarining  tobora to‘silib borayotgani,  beg‘ubor qalblardagi so‘nib borayotgan umid misolidir. Poyezd qanchalar uzoqda bo‘lmasin, undan ko‘ngilni g‘ash qiluvchi yig‘i tovushlari eshitilib turar, uni ortidan kimnidir vujudni larzaga soluvchi baqirgan ohangi yangrar va oxir-oqibat, oraga sukunat cho‘kardi.

Gulshoda Xudoyberdiyeva

Namangan Prezident maktabi 8-sinf o‘quvchisi

Yolg‘on

U urushda halok bo‘lganlarning ro‘yxatini tekshirayotib,  tanish ismga ko‘zi tushdi:

«Valiyev Qahraman Ataxanovich».  Ichidan bir nima uzildi.  Peshonasidan sovuq ter oqib o‘zini yo‘qotdi. Xayolida atrofi ko‘mirday qoralikka burkandi. Xuddi o‘zini birdan o‘ldirilganday sezdi.

— Ukam, nega qotib qolding, biror nima desang-chi!  Hoy!  Qahramonim  tirik ekanmi?

— Ha, hudo xohlasa, tirik. Ishonavering,  opa!  O‘lganlar ro‘yxatida yo‘q ekan. Qahramon qaytadi. Ha, qaytadi…

Sulton Shoh Jahon Boburiy

Namangan Prezident maktabi 9-sinf o‘quvchisi

G‘alaba

-Dadajon, imtihonga kechikmadikmi? -dedi Oydin bino hovlisiga yugurgilab kelarkan.

— Aslo. Omad yor bo‘lsin, qizim.

U shu kuni imtihon topshirib, bilimini sinovdan o‘tkazdi. Lekin savollarga belgilagan javobidan ko‘ngli to‘lmadi. Natijalar chiqadigan vaqtda ham chehrasi tundlandi.

Dadasi farzandining natijalarini tashqariga ilig‘lik katta jadvaldan uzoq izladi. Vaqt o‘tgan sari umidsizlandi. Nihoyat topishi bilan behad sevinib, ko‘zlari yoshlanib ketdi.

Uning o‘rni birinchi raqam ostida edi.

Mohinur No‘monjonova

Namangan Prezident maktabi 6-sinf o‘quvchisi

So‘nggi urinish

Avgust oyi. Abutirentlarning imtihon natijalari e’lon qilinishiga sanoqli kun qoldi.

Nafisaning xayolida ming xil o‘y. Bu yil o‘qishga topshirishining ikkinchi yili. Yuragi hovliqdi. Yagona xavotir unga tinchlik bermasdi. «Ishqilib, o‘tgan bo‘lay…»

O‘zbek millatiga hos hususiyatlardan biri — yaxshi tarbiyali qiz maktabni bitirdimi uni so‘rab eshigi yoniga sovchilar tizilashadi.  Bechora tabiatan og‘ir bosiq, singlisi kabi ota- onasiga o‘z istaklarini ochiq aytolmasdi. Eshigidan so‘rab kelgichlarnimg esa keti uzilmasdi. O‘tgan hafta otasining yaqin do‘sti o‘g‘liga so‘rab kelgandi. Xolmatning ham bu galgi  qaror qat’iy edi.  «-Qizim tunov kungi mehmonlar menga yoqdi. Kirolmasang, yiqilsang, uzatamiz…

Imtihon natijalarini ko‘rib, qizning boshiga muzdek suv quyilgandek bo‘ldi. Kuz o‘rtasida  Nafisaning uyidan «yor- yor» sadosi eshitildi.

Xosiyatoy Rustamjonova

Namangan Prezident maktabi 7-sinf o‘quvchisi

Kutilmagan uchrashuv

Suv parisi oyoqlari bulishini juda-juda xohladi. Kunlarning birida sehrli chiroq topib oldi. Jindan bir soatga odamga aylantirib qo‘yishini so‘radi. Keyin yurib sohilga chiqdi. Endigina uch-to‘rt qadam tashlashi bilan qirg‘oqda turgan kichkina bolakay chopib kelib, quchib oldi.

— Oyi, endi tashlab ketmaysiz-a bizni?!

Sherzodbek Abduqahhorov

Namangan Prezident maktabi 9-sinf o‘quvchisi

Mehr

Do‘kon kezinib qaytgan qiz qo‘g‘irchoq o‘ynagisi keldi. Lekin  sotib olgani pul yo‘q edi. Ona nim pushti matodan kattagina «kelinchak» tikib tuhfaladi. Qalin qora ipdan tikilgan sochlari o‘rilgan bejirim o‘yinchoq yangi egasini  behad xursand qildi. Biroq u onasining ko‘ylaklari yana bittaga kamayganini sezmadi.

Umaraliyeva Sarvinoz

Namangan Prezident maktabi 8-sinf o‘quvchisi

Qochoqlar

— Opa nega xafasiz, axir kunbo‘yi yomg‘ir tagida o‘ynasak ham hech kim indamadi!

— Yetimxonaga yo‘l yodingdami?

Shoh Jahon

 Namangan Prezident maktabi 9-sinf o‘quvchisi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting