Kuz
Kuz keldi, qaddim egildi.
Kuz egdimi mening qaddimni;
Oltin kuzda barglar to‘kildi,
To‘kolmadi kuz ham dardimni.
Ulug‘bek Hojiqulov
I
Bog‘larda shamollar shovuri urdi,
Bir o‘ychan sarg‘ardi birdan dala-tuz;
So‘qmoqlar qo‘ynida izg‘irin turdi,
So‘qmoqlar qo‘yniga kirib keldi kuz.
Marhabo azizim, men suygan fasl,
Yana diydoringga etibsan vosil.
II
Qanday soz, bu go‘zal musavvir ochun,
Qanday soz, bu ko‘rkam zarg‘aldoq ma’vo.
Boshimizdan quyar yomg‘irin nechun,
Qoramtir bulutli namgin bu havo.
Mayli yog‘aversin bu salqin huzur,
Qushlarni janubga kuzataylik yur!
III
Suvlari chekingan qirg‘oq bo‘yida,
Bir zum kamtargina tolaylik yodga;
Turfa savdolardan kuyinmoq nega,
Bir marta kelganmiz axir hayotga.
Yetar, qayg‘ulardan o‘ksima yurak,
Men-da, ertamga so‘z aytishim kerak.
IV
Lekin qiyo boqmas tole yulduzi,
Shundanmi o‘zimga kelolganim yo‘q.
Dunyoga nimaga keldim men o‘zi?!
Nega yashayapman bilolganim yo‘q.
Nega bosh ustimda tingla ey hayot,
Singragan yaproqlar aytmoqda bayot?!
V
Ular shivirida ne hasrat, ne g‘am,
Ular qo‘shig‘ida ne sinoat bor?!
«Daraxtim, hech qachon qaytmas ushbu dam,
Erta bosh ustingdan yog‘ar oppoq qor.»
Barglarning shamolda shitrashi shundan,
Vidolashish oldi titrashi shundan.
VI
Shundan bog‘lar aro dilgir xavotir,
Shundan mezonlarning ayro uchishi;
Bizga ayon emas avvaldan oxir,
Erta kunimizning qanday kechishi.
Nechun bu lahzada g‘amli bo‘lmay men,
Azizam, hech meni eslaysanmi sen?!
VII
Yomg‘ir bog‘chalarda soyabon tutib,
Hech kimsiz bir o‘zing yurgan mahali;
Atrof-borlig‘ingni bir dam unutib,
Meni eslaysanmi dunyo go‘zali.
Mudom hijroningda kuyaman bilsang,
Oh, seni qanchalar suyaman bilsang.
VIII
Bilsang men kuyingda ko‘pdan sargardon,
Ko‘pdan yuragimni ezib yuribman.
Seni topolmayin rangi za’faron,
Bog‘larda jimgina kezib yuribman.
Qayda bo‘lsang hozir daragingni ayt,
Men seni sevaman huzurimga qayt!
IX
Qayt, bog‘lar bahorga do‘nsin qaytadan,
Chechaklar ochsinlar tag‘in g‘unchalar.
Xudodan so‘ragin menga gulbadan,
Shafqatsiz bo‘lmasin taqdir bunchalar.
Axir istagimiz bir sho‘la, bir nur,
O‘tib ketmasidan ertaga umr
X
Kezaylik shu ko‘hna jahonni gulim,
Kezaylik yonma-yon yurib mardona.
Yomg‘irlar quysa ham mayliga sim-sim,
Mayliga bulutlar qursin chordona.
Sen bilan bo‘lsak bas menga qora ko‘z,
Har qanday fasldan chiroylidir kuz.
2007-2009
Toshkent-Yakkasaroy.
San’at
Qoralagan she’rlarni Pushkin,
Suratlarni Pikasso chizgan;
Senmi faqat dilgiru tushkun,
Menmi faqat hayotdan bezgan?!
Bu kuylarni Betxoven chalgan,
Bu fojeyni kuylagan Rasin.
Seni shular shu kuyga solgan,
Qani endi meni yig‘latsin?!
Romanlarda g‘am chekkan Markes,
Falsafada mung tortgan Sartr;
Shumi, sen-la, dardlashgan bir his,
Shumi meni yutgan g‘am qurg‘ur?!
Yetar, chekma iztirob ortiq,
Bu bir payg‘om — ilohiy tal’at;
Butun bo‘lsin deb ikki yorti(q),
Birlashtirgan bizlarni san’at.
2018.
Sanoqlar
Taqdir tan qilmagan ekan sizni hech,
Nasiba ekanmi biroq duchlashdik;
Yulduzlar chaqnagan bu oqshom, bu kech,
Nima bo‘lsa bo‘ldi bir bor uchrashdik.
Bizni qarshiladi xilvat go‘shanga,
Tasalli topoldim gaplaringizdan;
Latif bo‘yingizdan to‘yib o‘shanda,
Ikki bora o‘pdim lablaringizdan.
Shu oqshom yoritdik ko‘ngil shamini,
Ikki yorti edik, endi birlashdik.
Hayotni his qildik shirin ta’mini,
Shamlar yog‘dusida uch bor sirlashdik.
Dunyoda shu baxtdan bo‘ldim telbavor,
Poeziya senga men yana qaytdim.
Gunohlar uchun yor, takror va takror,
Tangriga to‘rt bora istig‘for aytdim.
Kechirarmi-yo‘qmi, Yaratgan bilmam,
Goh shodon, goh mungli she’rlar to‘qiyman;
Nima qilay men ham gunohkor odam,
Har kuni besh bora namoz o‘qiyman.
2018.
Toshkent-Uchtepa.
Navbat
Sen juda yosh eding men ilk ko‘rgan dam,
O‘n beshmi, o‘n olti eding chamasi;
Men yigirma beshga kirgan g‘o‘r odam,
Sen guldek ochilgan dunyo havasi.
O‘yin o‘ynar edi men bilan qismat,
Sen deding: «-Yoshingiz mendan ko‘p katta;»
G‘ujurim ko‘tardi meni shu fursat:
«-Yaxshi qol, jonginam,» — men ketdim shartta.
Sen hayron lol qolding yuragi kuyuk,
Mendan bunaqasin kutmagan eding;
Yillar o‘tib ketdi lotariyadek,
Afsuski, sen yutuq yutmagan eding
Va meni ko‘rdingu bir kuni tuyqus:
«-Men sizni sevaman,-deding,-azizim.»
«-O‘ttiz beshga kirdim, endi men afsus,»
Sen esa qarading ko‘zlarimga jim.
Shundayin aylandi gardun-charxpalak,
Endi menga keldi tarozi gali;
Sen menga tegmoq-chun bo‘lasan halak,
Men-chi, beparvolar boqaman hali.
Ichimni yondirar qasos hamda kek,
Sen deysan: «- Ikkimiz tushgan bu kema;
Meni sevish uchun ilgarigidek,
To‘sqinlik qilmoqda sizga oh nima?!»
Mayliga rostini aytayin senga,
Bekorga men sendan ketmadim yiroq;
Seni yoshing o‘tgan, jonginam menga,
O‘n sakkiz yoshlilar qiziqarliroq.
2019.
Toshkent
Iqror
Menga sizning ko‘zu qoshingiz tanish,
Tamkin nigohlar- qaroshingiz tanish;
O‘n olti, o‘n yetti yoshingiz tanish,
Men sizni qaydadir ko‘rgan ekanman?!
Kechiring, xotirdan chiqibsiz biroz,
Husnga yarashgan sizdagi pardoz;
Aytmabmana sizga bir og‘iz ham roz,
Garchi sizni suyib turgan ekanman?!
O‘tkinchi hislarni men g‘arib kuylab,
Yuribman bu yorug‘ dunyoni bo‘ylab,
Sizdan ham yaxshisi chiqar deb o‘ylab,
Arpamni juda xom o‘rgan ekanman?!
Qancha go‘zal ko‘rdim, qancha dilobar,
Alarga qaramay o‘tdim birodar,
Qilmishim gunoh-la ekan barobar,
Qay mahvashga yuzni burgan ekanman?!
Meni anglarmisiz yuragi muzlar,
Lojuvard munchoqdek qop-qora ko‘zlar;
Dunyoda ko‘p ekan chiroyli qizlar,
Men uni bitta deb yurgan ekanman?!
19.01.2019.
MEN SHE’RIYATDAN KETGANMAN
Dunyo o‘zgardimi yo men o‘zgardim,
Nima o‘tgan bo‘lsa, o‘tdi o‘zimdan;
Kecha men qizlarga she’rlar yozardim,
Go‘zallar qolmasdi meni izimdan.
Endi o‘z boshimga o‘zim yetganman,
Men she’riyatdan ketganman!
Kecha sirlashardim yulduzlar bilan,
Mahliyo bo‘lgancha oyning aksiga;
Endi taqdirimga butkul berdim tan,
Yetolmay bir qaro qoshning vasliga.
Menga nima bo‘lgan, o‘zi netganman?!
Men she’riyatdan ketganman!
Endi poeziya oltin bog‘lari,
Men uchun ham yetib bo‘lmas bir armon.
Umrimning kechagi go‘zal chog‘lari,
Sizga yetishishga men endi zorman.
Yoshlikni shu taxlit abgor etganman,
Men she’riyatdan ketganman!
Iztirob na uchun, afsus na uchun,
O‘tgan u kunlarni eslamoq nega?!
Billur idish sinsa bo‘lmagay butun,
Ko‘ngil sinsa axir topilmas chega.
Xotirlar — men sizni behud titganman,
Men she’riyatdan ketganman!
Zero, anglar edim, men ham hayotni,
Lek ketdim alvido, xayr, xush qoling;
Tomorqa qilganlar adabiyotni,
Faqat o‘zingizni sal bosib oling.
Men sizga eng nafrat she’rim bitganman,
Men she’riyatdan ketganman!
2015.
Toshkent.
Aprel
Violonchel yig‘lar vayron bo‘lgan dil,
Endi borgan sari ketayapman zil;
Moskvada yomg‘ir quyadi aprel,
To‘kilib ko‘nglimning iqrorlariga.
Umr-ku besh kunlik sayr alvido,
Ey dahr dun dunyo, dayr alvido,
Men oshiq uzorman xayr alvido,
Qo‘limni silkidim gul yorlariga.
Nimaga intildim, nega chog‘landim?!
Yurtdan ketgan kundan yurt deb dog‘landim.
Men San’on emasman lekin bog‘landim,
Bir pari-paykarning zunnorlariga.
Goh kulsa, goh kulmas inson omadi,
Bu shimol yerlarda dilim zorladi,
Men o‘zim ketmadim, qismat chorladi,
Sovuq xirom qilgan diyorlariga.
Qaytishni men juda xohlardim hayhot,
Taqdir qilganida zarra iltifot;
Alvido aytarim bor bo‘lsa nahot,
Toshkentning tillodek dildorlariga.
Violonchel yig‘lar vayron bo‘lgan dil,
Endi borgan sari ketayapman zil;
Moskvada yomg‘ir quyadi aprel,
To‘kilib ko‘nglimning iqrorlariga.
3.04.2021.
Moskva-Peredelkino.
ShIMOL BUG‘USI
Hayvonot bog‘ida turar bir bug‘u,
Horg‘in bir alfozda istar tinchlikni;
Ehtimol yegandir bir zamonlar u,
Qor ostidan kovlab paparotnikni.
Unga non otadi atrofdagilar,
Lekin bug‘u sira qilmas e’tibor;
Bu torgina qo‘ra ko‘ksini tilar,
O, taqdir bo‘lmasang bunchalar g‘addor.
Balki keng dalalar ko‘nglin elitgan,
Sog‘inar ehtimol cheksiz o‘rmonni;
Ey manfur olomon o‘zidan ketgan,
Sen nega otasan bug‘uga nonni?!
Hayot rizq bergandir kimga kengu-tang,
Insonga non aziz, bug‘uga qiyoq;
Agar ozodlikning qadrini bilsang,
Sen mazlum bug‘uning bu holiga boq.
Hamon unutmagan yodida uning
Yodida qor ko‘mgan o‘rmon, dalalar;
Ortidan ilashib moda bug‘uning
Chopqillashib yurgan bug‘u bolalar.
Endi o, hammasi qoldi xayolda,
Tusini yo‘qotdi hayot rango-rang;
Bu nar bug‘uni ham olis shimolda,
Kelar deb kutishar behuda attang.
6 03.2020
Moskva — Ramenki.
Uzurpator
Men hech kimga qilmadim shafqat,
Sovuq boqdim olamga urho;
Ko‘rganlarni qamradi dahshat,
-O‘zi axir, o‘zi yo, xudo?!
Tasavvurga sig‘dirmadilar,
Ko‘rmaganlar ko‘rgancha illo;
Ayollarni tug‘dirmadilar,
Mening iznim bo‘lmaguncha o!
Shiddatimda burgut shovuri,
Vahshiy bo‘ldim hamlada sherdek;
Olamonning g‘ala-g‘ovuri:
-Bu olamni biz sizga berdik…
Uzurpator, kechiring bizni,
Omimiz-da, o‘ylaganmiz xom?!
Men ko‘ksimda bosgancha muzni,
Buyurdim bas: -O‘ldiring tamom!
Hukmim keskir yangradi har vaqt,
Sezarkanman qudratda o‘zni;
Tangri garchand kechirar ilhaq,
Uzurpator kechirmas sizni…
Lekin bir kun kelaru o‘lim,
Ko‘zlarimni yopar abadga;
Pichirlayman kechirgil tangrim,
Uchradim men duoyibadga…
Endi ikki dunyolar aro,
Tortar meni zulmatga bu g‘am;
Yig‘lab bo‘zlar bir baxtiqaro,
O‘ladimi uzurpator ham?!
Darhol javob ayturlar elda,
Qaydan chiqdi bunday gap chirik?!
Toki qo‘rquv yasharkan dilda,
Uzurpator tirikdir, tirik!
3.07.2019.
Toshkent- Uchtepa.
Homerona tahassub
Paris Yelenani ketdi o‘g‘irlab,
Bu hol soldi qancha sha’nlarga soya.
Agamemnon jangga ellarni boshlab,
Qarshingga yuzma-yuz keldi Troya!
Behayo, bir qochqoq qizning nomusi,
Ko‘rindi ming-minglab jonlardan a’lo!
Troyaning chiqdi axiyri misi,
Shaharga yoprildi o‘limdek balo!
Barhaq qazo topdi bahodir Gektor,
Jon berdi emranib oxir Axilles;
Shuncha odam o‘lib ketsa ham g‘addor,
Yelenani olib qutuldi Paris.
Uzoq yillar oldin bizning shahardan,
Olib qochgandilar shunday bir qizni;
Agamemnondagi o‘sha g‘urur, sha’n,
Bezovta qilmadi hech qaysimizni.
O‘zgargandir balki dunyo tahassub,
Kim bilsin, qon to‘kish balki arzimas;
Daraxtni bir tepsang to‘kilar to‘p-to‘p,
Eskilar aytgandek qiz qahat emas.
Endi bular tarix hukmiga doir,
Minglab zamon o‘tib ro‘y bergan birda;
Hayron qolarlisi Homerdek shoir,
Epos qilgan shuni gekzametrda.
Men Homer emasman kuyinay nechun?
Ichimga yutganman alamdan sirni;
Hamshahar bir qizning qilig‘i uchun,
Bezovta qilgim yo‘q gekzametrni.
22.05.2020
Moskva-Ramenki.
BO‘RI
Bo‘rilarni otdilar bir-bir,
Solmasin deb qo‘ylarga qiron;
G‘arb shamoli esganda g‘ir-g‘ir,
Endi bo‘ri qolmadi biron.
Cho‘ponlarning yuzlarida bot,
Xotirjamlik bo‘ldi ifoda.
Bu o‘lkada bo‘ri yo‘q hayhot,
Ko‘paygandan ko‘paydi poda.
Har bahorning boshida turg‘un,
En olinar, bichiladi zil;
Ming yillarki podalar uchun
O‘zgarmaydi shudir taomil.
Men bo‘riman, bo‘rilarga yot,
Cho‘pon-cho‘liq, otaru-qo‘ra;
Yolg‘izlikda hayot berar tot,
Poda bo‘lib yashashdan ko‘ra.
O‘lgan afzal qiru-qiyoda,
Tog‘u-toshda bo‘riday yayrab;
Yashagandan ko‘ra dunyoga,
Cho‘ponlarning ra’yiga qarab.
6.03.2020.
Moskva-Ramenki.
Borxes
Dunyo ta’assufki bor narsa,
Ta’assufki men Borxesman.
Xorxe Luis Borxes
Siz dunyoni qanday qiladursiz his,
Bu Parijmi, London yo Buenos-Ayres?..
Sovuq tikilasiz yuragingiz muz,
Ko‘rmayapsizlarmi, men axir Borxes!
Jimjit ko‘chalarni kezgan jimgina,
Kutubxonalarning changini yutib;
Yo‘q men sizdan aslo qilmasman gina,
Hammamiz boryapmiz dunyodan o‘tib.
“Vaqt bizni oqirib ketayotgan daryo,”
Kitoblar – sinoat to‘la fikrlar;
Men Bobildan chiqqan kohin kabi o,
Pichirlab aytyapman Haqqa zikrlar.
Siz qanday dunyoni qiladursiz his,
Bu Parijmi, London yo Buenos-Ayres?..
Sovuq tikilasiz yuragingiz muz,
Ko‘rmayapsizlarmi, men axir Borxes!
25.07.2016 Toshkent — Uchtepa
Begonalar
Tumanlarning xira raftori,
To‘shalardi yalanglikka bot;
Va bog‘dagi daraxtlar qori,
To‘kilardi tuyqusdan hayhot.
Yolg‘izoyoq so‘qmoq oralab,
Kezar edik olis u chog‘lar;
Bizga edi orzumand, talab,
Oppoq qorga burkangan bog‘lar.
Endi esa yillar qatida,
Yo‘llarimiz qayrildi o‘zga;
Uchib sarob muhabbatiga,
Sevaman deb aytmadim sizga!
Yillar o‘tdi, yog‘ib o‘tdi qor,
Tuman tushdi yalanglikka bot;
Biz-chi, bunda ayro tushib yor,
Begonaga aylandik hayhot.
16.09.2015.
Toshkent-Uchtepa.
Senga
Devor — mozaika, pol — linoleum,
Ba’ayni lojuvard qandil shokila.
Bilmam muattarmi, safsarmi gulim,
Aql mutakabbir, ko‘ngil oqila.
Eshik taroshlangan loklangan eman,
Deraza sandalmi arg‘anun romi;
Men seni hammadan ko‘proq sevaman,
Jovidon umrimning ey diloromi.
Eron gilamlari misli yoniq cho‘g‘,
Mahobat timsoli chex mebellari;
Istak menda emas, sizdadir yo‘riq,
Ne tusasa bordir yor ko‘ngillari.
Drezden soati uradi kapgir,
Radio kuy chaladi mustar osuda;
Qayda bo‘lsang ham kel, baraka topgur,
Men seni sog‘indim, sog‘indim juda.
Juda ko‘p emasmi, yigirma yil zor,
Yigirma yil kutdim har kun betoqat;
Menda sen istagan hamma narsa bor,
Sen yo‘qsan, sen yo‘qsan, sen yo‘qsan faqat.
28.12.2019.
Toshkent- Chilonzor.
Oshiq
Muhabbatsiz dunyo yo‘qdir, bildim men,
Uryon bu bag‘rimni nechun tildim men;
Olisdan mahliyo bo‘lib keldim men,
O‘tday yonib turgan mayog‘ingizga.
Bilmasdim olovda kul bo‘lishimni,
Xoki poyingizda eh so‘lishimni;
Bilardingizku siz men o‘lishimni,
Jimgina tikilib bayrog‘ingizga.
So‘ngi bor tik boqdim qoshingizga yor,
Ko‘milib o‘lmoq-chun sochingizga yor;
Humo bo‘lmoqchiydim boshingizga yor,
Ammo yetib keldim qayog‘ingizga.
Yolvordim, siz menga dildor tutining,
Sherzod Komil Xalil deysiz o‘tining;
Bulbul bo‘la turib sizday to‘tining,
Uchdim men qandayin sayrog‘ingizga.
Menga nima deydi endi el-ulus,
Men yulduz emasman, endi siz yulduz;
Tog‘ni talqon qilar paytimda afsus,
Shapshakday yiqildim oyog‘ingizga.
13.02.19.
Toshkent.
Kuz sonatasi
Qushlar uchib ketdi, kuzgi bog‘lardan,
Bargrezon daraxtlar shovulladilar;
Aks-sadolar qaytdi kabir tog‘lardan,
Itlar g‘ingshib-g‘ingshib vovulladilar.
Ko‘cha eshigingni qoqdimi shamol,
Bo‘ronlar qo‘pdimi, dovulladilar;
Bitta bo‘sang menga taqdirdek a’mol,
Yuzlaring olovdek lovulladilar.
-Shapaloq tortaymi, — deding yuzizga,
Ko‘zlaring munchoqdek jovulladilar;
-Hamma gap mengamas, balki, o‘zizga,
Keting, kelib qolmay ovuldagilar…
Qaytdim, ortga oxir, yuz mingta ko‘zlar,
Yo‘lsizlar tarafga roh yo‘lladilar;
Sir qolsin deganding, nechukdir so‘zlar,
She’rga aylandiyu bir gulladilar.
… Aks-sadolar qaytdi kabir tog‘lardan,
Itlar g‘ingshib-g‘ingshib vovulladilar;
Qushlar uchib ketdi kuzgi bog‘lardan,
Bargrezon daraxtlar shovulladilar…
31.07.18.
Toshkent.
Bizning avlod
Shovulladi bog‘lar al-omon,
Zir titradi surondek yerlar;
Chayqaldi-yu haytovur zamon,
Bizdan qoldi bo‘rondek she’rlar!
Dosh bermadi vaqtning asabi,
Junjiktirdi shamollar tukni;
Gumburladik qaldiroq kabi,
Chaqmoq kabi yoritdik ko‘kni.
Nurafshonda yoqqan yomg‘irdek,
Yog‘ildikmi yot sohillarga?!
Bu maydonga biz nechun kirdik,
Qulf urilgan bo‘lsa dillarga?!
Tingladimi bizni davvorlar?!
Yillar o‘tdi hamalu savr!
Ulkan edi garchi zalvorlar,
Lek shunchaki unutdi davr!
Dong qotdik biz bu qanday asror?!
Eslaysizmi bizni o‘rtoqlar?..
She’rlarimiz yangraydi takror,
Sizlar bizni unutgan chog‘lar!
30.09.2018.
Toshkent-Uchtepa.