Turk dunyosida adabiy yo‘lda izlanayotgan, qardosh xalqlar bilan aloqalarni mustahkamlayotgan ijodkorlar talay. Shulardan biri yozuvchi va tarjimon ham jurnalist Arslan Bayirdir.
1958-yilda Antaliyaning Alaniya shahri Bayir maskanida tug‘ilgan bu insonning yozgan hikoya va ertaklari, o‘ziga xos uslubdagi she’rlari Turkiyada o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lib ulgurgan. Bir qancha xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan, ijodiy ishlari o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur, turkman, ozarbayjon, arab, fors, tojik, ukrain, moldovan, rus, nemis, litva, boshqurt, bolgar, polyak, hind, tatar, yoqut, balkar, koreys, yunon, gagavuzca, mo‘g‘ul, ingliz, chuvash, nemis kabi ko‘plab tillarida nashr etilgan ijodkorning xorijdagi do‘stlari, suhbatdoshlari ham aynan shoir va yozuvchilardan ekanligi shundandir.
Ancha yillardan buyon “Guncel Sanat” (“Zamonaviy san’at”) nomli jurnalning bosh muxarriri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan ijodkor jurnal sahifalarida qardosh xalqlar ijodiga keng o‘rin beradi. O‘n beshdan ortiq mamlakatlarga yetib boradigan, minglab o‘quvchilar auditoriyasida o‘qiladigan jurnal sahifalarida yaqin yillar mobaynida 300 dan ortiq o‘zbek adabiyoti vakillarining ijodi chop etilganligi buning dalilidir. Jurnal orqali ustoz adiblarimiz hamda zamondosh ijodkorlarimiz tarjimalarini muntazam qardosh xalqlarga taqdim etib kelayotgan Arslan Bayirning O‘zbekiston haqidagi iliq fikrlari, yorqin taassurotlari bor:
– Men bu mamlakatda bir necha marta bo‘lganman. Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yurganimda bu yurt xalqining she’rlari nega bunday tarovatli ekanligini anglaganman. Chunki go‘zal vatanda yashaydigan kishining qalbi ham chiroyli bo‘ladi. O‘zbek yozuvchilar bilan hamisha muloqotdaman va ularni bag‘rikeng inson va baland iste’dod egalari sifatida hurmat qilaman, – degan edi do‘stimiz Arslan og‘a biz bilan suhbatda.
Har safar xorijdagi do‘stlarimizni eslaganimda moviy to‘lqinlari quyosh nurida yal-yal yonib mavjlangan O‘rta Yer dengizi bo‘yida sayr etadigan minglab kishilar ichida yangi rejalari, ijodiy yangiliklari yuzasidan biron bir munosib suhbatdoshni topib, turkona choy ustida gurung berayotgan Arslan Bayir ko‘z oldimga keladi. Bu gurunglar bardavom bo‘lishini tilayman.
Nargiza Asadova