Sadxir Saksena — hind shoiri, yozuvchisi va jurnalisti. 1954 yilda tug‘ilgan. Hindiston va chetda chop etilgan o‘ndan ortiq kitoblar muallifi. Adabiyot yo‘nalishidagi “Pushkin mukofoti”, “Vageshvari mukofoti” kabilar laureati.
She’rlar
(Poems)
Butun shahar
Tumanga burkangan
Boy berilgan Samarqand
Sho‘ng‘ir ajdodlar xotirasiga.
Bu yerlardan otga mingashib
Bobur qayta va qayta
Yo‘rg‘alatib o‘tgan otini
Majbur qilib goh
Bamisli uni etmoqqa parvoz
Orzularin ketkizmay ko‘z oldidan.
Bu diyorni u ketdi tashlab
Niyat qilib qilichi yordamida
Tarix yaratmoqlikni.
Hindikushni o‘tganda oshib
Egnidagi zarbof choponga
Maqtov yog‘dirdi ko‘kda yulduzlar
Oyog‘iga chalpilattib lab bosdi zamin.
Kamon va qilichlari-yu
Qolgan-qutgan aslahalarin
Ortmoqlab karvoniga
U yo‘lga otlandi bir kun.
Vataniga qaytish istagi
Larzaga keltirdi Yerni
Yo‘l-yo‘lakay
U portlatib porox
Atrofga sochganda halqalarini.
Nadomatki, u qaytmadi yo‘ldan
Qaytmadi keyinchalik ham
Unga ilhaq bo‘ldi Samarqand
Yuragida og‘riq bilan
Qulochini yoyganicha keng.
Topshirdi Bobur omonatini
Yiroqdagi Dehlida ajal
Bo‘sa oldi peshonasidan.
Samarqand qalqidi
Ko‘zlari, lablari, yuragida bir
Lek, yetishmadi u yerga jismi.
2.
Samarqand Dehlidan uzoq
-Qanchalik uzoq?
Nol raqamin kashfiyotiga
Cehrlangan Ibn Sino
Rasadxonada o‘tirib
Orzulaydi olis Dehlini.
Chaqnab va porlab turgan
Ko‘zlari bilan kuzatar uni
Tuman tutunlari orasidan
Mo‘ralaydi Samarqand
Bidirlaydi yosh bola kabi:
-Samarqanddan olisda Dehli.
Samarqand Dehlidan uzoq
-Qanchalik uzoq?
Mana Bobur
So‘raymizmi keling-chi undan?
Bobur jilmayadi
So‘z qotmasdan birorta
Tepadan pastga —
Loyga toptalgan oyoqlariga boqadi
Ovozi bo‘g‘ilib, tili bog‘lanadi
Otning beliga tushiradi
Sharaqlatib qo‘llari bilan
Chigalini yozadi qo‘llarini
Egarni urib
Niqtaydi
Otni qizishib, tantanavor
Oyoqlarini qo‘yadi uzangiga
Kuladi, qichqiradi va gapiradi:
-Samarqandga bo‘lingiz g‘amxo‘r
Men yuzlandim Dehli sari.
Qismat shunday
Har bir Boburdek shaxsga
Masofa-bir qadam
Dehli va Samarqand o‘rtasidagi.
Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimasi
Translated into Uzbek by Sherzod Artikov