***
Sog‘inaman. Kutaman.
Ostonamdan o‘tolmaydi Vaqt.
Sen ketdingu kelmay qoldi –
Shodlik va’da qilgan Baxt.
Ko‘zlarimni yumib yashadim –
Hijroningda kuymay deb.
Lablarimni yamab yashadim –
Firoqingni kuylamay deb.
Biroq
Tomir uyg‘oq, Ruh uyg‘oq –
Qo‘yarmidi hissiz, tuyg‘usiz?!
G‘amlab olib Sabrdan ko‘proq
izlab ketdim O‘zligim sensiz…
***
Qarshijon – bag‘ringda dardlarim yashar,
U meni unutdi, qayg‘uni emas.
Ko‘zlarini bir bor ko‘rmoq istadim –
Yuragimning ilk armoniga qarab.
U meni unutdi, o‘ylamas hamon,
Bilmaydi, ortida ovvora qoldi.
Uni ko‘rgim kelar, sevgim kelmaydi,
Tangri yuragimni bardoshga belar.
Kimningdir siriman, asraydi mangu,
Kimgadir armon ham qildim-ku tortiq.
Biroq, hamon ta’qib qilar bir tuyg‘u –
Farishta bo‘lolsam Vafo ismli…
SEN SOVQOTMA
Sevinchning bandini sindirib qo‘ydim,
Endi chovgum xushhol, baralla qaynar.
Yetar, bo‘ldi, dardli nolangdan to‘ydim!
Yetar, menga tezroq o‘zimni qaytar!
Sog‘inch hamon qaynar, biqir-biqiri
Meni tushunmaydi, tinmaydi hamon.
Ruhimga yetadi hasratning tig‘i
Chidolmay yo‘l olgum xonamga tomon.
Biroq xonamning ham qo‘llari uzra
Sening xotirlaring qalashib ketgan.
Men seni unutmoq qasdida yonsam –
Chuvalgan o‘tmishing dilimga yetgan.
Uyimdan chiqaman, to‘rt taraf oppoq
Sovuq yomg‘irlari to‘sar yo‘limni.
Yolg‘iz yurakkinam bezovta hamon –
Xotirang isitar sovuq qo‘limni.
Men yo‘llar bosaman, oyoq ostida –
Xazonmas, sevinchim ingraydi nochor.
Sen-la kezamanu xayol toqida
Yo‘lda esa yolg‘iz ketyapman hamon.
Unutmoqning og‘ir, cho‘ng hasratida –
Havoga evrilib boryapman sekin.
Senga borgan o‘sha maktub qatida
Nur yubordim, endi sovqotma sevgim!
***
Sentyabr – xazonlar fasli
G‘amgin dardlar to‘kar yurakka.
Kel, ko‘nglimni tinglagin asli –
Dunyo o‘xshar menga kerakka.
Yurakdan g‘amlarni supurar to‘zon,
Tuyg‘ular tilsimi chorlar tinmayin.
Hislarga ko‘madi umidvor xazon,
Chaqirgin, qoshingga uchib borayin.
Otam nigohidek donishmand shu kuz
Menga ertam uchun ochadi kitob.
Qaniydi, ortimga qaytolsam shu kez,
Iltijo qilardim, karam qil, Oftob!
Lekin kuz… g‘addor, beshafqat
Otam nigohini qizg‘anar mudom.
Menku mashhargacha qilurman toqat,
Yolg‘iz xavotirim – munisam, onam…
***
Ikki hasrat – ikki nigoh
Nogoh uchrashib qolsa –
Bordir senga savolim,
Bormi menga javobing?
Ba’zan, tunlar oralab –
Go‘shak achchiq yig‘laydi.
Kelarmi dil qoralab –
Ko‘nglim yo‘lga qaraydi.
Chuvalgan simlar aro
Jim ketgan baxtim manim.
Butun dun motamsaro,
Sen bo‘lib eslolar kim?!