Birinchi kitobim. She’rlar

1
1466

Kecha Yozuvchilar uyushmasida qator yosh ijodkorlarning ilk kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvaliga uyushmasi raisi S.Sayyid so‘zga chiqib, yosh shoirlarga dil tilaklarini bildirdi. So‘ng 15 nafar muallif birma bir sahnaga taklif etildi. Ularga chop etilgan kitoblari hamda qalam haqi topshirildi. Yangi kitoblar haqda Qozoqboy Yo‘ldosh so‘zga chiqib, mulohazalarini bildirdi. Taqdimot kuy-qo‘shiqlarga ulandi. Quyida birinchi kitobga kiritilgan sara she’rlarni taqdim etamiz.

Ay suygulim, bizning g‘amu
bardoshimiz ham birgadir,
Ishq o‘ti yondirgan shamu
quyoshimiz ham birgadir.
Ko‘zyoshimiz ham birgadir,
qo‘zlar piyolasida lim,
Ay suygulim…

Na arz bor ul dunyogakim,
qo‘ngil ekan dunyoyimiz.
Bu tan xokidan dil degan
oltin olar kimyoyimiz.
Ko‘ngilda nechuk ikkilik,
tanho ekan Ollo(h)imiz,
Mijgon xati — imloyimiz:
ko‘zlar o‘qurlar unda jim,
Ay suygulim…
Xatti nigohni naqshlagan
naqqoshimiz ham birgadir.

Hijron tunining oylari,
e-voh, to‘lin kelmish ekan,
Sen kelmasang, bu jonima
qanday o‘lim kelmish ekan?!
Shunday so‘lim kelmish ekan,
shunday so‘lim kelmish ekan,
Kelmishlaring rost bo‘lsa gar,
ming-ming o‘limdan ham so‘lim,
Ay suygulim…

Sen bor esang, men yo‘q esam,
Sen yo‘q esang, men bor esam,
Ketgin desang, kelgin desam,
Ketgum desang, kutgum desam,
Bu ishq siru asrorini
ko‘klarga irg‘itgum desang,
Bu dard ila ozorini
ko‘ngilga berkitgum desam,
Kelmog‘u ketmoq bahsida
taloshimiz ham birgadir…

Sevdim dedi, umrida bir
Rost so‘zladi sayron dilim,
Dunyoyilar nazdida shu
bir rostimiz yolg‘on, dilim,
Ey yor, sening ko‘chang iti
Bo‘lsinmi shu jayron dilim?
Sen holiga hayronsanu
o‘z holiga hayron dilim,
Mushkul dilim,
Oson dilim.
Abror dilim,
Osmon dilim.
Sevdim, tamom.
Ishqing uchun
Bo‘lsin fido bu jon-dilim
Sarson diling…
Sarson dilim…
Ay suygulim…
Ay suygulim…

Suhrob Ziyo (Qashqadaryo, 1996). «Ay suygulim»

***

Eshikni qulflayman.
Men — baxtli odam,
Tashqarida qolar dunyo — bozingar.
Tashnalab ruhimga ob-u havoday
Burchagida sana — tarix yozilgan —

Kaftimda sarg‘imtil, uvada surat.

So‘zimga mahliyo, shonimni sevmas,
Toyinsam tomosha, bo‘g‘ilsam bayram.
Tashqarida qolar badnafs devlar,
Tashqarida qolar hiyla-yu nayrang.

Kaftimda sarg‘imtil, uvada surat.

Tirqishdan mo‘ralar dilgir, jilvagar
Qonimga qonmagan telbavor orzu.
Ko‘ksimga cho‘g‘ bo‘lib tushmasa agar
Men eng yaxshi o‘g‘il bo‘lardim hozir.

Kaftimda sarg‘imtil, uvada surat.

Shamchiroq nurida o‘ngigan bo‘yoq,
Nimqorong‘i xona, xontaxta, guldon.
Charxpalak teskari aylanar go‘yo,
Bolalikka qaytib sultonman, sulton.

Kaftimda sarg‘imtil, uvada surat.

Nurmuhammad Aziz (Anjidon, 1990). «Zarif g‘ussalar»

***

HADIK

Uchrab qolsang, nima derkinman,
Senga yo‘llar yo‘llar o‘ng‘aysiz.
Shamollar ortiga berkinma,
Qovurg‘amdan bino bo‘lgan qiz!

Gunoh ichra ungan xotiram,
Gar gullasa qolgum dovdirab.
«Borliging» esimdan og‘dirar,
Qovurg‘amdan bino bo‘lgan qiz!

Oldingda aybdorman, vodarig‘,
Ayblarim o‘nglolmam og‘darib.
Yuzimda soddalik – soxtalik…
Qovurg‘amdan bino bo‘lgan qiz!

Ish-tashvishim boshqa, ishq boshqa,
O‘zgaraman bugundan boshlab.
Suvratingni chizdim ko‘z yoshdan,
Qovurg‘amdan bino bo‘lgan qiz!

Tog‘day alam bag‘rimni tildi,
Vafosi yo‘q hislarni bildim.
Tavba qildim.
Sen nima qilding?
Qovurg‘amdan bino bo‘lgan qiz!

Nurulloh Ne’mat (Anjidon, 1995). «Tong xumori»

***

Ishon, seni baxtga eltaman, gulim,
Yo‘llarim bir kuni bo‘ladi ravon.
Hozircha ko‘ngilning telbavash qulin
Toza hislaringga ko‘rmayman ravo.
Ishon, keltiraman moviy osmonni
Mayin qanotlaring ostiga shundoq.
Hozir mening alvon tayyoralarim
So‘qir so‘zlarimdek qolgan muallaq.

Men – bahor ishqida sarg‘argan o‘lan,
Kuzgi shamollarga mag‘lub, mustahiq.
Sendan hech narsani qilmayman talab,
Hali tuyg‘ularim chiqadir sahih.
Faqat shu ishonchni ko‘p ko‘rmasang, bas,
O‘zing panohingga olgin, ma’voyim –
Ruhimning qabargan terskaylaridan
Murg‘ak bola kabi boqqan avomni.

Kel, deb aytolmayman va yoki dadil
Huzuringga yeldek borolmam bu kun.
Bari qilmishimga istig‘for aytib,
Istiqbol so‘rolmam bir o‘zim uchun.
Bir siqim tuproqdan ko‘klar umidim,
G‘am to‘kkan ohorni etaman tavof.
Ishon, seni baxtga eltaman, gulim,
Yo‘llarim bir kuni bo‘ladi ravon.

Muhammad Siddiq (Farg‘ona, 2000). «Yohu»

***

Baxt tongi!

Bu tong bir ishq tug‘ilmish
birodar,
Bir shirin,
Bir toza,
Bir ozod,
Ruhimni eltadi O‘ziga
Ishqqanot!
Yellarning sochlarin tortqilab
Qushchalar salovat aytadi,
Sog‘inchrang ko‘ylakda ko‘nglinga
Baxt qaytadi!
Labimdan toshadi
so‘zlarim
Men aytsam
yuz aytim,
ming aytim,
Sarsari yillarning bag‘riga
She’r bo‘lib qaytdim!
O, bu tong
Bulutni quchoqlab
yozaman,
So‘zlardan arg‘umchoq
yasaydi,
Ko‘nglimning eng olis yerida,
Sen bilmas chaqmoqlar
yashaydi,
Bu tong bir ishq tug‘ilmish
Ming yillab kutgani bu dilning
Pichirlab yig‘layman ko‘nglimga
Xush kelding!
Xush kelding!
Xush kelding!

Xonzadabegim Jamalova (Toshkent vil, 1999). «Baxt tongi»

***

Yomg‘ir yog‘ar, malla sochim xo‘l,

Osmon tengsiz, men kabi yolg‘iz.

Yomg‘ir yog‘ar, odil hakam yo‘l –

Ikki ayro loy kechilgan iz.

Yomg‘ir yog‘ar, yurak yer timdar,

Iblis kelib cho‘kam qoshimga.

Yomg‘ir yog‘ar, jami g‘alvalar

Yog‘iladir mening boshimga.

Feruz Ne’matullayev (Navoiy, 1997). «Kabisa»

***

Toshkent chekkasida,

G‘arib binoda,

Beshinchi qavatda bir qiz yashaydi.

Garchi oshiq bo‘lib keldim dunyoga,

Sulaymon emasman.

Bilqis yashaydi.

Labi ham,

Ta’bi ham,

Qalbi ham nozik,

Sochlari qarodir qismatim kabi.

Bilaman, bizlarga visolmas yoziq,

Bilaman, shu erur ishqning talabi.

Sevgimiz hayotdir,

Ne kerak motam,

Bir ilinj ko‘yida ko‘nglim yashnaydi,

Kun ko‘rmay o‘tmoqda millionlab odam,

Beshinchi qavatda bir qiz yashaydi.

Ravshan Haqmurod (Qashqadaryo, 1993). «Yangi rivoyat»

***

TANOSIB

Ismingni ismimning yonida yozdim,
Yuzlarin berkitib kuldi tanosib.
Oqligi yanayam oshdi qog‘ozning,
Tunga oy,
Suvga soy,
So‘zga kuy
va kiyimga tugma munosib.

Kechaman. Kunduzsan. Sahar bu – visol.
Tuproqman. Ildizsan. Ishqimiz – nihol.
Yaqinman. Olissan, shunga ehtimol
Ismingni ismimning yonida yozdim.

Xayolim havoda suzmaydi yengil,
Na she’r bor, na ohang ,
turar iymanib.
Dastavval so‘z bo‘lgan,
So‘z beraman, kel,
Qo‘shiqlar to‘qiysan qishda kiygani.

Bu safar gullarni uzmayman, kechir,
Izhorim zarqog‘oz ostida bo‘lmas.
Bu gal may o‘rniga jasorat ichir,
Qutilmas baloga qolay, qutilmas…

Shamshirlar boshimga inmasmi ortiq?
Bu achchiq firoqdan bezdim, sirasi –
Jon shirin!
Diydor-chi?
Undan-da totlig‘!
Hozircha nasibam – isming shirasi.

Ismingni ismimning yonida yozgil…

Shahriyor ShAVKAT (Qashqadaryo, 1998). «Ruhim qushlari»

***

Sen yoqtirgan yomg‘irlar yog‘di,
Oynaga urildi vido shitiri.
Uyasi buzilgan qushday ruhimni,
Ololmadim uyga kiritib.

Bosgan izlarimiz ko‘lmakka do‘ndi,
Oqcharloq misoli uchdi nigohim.
Vo ajab, ko‘lmakdan nilufar emas,
Baqalar chiqardi boshini, mohim.

To‘r tashlab o‘tirdim baliqchi cholday,
Bisotimda qolgan xo‘ragim jondir.
Tilla baliqnimas, duridan ayri
Tutib qaytayapman chig‘anoqlarni.

Horg‘in odimlayman cho‘loq turnaday,
Ezilib yog‘moqda ezg‘invash yomg‘ir.
Teshik tovog‘iga tikilib uyda,
Umidvor kutadir qarimsiq kampir.

Bu kampir o‘lmadi, tinchitmas meni,
Boriga ko‘nmagan bu kampir — visol.
Gar tirik bo‘lsa u
ushbu dunyoda,
Mening ham tirikday yurmog‘im mahol.

Uyga kirib keldim, yana g‘alayon,
Ko‘chaga itqitar itdayin xo‘rlab.
Yo tanga kishanla, chiqarma meni,
Yo ruhim ol, mana, ey ruhi talab.

Bunday yashamoqqa majol qolmadi,
Yo kuch ber, yoki bu yuragim tinsin.
Kelgin, kutayapman, agar kelmasang,
Sen yoqtirgan yomg‘ir yog‘masin!

Sen yoqtirgan yomg‘irlar yog‘di…

Najmiddin Ermatov (Qashqadaryo, 1993). «Bo‘zla endi, bo‘g‘to‘rg‘ay».

***

TILSIZ ODAM

Nima qilay tilsiz odamman?
Zabonimni yuribman yutib.
Yo atrofdan olib andoza
Gapirmoqni qo‘ydim unutib.

Go‘yo Iskandarning sartaroshidek,
Axtaraman aytmoqqa quduq.
Tinglamoqqa va sir tutmoqqa
Bu dunyoning quduqlari yo‘q.

Ko‘rganimga yelka qisaman,
Yumib olib o‘tkir ko‘zlarni.
Men ko‘tarib yuribman… Xudo
Rahmat qilgan marhum so‘zlarni…

Xurshid Abdurashid (Qashqadaryo, 1995). «O‘sha men edim».

***

Bolalik

Bolalik — ortiga qaytmas turnalar,
Qo‘l silkib ketadi qator va qator.
Har safar yodimda ming xil turlanar,
Har safar o‘ylasam, o‘ylarim bedor.

Mehr nurlarini sochib sahardan
Muruvvat atalmish gulbog‘da o‘sdim.
Bugun-chi, diydasi qotgan shahardan
Muhabbat axtarib yuribman, do‘stim.

Sen neni izlaysan, men ne izlayman,
To‘qnashib ketadi orzu-istaklar.
Men Haqqa eltuvchi yo‘lni ko‘zlayman,
Seni shuhrat degan do‘sting yetaklar.

Chiptamiz bir xildir, makonimiz bir,
Ketmoqdamiz taqdir poyezdlarida.
Do‘stim, ko‘rishmoqlik nasib aylasin,
Muborak jannatning dahlizlarida.

Bolalik — ortiga qaytmas turnalar,
Qo‘l silkib ketadi qator va qator.
Har safar yodimda ming xil turlanar,
Har safar o‘ylasam, o‘ylarim bedor.

O‘zim yo‘ldamanu ko‘zlarim ko‘kda,
Kelar kuningizni ayting, turnalar.
Yerda yurganlardan ulfatim yo‘q-da,
Mening osmonimga qayting, turnalar.

Islomjon Qo‘chqorov (Samarqand, 1993). «Seni izlayman».

***

DENGIZNI SEVASAN…

Sen dengizni sevasan, hayhot,
Hayolingda alvon yelkanlar.
Ertakchidek tuyular senga
Dengizlarni ko‘rib kelganlar.

Men mavjlari ulkan dengizman,
Boshim Senda, poyonim hadsiz.
Sensiz men eng mashhur yolg‘izman,
Sog‘inchlari cheksiz, sarhadsiz.

Telbalardek chayqalar ruhim,
Sen bir suluv, men bir to‘pori.
Marvaridlar tutaman senga,
Agar kelsang ko‘ksimni yorib.

Sen dengizni sevasan, tamom,
Bu his go‘zal, bu his ko‘p yaxshi.
Orzu nedir bilarmi avom,
Tushunmaydi baxtimga qarshi…

Nigohlaring savolga to‘la,
Orzularga qo‘shilar g‘ayrat.
Mushtoqliging bilan bir yo‘la
Sog‘inchlaring keltirar hayrat.

Tuyg‘ular be tutqich, be ega,
Dunyolar tor keladir hisga.
Dengiz o‘yi qayerdan kelgan,
Daryolarni ko‘rmagan qizga?

Sen dengizni ko‘rmoqchisan, bas,
Haqiqatga aylanar tushlar.
Kelmoqdasan daraklaringni,
Yetkazmoqda chag‘alayqushlar.

Osmonlarga tutash bo‘lsam ham,
O, ishqimning bo‘yidan pastman.
Yo‘llaringa mushtoqman lekin,
Tashrifingga tayyor emasman!

Sen dengizni sevasan, menchi,
Men! Dengizga aylanaman, kel!
Yaqin qolding ortar sevinchim,
Iforingni keltirmoqda yel.

Tushlaringni kezinasan teng,
Tun. Jimgina orom olasan.
Tong. Dengizga aylanaman, sen
Ummonlarni sevib qolasan!

Men sochilib ketaman tamom!

Niyatullo Elbek o‘g‘li (Navoiy, 1994). «Ko‘nglimdagilar»

***

Tug‘ilib yashamoq boshlanar,
Tosh boshing ming bora qashlanar.
G‘iybating qilishga tashnalar,
Orqamdan yurmagin, maydagap.

Ta’qibingdan qayga qochaman,
Ummonmas, bir hovuch ko‘lchaman.
Kel, senga yuragim ochaman
Orqamdan yurmagin, maydagap.

Do‘stimga o‘xshaydi turishing,
G‘amlarim eslatar kulishing.
Ko‘ksimga xanjarni urishing
Orqamdan yurmagin, maydagap.

Sadoqatni xarob etgan sen,
Hasad etagidan tutgan sen,
Ko‘plarning boshiga yetgan sen
Orqamdan yurmagin, maydagap.

Birovdan minnatu ta’nam yo‘q,
Besh kundan so‘ng senam, menam yo‘q.
Qon bilan yozguvchi qalam yo‘q
Orqamdan yurmagin, maydagap.

Alisher Aliqulov (Samarqand, 1985). «Ko‘ngil tomchilari»

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting