hikoya
Butun kollejda qattiqqo‘lligi bilan dong taratishga ulgurgan bu o‘qituvchining ishga kelganiga hali to‘rt oy ham bo‘lgani yo‘q. Yoshi 24-25 lar atrofidagi, oqish va tiniq yuzli, ozg‘in, bo‘ylari uzun, Yevropa odamlarini eslatadigan bosh kiyimi tagidan ko‘rinib turgan sochlari jingalak bo‘lsa ham o‘ziga yarashgan, tuflisi doim yaltirab turadigan, xushsurat bu yigitcha ko‘pincha qovoq osib, ammo o‘ziga yarashadigan jiddiy qiyofada yuradi. O‘quvchilar uning kulganini kamdan kam ko‘rishgan, shuning uchunmi, undan qandaydir haymiqish his etishadi, ko‘rganlarida, ayniqsa, qizlar bir-birlariga uni ko‘rsatadilar, qo‘rqqanlaridanmi yo kelishgangina yigitligidanmi ular biroz uzoq termulib qolganlarini, o‘zini o‘ta sipo tutganlarini bilmay ham qoladilar. Boshqa hech qaysi darsga o‘quvchilar tarixga tayyorlanganchalik tayyorlanib kelishmaydi. Sal kam ellik yillik mehnat tajribasiga ega kimyo o‘qituvchisi Dilbar Akbarovna, butun kollejda “anakonda” deb nom olgan rus tili o‘qituvchisi Anastasiya Spanovna ham “tarixni suv qilib ichvorgan” yoshgina Mirkamol ishga kelgach, og‘izlardan tushdi. Ularning qattiqqo‘lligi, talabchan va “zahar”ligi unutildi…
Mirkamol intizomsevar o‘qituvchi bo‘lishga intilar, nafaqat darsida, balki, jamiyat yumushlarida ham ma’suliyatni chuqur his etar edi. O‘zi tarixchi bo‘lishiga qaramay tilni g‘oyat yaxshi ko‘radi. O‘z darsida u hatto bir qiziq qoida o‘rnatdi: agar kim dars davomida o‘zbekchani buzib gapirsa, yoki chet so‘zini aralashtirsa, yuz varoqlik ikkita daftarni o‘sha “buzgan” so‘zinining to‘g‘risini yozib to‘ldiradi. Qishloqdan qatnayman yo‘lda ,,propka” bo‘lib qoldi,- deb bahona qilgan o‘quvchi xuddi shunday qilib, ikki daftarga “propka- tiqin” deb yozib chiqdi. O‘qituvchilar xonasida shu masala muhokama bo‘layotgan pallada kirib qolgan Mirkamolga:
-Mirkamo-ol, manam ona tili o‘qituvchisiman, bolaga jabrmasmi bu?- dedi nozlangansimon ohangda Saodat Hamrayeva.
-Iya, opa, siz tilshunos bo‘la turib shu gapni qanday gapiryapsiz?! Nimasi jabr? Aslida, siz bilan mening beparvoligimiz orqasidan tilni shallaqi holatga olib kelib qo‘yganimiz millat uchun jabr emasmi, kelajak uchun jabr emasmi? Hali bola ,,propka bo‘lib qoldi” desa, ,,pavtaret qilvolay” desa, ,,problemam chiqib qoldi”; siz bilan biz bo‘lsak, ,, senlar aktivsanlar, senlar passivlar, ,,kanikulda nima qilding?”, ,,nega ota-onang kontrol qilmaydi? deb ularni miyasini boyitaversak, Xudo xohlasa, yaqin yillarda tilimizda o‘zbekcha so‘z ham qolmasa kerak.
-Voy, uka-am, siz bilan man to‘g‘ri gapirishni o‘rgatganimiz bilan bola madaniyatli bo‘lib qolarmidi, tilini sevib qolarmidi?! Biz bosh qotiradigan ishmas bu! O‘zini spetsalistlari qilsin buni.
-Hamma balo shunday o‘ylaganimizdan o‘zi. “Menga nima, mening ishimmas bu, men hamma emasman” qabilida ish ko‘rish ,,Men odam o‘ldirmaganim bilan dunyoda jinoyatchilik tugab qolmaydi” deyish bilan barobar emasmi?! Mana siz, baraka toping, kollej hududidan o‘quv qurollari sotishga ruxsat olib, bir xona egallabsiz, o‘quvchilar uchun juda yaxshi ish qilgansiz. Lekin katta-katta qilib eshikka ,,Konstovarlar” deb yozib qo‘yibsiz. ,,O‘quv qurollari” deb yozilsa, hech kim oshxona deb tushunmas, axir. Menga qolsa, butun kollejda shunday qonun o‘rnatardim. Kerak bo‘lsa o‘nta daftar to‘ldirtirardim. Ammo o‘qituvchilarga boshqacharoq jazo topish kerak. Daftar to‘ldirish nima, kishi o‘z ona tilisi uchun fido bo‘lsa arziydi. Pashsha odam uni o‘ldirishga bir necha bor urunganini bila turib, uning boshida aylanaveradi. Oxiri odam uni o‘ldiradi. Odam ham milliy ruhini o‘ldiradigan narsalarga bila turib yopishadi.
Mirkamolning birov bilan ko‘p hazil-huzil qiladigan odati yo‘q, lekin shunday masalalar qarshisida til tishlab turolmaydi. Aksincha, gapi qizib, peshonasidan ter oqadi. Hali yangidan ishga kelgani uchun hamksablari uning fe’lini bilmas, jiddiyligiga qarab ehtiyotkor muomala qilishar edi. Hozir esa xonada ulardan tashqari to‘rt–besh o‘qituvchi bo‘lsa ham, ular mavzuga aralashishmadi. To‘g‘risini aytganda, Mirkomilga qarshi bir narsa deyish uchun ularda fikrning o‘zi yo‘q edi. Boshqa safarlardagiday bilsa-bilmasa luqma tashlab, tili qayrilib qolishidan qo‘rqishdi. Ovozi balandlab tashqariga eshitildi chog‘i, direktor xonaga bosh suqib kirdi, Mirkomil gapirayotganini bilib turib, boshqalarga savol nazari bilan qaradi:
-Tinchlikmi?
-Yosh kadrimiz qonun o‘rnatmoq istagidalar, — dedi boyagi gap yeb turgan Saodat Hamrayeva piching aralashtirib.
-Qanaqa qonun,-dedi direktor jiddiy qiyofada?
-O‘zbekchaga chet so‘zlarni arashtirib gapirgan o‘qituvchini fido qilamiz,- yana ona tili o‘qituvchisining o‘zi javob berdi. Direktor xuddi nemis bilan gaplashayotganday gapni tushunmadi, boshini yelkasi bilan birga orqaga tashlab g‘udungladi:
-Qanday pido qilasiz?
— Jazolaymiz! Shuhrat Nazarovich, Mirkomil tilimizning shuhratini shu yo‘l bilan dunyoga yoyamiz deyapti. Direktor ,,shuhrat yoyish” iborasidan so‘ng masalani biroz anglaganday bo‘ldi-yu, Mirkomilga yon bermoqchi bo‘ldi.
-To‘g‘ri aytibsiz, o‘g‘lim, kaneshna, shunday qilish kerak. Shuhratini yoyish kerak. Siz meni kabinetimga boring, birga ishlab chiqamiz nizomini.
Endi Mirkamolning jazavasi haqiqatdan ham tutdi. Ammo o‘zini juda bosiq ushladi, tishini-tishiga qo‘ydi, dona-dona qilib direktorga tushuntirdi:
-Yo‘q, Shuhrat Nazarovich! Saodat Hamrayeva hazil qildilar! Men maktabdagi katta-katta daraxtlarning bukri o‘sgan shoxlarini kesib, yo‘q qilish haqida gapirayotibman! -U shunday dedi-yu, og‘zi to‘rvaday ochilib turgan direktordan javob ham kutmay darsiga chiqib ketdi. O‘sha voqeadan so‘ng uni orqavarotdan hamkasblari ,,zakunchi” deb ermaklaydigan bo‘lishibdi. Mirkamol buni ancha keyin bildi. Eshitgangach, albatta, jahli chiqqani bor gap. Ammo unga laqab taqqanlari emas, laqabni ham buzib qo‘yishgani alam qildi. He, savodingga ot tepkurlar, ,,Qonunchi” desanglar, o‘larmidinglar”,-der edi u o‘ziga-o‘zi.
Zalda qiy-chuvlashib yurganlar birdan tichlandi, o‘zlarini chetga olib go‘yo yo‘l berishdi. Mirkomil ularning yonidan ularni ko‘rmagan kishidek tez qadamlar bilan o‘tib ketdi. Dars o‘tiladigan xonaga har doimgidek boshidagi «kepka»ni yechib kirdi. Odatdagidek, o‘quvchilar allaqachon xonaga kirib darsga tayyorlanyapti.
U soatiga nazar tashladi –hali dars vaqti bo‘lmagan; o‘rnidan turib uchinchi qavatdagi joylashgan o‘quv xonasining o‘ziga yaqin derazasi yoniga bordi. Odatdagiday qo‘llarini shimining cho‘ntagiga solib, tabiatga termulib qoldi: Kuz oyoqlab boryapti… butoqlarda qolgan sanoqli barglar yiqilayotib ming-bir o‘y o‘ylayotgandek manzara kasb etadi, yerga tushib axiyri suruna-suruna xazonlik qismatiga ko‘ngan kabi tinchib qoladi. Kuz faqatgina bargning to‘kilishi-yu, yalang‘och daraxtlar,ho‘l barmoqlari bilan derazani uzoq silaydigan yomg‘irlar, to‘zg‘ib yotgan tabiatdangina iborat emas, aslida. Mirkamol ,negaligini o‘zi ham bilmaydi, ayni faslda undagi shundoq ham mavjud bo‘lgan ta’bi xiralik, tushkunlik va sokinlik yanada kuchayib ketadi. Yaqinlari, umuman, odamlar bilan kam munosabatda bo‘ladi. Hech kimni uzoq tinglolmaydi, odamlardagi arzimas dard-fig‘onlar,yolg‘ondakam kuyunchak hislarga toqati yo‘q. O‘ziga-o‘zi ba’zan: “Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi, yo tosh asrida-yu,uyg‘onish davrlarida ham, Jahon urushlari, ocharchilik va vabo zamonlarida ham odamlar ovuldosh, qabiladoshini sotib,quroldosh-hamkasbining orqasidan fasod sachratib, kimningdir og‘ir ahvolda ekanidan foydalanib, otning o‘limi –itning bayrami aqidasida yashashganmikan?!” deb savol beradi.
Nega g‘iybat urfdan qolmaydi, nega ikkiyuzlamachilik libosi eskirmaydi, nega nolish o‘lmas qadriyat sifatida, hozirgi bema’ni qo‘shiqlarday har yerda hozir-u, shukr azon ovozidek elas-elas quloqqa chalinadi?! Uning sarhadsiz o‘ylarini jimjit xona, kitobga egilgan boshlar uqolmaydi; chalingan qo‘ng‘iroq ovozi uning ruhini tashqaridan yulib olib, dars xonasiga uloqtirib tashlaydi. Mirkamol endi o‘quvchilari tomonga yuzlanadi, qo‘llarini cho‘ntagidan chiqarib, qo‘l soatiga razm tashlab qo‘yadi. Ayni qo‘ng‘iroq ovozi tinmasdanoq bir qiz xonaga kirdi. Yugurib kelayotani nafas olishidan sezilib turgan bu qiz salom berishga berdi-yu boshqa so‘zga majoli yetmadi shekilli tez-tez havo olib, ko‘zini yerga qadadi. O‘qituvchi ham boshi bilan hafsalasizgina o‘tir ishorasini berdi. Rasmiy so‘roq-javoblarni tezgina yakunladi.
-Boshla, Ulug‘ova, -dedi oxiri sinfga kirgan boyagi qizga ko‘zini tikib.
-Men o‘qiyolmadim, domla…
Bir ko‘ngilsizlik bo‘lishidan qo‘rqqan kabi hamma birdan Komilaga qaradi. Uning nigohida qo‘rquv, pushaymonlik emas, aksincha o‘ta beparvolikka o‘xshash bir holatni ko‘rib o‘qituvchi tutoqa boshladi:
-Nega o‘qiyolmaysan, nima haqqing bor sening o‘qiyolmaslikka?
-To‘g‘ri, domla, haqqim yo‘q. sababi bor, domla… o‘zingizga aytaman xohlasangiz…
-Nima sabab bo‘lishi mumkin o‘quvchida, uxladim deb qo‘ya qolmasanmi? Sening bahonangni eshitishga vaqtim yo‘q, nimaga kelding unda? Ota-onang qizim o‘qiyapti deb gerdayib yuradi, senlar esa ham o‘zingni ham ularni aldab yurasanlar…
Shunda qizga birdan jon kirganday bo‘ldi, ovozini baland-baland qo‘yib, hech ko‘ziga qarashga botinmagan o‘qituvchiga ko‘zlarini qadadi:
-Domla, mani dadam hozir o‘lim to‘shagida yotibdilar, kecha hammamiz umidizni uzib bo‘lgan edik. Xudoga shukr, o‘lmadilar. Dadam jon talashib ko‘z o‘ngimda yotsa, qanday qilib dars qilish ko‘nglimga sig‘adi, siz mani o‘rnimga o‘zingizni qo‘yib ko‘ryapsizmi o‘zi?! -U birdan bo‘shashdi-yu haftalab, oylab, balki yillab asrab, yashirib yurgan yoshlarini ortiq tutib turolmadi. Nafaqat o‘zi, butun kursdoshlari ham ko‘zidan yumalayotgan yoshlarini artishga jur’at qilolmadi. U o‘qituvchiga savol berib so‘zini yakunlagan esa-da, undan javob kutmadi. Ko‘zlarini ayanchli holda to‘sdi-yu, ho‘ngrab yubordi. Mirkamol birinchi marta o‘z o‘quvchilari oldida muvozanatni yo‘qotdi, mag‘lubligini, o‘ta xunuk tarzda yengilganini his qildi. ,,Hammaning boshida bor…” U bu gapni ichida aytdimi yo Komilaga eshittirib aytdimi, bilmaydi. Dalda bermoq istadimi, yo o‘zini oqladimi buni ham bilmaydi. U o‘ziga qarab turgan ko‘zlarga ortiq dosh berolmadi, eshikdan tashqariga otildi. Birdan esiga nimadir tushganday cho‘ntagiga qo‘l soldi: kalit. Zalning oxiridagi hujjatlarini saqlash, mustaqil ishlar qabul qilish va o‘quvchilar bilan yakka ishlash uchun unga berilgan kichkinagina xonaga tezlik bilan kirdi-yu, orqasidan birov quvayotgandek ichkaridan kalitni ikki marta aylantirdi.
“Men ham odammanmi?! Hozirgina, millat, xalq deb jon kuydirib va’z o‘qigan men emasmidim? Hammani ko‘rsavodga chiqarib, o‘zimni oqil, orif sanaydigan men emasmidim, axir?! Tilimizning buzilishi haqida gapirib, bir bandaning ko‘ngli buzlishi Ka’baning vayron bo‘lishiga qiyoslanganini unutib qo‘ydim-a? Hayot faqatgina mening bir so‘mga qimmat darsimdangina iboratmidi? Uning menikidan-da zolim, shafqatsiz, ayanchli darslari borligini bilardim-ku… Axir, o‘zim bundan-da battarroq saboqlarga duch kelmabmidim, ularga taslim bo‘lishimga bir bahyagina qolgani rost edi-ku…”
Mirkomilda litseyni bitirar pallalar birdaniga harbiy xizmatga borish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Uch yil davomida faqat a’lo baholarga o‘qigani, qo‘shimcha ravishda alohida fanlardan pullik darslar o‘rganganiga qaramay, hammaga o‘xshab o‘qishga kirolmasam, armiyaga ketaman, harbiy imtiyoz bilan qaytib, o‘qishga topshiraman demadi. Otasi: ,,Birinchi yil topshirib ko‘r, kirolmasang, jo‘natamiz o‘zimiz”,- deyishiga ham ko‘nmay hujjat tayyorlashga tushib ketdi. O‘qituvchilari ham uning talaba bo‘lishiga umid bog‘lab turgan emasmi, rosa norozi bo‘lishdi. “Men o‘qishga kirish uchun xizmatga bormoqchi emasman, oliy ma’lumotli bo‘lvolib, bir oylik xizmatim bilan ko‘kragimni kerib yurishga uyalaman. Agar urush zamonida tug‘ilganimda ham ikkilanmay ketardim”,- der edi u o‘ziga qaratilgan fikrlarga qarshi. Harbiy xizmatga borganiga bir oy ham bo‘lmasdan, hayotini tumanlashtirib yuborgan bir voqea bo‘ldi-ki, har eslaganida allaqayerlari zirqiraydi. Bo‘g‘zigacha nimadir to‘lib keladi-yu, yig‘lolmaydi.
Mirkamol bilan bitta xizmat bo‘lmasida uning familiyadoshi, ismi ham o‘xshash –Mirkomil ismli vodiylik yigit bor edi. Kunlarning birida ertalabki nonushtadan so‘ng unga shoshilinch uyiga javob berishdi. ,,Telefon bo‘libdi, otasi qazo qilib qolganmish” degan gap tarqaldi. Tushdan bir-ikki soat o‘tib yana qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Anglashilishicha, ertalabki qo‘ng‘iroq vodiylik Boboyev Mirkomil uchun emas, samarqandlik Boboyev Mirkamol uchun bo‘lgan. To janozaga hamma narsa shaylanib, vaqti belgilanganicha marhumning kenjasi hech kimning xotiriga kelmagan. Favqulotda o‘lim sabab miyasi gangib qolgan qarindoshlar shoshilib, aniqlik ham kiritishga urunishmay, ism-familiyani aytib, otasi vafot qilib qoldi, iltimos tezroq yuboringlar deb harbiy bo‘linmaga qo‘ng‘iroq qilishadi. Ular qaydan ham bilsin bunday o‘xshash ismdagi askar ikkita ekanligini. Shunda komandirlarning birgina xatosi sabab vodiylik Mirkomil tirik otasining janozasiga ketgan, borib otasining tirik ekanini bilgungacha adoyi tamom bo‘lgan.
Mirkamol hodisani eshitib, yana anglashilmovchilikdir deb umid bog‘ladi. Komandirlarning ,, dadang falon kishimi, palon yerda ishlardimi, balandlikdan yiqilib…” degach, hammasiga amin bo‘ldi-yu, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi. ,,janoza soat uchda deyishgan edi, shoshil, uka, bandalik ekan…” bo‘lar ishning bo‘lganini tushungan Mirkamol hech –sa so‘nggi bor otasini ko‘rmoq ilinjida yugurar, aksiga olib yo‘llarda nimagadir, avtolar to‘xtab qolar, xayolida sekin harakatlanayotgandek tuyilar edi. Dam –badam hamrohlaridan vaqtni so‘rar, hech qancha vaqt qolmaganidan yuragi yonib, nafas olishga qiynalar edi. nahot endi u dadasini qayta ko‘ra olmasa, uning ter hidi angib turadigan yelkalariga, moy aralash tars-tars yorilib ketgan qo‘llariga qo‘lini tekkiza olmasa, o‘g‘lim, men sen uchun harakat qilyapman, men borman-ku, men tirikman-ku, deb dalda beradigan yakka insonini yo‘qotgani rost bo‘lsa-ya… U bilardi, hech kim, hech narsa abadiy emasligini, bir kuni otasidan ham, onasidan ham ajrashini bilardi. Ammo nega bunday tarzda? Nega buncha erta, bu qadar g‘irromlik bilan? Uning kenjasini uylantirmay, nevara ko‘rmay, sochiga oq tushmay o‘lishi, farzandlari esini taniganidan buyon dam olish, yangi kiyim kiyish,to‘y-bayramlarda qatnashib ko‘ngil yozish nimaligini unutgan odam uchun qismat shumi? Qaydadir o‘qigan bir fikr miyasiga o‘rladi: ,,Hamma yaqinlaring o‘lmayman deb aldab ketadi…” uning dadasi o‘g‘lining: ,,Dada, mening pulim yetarli, hamma narsam joyida, siz o‘zingizniyam o‘ylang, ozroq dam olib ishlang, hech kim sizni mehnatingizni qadrlamaydi, o‘sha sizga ishonib, sizni maqtab ishini bitirayotgan xo‘jayinlaringizni sizga joni achimaydi…” deb kuyinishiga javoban ko‘p aytgich edi. ,,Se-en o‘ylama, hali dam oladigan vaqt ham keladi, yuradigan paytimiz ham, to‘ylaydigan kunlar ham, yangi kiyimlar kiyadigan pallalar ham keladi, seni rohatingni ko‘rmay o‘lmayman, shundaymi, ayasi…” Mirkamol esini tanibdiki, dadasi biror marta o‘z tug‘ilgan kunini oilasi bag‘rida nishonlamagan. Biror marta ham. Har safar butun oila uning kelishiga umid bog‘lab, o‘zlaricha tayyorgarlik ko‘radi, sovg‘alar tayyorlashadi, ovqatlar pishirishadi, hatto mehmon ham taklif qilishadi, ammo dadasi kelolmaydi. Ish degan dunyoning ermagi bor bo‘lsin ekan-da, u odamzotni odamzotdan yiroqlashtirib-yiroqlashtirib, oxir ayirib olarkan, butun umrga ayirarkan. ,,Dada, yana kelmadingiz-a,- deydi bolalar xafa bo‘lib,- ishingizni bizdanam ko‘p yaxshi ko‘rarkasiz-da!” Nima u atay kelmas edimi, u ham o‘z farzandlarini bir davrada ko‘rib, ularning og‘zidan shirin tilaklar eshitishni, ,,Baxtimizga bor bo‘ling”,- deyishlarini xohlamasdimi? Odamning eng qayg‘uli damlarda ham ko‘ziga yosh kelmasligi mumkinmi? Mirkamolning butun jismi olovsiz jizg‘anak bo‘layotgan esa-da, ko‘ziga yosh kelmasdi. Balki, so‘nggi bor ko‘rishga oshiqayotgani, shoshilayotgani uchun ham shunday bo‘layotgandir. Qishloqqa yetgach uyigacha piyoda kiradigan besh-o‘n minutlik yo‘l asrlarga teng bo‘lib ketganday bo‘ldi, tomog‘i qurib, nafasi qisa boshladi, oyoqlari qaltirab, yugurish o‘rniga emaklay boshadi. Shundoq yo‘l yoqasidan to‘lib oqayotgan ariqdan betiga, ko‘kraklariga suv sepdi. U kechikkan edi. Oxirgi diydorlashishga ham kechikkan edi. Janozaga bosh-qosh bo‘lgan amakisi ,,Nima qilamiz, vaqt bo‘ldi, o‘g‘lini kutamizmi?”-deb so‘raganlarga ,,Mayitni mahtal qilib nima naf, o‘g‘li kelganda ham endi hech narsa o‘zgarmaydi”,- deganmish. Onaizor bo‘lsa u kelishi bilan: “Bola-aam, bor, chop dadangni o‘zing qo‘ling bilan qo‘y qabriga, senga to‘ymay ko‘z yumdi sho‘rlik, yugur bolam, yugur, endi bo‘lar ish bo‘ldi, jon bolaaam… sho‘rimiz qurib ketdi, dadang yolg‘onchi, yolg‘onchi ekan, hammani aldab ketdi. Bizni boqolmadi, ko‘rdingmi, boqolmadi, yugur, ulgurasan, yugur…” -deb yolvordi.
U qabriston darvozasiga yaqinlashganda odamlar qabrga chim bostirib bo‘lib, endi tilovat o‘qish boshlangan edi. temir panjarali darvozaga suyanib qolgan, butunlay toliqqan Mirkamol butun kuch-madorini to‘plab hayqirdi, buni hayqiriq deb ham bo‘lmaydi, nola desang nola ojizlik qiladi uning alamli chinqirig‘i oldida… “Nima haqqilaring bor, nomardla-aar, nima haqqilaring boo-r! “mensiz ko‘mishga nima haqqinglar bor, insofsizlar…” u shunday deb bor ovozi bilan qabristonnni larzaga keltirdi, o‘sha gaplarni takror-takror aytib qabrga yaqinladi. Tilovat qilayotgan domla birdan jim qoldi. Yo‘lidan chiqqan amakisi uni to‘xtatib quchoqlab olmoqchi bo‘ldi, Mirkamol uning yuz-ko‘zlariga musht tushirib tashladi. Amakisi uni turib turolmadi. Akasi ,,Esingni yig‘, Mirkamol, o‘zingni tut, bo‘lar ish bo‘ldi”,-deb yelkalariga yopishni, ammo u akasini ham surib tashladi, boshqalar esa unga yaqinlashishga qo‘rqdi, rahmi keldi, yuragi dov bermadi. U qo‘llari bilan tikanli chimlarni timdalar, barmoqlari qonab ketganini his etmas, jon jahdi bilan qabrni ochishga urunar edi. Qabr tepasida turgan domlaning “mumkinmas, o‘zingizni tuting, bu mumkin emas”,- degan pandlari qulog‘iga kirmasdi. U faqat bir gapni takrorlardi: ,,Nima haqqing bor, nomardlar”. Uning bu harakatlari uzoq davom etmadi. Qo‘llari qaltirab, ko‘zi qorong‘ulashdi-da qabr tepasida, go‘yo dadasini quchgan kabi qo‘llarini qulochlagancha ko‘zlarini yumib, hushidan ketdi. O‘shandan beri amakisini kech kechirolmaydi.
Hozir dars xonasida bo‘lgan voqea unga o‘zining boshidan o‘tganlarini eslatdi. Komilaga qanday og‘ir ekanini his qildi. Xudoga shu bir o‘ksik qizning ko‘ngliga ro‘shnolik tilab yolvordi, uning otasi omon qolishini so‘radi.
O‘sha kuni tunda Komilaning otasi omonatini topshirdi. Ertalab kollejga kelib hodisadan xabar topgan Mirkamol butunlay tinchini yo‘qotdi. Ko‘z o‘ngidan Komilaning chorasiz nigohi, quyuq ko‘z yoshlari, ayanchli yuzi ketmadi. Kechasi ham uxlolmadi. Ertasi kuni Komilaning guruh rahbarini olib, ko‘ngil so‘ragani bordilar. Darvozaxonada kelib-ketayotgan erkaklar uchun stol-stul qo‘yib tayyorlangan joyga o‘tirarkan, uning ko‘zlari Komilani izlar edi. Agar ko‘zlar orqali hamma gapni aytish mumkin bo‘lganida, u ko‘zlari bilan Komiladan o‘tinib kechirim so‘rar, butun ko‘nglidan o‘tganlarini unga bildirardi. Marhumning nima sababdan olamdan o‘tganini Komilaning amakisi o‘tirganlarga hissizgina bayon qilib berdi. Ancha yillar avval, hali endi uylangan kezlarida bir buyragidan ayrilgani, bitta buyrak bilan shuncha yil azobda yashagani, oxiri omatini topshirganini aytganda Mirkamol piyola tubida qolgan oxirgi ho‘plamni ham yutishga jur’ati yetmadi. Balki, biroz yengil tortarman degan o‘yi xato chiqdi. Endi u Komilaga qanday qilib bo‘lmasin dalda bo‘lish, dardini aritish yo‘lini qidirar edi. Shu bilan Komila qariyb bir oy maktabga kelmadi. O‘sha yili qish ham yomg‘irlar mavsumi bilan boshlandi. Dekabr edi. uchinchi juftlik uning uchinchi kurslarga darsi bor edi. Mirkamol doimgiday o‘z xonasiga o‘n daqiqacha avval kirdi. Salom bergan o‘quvchilar orasida allaqanday siniq, tanish, yuraklarining bir burchida yotgan og‘riqlarni uyg‘otgan ovoz uni birdan o‘quvchilar tomonga yuzlanishga majbur qildi. Shundoq birinchi partada uni ko‘rdi. Aza libosida bir burdagina bo‘lib qolgan, yuzlari rangsiz, ma’sum hamda ifodasiz ko‘zlarini pastga qaratib turgan Komilaga gunohkor bir alfozda qaradi. O‘zini tutishga urindi. Dars tugab hamma chiqib ketayotganida ham Komiladan ko‘z uzolmadi, biror gap aytib, ko‘ngil ham so‘rolmadi. Hamma ketgach, ancha payt o‘ylanib o‘tirdi. Shu orada eshik ojizgina g‘iyqillab, Komila ko‘rindi.
-Domla, yomg‘irpo‘shim qolib ketibdi, olsam maylimi? -Dovdirab qolgan Mirkamol nima deyishini bilmay miyasiga kelib qolgan gapni aytdi:
-Yomg‘ir yog‘yaptimi, ko‘p yog‘yaptimi demoqchi edim…
-Ha, biroz tinsa, ketaversam ham bo‘lardi, hech tinadiganga o‘xshamayapti, shunga qaytib kirishga majbur bo‘ldim. -U yomg‘irpo‘shini parta tagidan olib, eshikka yaqinlaganida Mirkamolning tili kalimaga keldi:
-Ulug‘ova! Senga hamdardman. Bilaman, hamdardlik biz o‘ylaganchalik jo‘ngina so‘z emas. Kimgadir hamdard bo‘lish uning dardini butun vujudi, ruhi, sezimlari bilan his qilish degani. Ishon, men senga rostan hamdardman. Seni o‘sha kuni… o‘zimni haliyam kechirolmadim… Bilmadim, sen…
Komilaning ko‘zlariga yana yosh keldi, ammo bu safar u yuzini to‘smadi, yoshlarini artishga, yashirishga-da urinmadi. Eshikka suyangancha so‘zsiz, majolsiz o‘qituvchisini tingladi. U hech qachon tarix o‘qituvchim mendan kechirim so‘raydi, menga dalda bo‘ladi deb o‘ylamasdi.
-Ustoz, men sizdan sira xafa emasman. Men o‘zim o‘shanda sizga hurmatsizlik qildim. Siz bilmagansiz-ku, o‘sha paytda. To‘g‘rimi? -U entikib-entikib so‘zlardi.
-Yig‘lamang, agar ko‘z yosh odamlarni qaytara olganida, asray olganida dunyoda hech kim yaqinidan ajramagan bo‘lardi. Balki, men ham… Dadangizni orzularini amalga oshiring, onangizni asrang, mendan nima yordam kerak bo‘lsa, ayting, tortinmang,- Mirkamol negadir sizlab gapira boshladi.
Komila yoshlarini artib, eshikka suyangancha nimadir demoqchi bo‘lardi.
-Menga nimadir demoqchimisiz?
-Ustoz, dadam o‘sha tun qo‘llarimdan ushlab ,,Qizim, sen o‘qishing kerak, sendan orzularim katta edi, o‘qishingni tashlab qo‘yma…” deb tayinlagandilar. Menga qo‘shimcha dars o‘ting, sizga o‘xshab tarixchi bo‘lmoqchiman, maylimi, iltimos sizdan,- u birdan to‘lqinlanib ketdi, uning butun imkoniyati bilan o‘qishga shayligini ko‘zlari aytib turar edi.
-Mayli, faqat menga o‘xshagan yomon tarixchi bo‘lmang, xo‘pmi?
Ular birdaniga kulib yuborishdi. Shundan keyin Komila tarix fakultetiga o‘qish uchun tayyorlana boshladi. Unga qo‘shilib yana o‘ntacha o‘quvchi ham Mirkamoldan dars oladigan bo‘ldi. Komilaning ham kun sayin chehrasi ochila bordi, Mirkamol ham qilgan xatosini tuzatayotganini, ruhidagi tushkunlikdan xalos bo‘layotganini his qila boshladi. Ko‘klamga chiqib Komilada boshqalarga qaraganda yaxshiroq natija seziladi boshladi. Mirkamolni bir tomondan undagi intilish quvontirsa, ikkinchi tomondan undan-da ko‘proq Komilaning yaralari unut bo‘lib borayotgani, yana yuzlariga hayotga bo‘lgan muhabbat, orzularga ergashish hissi oshishi sevintirar edi. U endi avvalgiday ustozidan tortinmas, erkin so‘zlar, Mirkamolning ham ko‘ngliga ko‘klam ajib hislar uyg‘otgan, ruhi tetik, o‘quvchilariga mehribon edi. Ammo unga bir o‘y tinchlik bermasdi. Buni na birovga ayta olar, na miyasidan tashqariga chiqarib yubora oladi. Ba’zan shu sabab o‘zidan nafratlanib ketishi ham bor gap. Chunki bunga o‘zini haqsiz sezadi, o‘ylaganida ko‘ngli xira tortadi. Lekin, baribir, uni ko‘rganida bu xiralik o‘rnini dilxushlik egallab oladi. Nima qilsin, axir, bu sevgini u qo‘llari bilan yasamadi-ku, aqli bilan uyushtirgani ham yo‘q, yuragi bilan, butun sezimlari bilan his etdi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, Komilaning ko‘ngli yigit uchun tun edi, anglovsiz sir edi… Bordi-yu, u ham Mirkamolga kamoli ixlos bog‘labgina qo‘ymay, yuragidan ozgina bo‘lsa-da joy ajratgan bo‘lsa, qaniydi, ammo bunday bo‘lib chiqmasa, bu ming karra azob! Azob bo‘lganda ham ishq azobi, judolik azobi, rad etilgan izhor, sovurilgan e’tibor, yo‘qotilgan ehtirom, ishonch azobi uning yuragini tinch qo‘ymasligi ayon. Endi nima qilmoq kerak?! Mirkamol tobora o‘zini boy berib bormoqda edi. Agar buni oshkor etsa, ,,Menga bo‘lgan hamdardliging shumidi, yordaming shu edimi?”- demaydimi? Aytmaganda ham uning tubanligi sabab ich-ichidan ichikadi-ku!
Mana, yana atrofga kuz o‘z sepini yoyishni boshladi. Mirkamol yolg‘iz o‘tiribdi. Uyning asosiy qismidan ayricha qurilgan, pastqamgina, derazasi daraxtzorga qaragan bu xona Mirkamoldan ko‘ra shoirlar, rassomlar, umuman, ijodkorlar uchun qurilgandek go‘yo. Balki, Mirkamol ham ulardan qolishmas. Uning qo‘lida hozir ikki qog‘oz turibdi.
Birinchi maktub:
“Komila, men sizni ranjitadigan ish qilib qo‘ydim, chamamda. Buni aytganimdan so‘ng mendan nafratlansangiz ham, meni bir tiyinga arzirsiz odamday ko‘ra boshlasangiz ham, ko‘rishga-da toqatingiz qolmasa ham hayrat qilmayman. Mendan nafratlaning, mayli, siz bunga haqlisiz, axir men haqqim bo‘lmagan ishni qildim, siz meni ustoz sifatida ko‘rib ishondingiz, to‘g‘ri yo‘lga boshlashimga imon keltirdingiz. Ammo men, men nima qildim bilasizmi? Sizni xudbinlarcha sevib qoldim! Endi meni kechirish mumkinmi, yo‘qmi bilmayman. Nima qilsangiz qiling. Ammo men sabab maqsadlaringizdan voz kechmang. O‘shanda aytganimday, ,,menga o‘xshagan tarixchi bo‘lmang”. Baribir, javobingizni his qila turib ham, ishq an’anasiga ko‘ra sizdan so‘rashga majburman: Sevgimni qabul qila olasizmi?”
Javob maktub:
«Assalom-u alaykum, kechroq xabar berganim uchun meni kechiring. Ishonchingizni oqladim. Bundan ikki kun avval men ham boshqa o‘quvchilaringiz qatori talaba bo‘ldim. Sizga qancha rahmat aytsam kam. So‘z bilan hozirgi sevinchimni sizga bildira olsam edi. Men balki, hozir eng baxtiyor odamdirman…
Mirkamol aka, o‘shanda, esingizdami, xatingizni olib ertasi kuni, darsdan keyin uni qo‘lingizga quruq qaytargandim, so‘ng sevgingizni qabul qila olmasligimni, amakim dadam hayot payti meni o‘g‘liga so‘rab rozilik olib qo‘yganini bildirgandim… Shunday bo‘lsa-da, men sizdan yana bir karra pirlik so‘rab o‘tindim. Siz esa meni yana o‘quvchingiz sifatida ko‘rib, mashg‘ulotlarni davom ettirishga va’da qildingiz. Men ham sizdek bir gunoh ish qilganman o‘shanda. Mirkamol aka, maktabda siz bilan bog‘liq mish-mishlar qulog‘imga chalingan edi. Sizning nomingizga ig‘volar qadashlarini istamadim. Kimdir, baribir sezib qolishidan qo‘rqdim. Sizni o‘quvchisi bilan oshiq o‘ynab yuribdi,- deb g‘iybat qilishlariga na siz, na-da men chiday olardik. Men sizni aldadim. Aslida sizni seva turib yolg‘on ishlatishni ma’qul ko‘rdim. Amakimning birorta o‘g‘li yo‘q, Mirkamol aka, mana endi so‘rang, ko‘nglimni emas, qo‘limni… Men roziman. Siz bilan har qanday damlarda ham birga bo‘lishga roziman. Meni kechiring. Agar o‘sha muhabbatingizdan bir qatimgina bo‘lsa ham qolgan bo‘lsa menga bas! Javob maktubi emas, siz tomondan ovchilarni kutib Komilangiz…»
Mirkamol titroq qo‘llari bilan xatni o‘qib tugatdi-yu, xat bilan birga qo‘shib boshini changalladi. U o‘shanda ishongan edi, Komilaning amakisiga kelin bo‘lishiga shubhasi qolmagan edi. Uni haligacha yodidan chiqarmagan bo‘lsa ham, umidini uzib qo‘ygan. Onasining mayliga ko‘nib, qo‘shni qizga unashtirilgan. To‘y belgilangan. U qo‘shni qizga uylanishi kerak. Bir haftadan so‘ng to‘y.
Rashid Xo‘jamov
Ajoyib. Rashidjon sizni tabriklayman ! Chunki bir millat dardi va tashvishlarini Mirkamol obrazida jam qilganingiz, millatning dardiga darmon bo‘lishga harakat qilganingiz bilan. Bu hikoyani o‘qiy boshlagandanoq kitobxonni tasvir bilan o‘ziga jalb qiladi…