Manzara
Vaqtga bo‘lib namozshom hoqon,
Kun uyquga ketar muallaq.
Tig‘ sanchilgan go‘yo, ko‘ksi qon,
Olislarda ko‘z yumar shafaq.
Chag‘alaylar janoza o‘qir,
Motam tutar ko‘kda bulutlar.
Qoyalarda uvillar qashqir,
Hilol dalda sochib ovutar.
Yaproqlarning silkinar bari,
Shamoli tez shimol qutbining.
Yer sharining aylanishlari,
Tushlariga kirar oftobning.
Chigirtkalar opera kuylab,
Tun sukutdan bebahra qolar.
Haroratli nigohin joylab,
Jim kuzatar tunni zuhrolar.
Maysalarning yuzlarida nam,
So‘ngra borur tun ham oxirlab.
Uyg‘otgudek kunni subhidam,
Xo‘rozlarning qichqirig‘i-la.
Va tong otar, g‘oyat o‘zgacha,
Tog‘lardan kun ko‘tarajak bosh.
Oy nuriga cho‘milgan kecha,
Yaxshi uxlab turdingmi, quyosh?!
Mensizlik
Goho noma’um sonman,
Yechimin topib bo‘lmas.
Bugun boshqa insonman,
Men kechagi men emas.
O‘zi qaydan kelganman,
Bolasiman men kimning?!
Qayerda tug‘ilganman,
Manzili qay hokimning?!
Shaytonga tushib laqqa
Gangib ketgandayman-ov.
Hech nimasiz bo‘shliqqa
Singib ketgandayman-ov.
Rangi o‘chgan charximning:
Gohi rost, goh chinsizman.
Tanam sezmas ruhimni,
Mening o‘zim mensizman.
Qasos
Yaratgan egamning
Yolg‘iz guvohligida,
haqiqat oldida
qasam ichib aytamanki:
(Ollohimning o‘zi kechirsinu)
Behuda to‘kilgan begunoh
Xunlar haqqi,
tirik yetimlikka mahkum
sho‘rlik go‘daklar haqqi
va ularning mungli
ko‘zlaridagi sarobga aylangan o‘gay
shodliklar haqqi,
Ota-onam bergan
Beminnat non-tuzi haqqi,
yashash lazzatini baxsh etgan
bir qultum ozodlik haqqi,
adolat uchun kurashgan, tomirida haqtalab qoni oqqan
dovyurak rostgo‘ylar haqqi,
hayhot! Dushman qarshisida
toptalgan g‘urur haqqi,
qafaslarga qamalgan parvozdan
mosuvo qushlar haqqi,
zanjirband qilingan,
erki yo‘q itlar haqqi,
arzimas chaqaga sotilgan
qiymati dunyolarga teng
Vafo, sadoqat haqqi,
Bevafo qo‘lida jon taslim etgan
marhum Muhabbat haqqi,
qulning podsho oldidagi
ichida dimiqqan sukuti haqqi,
ahmoq, padarkush o‘g‘lidan
begona o‘lim ko‘rgan
Ulug‘bek haqqi,
Vatan deya, hurlik deya
kafansiz ketganlar haqqi,
Ma’rifat urug‘in sepuvchilar nomlari
sababsiz qoralanib
qatog‘on etilganlar haqqi,
xo‘rlanib chekilgan, yer-u ko‘kni
titratgan faryodlar haqqi,
vayronalikka yuz tutgan
buyuk maqsadlar haqqi,
bevaqt halok bo‘lgan
navqiron jonlar haqqi,
xullas kalom,
Hamma-hammasi uchun
jaholat deb atalgan
la’nati ajdahodan,
So‘ngi nafasim qolgunga qadar
Qasos oladurman!.
Mag‘rurlik
Bo‘yin egmoq- zanjir solingan qo‘llar
Tiz cho‘kmoq- tog‘larning sha’niga isnod.
Erki kishanlangan bo‘lsa ham qullar,
Ammo yuragida qasosi ozod.
Qo‘lga o‘rgatolmas bo‘rini odam,
Qashqirlar qismati mudom sirkka yot.
Osonlikcha mohir chavandozga ham
Jilovini berib qo‘ymas asov ot.
Qon qussang ham tug‘ing qulatma sira
Botirga yarashmas qaramlik azal.
G‘animga bo‘ysunib yashashdan ko‘ra
Jang qilib sharafli jon bergan afzal.
Xoinlar ham qilsa orsiz boshlarin
Kesmoqqa jirkanar hattoki shamshir.
Aslo sher sanalmas, tashlab ovlarin
O‘ljasiz izidan qaytsa agar sher.
Mardlar hech bo‘lmagay yov oldida xor,
Saqlagay chin erkak g‘ururini but.
Lochinning parvoziy yo‘lidan zinhor,
Mag‘rurligin yanchib uchmaydi burgut.
Tiz cho‘kmoq-tog‘larning sha’niga isnod!
Onamga
Kechagina bir buvak edim,
O, mitti jon, o‘ralgan yo‘rgak,
Mana, yigit yoshiga yetdim,
Ona, sizga bo‘lolmay tirgak.
Tanti edim, sho‘x edim biroz,
Kezi kelsa qaysar va olov.
Biror joyim og‘risa bexos,
Yoningizga chopardim darrov.
Nafsim qursin, sira to‘ymadim,
Oz mehrimga dilingiz mahtal…
Yelkangizdan urib qo‘ymadim,
Tomog‘ingiz tutganda yo‘tal.
Ishlab, sang‘ib shaharda ba’zan,
Holingizdan bo‘ldim bexabar.
Bilmam, meni nimasi bilan,
Maftun etdi qiz yanlig‘ shahar.
Alhol uyga qaytsam, hansirab,
Toliqishdan qurisa sillam.
Derdingiz-a ta’bimni so‘rab:
«Nima ovqat qilay, jon bolam?»
G‘ingshinardim, hayhot, o‘shanda,
«Hali ovqat tayyormasmi?»- deb.
G‘amxo‘rligim aylardim kanda,
Yutgan edim vijdonimni yeb.
O‘g‘lingizga ne kerak yana,
Mansab, shuhrat, makkor sanammi?
Nechun meni tug‘dingiz, ona,
Bu dunyoda ablahlar kammi?
Onamga maktub
Men keraksiz tashvishlar uchun,
Ichimni yeb bitirdim, ona.
Hislarimni yo‘qotib bugun,
Uni rosa qidirdim, ona.
Yillar o‘tib, ketmagan hamon,
Qaysarligim, sho‘xligim, ona.
Bu dunyoda borligim yolg‘on,
Haqiqatdir — yo‘qligim, ona.
Eskirgan bir rangpar suratman…
Hech kim yurmas yo‘ldayman go‘yo.
Dil g‘aflatda, tirik jasadman,
Nafas olib turibman ammo…
Dardim ortib borar yana-da,
Alamlarga uchradim, ona
Jon kirmas bu jonsiz tanada,
Yashayverib charchadim, ona!
Qaydan izlay — ko‘ksimda qalb yo‘q,
Qay bir ishni qildim nojo‘ya?!.
His-tuyg‘usiz, dilsiz yashamoq,
Shoir uchun katta fojia!
Haqiqat va yolg‘on
Adovat izmida g‘arib chin kalom,
Ig‘vogar og‘zida bo‘xton in qurar.
Baralla aytmasak haq so‘zni mudom
Qodiriy, Cho‘lponlar ruhi chinqirar.
Rostgo‘yga nasibdir yashamoq halol
Nohaqning zarbiga adolat- qalqon.
Soxta suhbatlarda yolg‘ondir dallol
Haqiqat- tomoqqa tiqilgan talqon.
Shayton ko‘chasida kezmaylik sira
Rostlik olib borgay tolega faqat.
Bu dunyoda shirin yolg‘ondan ko‘ra
Abadiy tirikdir achchiq haqiqat
Iblis qarmog‘ida xo‘rakdir aldov
Sodda baliqlarday ilinmaylik hech
Biz axir yolg‘onga berajakmiz dov
Agar bo‘la olsak haqiqatga o‘ch.
Bir kun nohaqlarning sinishi tayin
Ular uchun bundan boshqa yo‘l yo‘qdir.
Bilingki: shaytonga egmoqlik bo‘yin
Vijdonga qarata otilgan o‘qdir.