esse
Sevimli rejissyorim Milosh Formanning “Amadeus” kinokartinasini doim tomosha qilsam, negadir ichim g‘alati bo‘ladi. Bir muddat yuragim ezilib-ezilib og‘rishni boshlaydi. Kutilmaganda o‘zimni nazorat qilish xususiyatini yo‘qotib, ketma-ket qayg‘uli o‘ylarga berilaman. O‘zi shundoq ham mo‘rt bo‘lgan asabim qaqshab, lablarim titrashga tushadi. Bularning barchasiga kinokartina emas, uning yakuniy kadridagi Motsartning qabri yo‘qligi sabab bo‘ladi.
Kinokartinada Motsartning hayoti keksayib, aqldan ozganligi uchun ruhiy hastalar shifoxonasiga yotqizilgan Salyeri tomonidan hikoya qilinadi. Ulug‘ bastakorni Venadagi san’at olamiga kirib kelishi, u yerda qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlari, erta kelgan shon-shuhrati, Salyeri bilan mangu ayovsiz raqobati, hastalik paytidagi iztiroblari va ortidan kelgan o‘limi rejissyor tomonidan ta’sirli tarzda va mahorat bilan ochib berilgan. Ortiqcha kadr yo‘q hisobi, barchasi dialektik tarzda.Ehtimol, shuning uchun boshqa rejissyorlarga qaraganda Milosh Formanni ko‘proq qadrlarman.
“Amadeus” filmini tomosha qilib bo‘lgach, har safar shaharning sharqiy tarafidagi qabristonga boraman (shu odatga bo‘yin egganman. Bilamizki, odatlardan qutulish dushvor). Qabristonlar ichida uyimga eng yaqini o‘sha yerdagi mozor hisoblanadi. Piyoda borilsa, yarim soatlik yo‘l. Shahardagi eng tinch va so‘lim go‘sha. U yerda uzoq qolib ketib, keng hududini holdan toygunimcha aylanaman, eski-yangi qabrlarni ko‘zdan kechiraman, ketmon va belkuragida terga botib qabr qaziyatgan go‘rkov bilan suhbatlashaman.
Bugun ham shunday bo‘ldi. Milosh Formanning mazkur filmini tomosha qildim. Bu safar o‘zbekcha dublyajda. Natijasi o‘zini ko‘p kuttirmadi. Doimgidek ichimda g‘alayon turdi, o‘zimni boshqarish xususiyatim o‘zanidan chiqib ketdi va apil-tapil kiyinib, qabriston tomon yo‘l oldim. Yo‘lda kuzning hazin qiyofasiga va tobora sariq tusda tovlanishga taraddud ko‘rayotgan tarovatiga mast bo‘lib ketsam-da, tezroq qabristonga yetib olish tashvishi picha o‘tmay bu zavqning beliga tepdi. Ruhiyatimda po‘rtana singari yuzaga kelgan tanish dard oqimi kuzning jozibasini his qilishdan, undan to‘yib bahramand bo‘lishdan yo‘l bo‘yi chalg‘itib ketdi.
Qabriston darvozasi odatdagidek ochiq edi (shu paytgacha uni hech tambalangan holatda ko‘rmaganman). Undagi ajib sokinlik ichkariga kirgan odamni darrov qamrab olar, sukunatni buzayotgan qushlarning chig‘ir-chig‘iri yoki shabboda ta’sirida shitirlayotgan daraxt barglari ruhiyatga orom baxsh etardi. Dimoqqa uriladigan nam tuproqning hidi bir qadar yoqimli tuyilib, tik turgan holatda bundan qanoatlanmay, tiz cho‘kkancha undan to‘yib-to‘yib nafas olging kelardi.
Qabriston hududi yuqorida ta’kidlaganimdek katta bo‘lib, atrofi inson bo‘yi baravar keladigan devorlar bilan ihota qilingan , marhumlar haqidagi zarur ma’lumotlar qayd etilgan, silliq taroshlangan marmartoshlar o‘rnatilgan qabrlar oddiy, yerdan do‘ppayib chiqib turgan, ustiga marhumning na ismi-sharifi, na tug‘ilgan va o‘lgan yillari yozilgan, faqat qabr tartib raqami ko‘rsatilgan tayoqchalar suqilgan qabrlar bilan birgalikda o‘ziga xos ansamblni tashkil qilgandi. Asosiy yo‘lakka o‘rindiklar o‘rnatilgan, ular ikki tomonga bir xilda qilib ekilgan daraxtlarning soyasi ostida mudrab yotgandek taassurot uyg‘otardi.
Har gal ichkarilagach, shu o‘rindiklardan biriga kelib o‘tiraman. Hatto, dastro‘molim bilan ularning changini artmayman ham. Shunchaki o‘tiraman. Ularga suyanib, ko‘zlarimni shitob-la yumib, oyoqlarimni erinibgina chalishtirib olaman. Bir oz vaqt o‘tib, qabrlar orasidan avval Marg‘ilon do‘ppisi, keyin qirtishlangan taqir bosh ko‘rinadi. Yangi qazilgan qabrdan boshini chiqargan go‘rkov chol-Rahim ota meni ko‘rib, bosh irg‘ab salomlashgan bo‘ladi va qo‘llarini silkib qo‘yib, yana qabr ichiga kirib ketadi. Ko‘p o‘tmay tashqariga chiqib, usti-boshini uzoq muddat qoqib-qoqib tozalaydi-da, do‘ppisini qo‘liga olib, bir-ikki shapatilab changdan forig‘ qiladi va ketmonini yelkasiga tashlagancha mayda qadamlar bilan oldimga keladi.
Bu safar ham ssenariy o‘zgarmadi. U shunday yo‘l tutdi. Olisdan meni payqagach, go‘r og‘zida turgancha boshini irg‘ab salomlashdi. Picha o‘tib ketmonini yelkalab, men turgan yerga keldi.
-Yana o‘sha kinoni ko‘rdingmi?-dedi yonimga kelgach, ikki qadam berida to‘xtab.-Anavi “muzikant”ing haqidagi?
-Shunaqa,ota,- dedim u bilan qo‘l berib so‘rashish uchun o‘rnimdan turarkanman.
U bo‘yi mendan past, ko‘zlari xiralashgan, yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa-da, ancha chayir, bilak tomirlari bo‘rtib chiqqan, ozg‘inligidan ko‘zlari ichiga botib, jag‘ suyagi yanog‘idan ajralib qolgandek tuyuladigan, tabiatan samimiy va ko‘ngilchan inson edi.
-Endi o‘sha “muzikant”ingni qabri yo‘q bo‘lsa, aza tutormagin-da shunga,- davom etdi u yonimga o‘tirib,ketmonini oyoqlari orasiga olgach.-Qabri yo‘q bo‘lsa, yo‘qdir. Xudoning irodasi shu bo‘lsa, bandasi nima qilib bera olardi.
U shunday deb kulbasi tomon yo‘l oldi. Ko‘p qolmadi yonimda.
-Bir piyola choy ichib ket,- dedi o‘n qadamcha yurgach, ortiga o‘girilib.-Xayrlashmay ketma! Musulmonni bolasisan-a, nasroniynimas.
Bu yerga kelib yurganimning dastlabki paytlari u meni uzoq vaqt, qiziqish bildirib va diqqat bilan eshitardi. Unga Motsartni ulug‘ musiqachi bo‘lganini hayajonlanib gapirib, qabri yo‘qligiga o‘kinib urg‘u berar, so‘ng bu qabristonda yotgan yuzlab odamlarning undan farqli ravishda qabrlari borligiga hasad qilishimni bildirardim.
-Huv anavi qabrga qarang,-derdim atrofi qora marmartosh bilan o‘ralgan, qabristondagi eng ko‘rkam qabrlardan biriga uning e’tiborini tortib.- U yerda kim yotganini yaxshi bilasiz, to‘g‘rimi? Men ham yaxshi bilaman. O‘tgan asrning 30-chi yillarida o‘zbekning boshiga tushgan ocharchilik oqibatida odamlar bir burda non o‘rniga o‘t-o‘lan, kunjara iste’mol qilishga, hatto o‘z bolasini yeyishga majbur bo‘lgan paytda, o‘sha yerda yotgan inson hashamatli uyida qorni to‘q holda tashvish bilmay yashagan, ulfatlari bilan likyor ichib, bilyard o‘ynab o‘tirgan. Bilyard stolining oyoqlariga yashiringan tilla tangalarini oxiri NKVD topib olgan va musodara qilgan, uni bo‘lsa avaxtaga tiqqan. U o‘sha yerda qazo qilgach, yaqinlari shon-sharaf bilan uni shu yerga dafn etishgan.
Undan o‘n besh qadamcha naridagi qabrda-chi? Tirikligida qiz-ayollarni Turkiyadagi fohishaxonalarga ommaviy yuborishni yo‘lga qo‘ygan guruhga rahbarlik qilgan marhum yotibdi. U hayotligida bu ishidan sira jirkanmagan, o‘zining kirdikorlarini yashirib ham o‘tirmagan, yuzlab qizlar o‘zi sabab iffati va nomusini yo‘qotgani unda qilchalik vijdon azobini uyg‘otmagan. Vaqti kelib u ham o‘ldi (dunyoga ustun bo‘larmidi) va endi ustki qismi marmartosh bilan bezatilgan qabrda yotibdi. Har holda, qabri bor.
Uning yonidagi atrofi shohona panjara bilan o‘ralgan qabrdagi marhum bir umr xotinbozlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. O‘zbek, rus, koreys, tatar, tojik, qozoq- xullas hamma millatdagi ayollar bilan ko‘ngilxushlik qilgan. Faqat qora tanli ayol bilan yotmagan, xolos. Vafot etgach, yerdan unga ham joy tegdi.
Oppoq marmartoshli tosh yotqizilgan qabrda sho‘rolar paytida bir umr maktabda ishlagan o‘qituvchi ayol yotibdi. U tirikligida qanday yashagan bilmayman. Ammo, shuni bilamanki, har yili ramazon paytida ro‘za tutgan maktab o‘quvchilariga majburlab shirin kulcha yedirib, ularning ro‘zasini buzdirgan va bundan terisiga sig‘may rohatlangan. Kommunistik partiya taraqqiyoti uchun zarur deb bilganini pesh qilib ko‘kragini kergancha bu ishini oqlagan, ateistik jamiyatni qurish yo‘lidagi kichik poydevor deb bilgan, Leninga munosib avlodni tarbiyalash yo‘lidagi yovvoyi o‘tlarni yulib tashlashga mengzagan. Mustaqillikdan so‘ng esa Makkaga borib, bir musulmon kabi Haj ziyoratini ado qilib qaytgan. Qabridagi marmartoshga bitilgan arabiy oyatlarning fusunkorligini qarang. Ajoyib,shunday emasmi?
U meni tinch eshitardi. Men o‘zim bilgan yoki hayoti haqida katta-kichikdan eshitgan marhumlarga tinmay tavsif berishda davom etardim. Shunchaki alam qilganidan gapirardim,bu nojoyiz bo‘lsa-da, ularni hayrixoxlik bilan emas, picha nafrat bilan bilan tilga olardim. Shundan so‘ng, Motsartga to‘xtalardim.
-Motsart daho bastakor va pianinochi bo‘lgan. Uch yoshida mustaqil ravishda musiqa yaratgan. O‘smirligidayoq mashhur bo‘lgan. Gap aslida bunda emas. Qanchadan qancha o‘smirligida mashhurlikka erishgan musiqachilar o‘tgan dunyoda. Ulardan farqli ravishda Motsart musiqaning ajabtovur, o‘zidan oldingilar kashf qila olmagan ohangini yaratgan. Uning musiqasi insonga taskin berar, ertangi kunga ishonch uyg‘otar, og‘ir kunlarida dardkash bo‘lardi. Afsuski, u vafot etgach, jamiyat unga bir qarich yer ajratishni istamagan. Uni Ovro‘poning Vena degan shaharida joylashgan Avliyo Mark qabristonidagi ko‘rimsizgina umumiy qabrga dafn etishgan. Yillar o‘tib, bu umumiy qabrdan asar ham qolmagan. Hozirda uning qabri qayerdaligini xudodan bo‘lak hech kim bilmaydi. Hozirgi avlod o‘sha shahardagi Markaziy qabristonga sag‘ana qurib, Motsart shu yerda yotibdi deydi, xolos. Aslida, sag‘ananing tagi bo‘m-bo‘sh, Motsartning ustixonidan bitta kichkina suyak ham yo‘q u yerda.
U eshitishda davom etarkan, yana“Xudoning irodasi shudir-da”, deb qo‘yardi. Bora-bora unga oldingidek ko‘p gapirmaydigan bo‘ldim. Qabristonga kelgach, shunchaki salom-alik qilish bilan cheklanib, buyog‘iga o‘z olamimda qolar, qabrlarni tinchgina kuzatib o‘tiraverar, u kulbasiga qarab ketardi. Faqat ketayotganimda o‘z odatiga ko‘ra bir piyola choy bilan siylashni qo‘ymasdi.
O‘rindiqda o‘tiraverish ko‘p o‘tmay jonimga tegdi.O‘rnimdan turib, o‘zim doim tavsifini keltirgan qabrlarni yaqin borib, birma-bir tomosha qildim. Har birining qarshisida tik turgancha, ulardagi marmartoshlarga yozilgan qaydlarni ko‘zdan kechirdim. O‘ylab ko‘rsam, bu erdagi marhumlarning aksariyatidan tug‘ilgan va qazo qilgan sanasi o‘rtasidagi tiredan bo‘lak hech nima qolmagan bu hayotda. Aynan shunday. Ularni birov eslamaydi ham agar menga o‘xshagan telba yozuvchi kelib atroflarida aylanmasa. Lekin, qabrlari bor. Bir parcha yer ajratilgan ularga kishilik jamiyati tomonidan. Asosiysi shu.
Shu yerda yana Motsartning qabri yo‘qligi xayolimga suqilib kirdi. Har doimgidek alam qilib ketdi. Go‘rkov cholning “Xudoning irodasi shu ekan-da”, degan gaplari meni quyushqondan chiqarib yubordi. Go‘yo bu gaplarni uning tilidan butun jamiyat, butun insoniyat ta’kidlayotgandek tuyula boshladi.
Nega shunday-a? Odamzod aqlini ishlatgisi kelmagan yoki aqli ojiz qolgan barcha narsa uchun Xudoni javobgar qilishdan qachon to‘xtaydi? Buni aniq bir muddati, kuni, sanasi bormi yo qiyomatgacha shu alfozda davom etaveradimi? Bizdan oldingi avlod ham shunday edi. Yevropada ham, Osiyoda ham, O‘zbekistonda ham.
Masalan, bizning katta avlod o‘tgan asrning 30-yillarida yurt bo‘ylab ocharchilik boshlangan kezlarda ham, “Xudoning irodasi shu ekan-da” deb boshlarini egishgan, bunga ko‘nikishgan, kunjarani yoki zurriyodlarining go‘shtini jimgina chaynab qorin to‘yg‘azishgan. Vaholanki, sho‘rolarni o‘shanda o‘zbekni talash uchun buni sun’iy ravishda yuzaga keltirishganini va odamlar ochlikdan faryod urib yashayotgan bir paytda Kanadaga ablahlarcha bug‘doy sotishganini ko‘pchilik bilgan.
Oradan hech qancha o‘tmay millat ziyolilari, jadidlar va boshqa ilg‘or fikrli kishilar qatag‘on qilinishdi. Sudsiz otib tashlanishdi, Magadan yoki Sibir kabi sovuq joylarga surgun qilinib, o‘sha yerlarda ming bir azobda foniy dunyo bilan xayrlashishdi, NKVD ning ssenariysi asosida qo‘yilgan sho‘roviy “tomoshalar”da toshbo‘ron qilinishdi. Biz esa buni ham osongina Xudoga to‘nkadik. Biror bir jon chiqib, bu o‘zbekning nomard qatlamini sotqinligi, chaqimchiligi va bir-birini ko‘rolmasligi oqibatida bo‘ldi, Stalin Moskvada turib oramizdagi kimning qanaqaligini qayerda bilsin demadi. Lo‘nda qilib aytganda, yana “Xudoning irodasi shudir balki” deb tinchlandik.
Bu jarohatlar hali unut bo‘lmay, Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Urush balosi Turkiston osmonini qoplab oldi. Ona zamin uzra bashariyat qoni daryo bo‘lib oqdi. Shu qatori o‘zbekning ham laxta-laxta qoni to‘kildi. Mustamlaka davlatning boshlagan urushi uchun, bo‘yniga qullik qismatini solgan davlatning siyosatidagi kemtiklik uchun bo‘ldi bularning bari. O‘zbek bolasi qo‘liga qurol olib, o‘zini qullikka mahkum etgan shu davlatning zafar quchishi uchun kurashdi, o‘zi tanimagan boshqa yurtning bolalari bilan hayot va mamot jangiga kirishdi. Unga qullikni ravo ko‘rganlar vatan uchun qilyapsan bu ishni deb miyasiga singdirishdi. U shu mafkuraning chizgan chizig‘idan chiqmay, urush maydonlarida “Za Stalinu” deb hayqirgancha yog‘ilgan o‘qlardan badani ilma teshik bo‘lib yiqildi, o‘n gulidan bir guli ochilmay xazon bo‘ldi, tutday yerga to‘kildi, hali dunyoga to‘yib ulgurmagan qora ko‘zlari abadiy yumuldi, o‘ttiz yoshni qoralamab-qoralamagan yuragi urushdan to‘xtadi. Odatdagidek, bu balo ham biz tomondan Xudoga to‘nkaldi. Bu missiyani qo‘limizga qora xatni olgach, yuzimizga fotiha tortib bajardik.
Ammo, bu urush oxirgisi emas, nechog‘lik g‘ayritabiiy tuyulmasin, o‘zbekning boshida yana bir urush bor ekan. Onalar urush tugadi deb ko‘nglilari erta tinchlangan chog‘i. Galdagi urush –Afg‘onning cho‘lu-biyoboni uchun kechgan janglarda ham shunday bo‘ldi. Qanchadan qancha o‘zbek farzandi sho‘rolarning tushunarsiz siyosati uchun jon olib, jon berdi. Afg‘on tuprog‘ida manguga qo‘nim topdi. Xonadoniga ularning jasadi ham kelmadi. Buning o‘rniga temir-tersak bilan to‘ldirilgan, atrofi mixlab tashlangan tobutlar keltirilib, shu holicha lahadga topshirildi. Eh, bechora o‘zbek. Birortamiz mayit bizda tobutga solinib ko‘milmaydi, yuvib tozalanib, kafanga o‘ralib ko‘miladi, deya olmadik hech bo‘lmaganda. Buning o‘rniga shu yerda ham og‘ir dardimizni sukut saqlagancha Xudoning irodasi orqali yengillashtirdik.
“O‘zbek ishi” , “paxta ishi” kabi sho‘rolar siyosatining isqirt o‘yinlarida-chi? O‘zbekning yostig‘i qurigandan quridi. O‘zbegimning boshi egildi, beli bukildi, bo‘ynidagi qulliq zanjiri yanada tarang tortildi. Boz ustiga dalalarda paxta terayotgan, bola chaqasi bilan ovqatlanayotgan paytida ustidan aeroplanlarda dori sepishdi. Buning samarasi o‘laroq, o‘zbek zaharlandi. Uning oilalarida turli kasalliklar va bepushtlik avj oldi. Ammo, o‘zbek, ha sho‘rlik o‘zbek bularning barchasini qismatiga bitilgan tavqi la’natdek xudoning irodasiga yo‘ydi. Xudoning irodasi shu ekanda, dedi osongina. Shunday dedi. Tili chaqa bo‘lib ketgan bo‘lsa-da. Yuragi parchalanib ketgan bo‘lsa-da.
Qabrlarni aylanib chiqqach, ketadigan paytim bo‘lganini tushundim. Boisi, namozshom paytiga ko‘p qolmagandi. Atrofga shom cho‘kkach, mozorda sanqib yurish xosiyatsiz sanalishini yaxshi bilardim. Qabristondan chiqib ketayotganimda Rahim otaning kulbasiga kirdim. U doimgidek bir piyola achchiq ko‘k choy uzatdi.
-Sen o‘sha “muzikant”ingni qabri yo‘qligiga hadeb kuyinaverma,- ta’kidladi Raxim ota tag‘in.- Boya aytganimdek , Xudoning irodasi shu bo‘lgan bo‘lsa, bandasining qo‘lidan hech nima kelmaydi.
Cholning oldidan chiqqach, qabriston devori bo‘ylab piyoda ketarkanman, Motsartning qabri yo‘qligini o‘ylamaslikka butun borlig‘im bilan harakat qildim. Kuzning tarovatiga o‘zimni maftundek tutdim. Yo‘limda odamlar uchrashdi. Birin-ketin ularni ortda qoldirib, bir maromda piyoda keta boshladim. Yo‘l yurganim sari Motsartning qabri yo‘qligi haqida o‘y meni tark etish o‘rniga qattiqroq o‘z iskanjasiga oldi. Oxiri qismat yuragimga solgan bu qayg‘udan bir umr qutula olmasligimni tushundim. Bunga iqror bo‘lganim sayin ko‘z oldimdan Milosh Formanning o‘sha kinokartinasidagi epizodlar lentadek o‘tib, Venadagi Markaziy qabristondagi- ostida Motsartning ustixonidan bitta suyak ham bo‘lmagan sag‘ananing ko‘rinishi xuddi ro‘paramda qad rostlangandek bo‘ldi. Atrofimdagi odamlarga “Motsartning qabri yo‘q , nima uchun shunday, axir odamga o‘xshab yashamagan istalgan ikki oyoqli hayvonning qabri bor-ku”, degim keldi. Biroq, yo‘limda uchragan yigirma-o‘ttiz chog‘liq odamning barchasidan o‘sha javobni eshitamanmi deb cho‘chidim. Chunki, men qanchalik boshqa javobni eshitishga umid qilmay, ular savolimni tinglagach, menga beparvo tikilishib, siyqasi chiqib ketgan javobni berishlari aniq edi.
“-Xudoning irodasi shunday ekan-da, do‘stim! Irodasi shunday!”
Shunday lahzalarda Xudoning borligidan xursand bo‘lib ketaman ko‘pincha. Unga qayta-qayta iymon keltiraman. Yaxshiyam xudo bor tepamizdagi osmon-u falakda, yuragimizning tubida. Uning irodasi bizni ko‘p narsadan- javobgarlik, vijdon azobi, jaholat va hokazolardan qutqaradi. Bu balolarni o‘zimizdan soqit qilib, unga osongina to‘nkashimiz mumkin. Motsartning qabri yo‘qligi kelsak, bu Avstriyadagi nemislar uchun ham yoki atrofimda men bilan bir osmon ostida yashayotgan minglab o‘zbeklar uchun ham fojeaviy ahamiyat kasb etmaydi. Zero, ular Xudoning irodasiga to‘nkagan va to‘nkayotgan global ko‘lamdagi og‘riqli fojealar oldida bu hech narsa emas.
2020 yil, sentyabr.
Sherzod Ortiqov