TAKARAI KIKAKU. Xokkular

0
816

YAPON MUMTOZ ShOIRI

(1661-1707)

***

Kuz. Oydin kecha.

Bo‘lmagan tog‘lar tutash

Fudzi*ga avval.

Fudzi-joy nomi.

***

Shiddatli chaqmoq!

Bugun sharqda chaqnaydi,

Ertaga g‘arbda.

***

Qishki pashshadek

U yashayverar hamma

Nafratlansa-da.

***

Salqin o‘rmon deb

O‘yladi tentak bulbul

Bambuk devorni.

***

Bog‘ sug‘oramiz

Chirildoq va chumchuqlar

Ketguncha ivib.

***

Bahor payti jom*

Sotilmagan kun yo‘q

Edo shahrida.

Jom- qo‘ng‘iroq ma’nosida

***

Totli baliqlar!

O‘zi ham yeb ko‘rsaydi

Keksa baliqchi.

***

Chigirtka tutgan

Mushukka qilar do‘sti

G‘amgin iddao

***

Gullagan olcha

Novdasini sindirdim.

Tosh oting, shayman!

***

Jajji qurbaqa

Bir maromda tebranar

Banan bargida.

***

Haydama kakku

Tushimga sahar kirgan

Onamni dodlab!

***

Osmon bilan yer

Yo‘lga chiqqan miskinga

Kiyimdir yozda.

***

Tog‘ ustida oy!

Tishin oqin ko‘rsatib

Qichqirar maymun.

***

Qishdagi ilk qor!

Unga qarab to‘ymayman

Patnisga to‘plab.

***

Kuylaydi bulbul

Bahorning ilk qo‘shig‘in

Shoxda egilib.

***

Qo‘limga berdi

Avval olcha novdasin

So‘ng xatni elchi.

***

Achchiq ta’nadan

Shomdagi ko‘knoridek

Boshin egdi qiz.

***

Tog‘lardan olis

Vodiyda bahorga xos

Rangda olchalar.

***

Basyoning o‘limiga

O‘n yil o‘tdi.

Xuddi kecha o‘lgandek.

Nam tol soyasi.

***

O‘lpon to‘ladi

Va tinchidi dengizdek

Yoz kunidagi.

***

Jala… Farq qilmas

Sof gullar mast qilmagan

Bir qop no‘xatdan.

***

Tepamda suzar

Orzum sari ko‘prikdek

Chivin galasi.

***

Yoz keldi! Ipak

Yirtishar qars-qurs qilib

Qo‘shni do‘konda.

***

Basyo xotirasiga

Kuzgi chirildoq…

Armon endi eshitmoq

Hatto hurragin.

***

Kichrayotgan oy!

Charchashdi ninachilar

Telba raqsdan.

***

Nima bu? Tushmi?

Yo rostan bo‘g‘izlandim?

Burga chaqqan joy.

***

Sovuq qish. Bo‘m-bo‘sh

Daladagi qo‘riqchi

Qarg‘aga qo‘ndoq.

***

Tillaqo‘ng‘izman.

Menga beva kulbasin

Shuvog‘i totli.

***

To‘lin oy nuri!

Soyasini tashlaydi

Namatga qayin.

***

Hovlimdagi qor!

To‘qilgan kasam*da u

Tuyular yengil.

Kasa-bosh kiyimi.

Rus tilidan  Sherzod Ortiqov tarjimasi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting