Prust anketasi. 11-juftlik

0
1184

Loyihamizning galdagi ishtirokchilari yosh yozuvchi Bayram Ali hamda yosh adiba Manzura Abdullayeva bo‘ldi. Marhamat, Prust anketasidagi savollarga berilgan javoblarni o‘qishingiz mumkin.

Anketa savollari:

1. Sizni eng ko‘p nima xafa qiladi?

Bayram Ali: Xiyonat. O‘zimga nisbatan bo‘ladimi, boshqa bir inson yoki boshqa biror narsaga nisbatan bo‘ladimi, farqi yo‘q. Umuman, men xiyonatga guvoh bo‘lganimda juda xafa bo‘laman.

Manzura: Odamlarni baxt qidirishi. Axir uni izlash shart emas.

2. Qayerda yashashni istardingiz?

Bayram Ali: Toshkentda. U yerda sog‘lig‘imni tiklashim, nashriyot va adabiy nashrlar bilan bog‘lanishim uchun ko‘proq imkoniyatlar bor deb o‘ylayman.

Manzura: Namangonda, To‘raqo‘rg‘onda, ya’ni tug‘ilib o‘sib yashayotgan mana shu joyimda.

3. Hayotingizdagi eng baxtli lahzani ayta olasizmi?

Bayram Ali: Ota bo‘lgan kunim!

Manzura: «Xonzodabegim»ni yozayotgan lahzam (boisi u vaqtlar orzumdagi Manzura Abdullayevani namoyon etmoq baxtini tuyardim va keyinroq farzandim Xonzodabegim tug‘ilganda, menimcha qolgan baxtiyorlik lahzalarim shu ikkisiga yetmasa kerak.

4. Qanday xatolarni ikkilanmay kechirib yubora olasiz?

Bayram Ali: Aslida men deyarli har qanday xatoni ham kechira olaman. Faqat avvaliga sal asabiylashaman, otga o‘xshab biroz depsinaman, deganday… Sovushim uchun esa ko‘p emas, atigi yarim soat, uzog‘i bir soatcha vaqt kerak bo‘ladi, xolos. Lekin agar siz hozir qanday xatoni kechira olasiz, demasdan qanday xatoni kechira olmaysiz, deb so‘raganingizda, balki men kechirib bo‘lmaydigan xatolarni kechira olmayman, deb javob bergan bo‘lardim.

Manzura: Yaqin insonlarimni qalbiga ozor, hayoti, sog‘ligiga ziyon-zahmat yetkazmagan xatolarni kechira olsam kerak, xatto o‘zimga nisbatan sodir etilganlarini ham…

5. Siz yaxshi ko‘rgan ayol personaj.

Bayram Ali: Soniya.

Manzura: «Xonzodabegim» qissamdagi Xonzodabegim.

6. Siz yaxshi ko‘rgan erkak personaj.

Bayram Ali: Raskolnikov.

Manzura: Tog‘ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi Bo‘ri polvon.

7. Tarixdagi siz yaxshi ko‘rgan qahramonlarni ayta olasizmi?

Bayram Ali: Napoleon. Jasur, aqlli, kulgili bo‘lganligi uchun. Alisher Navoiy. Iste’dodli, e’tiqodli, insonparvar bo‘lganligi uchun.

Manzura: Muhammad (s.a.v), Uvays Qaraniy, Shams Tabriziy, Mashrab.

8. Real hayotda siz eng hurmat qilgan ayol.

Bayram Ali: Opam.   

Manzura: Rahmatli birinchi onamning onalari — buvijonim so‘ngra dunyodagi jamiyki ona maqomiga erishgan ayollar.

9. Siz ijodini sevgan rassom kim?

Bayram Ali: Hamma tanigan rassomlarni men ham taniyman, ularning ijodini men ham qadrlayman. Lekin rosti, birortasining ijodini sevaman deya olmayman.   

Manzura: Pol Gogen.

10. Siz ijodini sevgan musiqachi yo bastakor kim?

Bayram Ali: Shopen, albatta.

Manzura: Betxoven

11. Bir erkak sizningcha qanday bo‘lishi kerak?

Bayram Ali: Rostgo‘y, halol, samimiy, mehnatsevar va g‘ururli.

Manzura:  Oriyatli, vijdonli, jasur.

12. Bir ayol sizningcha qanday bo‘lishi kerak?

Bayram Ali: Birinchi navbatda g‘ururli, sir saqlay oluvchi va albatta kamtarin.

Manzura:  Qalbi go‘zal.

13. Siz eng sevgan hislat.

Bayram Ali: Sadoqat.

Manzura: Haqparvarlik

14. Qaysi ishni bajarayotganda o‘zingizni baxtli his qilasiz?

Bayram Ali: Uydagi qushlarimga don berayotganda, jonivorlar bilan o‘ynaganimda. Bir necha kun uyda bo‘lmagan kunlarim hovlida ko‘rinish bersam, meni ko‘rgan to‘tilarim dunyoni boshiga ko‘tarib shovqin soladi. Ana o‘shanda ayniqsa o‘zimni juda baxtli his etaman!

Manzura:  Farzandim jilmayganda, o‘z tilida gapirayotganda, bag‘rimga bosganda, erkalayotganda umuman u bilan birgalikdagi bari lahzalarim.

15. Ayni dam kimning o‘rnida bo‘lib qolishni  istardingiz?

Bayram Ali: Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rnida… Hazil emas, jiddiy gapiryapman.

Manzura: O‘zimni.

16. Do‘stlaringizda qanday hislat va fazilatlar bo‘lishini xohlardingiz?

Bayram Ali: Birodarlik, halollik, samimiylik… Va ularning jonivorlarni yaxshi ko‘rishlarini ham istagan bo‘lardim.

Manzura:  Ko‘ngli poklik

17. Eng katta nuqsoningizni ayta olasizmi?

Bayram Ali: Jahlim juda tez chiqadi.

Manzura:  Behad ishonuvchanlik.

18. Yaxshi ko‘rgan rangingiz qaysi?

Bayram Ali: Siyohrang.

Manzura:  Siyohrang

19. Siz sevgan gul turi.

Bayram Ali: Yovvoyi gullarni ko‘proq yaxshi ko‘raman. Odatiy gullardan – Atirgulni.

Manzura:  Lolaqizg‘aldoq

20. Siz sevgan qush turi.

Bayram Ali: Opam bolaligimda sassiqpopushakni sehrli qush deb aytgandi. O‘sha paytlari uzun tumshuqli, tojdor bu ola-chipor qushni men goh tom ustida, goh biror tepalikda ko‘rib qolar, nazarimda u ataylab meni kuzatib yurganday bo‘laverardi. Har zamonda va doim yolg‘iz uchratganim uchun, uning sehrli qush ekaniga, agar do‘stlashib olsam, ko‘nglimdagi hamma tilaklarimni bajara olishiga qattiq ishonardim… Sassiqpopushaklarni yaqin o‘rtada ko‘rmadim. Ammo uning sehrli qush ekaniga hali ham ishongim keladi va u men uchun dunyodagi eng ajoyib qush.

Manzura: Turna

21. Qaysi yozuvchining ijodini yaxshi ko‘rib o‘qiysiz?

Bayram Ali: O‘zbek adabiyotidan Luqmon Bo‘rixon, Temirpo‘lat Tillayev, Nazar Eshonqul. Jahon adabiyotidan Dostoyevskiy, Markes, Xulio Kortasar, Akutagava…

Manzura: Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st.

22. Qaysi shoirning ijodini yaxshi ko‘rib o‘qiysiz?

Bayram Ali: Abulla Oripov, Usmon Azim, Xosiyat Rustamova, yoshlardan Shahriyor Shavkat.

Manzura:  Usmon Azimni.

23. O‘zingizda bo‘lib qolishini orzu qilgan g‘ayritabiiy iste’dod turi bormi?

Bayram Ali: Bor, tabiblik.

Manzura:  Rassomlik.

24. Qanday o‘lishni istagan bo‘lardingiz?

Bayram Ali: Tinchgina… Oldimda esa albatta ayolim bo‘lishini istardim. Chunki kutilmaganda menga nimadir kerak bo‘lib qolishi mumkin, ehtimol unga tayinlaydigan biror gaplar chiqib qolar.

Manzura: Ruhan poklanib, Haqni yod etib.

25. Hayotdagi shioringiz.

Bayram Ali: Shiorlarsiz yashash.

Manzura: Hech qachon tushkunlikka tushmaslik kerak.

26. Ayni hozir ruhiy holatingiz qanday?

Bayram Ali: Toliqqanman. Chunki yangi qissa qoralayapman. Yozish men uchun doimo juda og‘ir bo‘lgan.

Manzura:  Sirli ko‘prikdan ko‘zlarim bog‘liq o‘tib borayotgandek.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting