hikoya
Muallif: Yuriy Yakovlev
1
Agar buyuk italyan shoiri Franchesko Petrarka hayot bo‘lganida men unga xat yozgan bo‘lardim, chunki bu yorug‘ dunyoda faqatgina u tushungan bo‘lardi meni. Petrarka ustimdan kulmas va boshimdan o‘tganini elga doston qilmasdi. Petrarka meni tushungan bo‘lar, u bilan Rim shahridagi anjumanda kizil chig‘anoq va lavr gulchambari taqmasakda, balki u bilan do‘st tutinardik. Boshimda beret, egnimda esa suv o‘tmaydigan matodan tikilgan kurtka bor.
Men hech qachon Petrarka bilan tanish bo‘lmaganman, chunki u bizdan 600 yil oldin yashab o‘tgan. (Biz bu haqda tarix darsida bilib olgan edik). Ammo u go‘zal Laurani qanday uchratganini tasavvur qila olaman. Shu haqda o‘ylasam, men ham Avinon shahridagi avliyo Klara cherkovida paydo bo‘laman, ustunning soyasida turib, atrofni butun borlig‘im bilan kuzataman.
Shamlar chirsillab yonadi va og‘ir qo‘ng‘iroqlar gumburlaydi. O‘sha vaqtda Petrarka shamlarning yorug‘ida Laurani ko‘radi. Hali Petrarka uning ismini ham bilmas, lekin uni ko‘rgan zahotiyoq barcha narsa – shamlar, qo‘ng‘iroqlar, marmar dahmalar ko‘z oldidan g‘oyib bo‘ladi, faqatgina uning oriq va oqargan chehrasi Petrarkaning ko‘z o‘ngida gavdalanardi. (O‘sha paytda atir-upalar hali urfda emasdi). Lauraning boshida tuyaqush patli keng shlyapa, egniga esa huddi yelkanga o‘xshagan to‘r ro‘mol tashlab olgan. Petrarka uning timqora ko‘zlarida kichik quyoshchaga o‘xshash shamlarning aksini ko‘rdi. Uning og‘zi labida marvaridgul shoxchasini tutib turgandek yarim ochiq, tekis tishlari ko‘rinib turardi.
Petrarka Laurani ko‘rganda u ham mendek holatga tushgan. Yo‘q, men avliyo Klara cherkovida emas, maktabda edim. Uchinchi qavatga chiqqandim. Jo‘g‘rofiya o‘qituvchimiz oq-qora nuqtalari bor yulduzli osmonning globusini olib kelgani yuborgandi. Dahliz oxirida bir qizni ko‘rib qoldim. Dastavval unga e’tibor bermadim, chunki atrofda qizlar ko‘p edi. Ammo unga yetib olganimdan so‘ng, yuragim biroz seskanib, nafasim bo‘g‘ila boshladi. Menga nima bo‘layotganini tushunolmay qoldim. Bir necha qadam uzoqlashgach angladim – hayajonlanishimga sabab o‘sha qiz edi. Bir tutam sochi peshonasiga tushib turar, lablari, ehtimol sovuqdan yorilgan bo‘lsa kerak. Men unga yetib oldim va ortidan ergashdim, qandaydir begona kuch to‘xtashga majbur etdi. Ortga qayrildim, u ham qaradi. Ko‘nglimda birdan unga achinish hissi paydo bo‘ldi, yo‘q, yo‘q, unga emas, o‘zimga. Uning ko‘zlarida huddi o‘zimning ko‘zyoshlarimni ko‘rgandek bo‘ldim. Globusni yulduzlari bilan birga sindirib yuborgudek qattik, bag‘rimga bosdim. Maktabimiz dahlizida shamlar chirsillab yonmadi, qo‘ng‘iroqlar gumburlamadi, faqatgina musiqa xonasidan ashula ovozi eshitilib turardi. U boshini quyi soldi, balki ko‘zyoshlaridan uyalgandir, menga yana bir bor qaradi va ketdi. Men esa joyimda turgancha uning izidan qarab qoldim.
Qadrli Petrarka, biz ikkimiz ham kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ydik va buning uchun ayovsiz jazolanyapmiz. Jur’atsizlikni yengib, Lauradan biror arzimagan narsa haqida so‘rash kerak edi, masalan:
— Bugun nechanchi sana? – deb.
O‘shanda Laura:
— Bugun 6-aprel, — deya javob bergan bo‘lardi.
Siz go‘zal Laura bilan shunday tanishgan bo‘lar edingiz, biroq siz indamadingiz, huddi toshdek qotib qoldingiz va mana oradan 600 yil o‘tib, men ham sizning xatoyingizni takrorladim. Shu payt direktor o‘rinbosari keldi va:
— Bu yerda nima qilyapsan? – deb so‘radi.
— Bu yulduzli osmonning globusi, — deya shoshganimdan poyintar-soyintar javob berdim.
— Dahliz o‘rtasida turmay, tez darsga kir! Vaqtni behuda sarflama, — jahli chiqdi ustozimning.
Qo‘limda globusim bilan ortga qaytdim. So‘qir kabi na devor, na deraza, na quyosh nurlarini sezmay ketib borardim. Ichkaridan qo‘lida butkul boshqa globus ko‘tarib, kimdir chiqdi. Sinfga baxtsiz Petrarka qaytib keldi, lekin buni hech kim sezmadi, hammasi joyida, deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak-da.
Siz har kuni cherkovga borgansiz. Men ham o‘z Lauramni uchratish niyatida tez-tez uchinchi qavatga chiqaman. Uni ko‘rganimda aytaman, deb har doim chiroyli gaplarni yodlab yuraman. Ammo u kelmadi. Yonimdan qancha qizlar o‘tdi – hammasi begona, xammasi bir xil.
Bir kuni Laura marmartoshga qo‘lqopini tushirib yuborgan. Siz egilib qo‘lqopni olgansiz va uni bekasiga uzatgansiz. Lauradan minnatdorchilik so‘zlarini eshitib, quvongansiz. Bu holat yana takrorlanishini kutgansiz, ammo Laura qo‘lopini boshqa tushirib yubormagan.
2
Men uni bir oydan so‘ng kutilmaganda uchratib qoldim. U haqda ko‘p o‘yladim, unga juda ko‘p narsalar haqida aytishni xohladim, ammo uni yana qayta 3-qavatda ko‘rganimda yodlagan so‘zlarim esimdan chiqib ketdi.
— Qo‘lqoping bormi? – deya ahmoqona savol berdim. U ajablandi.
— Hozir may-ku.
Bor kuchimni to‘plab:
— Qo‘lqopingni tushirib yuborsang, men uni yerdan olib berishni xohlagandim, — dedim.
U menga hayron qarab turdi-da:
— Nima uchun? – deb so‘radi.
Birdan unig ko‘zlari shodlikdan quvnab ketdi va javobimni kutmay, yugurib ketdi. Men ham uning ortidan chopdim.
Mening Lauram avval dahliz bo‘ylab yugurdi, so‘ng zinapoyadan pastga tushdi va maktab hovlisiga chiqdi. Men ham uning ortidan quvlab borardim. U bilan shunchalik yaqin edim-ki, maysa iforini va sochlarining quyoshdan qizib ketganini his qildim. U maktab tomorqasigacha yugurib borib, to‘xtadi. Men ham to‘xtadim. Oramizdagi masofa ancha yaqin edi va bir-birimizga qarab hansirab nafas olardik. O‘ylab ham o‘tirmay:
— Men hamma qizlarni o‘pganman! – deb yuboribman. O‘shanda aytgan so‘zlarimga qattiq pushaymon bo‘ldim. Lauramning ketib qolishini kutgandim, ammo u joyida turar, ko‘zlari menga g‘azab bilan boqardi.
Men hayotimda birorta qizni ham o‘pmaganman va buni tasavvur ham qilolmayman. Petrarka, men yolg‘on gapirgan edim!
— Xohlaysanmi, hozir gugurt chaqaman va oxirigacha yonib bo‘lgunga qadar tishlarim orasida ushlab turaman, — dedim isnoddan qutulish uchun. U menga hadiksirab qarab turdi-da:
— Boshqa ortimdan yugurmaysanmi? – deb so‘radi.
— Yuguraman! – dedim. Ovozim huddi qasam ichgandek jarangladi. – Endi doim ortingdan yuguraman. Qishda qo‘lqoping yerga tushib ketsa, uni o‘zim yerdan olib beraman.
Men shunchalik kuyib-pishib gapirayotgan ekanman-ki, oldimizga matematika o‘qituvchimiz Olga Ivanovna kelganini ham payqamabman.
— Qayerga daf bo‘lding? Dadang kutyapti. Ketdik! – dedi Olga Ivanovna menga e’tibor bermay va mening Lauramni olib ketdi.
Bilaman, sizning Laurangiz 1348-yil yozda o‘lat tufayli vafot etgan. Buni bir kitobdan o‘qigan edim. O‘shanda: “Oh, o‘z qismati haqida bilmay o‘tdi”, — deya nola chekkansiz.
Mening Lauram otasi va onasi – bizning matematika o‘qituvchimiz Olga Ivanovna bilan ketdi. Uning o‘rniga boshqa o‘qituvchi keldi. Hanuz yashashda davom etyapman. Uchinchi qavatga chiqib, boshqa qizlarga qiyo ham boqmay dahliz bo‘ylab ohista qadam tashlayman. Uning ko‘zlarida aks etgan alanga va yulduzlarni ko‘rgandek bo‘laman. Yuragimni alamli shodlik chulg‘aydi. Petrarka, men siz kabi she’r yozmayman, ammo eng zarur mashinani kashf qilaman yoki biror insonni qutqaraman, balkim oyga ucharman – o‘shanda Lauram buni eshitadi va menga o‘zi haqida xabar beradi.
Rus tilidan IRODA XOLBEKOVA tarjimasi.
P.S. Suratda Petrarka va Laura tasviri.