SHEKSPIR, OTELLO VA RO‘MOLCHA

0
990

ESSE

Bolaligimda televizor qarshisida o‘tirib, multfilm ko‘rishdan ko‘ra ham ko‘pincha spektakl tomosha qilardim. O‘sha yillari  Toshkentdagi Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan turli janrdagi pyesalar lentaga yozib olinib, keyinchalik televizion tarzda omma e’tiboriga  havola qilinardi. Men ularni kutib yashar, ular mabodo namoyish etilgudek bo‘lsa, butun diqqatimni bir yerga jamlab, televizor oldidan hech qayerga siljimasdim. Yuragimni haddan tashqari ta’sirlantirgan va ezgan spektakl- shubhasiz, Shekspirning “Otello”si edi.

Bu pyesaning sahnalashtirilgan varianti ilk daqiqalardan boshlab  shuurimni qamrab, magnitdek o‘ziga tortgan va murg‘ak vujudimni dahshatga solib, ostin-ustun qilib yuborgandi. Xuddi kecha bo‘lgandek esimda: men spektaklni ham telbadek qiziqib, ham dahshatga tushib tomosha qilgandim. O‘n yashar bolaga bunday o‘tkir syujetli, og‘ir jarayonli spektakllarning fojeaviyligi kattalardan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilishini, ruhiyatiga teran yetib borishini ko‘pchilik anglab etmaydi (anglab yetganlar uni teatrga olib bormaydi, tragediya janridagi spektakllarga yaqin yo‘latmaydi).

Otelloning Dezdemonaga o‘qtalib, ovozining boricha “ro‘molcha qani”, deb baqirishi va spektakl kulminatsiyasida ikki qo‘li bilan uni bo‘g‘ib o‘ldirishi meni aqldan ozdirishiga sal qolgandi. O‘shanda o‘rnimdan sapchib turib, xonadan sarosimada yugurib chiqib ketgan, dahlizda yuragimni hovuchlab pusib o‘tirgan, so‘ng spektakl tugab, ovozi tingach, kirib televizor kanalini boshqasiga o‘zgartirgandim.

O‘sha kezlari Otello Dezdemonani tabiiy o‘ldirganiga ishonchim komil edi. Teatr Toshkentda joylashganini bilar, Otelloni u yerda ishlaydigan qorachadan kelgan, semiz amaki deb hisoblar, uni o‘zi sovg‘a qilgan bir parchagina ro‘molchani yo‘qotib qo‘yganiga jahli chiqib, chiroyli va suluv Dezdemona xolani  o‘ldirib qo‘yganini hecham xazm qila olmas va bundan butun ichki olamim qayg‘u ichida o‘rtanardi.

-Bitta ro‘molcha uchun-a?- derdim hech nimaga tushunmay o‘zimga o‘zim.

Spektal yakuniga yetgach, bir necha haftalab uning ta’siridan chiqib ketolmay yurganimni ham ta’kidlashim joiz. Men o‘sha kunlar ichida ishtahamni butkul yo‘qotib, risoladagidek tuz totmaganimni yaxshi eslayman. Do‘stlarimga qo‘shilib koptok tepish ham yuragimga sig‘may qolgan, maktabdagi darslarda faol qatnashishni tamomila unutgandim. Odamoviga o‘xshab xilvatlarga berkinar, buning ustiga ko‘chamizdagi shildirab oqadigan ariq bo‘yida yoki uyimiz oldidagi olma daraxtiga suyanib soatlab xayol surardim.

Men ochig‘i bitta ro‘molcha uchun Otello amaki Dezdemona xolani o‘ldirganini, qo‘lini qonga botirganini ming idrok qilsam-da tushuna olmasdim.U paytlari rashk, makr- hiyla kabi insoniy, inson bolasiga xos bo‘lgan his- tuyg‘ular menga hali begona, g‘o‘r qalbimda uyg‘onmagan, men ular haqida biror bir tushunchaga ega emasdim va shu bois mohiyatdan emas, shakldan kelib chiqib bolalarcha xulosa qilar, ko‘zlarim televizorning ichida ko‘rgan shaklga tayanib fikr yuritardim.

Gohida Otello amaki sud qilinib, qamaldimikin, unga jazo tayinlandimikin  deb o‘zimga rosa savol berar, aksiga olib bu mubham savolimga kimdan javob topishni bilmasdim. Televizorda esa navbati bilan boshqa spektakllar berilar va ularning birida Otello amakini nogahon o‘zga qiyofada ko‘rib qolsam, nohaqlikka chidolmay bo‘ridek uvillab yuborar, hanuz uni ozodlikda bamaylixotir yurgani dilimni xufton qilar, shunday lahzalarda Toshkentga borib, “If qalasining mahbusi” filmidagi Graf Monte-Kristoga o‘xshab undan qasos olishni darg‘azab holda rejalashtirardim.

-Uni qamashmabdi,- derdim xonamdagi karavotda boshimni changallab, ayyuhannos solib, ilondek to‘lg‘onib yotarkanman.

Baxtga qarshi Dezdemona xolani boshqa hech bir spektaklda uchratmadim. Shu hol foniy dunyo bilan uning vidolashganiga meni qattiq ishontirdi. O‘sha lahzadan boshlab qayg‘u va iztirobim ikki karra oshdi. Har safar onam yoki otamda, boshqa o‘zim tanigan-bilgan kimsalarda turli shakldagi ro‘molchalarni ko‘rib qolsam, negadir juvonmarg bo‘lgan shu Dezdemona xolani yodga olar, natijada Otello amakiga bo‘lgan nafratim bir necha hissa ortib ketar, uni umuman sud qilinmagani, bemalol televizorda ko‘rinish berib yurgani g‘ashimni keltirar, dilimga tugib qo‘ygan niyatni amalga oshirish uchun atrofimga o‘rtoqlarimni yig‘ib, qasos rejasini muhokama qilishni o‘zimcha xayolimda pishitardim. Shu yerda ko‘chamizdagi churvaqa o‘rtoqlarim misolida tasavvurimdagi ittifoqchilarim topilar va ular bilan xuddi “Tutqich bermas qasoskorlar” filmidagi bolalarga o‘xshab, ko‘chamiz yaqinidagi ko‘prik ostidan har zamonda  o‘tadigan poyezdga ilashgancha Toshkentga ketishni ko‘z oldimga keltirib, uyquga ketardim.  

-Toshkent bu yerdan uzoqdami?- so‘z qotardim ertasiga otamni nonushta payti savolga tutib.

Otam har hafta savdo-sotiq ishlari yuzasidan Toshkentning “Otchopar”ida bo‘ladigan bozorga qatnar, men buni yaxshi bilardim.

-Besh soatlik yo‘l,- javob qaytarardi u non chaynayotib, peshonasini tirishtirgancha masofani go‘yo chamalab. – Mashinada ketsang shunaqa.

-Poyezdda-chi?- davom etardim ko‘zlarim porlab.

-Poyezdda sekinroq borasan.

Shunda men “Toshkent unchalik uzoq emas ekan” deb o‘yga tolib qolardim. Toshkentga judayam borgim kelar, borib Otello amakini topib, undan nega bitta ro‘molcha uchun Dezdemona xolani o‘ldirganini oyog‘imni tirab so‘ramoqchi bo‘lar, uni do‘stlarim bilan tergov qilib, qonun tashqarisida og‘ir jazoga mustahiq qilishni judayam istar, Dezdemona xolaning qabriga borib, qarshisida bosh kiyimimni yechib, tiz cho‘kkancha sukut saqlab, uning uchun qasos olganimni tantanali ravishda bildirgim kelardi. Ammo borolmasdim. Otam har gal yo‘lga otlanganida uni qandaydir shirin hayajon, lekin nigohimga soya solgan armon bilan yo‘lga kuzatib qo‘yar, kelganida  undan Otello amaki va uning ish joyi haqida surishtirgim kelar, biroq qaydlar va qasos rejasi tushirilgan yon daftarchamni ikkilanib ushlagancha og‘iz ocha olmasdim. 

Oradan yillar bir-birini quvib o‘tib, bu tushunarsiz hayot quchog‘ida ulg‘ayganimdan so‘ng, teatr san’ati, dramaturglar yozgan badiiy asarlar, aktyorlik kasbi va ularning rollari haqidagi tushunchalar birin-ketin tafakkurimga kirib keldi. Teatr va dramaturgiya haqida, Shekspir haqida qancha ko‘p o‘qiganim sari bu san’at turi, Shekspirning tragediyalari borasida xulosalarim ko‘p qavatli uylar kabi osmon qadar yetib bordi.

Shundan so‘ng, men bolaligimda guvohi bo‘lgan — Otelloning Dezdemonani bitta ro‘molcha uchun o‘ldirish sahnasi shunchaki qip-qizil tomosha bo‘lganini, ular aslida aktyor va bu jarayon aktyorlik san’atining bir qismi ekanligini, Otello rolini o‘ynagan amaki sirayam qotil emas, aksincha xalq artisti sifatida el ardog‘idagi  hurmatga sazovor shaxsligini, Dezdemona xola tirik va sog‘-omon, uyida atrofidagi nabiralari bilan keksalik gashtini zavq bilan surib yashayotganligini anglab yetdim.

Shunda ham men bitta narsani tushunmasdim. Nimani aytaymi? Bitta ro‘molcha uchun bir odam ikkinchi odamni o‘ldirishi mumkinligini? Bu hayotda yashash davomida, tajribam ortib, rashk va sevgi, makr- hiyla kabi tushunchalar ham gardanimga tushib, bisotimda paydo bo‘lib, ular haqida o‘ylashga, fikr qilishga majbur bo‘lgach ham, buni tushunmasdim. Rashk sabab o‘ldirilgan va hiyla qurboni bo‘lgan Dezdemona, ishonuvchanligi tufayli qotilga aylangan Otello, ushbu fojeaga sabab bo‘lgan ro‘molcha meni  qorong‘u labirint ichiga mixlab qo‘yishdi. Lekin  shunda ham olisdan mitti yorug‘lik ko‘rinib turar va shu tuynuk tomon qadam qo‘ygandek bo‘laverardim. Men buni hayotiyligiga ishonmasdim. Bu yerda aslo Tolstoyning Shekspir haqidagi tanqidiy maqolasini o‘qiganim bosh sabab emasdi. Shunchaki ro‘molcha motivi, u keltirgan rashk sabab habash tomonidan Dezdemonaning bo‘g‘ib o‘ldirilishi endi ko‘zimga erishdek tuyulardi.

Vaqti kelib o‘sha yorug‘likka chiqdim ham. Ammo negadir bu yorug‘lik ostonasida men boshqa narsani ko‘rdim. U meni katta hayot sari olib chiqdi. Unga yigirma birinchi asrning dastlabki o‘n yilligida qadam qo‘ydim va undagi sarguzashtlarim bevosita  shu tentak, fan-texnikaning cho‘risiga aylangan asr bilan uzviy bog‘liq edi. Bir pasda talaba bo‘lib, institutni tamomladim. Ishga kirib, mehnat faoliyatimni yurita boshladim. Bu uzundan uzoq  jarayon davomida ro‘molcha motivi yetakchi bo‘lgan Shekspirning tragediyasini o‘zim mansub bo‘lgan asrning  qaramog‘idagi katta hayotda qayta sahnalashtirilgan versiyasiga turli joylarda, tinimsiz tarzda ro‘para keldim. Albatta bu versiya mahorat bilan sahnalashtirilmagan, poyintar-soyintar bir alfozda, badiiylikdan ancha olisda edi. Men bolalikda guvohi bo‘lganim spektakl professional Shekspir amaki tomonidan yozilgan, uning sahnalashtirilishida o‘z kasbining ustasi bo‘lgan rejissyor va aktyorlar rol ijro etishgan bo‘lsa, bu yangi versiyasi ulug‘ asrimiz tomonidan yozilib, unda aktyorlikdan xabari bo‘lmagan oddiy xalq o‘ziga biriktirilgan rollarni maromiga yetkazib bo‘lmasa-da, har holda tushunarli qilib ijro etardi.

Shekspir yozgan “Otello” faqat teatr binosida sahnalashtirilgan bo‘lsa, uning yigirma birinchi asrdagi zamonaviy ko‘rinishi mamlakat bo‘ylab yoyilgan sanatoriyalar, mehmonxonalar, kafelar, shuningdek Chimyon va Chorvoq kabi bahavo va so‘lim yerlarning pansionatlarida bardavom sahnalashtirilardi. Bu ikkisi bir-biridan ham mantiqan, ham struktura jihatidan sezilarli farq qilardi. Shekspirning bosh qahramoni xabash Otello ishonuvchan va rashkchi personaj bo‘lsa, asrimizning Otellosida ham shu xislatlar mavjud, ammo mo‘rt bir ahvolda bo‘lib, sovun ko‘pigidek omonat, yorilib ketish asnosida turardi.

Dezdemonalar o‘rtasida ham tafovut mavjud bo‘lib,  sinchkov tomoshabinga bu darrov bilinardi. Shekspirning mazkur qahramoni men uchun tabarruk siymo, yuragimni bitmas-tuganmas achinish hissiga giriftor qilgan, hayrixoxlik va rahmdilligimni sinagan bir mushtipar va begunoh ayol bo‘lganligi qanchalik rost bo‘lsa, asrimizning Dezdemonasi  satang, shaddod va ayyorlikni o‘ziga kasb qilgan bo‘lib, asrimiz tomonidan bunday nuqsonlar bilan boyitilgani shunchalik rost edi.  Hatto, ro‘molcha motivi ham o‘sha tragediyaning asrimiz sahnalashtirgan versiyasida ma’lum ma’noda hech qanday ahamiyatga molik emasdi. Shekspirning asarida u hal qiluvchi, kerak bo‘lsa kulminatsion dastak bo‘lganligi ikki karra ikki to‘rt kabi lo‘nda ko‘rsatilgan va qayd etilgan bo‘lsa, asarning yigirma birinchi asrdagi hayotiy versiyasida uni butunlay ikkinchi planga tushib qolganini kuzatish tomoshabinga qiyinchilik tug‘dirmasdi.

Eng kulgulisi, zamonaviy “Otello” tragediya janriga ham mos tushmasdi. Bu  asrimiz rejissyorligida ishlangan va endilikda yigirma birinchi asr xalq teatrining doimiy repertuaridan joy olgan, turli joylarda betinim sahnalashtiriladigan tragediya ko‘proq komediyaga o‘xshab ketardi. Aytaylik, unda birorta sanatoriyaga, Chimyon yoki Chorvoqqa Otello bilan Dezdemona dam olib, hordiq chiqargani borishardi. Ko‘p o‘tmay rashkchi Otello Dezdemonani u erdagi hammadan qizg‘ona boshlardi. Yuragiga g‘ulg‘ula tushar, bezovtalik ichida kun o‘tkazar, atrofiga tikilib, shubha-gumonlar qa’rida dilini tilka pora qilardi. Ko‘ngliga tugib qo‘ygan ishni qilishiga esa ikkilanardi. Keyin zavjasi bilan bog‘liq orqavarotdan kelgan gaplarga quloq tutgach, g‘azab otiga minib yeru ko‘kni larzaga solardi. Shunda Dezdemonadan o‘zi sovg‘a qilgan ro‘molchani astoydil va o‘smoqchilab so‘rashga tushardi (ro‘molcha o‘rnida zamonaviy hamma narsa bo‘lishi mumkin). Eng qizig‘i, sho‘rlik er so‘rashi bilan Dezdemona hech o‘ylanmasdan, iztirob va g‘amga cho‘kmasdan o‘sha ro‘molchani cho‘ntagidan chiqarib, stol ustiga shartta qo‘yardi. Buni ko‘rib Otelloning yuziga bir pasda  qon yugurar, vijdoni qiynalgancha pixini yorgan Dezdemonasini bag‘riga bosib, jamiiyki shirin so‘zlar bilan uni vafodorlikda maqtar, buni chetdan kuzatib turgan zamonaviy Yago esdan og‘gancha lolu hayron bo‘lib, asablari qaqshab, kaftlariga yashirgan  shoyi ro‘molchaning asliga talmovsirab-talmovsirab tikilardi.

Yigirma birinchi asr “Otello”sining kulminatsiyasi bittagina ro‘molcha emas, balki o‘zbek alifbosida nechta harf bo‘lsa shuncha nusxada bir xil qilib tikilgan ro‘molchalar. Shularning evaziga zamonaviy Otellolar bora-bora rashk nimaligini bilmaydigan, to‘ng‘izdan ibrat oladigan bo‘lib ketayotgani, Dezdemonalar esa  yig‘lagancha tungi ibodatini qilib, osongina o‘limni sirayam bo‘yniga olmasligi, aybi bo‘lsa ham nusxasi ko‘p ro‘molcha evaziga suvdan doim quruq chiqishi  ko‘zga tashlanadi. Endi aytingchi, buni rostdan ham  komediyadan nima farqi bor?

2020 yil, iyul. Farg‘ona

Sherzod Ortiqov  

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting