Zuhra Begim. She’rlar

0
902

OYNING YONIDA…

Bizni uchrashtirdi adashib taqdir,

Siz g‘arib sevgimdan topgan ozorim.

Malaklar jismimni ko‘mishdi sahar,

Oyning yonidadir mening mozorim.

Samoga bir boqing, ishonmasangiz,

Ma’yusgina, unsiz suradi xayol.

Oy guvoh, tong chog‘i qabridan chiqib,

Ko‘z yoshin to‘kadi Siz sevgan ayol.

Zaminda kezadi behalovat ruh

G‘amdan cho‘kib qolgan ko‘zlari qaro.

Hatto borlig‘idan ustun qo‘yardi

Jondan ortiq ko‘rgan yorini Zuhro.

Qanchalar sevishin bilsangiz edi

Yulduzga aylanib tanho o‘tmasdi.

Xayol sog‘inchlarni keltirib mudom

Muhabbat haqida she’rlar bitmasdi.

Falakning hukmiga mahkumman endi

Soyadek ergashib sira tolmaysiz.

Umidni so‘ndirar ko‘ngil sinig‘i…

Baribir dardimni his etolmaysiz.

Hayotda topganim, yo‘qotganimsiz,

Yurakka tilayman sabr va to‘zim.

So‘zsiz shoirlikka da’vogar etgan

O‘zingiz emasmi, ayting, azizim.

Bizni uchrashtirdi adashib taqdir

Siz g‘arib sevgimdan topgan ozorim.

Malaklar jismimni ko‘mishdi sahar,

Oyning yonidadir mening mozorim.

***

      ESINGDAMI

  Ana, ko‘kni quchib uchmoqda qushlar,

  Bog‘ni bezayotir biz kutgan bahor.

  Bir quchoq qip-qizil tog‘ lolasidan

  Hadya etgan eding, esingdami, yor?

  Esingdami, ilk bor uchrashganimiz,

  Maydalab ohista yog‘ardi yomg‘ir?

  Soyabon ostida hayajon bosib,

  Uyalib turardik, boy bermasdan sir.

  Esingdami, o‘sha orzuli onlar,

  Dilni allalagan  ishq, visol kuyi?

  Og‘ushiga olib erkalagan tun,

  Tongda qarshilagan rayhonlar bo‘yi.

   Esingdami, yoshlik sho‘xliklarimiz,

  Muhabbat qasriga yetaklagan yo‘l?

  U kunlar yodimdan chiqmaydi zinhor,

  Hali ham hayotdan umidlarim mo‘l.

  Menga hadya etgan lolalaringni

  Yuragimdan sira o‘chmaydi rangi.

  Sevgiga yo‘g‘rilgan dil so‘zlaringni

  Qulog‘im ostidan ketmas jarangi.

Esingdami, jonim, baxtiyor damlar?..

***

Men ishqning quliman, yuragi olov,

Titrog‘i taniga sig‘magan isyon.

Ichimda nimadir yonadi lov-lov,

Ruhimda uchquni uradi tug‘yon.

Oh desam yomg‘irday to‘kiladi dard

Yurakka aylanib depsinadi sher.

Shamol to‘zon qilsa, qo‘ndirmoq chun gard

Qa’riga tortgaydir qasoskorim–Yer.

Men ishqning parchasi, vujudim olov,

Tomrimda jo‘sh urgan qonim to‘la ishq.

Bu o‘tni hech qachon so‘ndirolmas yov,

So‘zim ishq, umrim ishq, jonim to‘la ishq.

***

      QALBDAGI SOG‘INCH

Ma’yus termulaman deraza tomon,

Yomg‘ir tomchisidek to‘kilar umrim.

O‘tkir nigohingiz jonlanar har on

Nazdimda dosh bermas tog‘dayin sabrim.

Bormoqchi bo‘laman, lekin bormayman,

Bu mavhum holatni tushunib bo‘lmas.

Sizdan boshqasiga dilim yormayman,

G‘amgin o‘yga tolib, ko‘zlarim kulmas.

Ishq tug‘yon uradi jismu jonimda,

Hech narsa dilimga bo‘lolmas ovunch.

Azizim, siz bugun yo‘qsiz yonimda,

Bildimki, bu qiynoq qalbdagi sog‘inch.

Oxir suratingiz olib xayolan

Chorasiz ko‘ksimga bosib tiz cho‘kdim.

Dardimni tun bedor yuragim bilan

Oyga to‘zim tilab, suratga to‘kdim…

***

Ko‘zim qarog‘iga singib ketgan tun…

Sanoqsiz kipriklar –  g‘amning lashkari.

Keksa kuz pinjida termulib mahzun,

Jon berdi sarg‘aygan yaproqning bari.

Shu kecha tushimda onamni ko‘rdim,

Topganin qismlab menga tutarmish.

Yig‘lab o‘zni zo‘rg‘a, tik ushlab turdim,

Derazam oldidan har kun o‘tarmish…

Erta-kech qo‘l ochib qilarkan duo,

Sertashvish umrimga sabr tiladi.

Shoirlik burchingni qilgin, deb ado,

Yuzlarimdan o‘pib, boshim siladi.

Erkalab bag‘riga bosarkan mahkam,

Negadir, yonimda qolgin, demadi.

Yolg‘iz uyg‘onaman, ko‘zlarimda nam,

Sog‘inib ketganim nahot bilmadi?

Tinib-tinchimaydi tushlarimda ham,

O‘zidan ko‘proq u meni o‘ylaydi.

Bolasidan rohat ko‘rmagan onam,

Ul zotning qiyosin topib bo‘lmaydi.

Mangulikda qolib har tirik jonni,

Eng so‘nggi manzilga kuzatar olam.

Bir kuni tark etsam foniy dunyoni,

Qarshi olarmikan sog‘inib onam?

***

             AYOL

Toshlar qarsillaydi, tog‘lar qulaydi,

Ozor cheksang agar hayotdan xiyol.

Chidam, bardoshingdan dunyo titraydi,

Bir etak bolaga jon bo‘lgan ayol.

Ma’yus ko‘zlaringda porlaydi quyosh,

Anduhga cho‘msa ham begunoh yurak.

Mehribon yoringga suyukli yo‘ldosh,

Kuch qo‘shib tutasan farzandga ko‘krak.

Yillar og‘ushida yurasan suzib,

Ming bitta tashvishlar odatiy marom.

Mehnatdan tonmaysan ozib ham to‘zib,

Oroming  tushingda aylaydi xirom.

Ayol, tashvishlarni unutgil birpas,

Izsiz qoshlaringga o‘smalar surgin.

Maydalab o‘r soching, bahordan bir sas,

Atlas kiyib, husning ko‘zguda ko‘rgin.

Za’faron yuzingga lola rang ensin,

Ajinlar pardasi ketsin uzilib.

G‘uncha lablaringga tabassum qo‘nsin,

Bo‘yningda marjonlar qolsin tizilib.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting