Bugun sizni ko‘rdim-u, ammo,
Ko‘rganimdan topmadim taskin.
Bu diydorni kutgan edim-u,
Chehram qoldi o‘shanday g‘amgin.
Jim keldingiz, xuddi, soyadek,
Behafsala uzatdingiz qo‘l.
Turardingiz mag‘rur qoyadek,
Xotiramdan o‘chdi umr, yo‘l.
Bir lahzaga to‘qnashdi nigoh,
Hayajondan qizarindi yuz.
Ko‘zingizga tikildim nogoh —
Qorachiq o‘rnida parcha muz.
So‘zlashga qolmadi madorim,
Negadir ketishni istadim.
To‘kilib tuyg‘ular ohori,
Shu muddat dard bilan yashadim.
***
Xotiramda o‘zing har nafas,
Shu yodimni tark etmasang bas.
Unutmoqqa yetmas irodam,
Seni eslash gunoh bo‘lsa ham.
Aqlim doim yurakka hokim,
Bo‘ysunmoqni istamas lekin.
Yondiradi nigohing – otash,
Mumkinmi, shu ko‘zlarda yashash?!
Qiynoqlaring cheksiz, ziyoda,
Ozor bermoq farzdek dunyoda.
Qo‘ng‘irog‘ing kutaman har kun,
Ming yildir-ki, telefon beun.
Suratingni tashladim mana,
Nahot aqlim qildi tantana?!
Bir vaqtlar seni sevgan qiz,
Yashamoqchi endi sevgingsiz.
***
Siz va men
Tong…
Uyg‘onasiz uyqudan odatiy, jiddiy,
Yuzingiz yuvasiz musaffo suvga.
Nonushta qilasiz, barchasi tabiiy,
Sabab bo‘lolmaydi zarra shov-shuvga.
Tong…
Men ham uyg‘onaman, bundan nima naf?!
Tushda yig‘labman-mi, qarog‘larim nam.
Yuragim bir taraf, aqlim bir taraf,
Bilmayman qay biri haqligini ham.
Ko‘chaga chiqasiz, qadamlar qat’iy,
Avtolar bekatda to‘xtab o‘tadi.
Manzilni so‘raydi – bu ham tabiiy,
Ishxonaga sizni olib ketadi.
Ayni lahzalarda menda ham shu hol,
Ko‘chani kezaman tanho, piyoda.
Ammo manzilimga yetishim mahol,
Yashayapman chunki bir kam dunyoda.
Ish vaqti boshlanar odatga ko‘ra,
Paltongiz joy olar kiyim ilgichdan.
Ishni, “yangi xatlar bormi?” deb so‘rab,
Boshlaysiz yoqimtoy kotibangizdan.
Men bu payt olisda, boshqa shaharda,
Do‘st tutib o‘zimga qog‘oz-qalamni.
Tazkiralar bitib, ishq ash’oridan,
Yana yuboraman sizga nomamni.
Siz shinam xonada qahva ichgan on,
Men raqam teraman siz turgan yoqqa.
Betinim jiringlab charchar telefon,
Vaqtingiz ayaysiz javob bermoqqa.
Tushunmayman nega, qahringiz qattiq?!
Yo, xabar olmoqdan etasizmi or?
Mehr-ku, dunyoda eng arzon tortiq,
Yoki, qalbingizda boshqa birov bor?!
Sevgi – o‘rtamizda yechilmas tugun,
Sabrim shu yergacha dosh berdi, yetar!
Achchiq haqiqatni angladim bugun,
Malolman sochimdan tirnog‘im qadar.
***
Tun qorayar hissiz, ma’nosiz,
Termuladi nigohlar yo‘lga.
Xonadoshing echib paltosin,
Ilib qo‘yar asta stulga.
So‘ng so‘raydi ovqat neligin,
Lek so‘ramas kayfiyatingni.
Unga javob berging kelmayin,
O‘ylaysan ilk muhabbatingni.
Uy to‘rida to‘kin dasturxon,
Sanchqi, pichoq, taqsimcha, sochiq.
Tegrasida hislaring sarson,
Ketolmaysan eshikni ochib.
Choy uzatar chog‘ing g‘ussalar,
Piyolaga to‘kilar bir-bir.
Behudaga o‘tkazmay yillar,
Shu lahzada ketmoq kerakdir?!
Yotoqxona – tushunarsiz joy,
Ikki qalbda ikki xil xayol.
Biri deydi “yaxshi dam oling”,
Biri uchun bu tilak malol.
Ko‘k yuzini qoplaydi bulut,
Sirg‘aladi kuzning salqini.
Xonadoshlar saqlaydi sukut,
Bunday yashab bo‘lmas har kuni.
Sekin deydi: “sizni sevmayman ,
“Dosh berolmam ortiq qayg‘uga ”.
Iqrorni u eshitmas, chunki,
Allaqachon ketgan uyquga.
***
Qachongacha yashash mumkin kulgusiz,
Imkoni bo‘lsa-ku, yuraksiz qolsang.
Sokin oqshomlarda bedor, uyqusiz,
Hissizlik manzili aro yo‘qolsang.
Charm mebellarga to‘lgan xonangda,
Men emas tonggacha tunagan dardim.
Begonadek edim sening yoningda,
G‘ururim ortiga yashiringandim.
Sevdim, sevganimdan aslo tonmayman,
Bir zum xayolimdan o‘chmading sira.
Umr yo‘ldoshim deb maqtanolmayman,
Chunki tuyg‘ularim hamon bokira.
***
Sizni sog‘indim deb endi aytmayman
Ko‘ksimdan ko‘pirib toshdi g‘ururim.
Tuyg‘ular yig‘lagan vaqtga qaytmayman
Xazondek to‘kilib bormoqda umrim.
Esimda orzular qilardik — oppoq,
Eslagim kelmaydi hijronni — qora.
Sizga mendan ko‘ra qalam azizroq.
Qalbim maydalangan qog‘ozdek pora.
Siz olis, men yolg‘iz, manzillar ayro,
Taqdir yo‘llarimiz tutashmadi hech.
Boshidan boshlashga imkon bor, ammo,
Qayta tug‘ilmoqqa endi juda kech.
***
Xiyonat
Tunda,
sochlarimni siladi shamol,
siltandim,
bu holat kelgandi malol.
Bilaman,
Shamollar menga nomahram.
Bu kecha.
Yolg‘izman, yana va yana.
Oy,
derazamdan qaradi ana.
Rad etdim,
ul oyning muhabbatin ham.
Oqshom.
Maktub oldim yorqin yulduzdan.
Ochib ham ko‘rmadim,
ruxsatsiz sizdan.
So‘nibdi.
Yulduzga achindim biram.
Tong…
Dosh bermay quyosh taftiga
Qo‘l berdim, nogoh
nurli kaftiga.
Holimni shirin bir gunohga yo‘ydim.
O‘zimni quyoshga topshirib qo‘ydim.