Senga, aslida menga…

0
1076

Bakir DADIR,

turk yozuvchisi.

Uni  topganim on ruhimda ta’rifi so‘zga sig‘mas quvonch ko‘z ochgandi.

Yana kundalik mashg‘ulotimni bajarish uchun uydan tashqarilar va uni ko‘chalardan izlashga tushardim. Ko‘chalardan topolmagan paytim u har qachon borishi mumkin bo‘lgan joylarga bosh suqar, ba’zilarning ostonasidanoq qaytar, ba’zilarida esa ichkari kirib nimadir ichgancha kelib qolishini kutardim. Goho barlarda o‘tirib pivo simirgancha ana keladi, mana keladi deb umidvor bo‘lardim, biroq kelmagach, bu yerlardan asta ayrilardim. Uning qadami tekkan joydan ayrilish… Og‘rinasan odam. Ham qayg‘u, ham voz kechish istagi o‘rtasida arosat jonimni yoqardi. Ketish ichimga yangi jarohatlar naqshlardi go‘yo. Uni kuta turib ko‘proq ichib qo‘yishim ham mumkin. Bunday paytlar qarog‘imga tortilgan sarxushlikning shaffof pardasi ortidan ko‘zim o‘tganicha uni izlar, har safar sharpasi qarshimda turganini his qilardim. Qo‘limni uzatib Unga tayangancha o‘rnimdan turishni, bag‘rimga bosishni o‘ylayman. Qo‘l uzatganimda esa qo‘lim soyaning ichida qolib pitirlayotganini, oxiri bo‘shliqdan chiqib havodagi qushlarning qanotlariga tegib ketganinini, oxirida esa shilq etib yonimga tushganini sezaman.

Uni topganim on ruhimda ta’rifi so‘zga sig‘mas quvonch ko‘z ochgandi.

Uni axtarishlar uzluksiz davom etardi. Yotoqxonamdagi karavotning ostiga qarar, derazamning parda bilan birlashib ketgan joyidan uni izlardim. Bobomdan otamga qolgan, endi otamdan menga o‘tishi kutilayotgan tamakidonni har ochganimda ko‘rinish berishini, baribir topdinga, deb chiqib kelishini o‘ylab kulib qo‘yardim. Qahva, choy yo ayron ichganimda piyolaning tubida bo‘lib qolishidan qo‘rqib asta-asta xo‘plardim. Mumkin-ku, agar chindan shunday bo‘lsa, u avval bo‘g‘zimga o‘tadi, asta, ming mashaqqat bilan oshqozonimga. Ana keyin ko‘ring tomoshani. U oshqozonimga tushgach qaytib chiqmaydi, hikoya ham hech qachon yozilmaydi. Meni shu qo‘rqitardi. Qo‘rquv menga ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatar, ehtiyotkorlik bilan uni hech topolmasamchi degan shum gumonlarni o‘zi bilan olib kelardi.

 Uni topganim on ruhimda ta’rifi so‘zga sig‘mas quvonch ko‘z ochgandi.

Meni bu qadar uzoq va achchiq izlashlaring va biloxir shundoq yonginangdan topishing kaminaga og‘riqdan boshqa hech narsa bermadi. Axir, burningning ostida turgandim, topolmasding va bu… menga zavq bag‘ishlardi. Sendan o‘zimni asrash huddi bandasiga Haqdan berilgan muqaddas vazifadek edi. Bajarolmadim. Endi, kun kelib Yaratguvchimning poyiga bosh egib borsam, uning amrini bajarmaganim sabab do‘zaxiga giriftor, abadiy la’natiga mustahiq bo‘lishga mahkumman. Yoningdaligim payt mavhum o‘laroq bir ismga, yakto vujud va aniq vazifaga egalik naqadar farahbaxsh ekanini bilsayding. Yo‘q, adashdim. U zamonlar men o‘zimni emas, sen meni saqlarding, qo‘riqlab berkitarding, hech kimga ko‘rsatmas, borligimni oshkor etmasding. Meni topganing on menga ism, yo‘q, ismlar berding. Va yana bir vujud. Turib turib Gurkon deya atading meni. O‘rta yosh, miqti gavdaga singib ketdim. Ikki marta uylangandim, birinchi nikohimdan bitta farzandim ham bor edi. Gapira turib ba’zi harflarni talaffuz qilishda qiynaladigan bo‘ldim. Aslida-ku, sen meni kashf qilolmay yurgan vaqtlaring qanday ravon gapirardim.

Seni bir-necha marta o‘limning shundoq ostonasidan olib ham o‘tdim. Biroq, sen menda shunday umrlar, shunday falsafalar, savqi tabiiylar bunyod etdingki, hayotga faqat umid bilan qaragan, it va mushuklarning boshini silamay o‘tmagan, ko‘chadagi bolakaylarga kissasidagi so‘ngi chaqalarini-da ulashgan odamga aylandim. Men o‘zimdan qaysi davraga kirsa hammaning ko‘nglini chog‘ qilgan, do‘st majlisida gurunga bosh bo‘lgan xushxandon kishi yaratdim vaqti kelganda. Eslaysanmi, bir marta meni yaqin do‘sting Melihani ta’riflashga majbur qilding va keyinchalik unga avvalgidek hirs bilan emas, samimiy qaraydigan bo‘lganding. Ruhi ezgulikka qorishgan shunday odam – meni birdaniga boshqa dunyoga, boshqa xarakterga o‘tkazgan ham sen eding.

Meni topganingni sezganim on ichimda ta’rifi so‘zga sig‘mas qo‘rquv ko‘z ochgandi.

Meni bu qo‘rquv bilan yuzma yuz qo‘yding. Yanada qo‘rqoqqa evrildim. Sababkori esa sen. Men faqat o‘zicha yashagan, shuuringda u yoqdan bu yoqqa kezib, o‘z ishi bilan mashg‘ul, seni ko‘chalarda sarson kezishga majburlagan, ammo buni o‘zi istamagan bir vujud edim, xo‘sh, endichi? Meni nima qilib qo‘yding? Endi hammasi avvalgidan yaxshiroq bo‘ldi deb o‘ylaysanda, a? Ayni dam meni o‘zingdan olib beburd hikoyalaringa tiqishtira turib bari zo‘r bo‘ladi, oldingi majruh hikoyalarimga jon kiradi deysanmi?

Haligi safar meni o‘tirgizganing mayxonada yonimga bir ayol kelib o‘rnashgandi. Qayerdan kelganini, kimligini bilmaganim u ayolga mening og‘zimdan ism ham qo‘ydirganding. Keyin o‘sha ayol butun mayxonani hayron qoldirib mening sharafimga qadah bo‘shatdi. Yodimda, ofitsiantga qaramoqchi bo‘lgan paytim uni o‘ldirtirganding. Kim edi u ayol? Kimning kimi edi? Men nega u erda o‘tirgandim? Bu voqea tafsilotlarini kimga aytib berayotgandim? Savollarim javobsiz qoldi. Hammasini havoga uloqtirding.

Keyin meni boshqa hikoyalarga ham qo‘shding. Sen sabab izg‘irin qish kunlaridan qissa so‘ylardim. Tilim tanglayimga yopishsa bo‘lmasmidi! O‘sha payt sening tilingdan shunday degandim: qorning butun sofligi yer yuzidagi jami qashshoqliklarni yuvib ketsin. Istaymanki, olamda qashshoqlik degan narsa qolmasin. Ha, aynan shunday deyishga majburlaganding meni. So‘ngra u hikoyani bitirishga o‘zingda kuch topolmay yirtib otding. Men u odam emasdim, axir. Buni sen ham juda yaxshi bilarding. Nolishim boisi ham shu.

Uni topganim on ruhimda ta’rifi so‘zga sig‘mas quvonch ko‘z ochgandi.

Keyinchalik, kunlardan bir kun uyg‘ongach, doimgidek hojatxonaga kirgan, hali to‘shak harorati sovimay turib sovuq hojatxonada murodimni hosil qilgan va iliq suvda yuz qo‘limni yuvgandim. Oynadan  husnbuzarlar, chandiqlar va ajinlar ichidan kimdir menga tik qarab turganini ko‘rdim. U bir vaqtning o‘zida husnbuzarlar, chandiqlar va ajinlar ichida adashgan uchta vujud edi. Husnbuzarlarni sitib, chandiqlarni silab to‘g‘irlashga, ajinlarni qo‘li bilan yoyib yuborishga urinardi. Shu paytgacha uning ham mening badanimdagi og‘riqlarni aynan his qilganini, bugunga qadar yozgan butun hikoyalarimdagi bosh qahramon u bo‘lganini, bundan keyin yozajak va hozir yozishni boshlaganim hikoyalar ham u haqida ekanligini tushunib qoldim. Uni shuncha izlasamu, yonginamda, aniqrog‘i mendaligini bilib qolsam. Bu sevinchning og‘rig‘i bisyor. Ichimdan topdim. Tashqari chiqishga qiynalayotgandi. Unga yordam berishim kerakligini tushundimu qiyofamdan barmoqlarim bilan yo‘llar ochdim. Jo‘mrakdan biroz uzoqlashganimda uning ozodlikka chiqqanini, oyna va mening o‘rtamda, husnbuzarni siqqanimdagi sachragan qon bilan tashqarilaganini ko‘rdim. Yuzida men ko‘rindim. Jismida, nafas olib, nafas chiqarishida, barmoqlari titrog‘ida zohir edim. Va bildimki, ichimdan yangi men chiqarib qarshimga qo‘ygandim.

Uni topdim.

Topgach, u bilan ancha vaqt birga bo‘ldik. Nimalardir edik. U o‘zi qanday taom xush ko‘rishini hali bilmagani sabab, o‘zim nimani yoqtirsam, unga ham shuni pishirdim. Menga o‘xshab ishtaha bilan yedi. Tamaddidan so‘ng bitta tamaki uzatdim. Stol ustidagi yondirgichni ham qo‘liga tutqazdim. Yondirgichni birinchi yoqqanida tamakini cho‘g‘latmay o‘chirdi, ikkinchisida yoqdi. Ruhdoshimni, meni topganimdan hayratim borgan sari ortib borardi. Unga yotoq hozirladim. Yangi choyshab va yostiq qo‘ydim. Yostiqqa bir qarab chiqqach, yana bir qattiqroq yostiq so‘radi. Bunisi yumshoq ekan, quchoqlab yotaman, bo‘lmasa uxlolmayman, dedi. Gapini tugatgani zahot ko‘z oldim qo‘rquvdan qorong‘ilashib, tanimni qaltiroq bosdi.

O‘tayotgan kunlar asnosida u bilan o‘rtamizdagi o‘xshashliklar meni dahshatga solaverardi. Zavqimiz, qo‘rquvlarimiz, hayajonlarimiz ikki tomchi suvdek. Biroz o‘tgach, undan zerika boshladim va uni o‘zgartirish istagi ichimda tomir yozdi. Buni faqat uni bosh qahramon qilib tasvirlaydigan hikoyalar yozish va jismini yangi taqdirlarga tashlash orqaligina uddalashim mumkinligini o‘yladim. Ikki-uch yil ichida o‘nlarcha hikoyalarim u haqida bo‘ldi. Barida undan foydalandim. Barida butkul farqli sa’jiyalar, turli umrlar bag‘ishladim. Birida uni uyidagina halovat topguvchi, tashqariga chiqqani hamono odamlarning nigohlari, shovqinlaridan qo‘rqib iztirob chekadigan g‘alat kimsaga aylantirdim. Boshqasida Tegin pansioniga tashladim uni, rafiqasi bilan birga bo‘lsin deb. Yana birida manzilsiz yo‘lga chiqqan yolg‘iz yo‘lovchi qilib tasvirladim. Undan yonidagi ayolga nisbatan nima his qilsa shuni aytishini, hech nimani yashirmasligini talab qilardim. Hayrati uzoqqa cho‘zilmadi. Olib uni boshqa hikoya qa’riga otdim. U erda nafas olishga tirishar, ammo hujraning tuynugi yo‘q edi. Har hikoyada jinsini almashtiraverdim. Bir daf’a u otasini o‘ldirish uchun uyidan chiqqan ayolga aylandi. Kutilmagan jinoyatning qoq o‘rtasiga joylashtirdim. O‘ziga aytmadim, ammo rolini juda mahorat bilan o‘ynadi. Olqishlasam arziydi.

Uni hovuchimdagi kuldek bir hikoyadan boshqa hikoyaga sovura turib o‘zimdan ancha uzoqlashib ketgandim. Uning menga qilgan jami xizmati ham, anglashimcha faqat shu edi.

Ish stolimdagi maktubga ko‘zim tushdi.

O‘sha kun ko‘chalarni kezdim. Bozor aylandim. Ko‘zgular ichiga kirib chiqdim. Biroz muddatga bo‘lsada uni unutgan, o‘zimga vaqt ajratolgandim. Uyga qaytayotganda, ichimda qandaydir mavhum siniqish bor edi. Eshikdan kirganim on uni ko‘rmadim. Uy motam sukunatiga cho‘mgan. Ish stolim ustidan xatjild topib oldim. “Senga, aslida menga…” deb yozilgan maktub bor ekan ichida. Yozilganlarni o‘qishga tushdim.

 “Meni shuncha payt sarson izlashlaringdan nega qo‘rqqanimni endi tushundim. Sen meni o‘zingdan qochish, boshqa bir hayot bilan o‘ynashish, uni loydek shakldan shaklga solishnigina istagan ekansan, xolos. Meni topgach, bularning hammasini qilib bo‘lding. Har safar boshqa hikoya.  Sen sabab o‘zimni taniyolmas holga keldim. Ichingdalik paytim naqadar xushbaxt edim. Menim menga ko‘proq o‘xshardi. Endi esa kimligimni o‘zim ham bilmayman. Yo sendan, yo o‘zimdan qochyapman. O‘zingga yangi ovunchoq topsang yaxshi bo‘lardi. Men sen izlagan odam emasman.”

Qog‘ozni stol ustiga qaytarib qo‘ydim. Cho‘ntagimdan sigaret va yondirgichni oldim, yondirgichni ikkinchi marta yoqqanimda cho‘g‘lantirdim sigaretni. Xo‘rsingancha o‘rindiqqa cho‘kdim. Kompyuterimni yoqib Ezio Bossoning “In her name, The sea rain” taronasini tinglagancha yangi hikoya boshladim. Hikoya shunday boshlandi:

O‘sha kun ko‘chalarni kezdim. Bozor aylandim. Ko‘zgular ichiga kirib chiqdim. Biroz muddatga bo‘lsada uni unutgan, o‘zimga vaqt ajratolgandim. Uyga qaytayotganda ichimda qandaydir mavhum siniqish bor edi. Eshikdan kirganimda uni ko‘rmadim. Uy motam sukunatiga cho‘mgandi. Ish stolim ustidan xatjild topib oldim. “Senga, aslida menga…” deb yozilgan maktub bor ekan ichida. Yozilganlarni o‘qishga tushdim.

 “Meni shuncha payt sarson izlashlaringdan nega qo‘rqqanimni endi tushundim. Sen meni o‘zingdan qochish, boshqa bir hayot bilan o‘ynashish, uni loydek shakldan shaklga solishnigina istagan ekansan, xolos. Meni topgach bularning hammasini qilib bo‘lding. Har safar boshqa hikoya.  Sen sabab o‘zimni taniyolmas holga keldim. Ichingdalik paytim naqadar xushbaxt edim. Menim menga ko‘proq o‘xshardi. Endi esa kimligimni o‘zim ham bilmayman. Yo sendan, yo o‘zimdan qochyapman. O‘zinga yangi ovunchoq topsang yaxshi bo‘lardi. Men sen izlagan odam emasman.”

Turk tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting